Zahmatkash jurnalist, zukko rahbar

Bugun kim ko'p — jurnalist ko'p. Qog'oz kerak emas, ruchka kerak emas, qo'lingizda telefon bo'lsa bas, jurnalistsiz. Qizig'i, maxsus ma'lumot bor-yo'qligining ahamiyati yo'q, oliy ma'lumot haqidagi diplomning bo'lishi ham shart emas. Rost-yolg'onligi to'g'risida hujjatga ega bo'lmagan to'rt qator xabarni telefonda e'lon qilib yuborasiz — “jurnalistsiz”. Albatta, xabar tarqatish vositasi qog'oz o'rniga telefon bo'lgan hamma xabarchilarga ham taalluqli emas yuqoridagi gaplar. Ular orasida, aslida, qalami o'tkir haqiqiy jurnalistlar ham, haqiqiy jurnalistdan oshirib sifatli-salmoqli xabaru maqolalar e'lon qilayotganlar ham kam emas. Jurnalistikada qog'oz o'rnini telefon, elektron vositalar egallayotgani esa mutlaqo salbiy hodisa emas, davr taqozosi, taraqqiyot samarasi deb qabul qilish to'g'ri bo'ladi…

Ayni paytda bu zamonaviy vositalar yangi gazetaning o'rnini, kioskadan sotib olib varaqlayotganingizda uni o'qishga rag'bat uyg'otuvchi, ilhom beruvchi, bo'yoq isi dimoqqa urib turuvchi gazetaning o'rnini bosolmasligi tayin. Xuddi shuning uchundir, bugun bizdan taraqqiyotda juda oldinda bo'lgan Amerika, Angliya va Yevropa mamlakatlarida hamon gazeta do'konlari gurkirab ishlab turibdi, gavjum joylarda gazeta sotuvchi-tarqatuvchilar faoliyati davom etyapti…

Ana shu “ming yillik” gazeta zahmatkashi bo'lgan bir hamkasb insonni qutlug' yoshi bilan tabriklash maqsadida qo'limga qalam olgan edim. Beixtiyor yuqoridagi gaplar qog'ozga to'kildi.

Bu inson qariyb o'n yil “Xalq so'zi” va “Narodnoe slovo” gazetalarida, so'ngra yana bir necha yil “Pravda Vostoka” gazetasida bosh muharrirlik lavozimlarida ishlagan Abbosxon Usmonov!

Gazetachilik — sermashaqqat, serzahmat soha. Gazetada, ya'ni tahririyatda ishlagan har bir jurnalist qalamkash bu fikrga qo'shilishiga ishonchim komil. Ertaga saharda yorug' dunyo yuzini ko'rishi kerak bo'lgan gazeta uchun tahririyatda bugun ertalabdan harakat — jarayon boshlanadi. Mashinkada-kompyuterda ko'chirilgan qo'lyozma xabar va maqolalar bosmaxonaga beriladi, linotip mashinalarda bu matnlar qo'rg'oshin satrlarga ko'chiriladi, temir ramkada sahifalab, bo'yoq surtib qog'oz-sahifaga ko'chirib tahririyatga yuboriladi, korrektor-musahhihlar uni asl nusxaga solishtirib o'qib, xatolarini tuzatadi, so'ng navbatchi muharrir o'qiydi, so'ngra bosh muharrir o'qiydi…

Ana shunaqa mehnat! To'g'rirog'i, zahmat edi. “Edi”. Abbosxon aka esa umrining, faoliyatining katta qismini mana shu zahmatlarga “rahbarlik” qilib o'tkazdi. Yo'q, bu aytilganlar gazetachilikning, bosh muharrir faoliyatining tahririyat va bosmaxona o'rtasida kechadigan, “osoyishta mehnat” bilan kechadigan bir qismi, xolos. Rahmat hamda asabbuzarliklar bilan kechadigan ikkinchi yarmi undan ko'ra boshqacharoq, balki sermashaqqatroq ham. Maqtov maqolalar, boshqa ijobiy materiallar bir navi, beozor. Birov “meni nega noo'rin maqtading?” deb yoqangdan olmaydi hech qachon, lekin tanqidiy maqolalar ba'zan bosh muharrirning tinkasini quritadi: to'g'ri gap tuqqaningga yoqmaydi, degandek. Lekin u maqolalar — kerak. Adolat va haqiqatning qaror topishi, tiklanishi uchun, mamlakat taraqqiyoti uchun kerak. Asosiysi, bunday maqolalar gazetxon uchun, gazetaning obro'si uchun ham zarur. Odamlar gazetadan biron-bir yangilikdan xabardor bo'lish uchun, ijtimoiy hayotda ro'y berayotgan o'zgarishlardan, islohotlardan xabardor bo'lish uchun uni do'kondan sotib oladi, varaqlaydi. Tanqidiy maqolani esa deyarli hamma o'qiydi. Bosh muharrir dadil bo'lsa, vijdonli bo'lsa, jasur bo'lsagina bunday maqolalar tez-tez gazeta sahifalaridan o'rin egallaydi. Abbosxon Usmonov bosh muharrir bo'lgan gazetalar taxlamlarini varaqlagan gazetxon esa bu Shaxsga yuqoridagi sifatlar hamroh ekanligiga guvoh bo'ladi…

Ma'lum davr mobaynida birga ishlaganmiz. Navbatdagi maqolani ko'tarib kirgan edim, u kishi o'z stoli ortida tik turganicha “vertushka” — hukumat telefonida kim bilandir suhbatlashyapti. Chiqib ketmoqchi edim, “kiravering” ishorasidan keyin yaqinlashib, beixtiyor suhbatni eshitdim. Angladimki, narigi tomondagi suhbatdosh Bosh prokuror ekan. Bosh muharrir asabiy, chirsillab javob qaytaryapti suhbatdoshiga. Uch-to'rt daqiqa suhbatdan so'ng bo'lmadi, Abbosxon aka portladi:

— Kelib gazetani o'zinglar chiqaringlar, bo'lmasa! — dedi hayajon va zarda bilan. So'ng suhbat qisqa davom etdi, xayrlashishdi.

Albatta, nima gapligini men so'ramadim, u kishi aytmadi. Shunisi aniqki, o'sha prokuror bu lavozimda uzoq o'tirmaganlardan biri edi.

Tanqid — Vatanning do'sti, jurnalistning dushmani. Birinchi navbatda bosh muharrir jurnalistning. Tabiatida adolat, haqiqatga moyillik, Vataniga, el-yurtiga muhabbat mavjud insongina faqat yumshoq kursisini emas, jamiyatni o'ylaydi. Abbosxon Usmonovga o'xshaganlar…

Donishmand publitsist-yozuvchi Alber Kamyu yozgan edi: “Men Vatanimni koyiyman, tanqid qilaman, chunki men uni boshqalardan ko'ra ko'proq yaxshi ko'raman!”

Abbosxon aka mamlakatdagi eng nufuzli ijodiy jamoaga o'tgan asrning so'nggi yillarida rahbar lavozimiga tayinlangan edi. Yuz nafardan ortiq ijodkorlardan iborat “Xalq so'zi” va “Narodnoe slovo” gazetalariga rahbarlik qilish esa rahbardan juda katta salohiyat, hayotiy tajriba, muomala diplomatiyasini taqozo etadi. Bu davrgacha uzoq yillar Toshkent viloyat partiya qo'mitasi, O'zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi va boshqa yuqori idoralarda katta-kichik turli lavozimlarda ishlab kelgan Abbosxon Salohiddinovichda bunday sifatu fazilatlar yetarli bo'lgani, rus tilini mukammal bilgani uchun ham ko'p yillar muvaffaqiyatli, samarali faoliyat yuritdi. O'sha davrlarda uning rahbarligi ostida mehnat qilgan qator jurnalistlar hozirgacha u kishini hurmat-ehtirom bilan tilga oladilar…

…Televizorda o'lkamizning Bo'stonlig'u Surxon tog'laridagi sharsharalarni, orombaxsh tabiat manzaralarini ko'rganimda, Rossiyaning “Priroda” kanalini tomosha qilayotib, Abbosxon akaning tashkilotchilik qobiliyatiga oid bir holat yodimga tushaveradi. Hozirgi yosh avlod ishonishi qiyindir, lekin bor gap shuki — televizorda ilgari bunday manzaralar umuman namoyish etilmagan. Rasmiy ko'rsatuv va rasmiy xabarlar, gaplar, xolos. Qadim davrda emas, bundan bor-yo'g'i o'ttiz yil muqaddam shunday edi. O'sha davrda Prezident Devonida bosh konsultant lavozimida ishlayotgan Abbosxon Usmonov Mustaqillikka oid dolzarb bir kitobni yuqori saviyali poligrafiyada chop ettirish uchun noshir mutaxassis bilan birgalikda bir oyga yaqin Turkiya safarida bo'ldi. Qaytib kelgach, taassurotlarini hikoya qilib xulosa yasayaptilar: “Men u yerda kashf qilgan bir narsa — turklar Vatanini juda qattiq yaxshi ko'radi. Kechqurun mehmonxonada televizor ko'ramiz-ku, ko'rsatuvlarning orasida Turkiyaning go'zal go'shalarini, tabiat manzaralarini shunchaki matnsiz namoyish etib, “O-o, mening Turkiyam!” deb hayqirib qo'yishadi”.

Birga ishlardik, xonada o'tiribmiz. Mening ko'z oldimga o'zimizdagi Turkiyadan qolishmaydigan o'sha tog'laru sharsharalar keldi. Buni ustozga aytdim. Abbosxon aka bir zum o'ylanib qoldi, so'ng: “Rostdanam, nega biz televizorda o'sha go'zalliklarni ko'rsatishimiz mumkin emas, ko'rsatuvlar orasida, tomoshabin dam olishi uchun?” dedi va darhol to'rt raqamli hukumat telefoni trubkasini ko'tarib, o'sha vaqtda teleradiokompaniya raisi vazifasini bajarayotgan Zafar Hakimovga bu taklif-topshiriqni aytdilar. Vassalom, o'lka go'zalligi ekranlarga ko'chdi…

Umr — oqar daryo. Yuqoridagi voqea-hodisalar xuddi kechagina bo'lib o'tgandek. O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan jurnalist Abbosxon Usmonov shu kunlarda farzandlaru nevara-chevaralar — oila davrasida qutlug' sakson yoshni qarshilayaptilar. Unvondan boshqa mukofotlarini sanash uchun o'zlariga murojaat qilishim kerak edi, murojaat qilmadim. Sababi, “maqola shart emas” deyishlari ehtimolga juda yaqin. U kishi shu darajada kamtar inson…

To'qsonga to'qnashganda, yuzga yuzlashganda sanarmiz boshqa mukofotlarni, umringiz ziyoda bo'lsin, ustoz!..

Habibulla OLIMJONOV,

jurnalist,

yurist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × one =