Sadoqatdan baxt qasrini qurganlar

Suhbatlarimizdan birida uzoq yillar “Qishloq hayoti” (avvalgi “Qishloq haqiqati”) gazetasiga bosh muharrirlik qilgan, ko'p jurnalistlarga saboq bergan olim, rahmatli domla Ne'mat Yoqubovning ahli ayoliga muhabbati va sadoqati haqida gapirib berdim. Turmush o'rtoqlari qirq yildan ortiq og'ir xastalik bilan kurashib ko'p azob chekdi. Ustozimiz ahli ayolining boshiga og'ir dard tushganida uni yolg'izlatib qo'ymadi, mehr bilan parvarish qildi. Domlamiz oilasiga sadoqatda ham dars berib o'tib ketdi.

Zuhriddin aka (Zuhriddin Isomiddinov taniqli jurnalist, adabiyotshunos) hikoyamdan ta'sirlandi.

— Meniyam piskentlik Sobirjon degan hamkasb do'stimning taqdiri Ne'mat Yoqubovnikiga o'xshab ketarkan, — dedi u.

— Bizlar Sobirjon Inomov bilan Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zbekiston Milliy universitet)ning jurnalistika fakultetida birga o'qiganmiz. Talabalik yillarida bitta xonada yashaganmiz. Boshqa kursda o'qiydigan Sayyora ismli aqli-zakosi, xulqi-hayosi, sarviqomati go'zal bir qiz bir oyog'i mayibligini bila turib Sobirjon akaga mehr qo'ydi, muhabbatini unga baxshida qildi. Dunyoda shunday pokdil qizlar borligidan lol qolgandik.

Tabiatan serzavq, qah-qah urib kulib ko'ngilni oladigan Sobirjon aka go'dakligidagi jarohati tufayli bir oyog'i oqsoq bo'lib qolgan ekan. Ular talabalik yillaridayoq turmush qurishdi, farzandlar ko'rib tarbiyalashdi. Taqdirida yozilgani shu ekan, oradan o'n yil o'tib, Sayyora opa og'ir dard bilan to'shakka mixlanib qolibdi. Sobirjon aka kelinoyimizni qirq ikki yil e'tibor bilan parvarishladi.

Ahli ayoliga shu qadar sadoqatli, mashaqqatlarga sabrli Sobirjon aka va chidam-bardoshi oldida tog'lar tiz cho'ksa arzigulik Sayyora onadek hazrati insonlar huzuriga olib borsa, ularni ziyorat qilib, duosini olish niyatimni Zuhriddin akaga aytdim. U kutilmagan taklifimdan xursand bo'lib: “Dam olish kunlari, albatta, Piskentga boramiz”, dedi.

Oradan bir necha kun o'tmay, Piskentdan noxush xabar keldi, Sayyora opamiz vafot etibdi. Marhumani xotirlab o'tkazilgan amri ma'ruf ma'rakasiga Zuhriddin aka, ularning kursdoshi, taniqli navoiyshunos Sultonmurod Olim bilan Piskentga bordik. Ma'rakada imom judayam ta'sirli ma'ruza qildi. Domlaning Sobirjon otaning ahli ayoliga orifona mehr-muhabbati, vafo-sadoqati, sabr-bardoshi haqidagi dil so'zlari yuraklarni to'lqinlantirib, ko'zlarni yoshlantirib yubordi…

Sobirjon aka bilan xayrlashayotganimizda u kishi menga ishora qilib: “Bu kishini tanimadim”, deb hamrohlarimdan so'radi.

— Bu kishi ijodkor do'stimiz, — deb Zuhriddin aka meni tanishtirdi. — Sizning hayot yo'lingiz haqida eshitib, duoingizni olgani keldi.

Sobirjon aka ta'sirlanib ketdi. Ko'zlari namlandi: “Alloh menga yana bitta do'st ato etdi”, deb mahkam bag'riga bosdi. Haqqimga duo qildi.

— Olimlarga yaqin yursangiz, Allohga yaqinlashar ekansiz, hayotimda shunga amin bo'ldim, — deb Sobirjon aka yonidagi yuzidan fayz yog'ilib, tavoze bilan turgan olimga ishora qildi. Bu hikmatni eshitib ma'rakaga ilm ahllari bilan borganimdan quvonib ketdim.

Allohdan unga sabr berishini so'radim, Yaratgan egamning sabrlilarga alohida ajrlari borligi haqidagi hadisni aytib, u bilan xayrlashdim…

O'shanda Piskentdan to Toshkentga kelgunimizcha ko'nglimda Sobirjon aka va Sayyora opaning ellik uch yillik — hammaning ham sabru bardoshi yetavermaydigan, mashaqqat girdobidagi umr yillarini tasavvur qilib, ular haqida albatta nimadir yozaman deb qat'iy niyat qildim. Hamrohlarimga ham bu haqda aytdim. Niyatimni eshitgan Zuhriddin aka “omin, omin” degandi.

Alloh dilimga nimani solsa, O'ziga tavakkal qilib, shu ishga kirishib ketaman. Ikkinchi oktyabr kuni bomdod namozidan keyin yo'lga chiqib, Sobirjon aka huzuriga – u kishining Piskentdagi qishlog'iga soat sakkizlarda yetib bordim. Kelishilgan vaqtda Piskent-Bo'ka yo'li bo'yida uchrashdik.

— Bizga ham siznikidaqa oppoq mashina minish nasib etsin, — deya “Cobalt” mashinamga ishora qilib quchoq ochib so'rashar ekan, “Orqamdan yuraverasiz”, deya avtomashinasini haydab ketdi. Bir oyog'i oqsoqlanib yurgan holatida, yetmish besh yoshida ham mashinani chiroyli haydab ketayotganiga qoyil qoldim. Bu qishloq uzumzorlari ko'pligi bilan Farg'onaning Oltiarig'ini eslatib turibdi. Avvaliga, tor bo'lsa-da, asfalt yo'ldan bordik. Keyin shag'al to'kilgan yo'l bilan qahramonimiz eshigi oldida to'xtadik. Har tomoni uzum bog'lari bilan o'ralgan hovli yonida ikki tup yapon sakurasi chaman-chaman bo'lib ochilib turibdi. Bu gullarga qarab dilim yayrab ketdi.

Ro'paradagi uyga kirib o'tirdik. Sobirjon aka Qur'on oyatlaridan o'qib, bizlardan o'tganlarning, xususan, ahli ayoli Sayyora opaning ruhiga bag'ishlab duo qildi.

— Aytishlaricha, ruhlar doimo uyg'oq bo'lar ekan, — dedi u. — Yaqin kishing o'tganidan so'ng savob ishlarni ko'paytirishni o'ylab qolarkansan. Chunki ruhlar atrofimizda hozir bo'lib, nima qilayotganingni bilib turar ekan.

Alloh o'zi suygan bandalariga ham bu dunyo­­da mashaqqatlar berib sinar ekan…

Ezgu amallari bilan nomi nafaqat Toshkent viloyatida, respublikada ham yaxshi taniqli bo'lgan piskentlik Abdunabi Siddiqov haqida kuni kecha “Qishloq hayoti” gazetasida bosilgan ocherkimni uzatdim.

“Maqolani o'qigunimcha choydan ichib, uzumdan yeb turing”, deya piyoladagi qaymoqni men tomonga surib qo'ydi. Gazetani o'qiyotib, aksa uriboq, “haq so'zlarni yozibsiz”, deb lutf qildi. Havosi poytaxtnikidan anchagina toza bo'lgani bois yengilroq nafas olaman. Dasturxonida piyola qo'ygani joy topilmaydigan kiborlarning shohona bazmu jamshididan ko'ra, egasiga o'xshagan soddagina tuzalgan bu dasturxon menga afzalroq ko'rindi.

Gazetaning yarim sahifadan ko'proq joyini egallagan maqolamni o'qib, Sobirjon aka ta'sirlandi.

— Abdunabi yaxshi inson. Yaxshi odam haqida juda yaxshi yozibsiz. Abdunabi o'zining kimligini bilib oladigan qilib yoritibsiz, rahmat sizga. Kelgusi haftada qirq kishilik do'stlarimiz bir davrada yig'ilishamiz, o'shanda ularga ham ocherkingizni o'qib beraman, — deya qo'lidagi gazetani taxlab, yonboshidagi yostiq ustiga qo'ydi.

— Nechta farzandingiz bor?

— Ikki qizim, ikki o'g'lim bor. Allohga shukur, hammasi o'qimishli, oilali, uyli-joyli, farzandlari, nabiralari bor.

Sobirjon aka hikoya qildi:

—1971 yil kuzi. Talabalikning oltin davrlari boshlandi. Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zbekiston Milliy universiteti)ning jurnalistika fakultetiga o'qishga kirdim. Yuqori kursda o'qiydigan, o'zimning Piskentimda tug'ilgan Sayyora ismli qiz bilan o'rtamizda iliqlik paydo bo'ldi. Unga ko'ngil qo'yib, yaxshi ko'rib qolgandim. Ammo yuragim xijil, nogiron yigit bo'lsam, u a'lochi, xushro'y va sarvqomat qiz, menga turmushga chiqishga rozi bo'larmikan, degan o'y tinchlik bermasdi…

Sobirjon aka nimani so'ramoqchi ekanimni sezdi chog'i, bolaligidagi o'sha mash'um voqeani gapirib berdi. Turob akasi mol boqiladigan bostirmaning tomiga chiqib varrak uchirayotgan bo'lgan.

— O'g'il bolaman-ku, varrak uchishini ko'ray deb qiziqqan bo'lsam kerakki, Bahriniso opam meni ham tomga olib chiqadi. Tomda so'tasi bilan makkajo'xori quritish uchun yoyib qo'yilgan bo'lgan. Osmondagi varrakning uchishini tomosha qilaman deb, oyog'im sirg'anib, pastga dumalab ketibman. Tanam bilan molxona qo'rasidagi xashakka tushibman-u, chap to'pig'im qoziqqa urilib qayrilib ketgan ekan. Bormagan joyimiz, ko'rsatmagan doktorimiz qolmadi. Taqdirimda bor ekan, shunisiga ham shukur.

— Alloh o'zi suygan bandalariga dard beradi, degan hikmat bor, — deyman unga. — Yaratganning O'zi ajrini bersin. Ikki oyog'i ishlamaydiganlar qancha?

— Gap bilan bo'lib so'ramabman, qora choy ichasizmi, ko'k choy ichasizmi? — dedi Sobirjon aka bo'shab qolgan termosni qo'liga olib.

— Qirq besh yil Toshkentda yashasam ham qora choyga o'rganolmadim, ko'k choy dedim men.

Sobir aka keliniga choy buyurib, uzilib qolgan hikoyasini davom ettiradi:

— Sevgidan yuragim jo'shib yurgan kunlarning birida o'zimda jur'at topib, Sayyoraga: “Ahvolimni ko'rib turibsiz, agar rozi bo'lsangiz, uyingizga onamni jo'natardim”, deb ko'ngliga qo'l soldim…

Sevgi-muhabbatimiz g'olib keldi, Sayyora ham, ota-onalarimiz ham turmush qurishimizga rozi bo'ldi. Birinchi kursni bitirmasimdan to'yimiz bo'ldi.

Yo'qchilik yomon bo'ladi. O'n olti yoshimda otam olamdan o'tib qolgach, turmushning og'ir yuki yolg'iz onamning zimmasiga tushib qolgandi. Onam rahmatli “otasi yo'q, nogiron, bechora o'g'limning ko'ngli yarim, o'ksimasin” deb yemay-kiymay meni o'qitdi. Yo'qchilik turmush qurganingda bilinib qolar ekan. Sayyora ikkimiz kambag'allik azoblarini ko'p tortdik. Qornimiz to'yib ovqat yemas edik.

Ming to'qqiz yuz yetmish to'rtinchi yili, ayniqsa, og'ir bo'ldi. Bitta nonni to'rtga bo'lib to'rt kun yer edik. Men-ku bir amallab chidaganman, ammo Sayyora-chi? Bechora birinchi farzandimizga homilasi bilan och qolib, nima bo'lgan bo'lsa Xudo bilgan, o'zi bilgan. Yengil-elpi ovqat yeb kun kechirib yurib, kamqonlik kasaliga uchradim. Bir kuni hushimdan ketib qolibman. Meni Toshkentning Sassiqhovuzidagi birinchi shahar kasalxonasiga olib borishib, jonlantirish bo'limiga yotqizishibdi.

O'zimga kelmay qancha yotganimni bilmayman. Bir payt g'aybdan bir sado keldi: “Uyg'on, uyg'on, sen ham odamlar qatori farzandli bo'lasan, o'g'il ko'rasan. Baxt ostonasiga qadam qo'yasan”. “Baxt, baxt!” degan ovozdan o'zimga kelibman. Tushimmi, o'ngimmi — anglolmay qoldim. Hech narsa bo'lmaganday, xuddi soppa-sog' odamday o'rnimdan turib ketdim. Bosh tarafimda yoshi kattaroq vrach ayol yig'lab o'tirgan ekan.

— Baxt, baxt, deb baqirdingiz, nega bunday dedingiz? — deb so'radi. Nima bo'lganini aytib beruvdim, u judayam to'lqinlanib ketdi. Boshqacha bir ixlos bilan “La ilaha illalloh, Muhammadur rasululloh” deb qayta-qayta kalima keltira boshladi. Doktorning aytishicha, xuddi shunday voqea uning hayotida ham bo'lgan ekan.

— Yashab ketishingizdan umid qolmagandi. Alloh sizni qaytarib berdi, tirilganingiz mo''jiza bo'ldi, — deb xuddi tug'ishgan ukasidek qarab, mehribonchilik bilan meni davoladi.

Xudoga ishonganlar, Xudoni tilga olganlar partiya safidan o'chirilib, ishdan bo'shatib yuboriladigan sovet tuzumining dahriylik zamonida bu ayolning qo'rqmasdan kalima keltirib o'tirishi chinakam jasorat edi.

Yillar o'z so'zini aytar ekan, keksalikda xotirang ham parishon bo'lib qolarkan. O'shanda meni davolagan shifokor opaning ismi hozir yodga kelmayapti. Alloh undan rozi bo'lsin.

To'ng'ich farzandimiz Ikromjon, so'ng birin-ketin katta qizimiz Gulmira, kichigi Gulnora tug'ildi. 1981 yil uchinchi avgust kuni kichik o'g'lim Yo'lchi tug'ilganida, akasiga sherik bo'ldi deb rosa quvondik. Chaqaloqning ertaga chillasi chiqadi degan kuni hayotimizdagi eng og'ir kunlarning boshlanishi bo'ldi. Sayyora to'satdan, kutilmaganda kechqurun yotib, ertalab o'rnidan tura olmagan. Ko'p tarmoqli bo'g'in og'rig'i — poliartrit kasaliga mubtalo bo'lgan ekan. Avvallari ham ahyon-ahyonda revmatizmdan oyog'i og'rib turardi. Universitetni bitirib, jurnalist diplomini olib, er-xotin ikkovimiz ham Piskent tumanida chiqadigan avvalgi “Mehnat bayrog'i”, hozirgi “Piskent hayoti” gazetasida to'qqiz yil birga ishladik, birga ijod qildik. Zaifam yotib qolgach, davosi yo'q dardning azoblari, turmushning adog'i yo'q mashaqqatlari boshlandi.

Qancha iztiroblarni ichga yutdik. Toleimiz shu ekan deb Allohning qazosiga rozi bo'ldik. “Sen hali tuzalib ketasan, oyoqqa turasan deb har kuni umid berdik. Farzandlarim yosh bo'lsalar ham otam-onam deb bolaliklarini o'yin-kulgiga emas, mehnatga berishdi. “Uydagi gap ko'chaga chiqmasin, onangning kasalini aytib biror kishiga ko'z yosh qilmanglar”, deb aytar edim ularga. Hamma farzandim o'zini chetga olmadi. Kerak bo'lganda, o'g'illarim qizdek bo'lib, qizlarim o'g'ildek bo'lib bizlarga xizmat qilishdi. Katta qizim kir yuvsa, kichigi dazmol qilardi. Sigir sog'ib, qatiq qilib, qatiq sotib kun ko'rganmiz. “Ko'chada kulib yuringlar”, deb tayinlardim. Dor-dor kirlarni kechasi yuvishardi. Kechasi xamir qilib, non yopishardi.

— Qiz bola ota uyiga mehmondek gap, birovning xasmi, otam nogiron edi, onam yotib qolgan edi, shuning uchun o'qiy olmaganiga afsus qilmasin deb ikkovini ham o'qitib, oliy ma'lumotli qildim, — dedi Sobirjon aka hikoyasini davom ettirib. — Gulmira o'qituvchi, Gulnora shifokor bo'ldi. Hozir nabiralarim ham turli oliy o'quv yurtlarida tahsil olgan, qolganlari o'qishmoqda.

O'zim ham qarab turmadim. Chirchiqdagi nogironlarni haydovchilikka o'qitadigan maktabni bitkazib, guvohnoma oldim.

— Sayyora opa yotib qolganiga qaramay, ijod qilishdan to'xtamagan ekan-a?

— Sayyora opangiz judayam adabiyotni yaxshi ko'radigan, yuzlab kitoblar o'qigan ziyoli ayol edi. Yaxshiyam kitob o'qishni yoqtirardi, agar aksi bo'lganida, bedor tunlarining bir azobi ming azobga aylanardi. Yoshligida Piskent shahridagi ko'p qavatli uylarda yashagan-da, hamma qo'shnilari rus millatiga mansub ekan. Ular bilan inoq bo'lib, hatto rus tilini ulardan yaxshi bilib olgan ekan. Shuning uchun bo'lsa kerak, rus adabiyotini ko'p o'qigan. Vaqtni ne'mat deb bilib, kunlarini behuda sarflamasdi. 2008 yilda “Umidli dunyo”, 2019 yilda “Bedor qalb tuhfalari” kitoblarini yozib chop ettirdi. Ko'ngli halim ayol edi. Ey Allohim, u bilan o'zing suygan bandalaring qatorida jannatlarda ham birga bo'laylik, deb duo qilib yashayapman.

Ahli ayolimning duolarini olib, ijodimga ham baraka kirib ketdi. “Soqov xotin” degan roman yozdim. Undan tashqari, o'n beshta kitob chiqardim. Ijodkor uqubatlarni asar yozib yengar ekan. Ta'ziyadan keyin keldi-ketdi ko'paydi. Atrofimizda yaxshilikni biladigan yaxshi odamlar ko'p ekan. Ular bizlarni yaxshi ko'rishar ekan. Kelganlar ko'ziga yosh olib, qulluq qilib, rahmat aytib ketishdi.

— Ha, Sayyora opa bilan ikkingiz sevgi-muhabbatdan, sabr-qanoatdan, vafo-sadoqatdan baxt qasrini qurgan ekansiz, — dedim chin ko'nglimdan.

— Odamni yig'latib suhbatlashar ekansiz. Ko'nglimni yumshatib yubordingiz.

— Tashqariga chiqaylik, uzumzorlaringizni bir ko'rsating.

— Yaqinda oq “Spark”da bir ayol ko'chamizda qayrilolmay qiynalib turgan ekan, tanimabman. Sayyora opangizga uzoq yillar davomida xuddi o'zining jigaridek mehr bilan qaragan, har kelganda bag'riga bosib ko'nglini ko'targan, dilbar shifokor Maqsudaxon ekan. Ta'ziya kunlari ko'rinmagandi. Toshkentda kasalxonada o'g'lini davolatayotgan ekan.

Maqsudaxon Alimjonova Piskentdagi kasalxonada shifokor bo'lib ishlaydi, samimiyati va qo'li yengilligi bilan bemorlar dardiga darmon bo'lib, ularning mehrini qozongan shifokor. Alloh bergan iqtidori bor doktor.

Sobirjon akaning bu shifokor haqidagi dil so'zlarini eshitib, ko'nglimdan yaxshi niyat o'tdi. Yozilajak maqolalarimdan biriga qahramon topdim…

Uyga qaytib kirib, suhbatni davom ettirdik. Xona to'ridagi bir kishilik divanga ishora qilib:

— Ayolim shu joyda yotardi, — dedi u. — Farzandlarimga: “Endi onangning divanini boshqa joyga olaylikmi?” desam, ular ko'nishmadi. “Onamni sog'inganimizda, shu joyda yotib ketamiz”, deyishdi. Qizlar ota-onaga boshqacha mehribon bo'lishadi. Umrlaridan baraka topishsin.

Sobirjon akadan hayotidagi eng quvonchli kunlari haqida ham so'radim.

— 2007 yilning 26 avgust kuni kechki soat oltidan o'tgan edi. Tahririyatda bir o'zim qolgandim. Uyga ketishga shaylanib turganimda, telefon jiringlab qoldi. Olsammi, olmasammi deb rosa ikkilandim. Oxiri go'shakni ko'tardim.

— Assalomu alaykum, men “Toshkent haqiqati” gazetasi bosh muharriri Ubaydullo Abdushukurov bo'laman. Sizni tabriklayman, Prezident farmoni bilan “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlanibsiz, dedi.

Hech kutilmagan bunday quvonchli xabarni eshitib, o'zimni bilmay qolibman. O'zimga kelganimda, qorong'i tushib qolgan ekan. Ko'zimdan yosh to'xtamasdi, och-nahorlikda, qancha kamsitishlar, xo'rliklar ko'rib, bitta qalamim bilan shunday katta orden olganim uchun hayajonimni bosa olmayotgan edim. O'sha kuni Sayyora mendan ham ko'proq xursand bo'luvdi, rosa yig'lagandi. Bu — garchi ojiza bo'lsa-da, sabr-bardoshi qarshisida tog'lar tiz cho'kadigan, qirq ikki yil umrini to'shakda o'tkazgan, og'riqlar azobiga dosh bera olgan mening Sayyoramga berilgan mukofot edi. Bu — bolaligini onasiga bag'ishlagan mening qizlarimga berilgan mukofot edi. Bu — onasini bolasidek ko'tarib parvarish qilgan mening o'g'illarimga berilgan mukofot edi. Bu — kelin emas, qiz bo'lib qaynonasiga onasidan ko'proq xizmat qilgan mening Diloromimga berilgan mukofot edi.

Sobirjon aka yana bir qancha nabiralari ismini sanab, ularga ham duo qildi. O'sha kun yodiga tushib, hayajonidan ko'zlar namlandi.

Mana sizga bir oila hayoti, bir oila ibrati! Mana sizga boshingiz yerga tekkudek ta'zim qilsangiz arziydigan hazrati insonlar! Mana sizga qalam bilan shuhrat topgan ijodkor, bitiklaridan hikmat nafasi ufurib turadigan jurnalist!

Dilmurod QIRG'IZBOYEV,

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi

a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

14 − six =