Ibrat ko'zi, aql ko'zgusi

yoxud Alixonto'ra Sog'uniyning “Tarixi Muhammadiy” asaridan olgan saboqlarim

2025 yil 10 mart, dushanba kuni. Ko'kcha. Shayx Zayniddin bobo qabristoni. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari bundan roppa-rosa o'n yil avval shu kuni vafot etgan edi. Islom olamini qayg'uga qo'yib, bu foniy dunyodan boqiy dunyoga safarga ketgan o'sha kun ko'z o'ngimdan bir-bir o'tadi. Ixlos surasini o'n bir marta o'qib, Zayniddin bobo, Alixonto'ra Sog'uniy, Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Alouddin Mansur va boshqa shu qabristonda abadiy qo'nim topgan marhumlar ruhiga bag'ishladim.

Asta yurib, Alixonto'ra Sog'uniy sag'anasi yonidagi doimo to'shak solib qo'yiladigan o'rindiqqa o'tirdim. Oppoq qabrtoshdagi hazrat qalamiga mansub hikmatni o'qidim. Alixonto'ra Sog'uniy 1885 yili 21 martda Turkiston o'lkasining To'qmoq shahrida o'zbek oilasida tug'ilgan edi. Otasi Shokirxonto'ra eshon ham Naqshbandiy sulukiga mansub taniqli ulamo bo'lgan. Kelgusi haftada alloma tug'ilganiga 140 yil to'ladi. Ancha yillardan beri uning “Tarixi Muhammadiy” kitobidan olgan saboqlarim haqida yozishni orzu qilib yuraman. Bugun shu kunga yetkazgani uchun Yaratganga beadad shukurlar qilaman.

“Tarixi Muhammadiy” asarini har gal o'qiganimda, muallifga “XX asrning Imom Buxoriysi” deb ta'rif berilgani bejiz emasligiga amin bo'laman. Yirik islomiy falsafiy olimlarning yakdillik bilan e'tirof etishicha, “Tarixi Muhammadiy” XX asrdagi eng insonparvar va betakror asarlardan biridir.

Yashirmayman, ilm olishga g'ayratimiz jo'sh urgan yoshlik paytlarimiz dahriylik mafkurasi asosida qurilgan sovet tuzumining tub mohiyatini anglab olmaganmiz. Quloqlarimiz kar, ko'zlarimiz ko'r, dillarimiz pardalangan holda kommunistik partiya g'oyalarini ulug'lab voyaga yetganmiz. Ammo mustaqillik tufayli Alixonto'ra Sog'uniy kabi islom dini fidoyilari, ulug' bobolarimizning qoldirgan bebaho merosi yuzaga chiqdi. Ko'zimiz ochildi, onadan qayta tug'ilgandek bo'ldik go'yo.

“Tarixi Muhammadiy” islom dini tarixi, Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalomning hayot va faoliyatlari, yigirma uch yillik payg'ambarlik davrida boshlaridan kechirgan kunlari, to'rt xalifalari, sahobai kiromlari va boshqa musulmonlarning iymon va islom yo'lida qilgan xizmatlari, mushrik va kufr ahlining dastlab islom diniga qarshilik va inkorlari, so'ngra to'p-to'p bo'lib islomni qabul etganlari, ajoyib va g'aroyib tarixiy va mo''jizaviy voqealar o'ta chiroyli tarzda batafsil tasvir etilgan nodir asardir. Bu kitobni ko'p marta o'qib chiqqan bo'lsam-da, safarga chiqqanimda ham doim yonimda olib yuraman. Uni har yili ramazonda qayta o'qishga odatlanganman. Ushbu durdona har qancha ta'rif va tavsif qilinsa arziydigan bebaho kitob. Qunt bilan mutolaa qilib, serqirra ma'lumotlaridan, fayzu futuhli mazmunlaridan bahramand bo'lishning o'zi baxt. Asarni o'qisam, asrimizning ko'plab ulamoi fozillarining buyuk ustozi Alixonto'ra Sog'uniy hazratlari bilan go'yo suhbatlashganday bo'laman. Vujudim huzurlanib, ko'nglim orom topadi. Mumday eriyman, ko'zimga to'xtovsiz yosh kelaveradi. Orifona bobomizning ta'kidlashicha, har bir musulmon bolasi payg'ambarimiz, islom dini, Muhammad alayhissalom, Qur'oni karim tarixlarini bilishi, albatta, lozim. Din qardoshlarimga yodgorlik bo'lsin deb yozilgan “Tarixi Muhammadiy”dan ulgi olib, Yaratgan robbim va Islom diniga e'tiqodim, payg'ambarimiz Muhammad alayhissalomga muhabbatim ziyoda bo'ldi deya olaman. Bu mo''jizaviy kitobni e'tiqod bilan o'qib, bandachilik gunohlarimga tavba qildim. Fe'limdagi mayda illatlardan forig' bo'lish quvvatini ham shu asar hikmatlaridan oldim.

“Tarixi Muhammadiy”ni ulug' ziyorat nasib qilgach, o'tgan yili Madinaga, Makkaga ham olib bordim. Ziyoratdosh do'stlarimga kitobdan parchalar o'qib berdim, ularning ham hayratlari oshdi.

Keyingi yillarda yozgan kitoblarimga, ocherku esselarimga hidoyat nuri kirib borayotgani ham shu kabi risolai shariflarning sharofatidan deb bildim.

— Buyuk ustozimiz Alixonto'ra Sog'uniy ilmu hikmatning qiroat, tafsir, hadis, fiqh, nahv, balog'at, mantiq, tib, tarix, siyrat, jug'rofiya, nazm ila nasr va boshqa fanlar bo'yicha ham yetuk mutaxassis bo'lgan, — deb yozgan edi shayx Abdulaziz Mansur hazratlari.

Ushbu noyob asar nashriga bosh-qosh bo'lgan, mas'ul muharrirlik qilgan shayx Abdulaziz Mansur hazratlariga tasannolar bo'lsin!

Yoshligidan Arabistonda ta'lim olgan Alixonto'ra Sog'uniyning shiori “Yoshlikda egallangan bilim — toshga o'yilgan naqsh” edi. Azal-azaldan baloyu ofat, g'urbat va musibatlarning eng qattig'i solih kishilar boshiga kelgan. U ham taqdiri azalning zulmu sitamlariga duchor bo'ldi. Millat, islom yo'lida ozoru kulfatlarga bardosh berdi, sabr libosini yechmadi. Dinni inson vujudiga qo'yilgan omonat bir gavhar deb bildi, omonatga xiyonat qilmadi.

1967 yili “Temur tuzuklari”ni eski forsiydan tarjima qilib, “Guliston” jurnalida nashr ettirganligi ham chinakam jasorat bo'lgan edi. G'ayriinsoniy, g'ayriislomiy sovet tuzumi davrida sohibi Turon bobomiz Amir Temur tuzuklarini xalqimizga taqdim etishga jazm etmak har kimning jur'ati yetadigan ish emasdi.

U islom tabobatini o'rgatib ketgan kuchli tabib ham edi. Jumladan, “Shifo-ul ilal”, ya'ni “Illatlar shifosi” asarida ikki yuzga yaqin kasalliklar bayoni, tashxisi va davolash usullarini bergan.

Etuk siyosiy arbob Alixonto'ra Sog'uniyning “Turkiston qayg'usi” asarida xalqimiz qanday qilib bosqinchilarga qul bo'lib qolgani va qanday qilib vatanni, millatni asrash kerakligi chuqur siyosiy-ijtimoiy mantiq asosida mukammal bayon etilgan.

“Turkiston qayg'usi”ning to'liq nashri buyuk mutafakkir Alixonto'ra Sog'uniyning kenja o'g'li Qutlug'xonto'ra (Ediqut) Shokirov tomonidan tayyorlanib, 2020 yili Toshkentda “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasida bosmadan chiqqan. Muallif qayg'u bilan: “Har bir millatning haqiqiy onasi — u millatning tug'ilib o'sgan, ota-bobosidan meros qolgan Vatanidir. Ona Vatanni boshqalar tasarrufiga qoldirmoq — vatan avlodlarining kechirilmas og'ir jinoyatlaridir, balki bu inson huquqlariga xiyonatidir”, deb yozadi.

O'zbekiston Qahramoni, xalq shoiri, rahmatli Erkin Vohidov shunday degan edi: “Dunyoda ulug' insonlar paydo bo'lsa, bu o'sha zamonning ehtiyoji tufayli paydo bo'lar ekan. Hazrati Navoiy ­dunyo­­ga kelganlarida, ijod qalamini qo'llariga olganlarida turkiy til nihoyatda zabun tilga aylangan edi. Bu tilni she'riyat yuksakligiga ko'tarish kerak edi. Uning qadr-qimmatini ko'tarish kerak edi. Shundoq bir tarixiy burch, shundoq vazifa hazrat Navoiyning zimmasiga tushdi. Va Alloh bizga shundoq buyuk insonni berdi. Men hazrat Alixonto'ra Sog'uniyni ko'rishga, ozgina suhbatlarini olishga muyassar bo'lganman. O'ylasam, u kishining ­dunyoga kelishlariyam Allohning bizlarga bergan ne'mati bo'lgan. Musulmon xalqini, turkiy musulmon xalqlarining milliy ozodlik harakatini boshlab berish kimningdir zimmasida bo'lishi kerak ekan. Ana shu burch Alixonto'ra Sog'uniy zimmalariga tushgan. Uyg'uristonda boshlangan harakat O'zbekistonda bizning ham ko'zimizni ochdi. Haqiqatni aytib, bir qancha bizga o'xshagan kishilarning ham ko'zini ochgan”.

“Agar ikkita choponim bo'lsa, uning yangisini birovga bergim kelaveradi”. Alixonto'ra Sog'uniyning bu so'zlaridan ayonki, u infoq-ehsoni kuchli zot bo'lgan.

Insof ahllari bir kun tuz ichgan joyiga qirq kun salom bersa, Alixonto'ra Sog'uniy ming kun ta'zim qiladigan solih inson ekanligini ushbu izhoridan ham anglashimiz ayon: “O'zbek eli, ayniqsa, Toshkent ahli qut-barakot kindigida yashaydi, bu yerlarga aziz-avliyolarning duosi ketgan, bunda hech qachon ocharchilik, qahatchilik bo'lgan emas, bo'lmaydi ham, inshoolloh”.

Sizni mutafakkir bobo deyinmi, aziz avliyo deyinmi, orifi komil deyinmi va yana kim deyin, barchasiga loyiqsiz!, – degan otashli kalomlar dilimdan otilib chiqaveradi.

Hozir ham “Tarixi Muhammadiy”ga ixlos bilan termilib o'tiribman. Kenjaboy otam rahmatli Alisher Navoiyni ilohiy ustozim deb bilardilar. Navoiyni o'qisam, otamni ko'rganday bo'laman. Sog'uniyni o'qisam esa Navoiyni ko'rgandek bo'laman. Ibrat ko'zim ochilganday, aql ko'zgusiga qaraganday bo'laman. O'zingiz kitobingizda qayta-qayta yodimizga solgansiz: “Buni o'quvchilar faqirni duolarida yod qilib qo'yishlarini umid qilurman”. Duodamiz, doimo duo qilib yurajakmiz, ey piri komil bobomiz!

Dilmurod QIRG'IZBOYEV,

publitsist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fourteen + sixteen =