Insoniyatni suvsizlik muammosi kutmoqdami?

Dunyodagi jamiki tirik mavjudotlar: insoniyat, hayvonot va nabotot olami suv deb atalmish ne'mat bilan mavjud. Yashashning, tiriklikning asoslaridan bo'lgan suv hayotimizda shu qadar muhim o'rin tutadiki, kunda bir necha bor unga murojaat qilamiz. Inson ehtiyojlariga xizmat qiluvchi jamiki sohalarda ham suv alohida o'ringa ega. Yon-verimizda ariq-soylardan, jo'mraklardan suv to'xtovsiz oqib turadi. Balki, shu sabab uning bugun qanday ahvolda ekanligi haqida ko'p bosh qotirib o'tirmaymiz. “Oldingdan oqqan suvning qadri yo'q” degan maqol ham, avvalo, suv haqida, albatta. Odam ovqatsiz bir necha hafta davomida yurishi mumkin, ammo suvsizlikdagi tiriklik juda borsa to'rt-besh kunga borishi mumkin ekan.
Suv faqat tiriklik asosi, iste'mol va ehtiyoj manbai bo'libgina qolmay, inson jismi va ruhini davolovchi eng kuchli shifokor ekan. Suvning shifobaxshligi shundaki, u, avvalo, tanadan turli yot unsurlarni yuvib chiqaradi. Uning ta'sirida bosh miya faollashadi, yurak, mushaklar, umuman, barcha a'zolar benuqson ishlaydi.
Ming afsuski, bizda suv ishlatish madaniyati to'liq shakllanib ulgurmagan. Ichimlik suviga bo'lgan beparvo munosabatga, uning behuda sarflanishiga har qadamda guvoh bo'lamiz.
Hayot manbai bo'lgan suvning bugungi holatiga qiziqib ko'rsak. Bugun ijtimoiy tarmoqlarda “Ichimlik suvi kamaymoqda”, “Markaziy Osiyo davlatlari suvsiz qoladimi?”, “Bir litr suv benzindan qimmat bo'ladimi?” kabi odamni o'ylantiradigan va xavotirga soladigan xabarlar soni ortmoqda. Xo'sh, bu izohlar, hukmlar qanchalik haqiqat? O'zbekiston rostdan ham suv inqirozi tomon ketmoqdami?
Suvning kamayishi va qurg'oqchilikning ortish xavfi bugungi kunda nafaqat O'zbekistonni, balki jahonning barcha davlatlarini o'ylantirayotgan dolzarb masalalardan biri bo'lib kelmoqda. Ma'lumotlarga ko'ra, Markaziy Osiyo mamlakatlarida ichimlik suvi ta'minoti so'nggi 65 yil ichida 4 barobarga kamaygan. 1960 yilda kishi boshiga 8,4 ming kubometr suv to'g'ri kelgan bo'lsa, hozirga kelib 2,1 ming kubometr to'g'ri kelmoqda. Bu shunchaki raqamlar emas, unga jiddiy e'tibor qilish zarur.
Suvdan istaganimizcha tartibsiz va isrofgarchilik bilan foydalanishimiz, tabiat ifloslanishiga o'ta loqaydligimiz bugun o'z salbiy natijalarini namoyish qilmoqda. Shuningdek, ichimlik suvining kamayishiga sabab bo'luvchi yana bir xatar bor. Bu haqda xalqaro tadqiqotchilarning ijtimoiy tarmoqlardagi guruhi ayrim ma'lumotlarni e'lon qilgan. Ularning so'zlariga ko'ra, hozirda global muzliklar erish darajasi jadal sur'atga yetgan. Bu esa dengiz sathining ko'tarilishiga va bir qator mamlakatlarning xavfsizligiga jiddiy ta'sir ko'rsatishi mumkin. Muzliklarning erishi Markaziy Osiyo va Markaziy And tog'laridagi chuchuk suv ta'minotiga ham ta'sir ko'rsatishi mumkinligi aytilmoqda. Olimlarning ta'kidlashicha, har yili o'rtacha hisobda 273 milliard tonna muz yo'qotiladi. Bu dunyo aholisining 30 yillik suv iste'moliga teng degani. Ma'lumot o'rnida shuni aytish mumkinki, Yer yuzining 71 foizini suv tashkil qiladi. Uning 97,2 foizi sho'r suvlar, 2,8 foizi chuchuk suvlardir. Lekin biz mavjud chuchuk suvlarning hammasidan to'liq foydalana olmaymiz. Sababi, chuchuk suvlarning uchdan ikki qismi muzliklar va yer ostida hisoblanadi.
Dunyo olimlari ichimlik suvi masalasiga yechim sifatida turli choralarni taklif qilishmoqda. Xususan, Syurix universiteti professori va ichimlik suvining kamayishiga oid tadqiqot mualliflaridan biri Maykl Zempning ogohlantirishi va taklifiga ko'ra, dunyo muzliklarini saqlab qolish uchun issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish kerak.
Suv tanqisligi muammosi ayni paytda har birimizga tegishlidir. BMTning xalqaro oziq-ovqat xo'jaligi tashkiloti taxminlariga ko'ra, 2030 yilga borib, doimiy suvsizlikda yashovchilar soni 4 mlrd kishidan oshadi. Shu yilga borib, O'zbekistonda ham iste'molga yaroqli chuchuk suv tanqisligi 7 mlrd kub metrga yetishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. So'nggi yillarda yurtimiz iqlimida sodir bo'layotgan haddan tashqari issiqlik, tartibsiz yog'ingarchilik, qurg'oqchilik kabi muammolar yuzaga kelishi ham aynan suv tanqisligi bilan bog'liq. Bu esa o'z-o'zidan suv taqchilligi ortishiga va suv narxining keskin oshishiga sabab bo'lishi mumkin.
Suv borasidagi muammolarni chuqur o'rganish va tahlil qilish, samarali yechim va choralar izlab topish maqsadida dunyo davlatlari mutaxassislari ham bosh qotirmoqda. Xususan, joriy yilning 18 fevral kuni onlayn formatda tashkil qilingan “Iqlim o'zgarishlari va Markaziy Osiyoda suv resurslaridan foydalanish muammolari” mavzusidagi davra suhbati o'tkazildi. Unda Rossiya Fanlar akademiyasining Jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar instituti Markaziy Osiyo sektori mudiri Stanislav Patchin 2028 yilga kelib suv tanqisligining surunkali bosqichga o'tish xavfi mavjudligi va ortib borayotgani to'g'risida so'zladi. “Suv resurslarini boshqarish bo'yicha keng vakolatli xalqaro institut mavjud emas. Albatta, davlatlar o'rtasida ikki va uch tomonlama muzokaralar olib borilmoqda, biroq umuman olganda, suv muammosini hal qilish masalasi murakkabligicha qolmoqda. Suv taqsimotidan tashqari, umumiy strategiyani ishlab chiqadigan institutlar yo'q. Biroq ba'zi harakatlar kuzatilmoqda — masalan, “Qambar ota” bo'yicha uch davlat (O'zbekiston, Qozog'iston va Qirg'iziston) birgalikda loyihani amalga oshirishga kelishib oldi. Bu ijobiy qadam, ammo yetarli emas”.
Mazkur vaziyat bo'yicha xulosalar va mulohazalar nechog'liq to'g'ri ekanligini bilish, suv bilan bog'liq vaziyatni o'rganish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Suv xo'jaligi vazirligi matbuot xizmati kotibi Shuhrat Suyunov bilan bog'landik. Uning so'zlariga ko'ra, mamlakatimizda suv bilan bog'liq muammolar yuzasidan zarur chora-tadbirlar amalga oshirish rejalashtirilgan.
“Suv bilan bog'liq masalalar hozirda butun dunyoga xavf solmoqda. Bugungi kunda mavjud muammolarning oldini olish bo'yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, joriy yilda nasos stansiyalari modernizatsiya qilinadi, 570 kilometr magistral kanallar va 15 ming kilometr ichki xo'jalik tarmoqlari betonlanadi, bu esa suv yo'qotishlarini kamaytiradi. Shuningdek, suvni tejovchi texnologiyalar joriy etilgan umumiy maydonlar 2,4 million gektarga yetkaziladi. Soha raqamlashtiriladi va shu yilning o'zidayoq qishloq xo'jaligida 10 milliard kubometr suv tejashga erishildi”.
Mutaxassis yuqorida ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarning o'rinsiz ekanligini aytsa-da, vaziyatni oqlovchi aniq sabablar ko'rsatmadi va aholi o'rtasida suv tejamkorligi madaniyatini shakllantirish borasida savollarimizni ham javobsiz qoldirdi. Nazarimda, savollar javobini har birimiz o'zimizdan izlashimiz kerak.
Issiq yoz kunlarida ichimlik suvidan sovitish, uy jihozlarini tozalash maqsadida tartibsiz ishlatish holatlariga duch kelamiz. Bundan tashqari, yurdoshlarimiz orasida ichimlik suvidan mashinalarini yuvishda, dala-ekin maydonlari, gulzorlarni sug'orishda foydalanayotganiga ko'zimiz tushadi. Ko'p qavatli uylarda esa jo'mraklardagi nosozlik sabab issiq yoki sovuq suvning isrof bo'layotganiga guvoh bo'lmagan kishi bo'lmasa kerak.
Muqaddas ne'mat bo'lgan suvni asrash nafaqat dunyo hamjamiyatining, balki har birimizning burchimizdir. Har birimizning bu masala, bu tanqislikda o'z hissamiz bor.
Ehtimol, suv tejamkorligi bo'yicha eng jo'yali takliflar, muammo yechimiga oid mulohazalar yurtdoshlarimiz orasida bordir. Suv mavzusida ijodiy ishlar, ko'rsatuvlar, pyesalar yaratilishi, namoyish etilishi ham samara beradi, shubhasiz. Yana xonadon va xizmat ko'rsatish uylarida ishlatiladigan suv jo'mraklarining tejamkor variantlari hunarmandlar tomonidan taklif qilinsa, biz o'z suvimizni o'zimiz uchun tejagan bo'lamiz.
Mutaxassislar behuda jon kuydirishmayotgandir. Suvdan noto'g'ri, pala-partish foydalanish, uni ifloslantirishda davom etsak, o'sha xavotirli taxminlar aniq sodir bo'ladi. Bugun, hozirdan suvni asrashni, qadrlashni boshlaylik. Zero, suv bilan tirikdir butun olam.
Gulnora ShERMATOVA