Ko'chat ekmoq — savob

O'zbekiston xalq shoiri Omon MATJON hikmati
Bu voqeani xalqimizning sevimli shoiri, rahmatli Omon Matjon aytgan edi:
“O'zimizning ko'nglimizdagi ko'chatlardan olib kelib bog'larimizni yangilash kerak bo'lib qoldi. Andijon viloyatining Izboskan tumanidagi bog'dorchilik davlat xo'jaligidan o'nta pritsepli avtomashinalarda turli xil mevali daraxt ko'chatlarini olib keldik. Urganchdan to Xorazm chegarasigacha yo'l bo'ylarida shu daraxtlar bor.
1994 yil kuzi edi. Do'stimiz Otajon Xudoyshukurovning 50 yoshga to'lishi munosabati bilan o'tkazilayotgan yubiley to'yi kuni. Xorazmda to'yda, tug'ilgan kunlarda qo'y va boshqa sovg'alar olib boriladi. Bir og'aynimiz bilan “Volga” mashinasining orqasida bir qancha ko'chat bog'lamini olib bordik. Eshikning oldida yuzlab odamlar turibdi.
“Mashinani orqasi bilan darvozaga hayda”, dedim. Otajon hayron bo'lib, baland ovozda ukasiga: “G'ofir, Omon akang bir qo'zichoq olib kelganga o'xshaydi, qara”, dedi.
Keyin o'zi chiqib ko'chatni ko'rgach, xursand bo'lib, ko'chatlar bog'lamini quchoqlab, uyining ichkari xonalariga olib kirib ketdi.
Qarang, o'sha ko'chatlar daraxt bo'lib o'sib turibdi, Otajon esa… (o'sha yili 22 dekabrda Otajon Xudoyshukurov vafot etadi).
“Ko'chat ekmoq — savob”, deya Omon Matjon ibratli hikoyasini aytib bergan edi.
Gavhar DILMURODOVA
tayyorladi.