Tanbeh

“Oilaviy hangomalar” turkumidan
Muallif haqida:
Bahrom AKBAROV — 1961 yili Zangiota tumanida tug'ilgan. 1983 yilda hozirgi O'zMUning kimyo fakultetini bitirgan. 2009 yilda “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan. Bolalarga atalgan 15 dan ortiq kitoblar muallifi.
O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.
Hovlida daraxtlarga suv quyish bilan ovora edim. Ko'cha eshik qo'ng'irog'i jiringlab qoldi. Shosha-pisha ko'ylagimni kiydim-da, “hozir, hozir” degancha ko'cha eshigini ochdim.
— E… Salomatmisan, bacham? Sog'liqlaring yaxshimi? — deya meni qarshi oldi eshik oldida turgan egniga uzun ko'ylak va qora nimcha kiyib olgan ellik yoshlar atrofidagi lo'li xotin. Yonidagi qizi eski qop ko'tarib olgancha tinimsiz chapillatib saqich chaynab turardi.
— Shu desang, Xudo seni menga yetkazdi. Umringdan baraka top. Uch-to'rt so'm sadaqa bersang. Sadaqa baloni qaytarar, bacham. Shu kichik bachamga bir oyoq kiyim olib berardim. Issiq kunda oyoq yalang yurmasdi.
Qaradim. Qizcha qop-qora barmoqlarini qimirlatgancha yalang oyoq turardi. Ham rahmim keldi, ham jahlim chiqdi. “Ataylab shunday olib yuribdi”, — degan fikr yalt etib xayolimga keldi va nima uchundir lo'li xotinga pul berish fikridan qaytdim.
— Pulim yo'q, — dedim to'ng'illab.
— Xay, puling bo'lmasa, bir piyola suv ber. Tomog'im qaqrab ketdi. Uyingda jilla qursa bir burda non topilar…
Uyga kirdim-da, choynakda choy bilan bitta yopgan non olib chiqdim.
— Rahmat, bacham. Bu boshqa gap. Ammo to'g'risini aytsam, xo'p ajoyib yigit ekansan-da.
Lo'li xotin qopini yozdi-da, ustiga o'tirib choy icha boshladi.
— Endi, bacham, xafa bo'lmagin-u ancha yolg'onchi ekansan, — dedi u menga zimdan ko'z yugurtirib.
— Nega unday deysiz?
— Cho'ntagingda pul bo'la turib, yo'q deysan-a.
Qarasam, oq ko'ylagim cho'ntagidan pulim yaqqol ko'rinib turardi.
— Bu pul o'zimga kerak!
— Pul kimga kerakmas, — dedi u yana menga qarab kulib. — O'sha pulingning yarmini bersang, mening ishim bitardi-da.
— Yo'q! — dedim qat'iy. — Bu pul o'zimga kerak dedim-ku.
— Qo'rqma! Erkakmisan o'zi? — dedi u piyoladagi choydan ho'plarkan. — Pulingni qaytarib beraman, bir marta ko'raman-u qaytaraman. Yangi pulni hali ko'rmagan edim.
Indamasdan turganimni ko'rib, u yana javray boshladi.
— Erkak kishi bunchalik qo'rqoq bo'lmaydi. Men pulni olsam, halollab olaman. Hozirgi yigitlarga hayronman, muncha qo'rqoq bo'lmasa.
Bu gap nafsoniyatimga tegdi. Cho'ntagimdan pulni oldim-da, qo'liga berdim.
— Mana, bo'larkan-u! — u pulni u yog'idan bu yog'iga aylantirib, rosa tomosha qildi va kaftiga olib g'ijimladi.
— Endi, bacham, qo'limdagi pulga qarab “tuf”, de.
— Nega?
— Irimi shunaqa.
O'ylamay-netmay lo'li xotinning qo'lidagi pulimga qarab “tuf” dedim.
— Oh, bacham, malades, — dedi lo'li xotin quvonib va pulni cho'ntagiga sola boshladi.
— Ie, bu nima qiliq? Hozir pulingni qaytarib beraman degandiz-ku!
— To'g'ri, lekin sen erkak kishisan-a?!
— Ha, shubhangiz bormi? — dedim jahl bilan.
— Menga jahl qilma! Undan ko'ra yaxshilab eshitib ol. Men pulni halollab olaman dedimmi? Dedim-a! Sen erkak kishi tuflagan tupugini qaytarib olmasligini yaxshi bilasan-a. Agar boshida ziqnalik qilmaganingda, shuncha pulingni olib qo'ymasdim. Menga yana qanday gaping bor?! Choy, noningga rozi bo'l. Qani, bacham, tur, ketdik, — dedi u qiziga qarab.
Lo'li xotinga hech narsa deya olmadim. Faqat ikki yuzim uyatdan qizarib ketdi…
ShERIK
Hovlimizdagi daraxtlarga shakl berayotgan edim, ko'cha eshigimizni kimdir asabiy tarzda taqillata boshladi. Nevaralarimning o'rtoqlaridan biri bo'lsa kerak, degan xayolda “hozir, hozir” degancha ko'cha eshik tomon yurdim. Ammo eshik ortidagi odam darvozani taqillatishdan to'xtamasdi. Darvoza oldiga yetib kelib jahl bilan eshikni ochdim. Ko'cha eshik oldida yoshi 40-45 larga borgan oriq, bo'yi novcha, shop mo'ylovli qop-qora lo'li, yonida esa o'zidan-da qoraroq o'g'li yirtiq jinsi shimining cho'ntagiga qo'lini tiqqanicha ishshayganicha turardi.
— Eski-tuski narsalar olamiz. Bormi? — dedi salom-aliksiz shop mo'ylovli lo'li.
— Eskilardan xotinim va mendan boshqa hech narsa yo'q, — dedim biroz hazil ohangida.
— Xotiningiz o'zingizga siylov, aka. Menda unaqa eski xotinlardan uchta. Kerak bo'lsa, birini sizga beraman. O'shanda o'zim yana yangisini olaman. Nima dedingiz?
Bu mendan-da oshib tushadigan hazilkash lo'liga “yo'q, kerakmas” deganday gap topolmay boshimni sarak-sarak qilib qimirlatdim.
— Shun-chun, okasi, xotindan gapirmang. Mana, biri bolasini tutqazib, pul topib kel, deydi. Mabodo eski televizor yoki xolodilnik bormi?
— Yo'q.
— Tulaning eski samovari-chi?
— U ham yo'q.
— Gaz plitka bordir?
— Bo'lsa yaxshi bo'lardi.
— Hmm… Kir yuvaytikon moshin-chi…
— Yaqinda olib ketishdi.
— Podolsk oyoq moshini bordir jilla qursa.
— U ham yo'q.
Bu gapdan keyin lo'li akaning jahli chiqib ketdi. Peshonasini tirishtirib turdi-da:
— O'g'lingiz bormi? — dedi biroz qizishib.
— Bor. Nimaydi?
— Eh, Xudoga shukur. O'shani oling-da, men bilan yuring.
Ajablanib unga qaradim.
— Nega hayron bo'lib turibsiz? Hech narsa yo'q uyda nima qilasiz? Yuring, yaxshisi, bizga sherik bo'ling, pul topamiz…
— E, ketlaring-e! — dedim-da, sharaqlatib darvozani yopdim.
Lo'lining gapidan kulishni ham, yig'lashni ham bilmasdim…