Taqdir yorlaqagan odam

O'zbekiston Respublikasi fan arbobi, “El-yurt hurmati” va “Salomatlik” ordenlari sohibi, tibbiyot fanlari doktori, professor Saidakram HASANOV haqida hikoya
Saidakram aka Hasanov bilan avvallari ham ko'rishgan bo'lsak-da, Sog'liqni saqlash vazirligida ishlaydigan bir ukamizning to'yida yaqindan tanishish nasib etdi. U ustozlarimizdan biri, odamlarga saxovatu yaxshiliklari bilan nom qoldirib ketgan, oqibatda ham, muruvvatda ham ibrat bo'lgan, biz jurnalistlarning qadrdoni, rahmatli Murtazo aka Sultonovning qo'shnisi va yaqin do'sti ekan. O'shanda Murtazo Sultonovni yod etib yozgan maqolamdan xursand bo'lgan kishilardan biri ham Saidakram aka bo'lgandi.
— Murtazo Sultonov mahallamiz faxri edi, — deb qo'ng'iroq qilgandi Saidakram aka. — “Oqibat maktabi” sarlavhali maqolangiz haqiqiy mehr-oqibat haqida bo'libdi. Mahalladoshlarimiz, do'stlarimiz ham o'qishdi. Juda savob ish qilibsiz. Hammamiz xursand bo'ldik.
“Bolangiz odobli, o'qishlari ham yaxshi” degan maqtovni eshitgan ota qanday xursand bo'lsa, “maqolangizni o'qidim, yaxshi yozibsiz, savobli ish qilibsiz”, deyishganida jurnalist sifatida men ham shunday quvonib ketaman. Boshim yettinchi osmonga yetgandek bo'ladi go'yo.
Qadrdon akamiz bo'lib qolgan Saidakram Hasanov bilan suhbatlashish uchun Toshkentning “O'zgidromet” chorrahasida joylashgan xususiy tibbiyot muassasasida uchrashdik. Kelishilgan vaqtda “Lacetti” avtomashinasini haydab kelgan Saidakram akaga qarab hayratimni yashira olmadim: “Qoyil-e, shu yoshingizda ham avtomashinani o'zingiz haydaysizmi? Ko'z tegmasin. Bir duo qiling, bizga ham sizning yoshingizda shunday navqiron bo'lib yurish nasib etsin”, dedim. Sakson uch yoshdan o'tgan kishi, odatda, mashina minib yurish u yoqda tursin, o'zini zo'rg'a eplaydi. Soch-soqoli oqarib, mo'ysafid bo'lib qoladi.
— Ellik bir yildan beri haydovchiman, — dedi u. — Rulda o'tirishning ham gashti bor, odamga yengil ruh bag'ishlaydi, quch-quvvat, g'ayrat beradi, o'zingizga ishonib, sog'lom yurasiz. A'zolaringiz doimo harakatda bo'ladi.
— Mohir haydovchilik ham san'atdek bir gap-da o'zi.
— Shunday. Yaxshi ishlar odam bolasining badanidagi a'zolar ishtirokida qilinadi. Demak, inson sog'lom bo'lsagina, kishi savob ishlarga ko'proq qodir bo'ladi.
Doktor tanishlarimdan biri aytgandi. Tomog'imizda murtak degan a'zo bor. Kichik tilning ikki yonida ham ikkita murtak bo'ladi. Bu murtaklar ko'z ilg'amaydigan son-sanoqsiz viruslarni dimog'da ushlab turib, zararsizlantirish vazifasini bajaradi. Xuddi shu singari inson tanasidagi har bir a'zoning aql bovar qilmaydigan darajadagi mo''jizaviy vazifasi bo'ladi.
Tibbiyotda shunday so'zlar borki, ular o'zbekcha aytilmasa ham, barchamiz tushunaveramiz. Quloq, burun va tomoq hamda uning atrofidagi a'zolar kasalliklarini davolaydigan shifokorni “LOR vrach” deymiz. Bugun huzurida suhbatlashib o'tirganim — O'zbekiston Respublikasi fan arbobi, “El-yurt hurmati” va II darajali “Salomatlik” ordenlari sohibi, Sog'liqni saqlash a'lochisi Saidakram Hasanov nomi ham tilga olinganida, “taniqli LOR vrach” degan so'z qo'shib aytiladi.
Saidakram aka taniqli olim-shifokor bo'libgina qolmay, ko'p kitob o'qiydigan, gazeta-jurnallardan mehrini uzmagan ziyoli inson ekanligi uchun ham bu kishiga ixlosim ortgan.
Ko'plab taniqli shoir, yozuvchi, jurnalistlar ijodi bilan ham, o'zlari bilan ham tanish ekan. Ish stoli ustida Cho'lponning “Yana oldim sozimni” degan kitobiga ko'zim tushdi.
— Abdulla Qodiriyning “O'tkan kunlar”ini o'n martadan ko'p o'qiganman, — dedi ustoz shifokor. — Tili juda boy, har o'qiganimda ko'proq ma'ni olaman. Roman yozishni ham qoyillatib qo'ygan-da!
— Erkin Vohidovni ham ko'p o'qir ekansiz?
— 1998 yil bahori edi, — deya u hikoyasini uzoqroq boshladi. — Telefonim jiringlab qoldi. “Men Oliy Majlisdan bo'laman”, degan ovoz keldi. Ovozini boshqa bir qadrdon deputatnikiga o'xshatib, unga gapirib ketibman. “Yo'q, men Erkin Vohidovman”, dedi. “Shunday demaysizmi? Sizni yaxshi bilaman, axir she'rlaringizni o'qib katta bo'lganmiz-ku!” U nabirasining tomog'ini davolashga yordam berishimni iltimos qildi. Ertasiga nabirasini taniqli shoirning o'zi olib keldi. Muolaja ko'ngildagidek o'tdi. Erkin aka xursand bo'lib, “hisobli do'st ayrilmas” deb xizmat haqimizga nimadir bermoqchi bo'ldi.
Unamadim. “Siz xalq shoirisiz, qancha she'ru g'azallaringizni o'qiymiz, qo'shiq qilib aytiladi. Eshitib rohat olamiz. Bu gapni siz aytmadingiz, men eshitmadim. Mayli, ilhomingiz kelganda, bizning klinikamizga osib qo'yadigan to'rt qator she'r yozib bersangiz”, deya iltimos qildim. U kishi xo'p dedi. Va'daga vafoni qarang! Ertasi kuni she'r keldi:
Etsa dimog'ingga muattar havo,
Kirsa qulog'ingga ohang, so'z, sado,
O'tsa tomog'ingdan luqmai halol,
Hayot shukrini qil, dard ko'rma aslo.
Bu quloq, tomoq, burunga bag'ishlangan ajoyib madh bo'lgandi. Misralarni katta-katta harflar bilan yozib, ramkaga solib, kiraverishga osib qo'yganmiz. Bu go'zal misralarni qarang, necha yillarki, klinikada bo'lganlar o'qib, ma'naviy zavq olishmoqda, ruhlari ko'tarilmoqda.
Klinikamizda Mirmuhsin, O'tkir Hoshimov kabi bir qancha mashhur ijodkorlar ham davolanishgan.
Kitobga muhabbat ne'matini Tangri taolo hammaga ham nasib etavermaydi. Saidakram akaga ilm-ziyo, mehnat, izlanish xislatlari saodat berdi.
— Soham bo'yicha nomzodlik dissertatsiyasini tayyorlagach, ilmiy kitoblarni o'qib, 1979 yili Moskvaga akademik Nikolay Aleksandrovich Preobrajenskiyni qidirib bordim, — dedi hamsuhbatim. — Ilmiy ishim bilan tanishib chiqqach, taniqli olim menga qiziqib qoldi. Rus tilini ham yaxshi bilganim qo'l keldi. U bilan yaqin bo'lib ketdim. 1-Moskva meditsina instituti (hozir akademiya bo'lgan) quloq, tomoq va burun bo'limida doktoranturada tahsil oldim. Kimsan, Lenin mukofoti laureati, tibbiyot fanlari akademiyasida klinik institutlar bo'yicha rahbar, akademik Nikolay Preobrajenskiyning shogirdi bo'lib emin-erkin, yayrab ilm qilganman. Ustozim Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi edi. Mo''jiza tufayli ikki marta asirlikdan qochib omon qolgan, haqiqiy qahramon jangchi bo'lgan. O'sha vaqtlarda Toshkentdagi olimlar orasida hasadgo'ylik, ichiqoralik kuchli bo'lgani boisidan ham Moskvada xayrixoh olimlar davrasida cho'qqiga intilgan erkin qushdek parvoz qildim. Doktorlik ilmiy darajasini yoqladim. U paytlari Moskvada ilmli olimlarning qadr-qimmati baland edi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta'biri bilan aytganda, ular “halollik vaksinasi” bilan emlangan edilar desak ham bo'ladi.
Halollik, vijdonlilik, insonlar salomatligi uchun umr lahzalarini fido qilish fazilatlari Saidakram Hasanovga obro', e'tibor, unvon, martaba keltirdi.
Toshkent — azim kent. Bu diyorda to'g'ri ham bor, o'g'ri ham bor. Hamon xayrixoh yoronlardan hasadgo'y “qadrdon”lar ko'p. Dunyoda taniqli olim bo'lish juda qiyin, odam bo'lish esa undanam qiyin. Bundayin ikki iqbol — faqat Yaratgan Egam suygan bandasining boshiga qo'nadigan baxt qushidir.
— Siz taqdir yorlaqagan odam ekansiz, — dedim unga samimiyat bilan. — Otam rahmatli o'zi bilgan yaxshi insonlarni uchratsa, “qush uyasida ko'rganini qiladi” deb ularning ota-onasini eslardi…
— Otangiz aytgan bu hikmat haqiqat ekanini o'z hayotimda ko'rdim, — dedi u. — Adam rahmatli yigirma yilga yaqin mahalla raisi bo'lib ishlagan, obro'si baland kishi edi. Och ham, to'q ham yoniga maslahatga kelishardi. Ayniqsa, bir voqea hecham yodimdan chiqmaydi: Mahallamizdagi bir kishi (mayli ismlarini aytmaylik) oilasi nochorligidan qizini turmushga uzata olmay, ikki nafar o'g'li 10-12 yoshga kirsa ham xatna qildira olmay yurgan ekan. Odamlar u paytlari oriyatli bo'lishgan. Kambag'alligini yashirishgan, birovga og'irim tushmasin deb istihola qilishgan.
Rahmatli Asqarxo'ja adam o'sha mahalladoshimizning ahvolini sezib qolib, qizini turmushga uzatishga bosh-qosh bo'lib, uyimizda o'g'illarini sunnat qildirib bergandi. Bolalarni To'lagan so'fi xatna qilgan, Mulla Zokir aka qo'llarini ushlab turgan edi. O'shanda mahalladoshimiz yig'lab turib adamni duo qilgandi. Namanganlik Olim domla degan machitimiz imomi adamning qo'llarini olib, “Etti hajning savobi muborak bo'lsin!” degan edi. Allohning “kim odamlarga yaxshilik qilib ko'zidan yosh chiqarib yig'latsa, yetti haj savobini beraman” degan va'dasi bor deyishadi. Saidakram akaning hikoyasi shu joyga yetganda men ham ta'sirlanib ketdim…
— O'zimning hayotimda ham shunday voqealar ko'p bo'lgan, — dedi u. — Bir yili qoraqalpog'istonlik ota o'g'lini davolashga olib keldi. Dimog'ida o'simta bor ekan. Qo'chqor Mirazizov usulida o'simtani olish amaliyotini o'tkazdim. Otasi: “O'g'limni hayotga qaytardingiz”, deb qog'ozga o'ralgan pul uzatdi. Necha marta yo'q desam ham, “olasiz”, dedi. Judayam o'jar odam ekan. Pulni qo'limga olib, “Endi meniki bo'ldi, to'g'rimi?” dedim. U bosh irg'ab “ha”, dedi. “Bu pul mendan sizga yordam. O'g'lingizni yaxshi ovqatlar olib berib kuchga kiriting”, deb o'ziga qaytarib berdim. “Bittagina sigirimni sotib, pulini olib kelgandim, rahmat doktor, baraka toping, qo'lingiz dard ko'rmasin”, deb yig'lab duo qilgandi.
Tojixon oyim rahmatli: “Odamlarning qo'liga qaramagin, yuziga qaragin, bolam”, deb tarbiya bergan. Qo'lga qaramaganning yuzi yorug' bo'lar ekan. Avvalo, Allohning mehribonchiligi, ota-onamiz, ustozlarimiz va bemor insonlar duosi tufayli baraka topdik. Xudoga shukur, qo'llarimiz dard ko'rmay, shu yoshimizda ham shifo talabidagilarga xizmat qilib, duo olib yuribmiz.
Yaxshi olimga yaxshi ustozlar yo'liqaverar ekan! Toshkentda ham shunday bo'ldi. U taniqli olim, tibbiyot fanlari doktori, professor Qo'chqor Mirazizovning nazariga tushdi. U ustoz deb domlasining o'gitlariga amal qildi. Davolashning Mirazizov tadqiq etgan usullaridan foydalandi. O'zi ham ilmiy izlanib, ustozi izidan bordi.
“Bilganlar bilan bilmaganlar har to'g'rida teng kela olmaydilar” degan gap bor. Bilganlar deganda Saidakram aka kabi dono olimlar nazarda tutilgandir. U “Qandli diabetli bemorlarning eshitish a'zosi holati” mavzusida doktorlik ishini yoqladi. Olim eshituv fiziologiyasi, uning buzilishi va shunga aloqador kasalliklarni, ovoz fiziologiyasi, uning o'zgarishi va bu o'zgarishlarni keltirib chiqargan kasalliklarni, quloq og'ir bo'lib qolishi, xususan, karlik sabablarini aniqlab, davolash ustida qimmatli tadqiqotlar olib borgan. Ayniqsa, o'rta quloqning o'tkir va surunkali yallig'lanishi, uning asoratlarini aniqlab, davolash bo'yicha katta ilmiy-amaliy tajribasi yuzlab shogirdlari uchun asosiy dastur, qo'llanma bo'lib xizmat qilayotir.
Taniqli shifokorning farzandlari Ulug'bek, Saidjamol ham ota izidan bordi. To'ng'ich o'g'li Ulug'bek Hasanov bugungi kunda tibbiyot fanlari doktori, professor.
— Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bizning orzuimizni ro'yobga chiqardi, — dedi suhbatdoshim. — Markaziy Osiyoda birinchi bo'lib Toshkentda “Quloq, tomoq, burun va bosh-bo'yin jarrohlik markazi”ni ochib berdi. Markazning ochilish marosimida Yurtboshimiz o'g'lim Ulug'bekka qarata: “Otang ko'p ishlarni qildi, endi sen davom ettirasan”, deb yuksak ishonch bildirdi.
Ikkinchi o'g'lim Saidjamol esa hozirgi paytda Avstraliyaning Pert shahrida LOR vrach, kelinim esa umumiy nazariyot shifokori. Dunyoning rivojlangan davlatlarida ham oilamiz vakillari ishimni davom ettirayotganidan ko'nglim huzurga to'ladi.
Buni qarangki, Saidakram qizi Umidaxon asli kasbi iqtisodchi bo'lsa-da, bugungi kunda tibbiyot sohasiga mehri tushib, stomatologiya institutining beshinchi kurs talabasi ekan. Nabiralaridan ham sakkiz nafari shifokorlik sohasini tanlashibdi. Hatto chevaralari ham shu yo'ldan ketayotir.
— Iloho, ko'z tegmasin, havas qildim, bizning zurriyotlardan ham shunday ilm ahllari chiqishsin, — dedim domlaga. Ustoz duo qildilar.
Rasm olish uchun u istiqomat qiladigan xonadonda bo'ldik.
— Kelinoyingiz Svetlana Bobojonova ham shifokor. Tibbiyot fanlari nomzodi, taniqli endokrinolog olima, — dedi Saidakram aka. — 1967 yili turmush qurganmiz. Uzoq yillar Ichki ishlar vaziri bo'lgan, mashhur general Yo'ldosh Bobojonovning qizi bo'ladi. To'yimizga Komiljon Otajonov kelgan. Nasib etsa, Alloh umr bersa, ikki yildan so'ng turmush qurganimizga 60 yil bo'ladi.
Opa: “Ko'k choy damlaymi, qora choymi?” deya o'zbekona iltifot qildi.
Jurnalist ekanimni, Saidakram aka haqida nimadir yozish harakatidaligimni bildirib, turmush o'rtog'i haqida undan so'radim.
— Salkam oltmish yildan beri birga yashaymiz, ajoyib shifokor, ajoyib olim, ajoyib pedagog, ajoyib ota, ajoyib turmush o'rtoq, — dedi Svetlana opa.
— Ta'rif ham ajoyib bo'ldi, — dedim kulib.
Darvoqe, suhbatlarning birida O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist, qadrdonimiz Shuhrat Jabborov olim haqida shunday degan edi:
— Saidakram aka mamlakatimizda otolaringologiya sohasidagi katta sulolaning asoschisidir. Tajribali professor inson organizmidagi a'zolarning bir-biriga aloqadorligi xususida kashfiyotlar yaratgan. U kishi namunali faoliyati bilan xususiy tibbiyotning pozitiv jihatlarini amalda namoyon etdi. Yoshlari ulg'ayganda ham ilmiy tadqiqotni davom ettirdi. Bu fazilat olimning fidoyiligini ko'rsatadi. Shu ma'noda Saidakram Hasanovga o'xshagan insonlar zamonamiz qahramonlari desak xato bo'lmas.
Qahramonimizning ukasi Abdurahmon aka ham mamlakatimizdagi taniqli LOR shifokorlaridan biri. U bilan ham akasining shifokorlik faoliyati, hayotidagi ibratli voqealar haqida gaplashdik.
— Akam menga otam o'rnida ota, ilmda ustoz, — dedi Abdurahmon aka. — Hayotimda ibrat maktabim. Silai rahmi kuchli odam. Bizlarning boshimizni qovushtirib yuradilar. Iloho, umrlari uzoq bo'lsin.
— Umr ham, rizq ham Yaratgan Egam tomonidan o'lchab berilgan, — dedi Saidakram aka. — Qarib qoldim, charchadim demasdan harakatda bo'lish kerak. Kishi ichmasa, chekmasa, odob doirasida turmush kechirsa, albatta, sog'lom bo'ladi. Ertalablari kelinoyingiz bilan shu yoshda ham uch-to'rt chaqirim piyoda yuramiz.
…Qahramonimiz bilan dildan suhbatlashib o'zimda ham bir o'ktamlik, xushkayfiyat, havas hissi yanada oshganini sezdim. El-yurt xizmatida turli sohalarda mehnat qilib yurgan ana shunday ulug' insonlar juda ko'p. Chindan ham ularni zamonamiz qahramonlari desak arziydi. Lekin ular juda kamtar, sokin. Hech qachon “Mana men”, deya o'zlarini ko'z-ko'z qilmaydilar. Izlanish, mehnat qilish, odamlarga yaxshilik qilish — ularning fazilati.
Dilmurod QIRG'IZBOYEV,
O'zbekiston Jurnalistlar
uyushmasi a'zosi.