Hayotimizdagi unutilmas voqea

Sharqona yangi yil, yasharish va yangilanish ayyomi Navro'zning muqaddas Ramazon oyiga to'g'ri kelishi quvonchli, yanada farahbaxsh voqelikdir. Yangi O'zbekistonimizda Navro'z qadriyati ham Ramazon qadriyati kabi boqiy ekanligiga, odamzod borliqning gultoji sifatida ulug'langaniga, inson qadri ham o'zgacha e'zozlanganiga guvoh bo'lib turibmiz.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “2025 yilgi Navro'z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish to'g'risida”gi qarori hayotimdagi eng unutilmas voqelik bo'ldi. Qaror konsepsiyasi bilan tanishgach, hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev naqadar insonparvar va xalqchil siyosat olib borayotganiga takror-takror amin bo'ldim.
Negaki, Navro'z ayyomi bilan bir qatorda mazkur qarorga asosan 1 mart – Zulfiyaxonim, Ozod Sharofiddinov, 15 mart – Hoji Muin, 19 mart – Mahmud Zamaxshariy, 21 mart – Alixonto'ra Sog'uniy, Abdulla Oripov, 22 mart – Mirzo Ulug'bek, 24 mart – Shukur Xolmirzayev, Abduxoliq G'ijduvoniy kabi mashhur siymolarning tavallud ayyomlari ham bayram shodiyonalari bilan hamohang holda o'tkazilgani nafaqat tarbiyaviy nuqtai nazardan katta ta'sir kuchiga ega bo'ldi, balki ulug' ma'rifatparvarlarga katta e'tibor, ehtirom namunasi bo'ldi, desak, xato bo'lmaydi.
Prezidentimiz imzo chekkan qaror sharofati bilan xalqimizga Islom tarixi va Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalomning hayotlari va faoliyatlari to'g'risidagi “Tarixi Muhammadiy” asarini meros qilib qoldirib ketgan otamiz rahmatli Alixonto'ra Sog'uniy nomi ham yanada ulug'landi. Otam haqida tele va radioeshittirishlar berildi. Matbuotda maqolalar bosildi. Ijtimoiy tarmoqlarda ham chiqishlar bo'ldi.
Ayniqsa, “Hurriyat” gazetasidagi “Ibrat ko'zi, aql ko'zgusi” sarlavhali maqola (“Hurriyat”, 2025 yil, 19 mart, №11-son)da publitsist Dilmurod Qirg'izboyev “Tarixi Muhammadiy” asaridan olgan saboqlarini chin yurakdan yozibdi. Benihoya ta'sirlandim. Gazeta tahririyati va muallifga ulkan rahmat, Alloh g'ayratlarini kam qilmasin!
Navro'z qadriyatlarini ma'rifiy maqsadlarga yo'naltirish, hech kimni mehr va e'tibordan chetda qoldirmaslik savobli g'oyasi muhtaram Prezidentimizning insonparvarligidan dalolatdir. Bu yoqimli holat yuraklarimizni to'lqinlantirdi. Ko'zlarimizni quvonch yoshlariga to'ldirdi.
Shu kunlarda Istanbul shahridan Toshkentga yana bir xushxabar olib keldim. Ma'lumki, “Tarixi Muhammadiy” kitobi Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vassalam haqida o'zbek zabonida o'tgan asrda yozilgan yagona asardir. Tahlikali va og'ir sharoitlarga qaramay yozilgan ushbu bitik o'zbek xalqi tomonidan necha yillarki, sevib o'qilib kelinmoqda. U qirg'iz, tojik, uyg'ur va turk tillariga ham o'girilgan. Va nihoyat, ko'p yillar davomida qilingan harakatlar natijasida kitob rus tiliga ham tarjima etilib, kuni kecha Turkiyaning Istanbul shahrida bosmadan chiqdi. Bu vazifa ko'p yillar mobaynida o'zbek adabiyoti namunalarini turk o'quvchisiga yetkazish ishida muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelayotgan “Ileri Yayinleri” nashriyoti tomonidan amalga oshirildi. Asarning ulkan ilmiy bilim hamda boy ijtimoiy-siyosiy tajriba asosida yozilganligi noshirlar tomonidan ta'kidlanib, asosan, ushbu kitob har yili Turkiyaga keluvchi millionlab rusiyzabon sayyohlar ommasiga taqdim etilajagi rejalashtirilmoqda.
Otamiz umr bo'yi milliy mustaqilligimiz, Hayit va Navro'z kabi bayramlarimiz tantana qilinishini orzu qilib o'tgandilar. Bugun hayotimizdagi eng unutilmas kunda Sog'uniy sulolasi vakillari padari buzrukvorimiz Alixonto'ra Sog'uniy ruhlarini shod etganligi uchun muhtaram Prezidentimizga tashakkur aytamiz, elim, yurtim deb amalga oshirayotgan beqiyos, savobli ishlariga Yaratganning O'zi behisob fayzu barakotlar ato etsin, deya xayrli duolar qilamiz.
Sog'uniylar sulolasi nomidan:
Alixonto'ra SOG'UNIY o'g'li –
Qutlug'xonto'ra ShOKIROV.