Tabiatga mushtarak yozuvlar

Nasrni badiiy adabiyotning og'ir karvon turi deydilar. Astoydil o'ylab qarasak, bu gapda mantiq borligi oydinlashadi. Chunki she'r oniy lahzalar mevasidir. Shoir hayot va tabiatdan olgan taassurotlari mavjida to'liqib, ilkis ruhiyatidagi “ashyolar”ni qog'ozga to'kadi. Nasrnavisning mehnati sal boshqacharoq: u, avvalo, tevaragida sodir bo'lgan, sodir bo'layotgan hodisalarni obdan kuzatadi; keyin esa tipiklashtiradi; ana undan keyin esa matn tuzadi; matnni tahrir qiladi. Binobarin, o'quvchi nasriy asarni xuddi hayotda ro'y bergan voqealar majmuasi kabi mutolaa qilishga kirishadi.
Aslini olganda, qalamkashlik yo'lini tanlagan insonlarning ko'pchiligi bolalik chog'larida bobosi yoki buvisidan ertak eshitib ulg'ayganlar. Ertaklarda turli-tuman hayvonlar, qushlar, baliqlar gapirtirilgan. Shu barobarida xayolan nasr dunyosiga kirib qolganimizni bilmaganmiz ham. Darvoqe, kaminaning ilk bora o'qigan kitobi “Kalila va Dimna” edi. O'sha kitobni ko'rsam, hozir ham beixtiyor hayajonlanaman.
Ana endi asl maqsadga o'tsak. Ayni davrda kitobiga so'zboshi bitishga chog'lanayotganim — Ulug'bek Jumayev bilan bundan o'n ikki yilcha muqaddam “O'zbekiston qishloq xo'jaligi” jurnali tahririyatida tanishganman. Anig'ini aytsam, sakkiz oy mobaynida birga ishladik. Uning maqola va lavhalari mazkur jurnal qoliplariga mos tushmas, ma'lum ma'noda essega o'xshar edi. Keyinchalik bildimki, Ulug'bek tuzukkina nasrnavis ekan.
Tasodifni qarangki, “Fermer” jurnali tahririyatiga ishga kirganidan so'ng uning nasrnavislik hunari yanada ochila boshladi. Hech mubolag'asiz aytishim mumkinki, u jurnalimiz qoliplarini sindirishda faol qatnashdi. Hayvonot va parrandalar olamiga bag'ishlangan hikoyalari nashrimizga o'zgacha alpozda jon kiritdi. Mushtariylar fikr-mulohazalaridan xulosa chiqarishimiz mumkinki, shu turdagi ijod namunalariga ko'pchilik mushtoq ekan. Alalxusus, hayvonot dunyosi to'g'risida asar yozgan va yozayotgan adiblar oz; ularning ism-shariflarini barmoq bilan sanasa bo'ladi. Masalan, Xorazmda Rahim Bekniyoz degan adib bo'lguvchi edi. Shoir edi. Shoirligi o'z davriga yarasha. Ammo ovchiligi, ov haqidagi hikoyalari e'tiborga molik. Chunki hayvonot dunyosiga daxldor ijod namunalari g'aroyib tuyuladi-da! Xuddi shuningdek, Normurod Norqobilov hamda Bahodir Qobul kabilarning hayvonot olamiga daxldor hikoyalari milliy nasrimiz ufqlarini yanada kengaytirmoqda. Ulug'bek Jumayevning tasvir usullari yuqorida ism-shariflari qayd qilingan uch adib usullaridan tamomila farq qiladi.
Uning usullarida shoirona nigoh ustunlik kasb etadi. Deylik, “Maftunkor manzillar” sarlavhali essesi quyidagi satrlar asnosida ibtido topgan: “Uzoqdan tikilib qaralganda, Oqtog' boboquyoshning zarrin nurlarini boshi uzra sochib turgan, harir ro'mol yopingan, bag'oyat go'zal, qaddi-qomati kelishgan, benuqson suqsurdayin kelinchakka juda o'xshab ketadi. Mabodo tog' tepasidagi balandlikdan chor-atrofga sinchiklab nazar solgudek bo'lsangiz, yarqiragan cheksiz va bepoyon kengliklarga, tumanda oqarib tutab yotgan uzun daralarga ko'zingiz tushadi”.
Nasriy asarning ham, nazmiy asarning ham eng asosiy unsuri ilk misralar hisoblanadi. Ushbu essedagi ilk xatboshi ohori to'kilmaganligi tufayli sizni o'ziga tortadi. O'qiganingiz sari o'qigingiz kelaveradi. Xo'sh, buning sababi nimada? Buning sababi tabiatga mushtarak yozuvlar ifori, rang-tusi qog'ozga boricha to'kilganiga taqaladi. Yozuvlarni o'qigan tog' farzandlari dilni orziqtirib yuboradigan xotiralarni qaytadan “tiriltiradi”lar. Tog'-toshdan mosuvo pasttekisliklarda ulg'aygan nasr shinavandalari esa o'zlariga notanish tuyuladigan manzaralarni tasavvur oynasiga “mixlaydi”lar. Har ikki holatda ham hayratga, zavqu shavqqa oshino bo'ladilar. Ana o'sha asardagi ikkinchi xatboshiga ko'z tashlaylik: “Ochig'ini aytganda, tabiat bag'rida, tog' sharoitida biror-bir manzilga yetib borish uchun uncha-muncha yo'lning mashaqqati-yu tanobini tortishingizga to'g'ri keladi. Yo'lda keta turib, siz umringizda hecham ko'rmagan o'simlik va hayvonlarning antiqa, noyob turlariga duch kelishingiz mumkin. Biz ko'zlab borayotgan Oqtov bag'rini qadim-qadimdan ko'plab yovvoyi qo'y va qo'chqorlar, noyob jonivorlar makon tutgan. Ularning yashash tarzi sir-sinoatga to'la bo'lib, bizni olis safarga undagan ishtiyoq ham ana shu jonivorlarning hayot manzilini o'rganish, tabiatning bu tuhfasini asrab-avaylashga e'tiboringizni qaratishdir”.
Aslini olganda, tog'u toshlar hamda qumliklardagi sirli, sehrli turmush zayli tashqi dunyodan ihotalangani bois ko'pchilikning qiziqishini oshiradi; o'sha maskanlardagi yovvoyilik sivilizatsiya asrida yanayam antiqa tuyulaveradi. Zotan, yovvoyi dunyoga talpinish hissiyoti bizga qadimgi ajdodlarimizdan merosdir. Chunonchi, qon gapiradi, degan ibratli ibora ham mavjud. Shularga asoslangan alpozda hayvonot va parrandalar, suvga oid nasr ayni hozirgi zamonda tobora asqatmoqda. Darvoqe, jahonning rivojlangan mamlakatlarida bu turdagi nasrnavislik yuksak qadrlanayotgani ma'lum.
So'z dunyosiga kirib, hayotini yozuvga bog'lagan inson, eng avvalo, xarakteri asnosida boshqalardan ajralib turadi. Xarakter esa makon va zamon tushunchalari vositasida jabha oladi. Tasavvur qilib ko'ring: tog'u toshlarni, qumliklarni kitoblar mutolaasi asnosida o'rganib chiqqan nasrnavisning bitiklari tabiiy chiqarmikan? Yo'q, bunga ishonish mushkul. Chunki asar bitilayotgan mahalda xotirot ishga tushmasa — bari behuda.
Ulug'bek Jumayev tog'u toshga yaqin Kelachi qishlog'ida tug'ilib-o'sgani sababli ham uni hech ikkilanmasdan tog' farzandi deyishimiz mumkin. Kelachi qishlog'i Navoiy viloyati, Xatirchi tumani hududida joylashgan. “Jizzax, Samarqand va Navoiy viloyatlarining ma'lum bir hududlarini o'z tasarrufiga olgan Nurota tizma tog'lari tabiati, o'simlik va hayvonot olami asnosida dunyoning boshqa manziliga sira-sira o'xshamaydi”, deb yozadi u. Aytishicha, Nurota tog' tizmalari nasrnavisning uyiga o'n uch-o'n to'rt kilometrcha kelar ekan; “uyimiz oldiga chiqsak, tog'lar ko'rinib turadi” deya so'ziga ilova qiladi.
Ulug'bek Jumayev sayohat qilishni yoqtiradi. Kasbdoshlarining aytishicha, o'tgan yillar ichida u yog'i Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Gruziya, Moldaviya, Rossiya, Ukraina, Avstriya, Albaniya, Andorra, Belgiya, Bolgariya, Bosniya va Gersegovina, Vatikan, Buyuk Britaniya, Vengriya, Shotlandiya, Uels, Shimoliy Irlandiya, Angliya, Germaniya, Gibraltar, Gretsiya, Daniya, Islandiya, Ispaniya, Italiya, Kipr, Kosovo, Shimoliy Kipr, Latviya, Litva, Lixtenshteyn, Lyuksemburg, Malta, Monako, Niderlandiya Qirolligi, Norvegiya, Polsha, Portugaliya, Ruminiya, San-Marino, Shimoliy Makedoniya, Serbiya, Slovakiya, Sloveniya, Turkiya, Ferer orollari, Finlyandiya, Fransiya, Xorvatiya, Chernogoriya, Chexiya, Shveysariya, Shvetsiya, Estoniya, MEN orollari, Yugoslaviya, Amerika Qo'shma Shtatlari, Hindiston, Xitoy kabi davlatlarga qadam ranjida qilgan, ya'ni cayohatda bo'lgan.
Dunyoda nechta davlat qoldi o'zi u bormagan? Qoyil! Eng muhimi, u 2022 yil dekabr oyida Amerika Qo'shma Shtatlarida ijodiy safarda bo'lib, shu mavzuda qirqdan ortiq maqolalar yozib, matbuotda e'lon qildi. Hajm jihatidan kattasi — “Okean ortidagi orzular” essesi. Mazkur esse “Fermer” jurnalining 1-8 sonlarida davomli chop etilib bordi. Ijod namunalari rus, ingliz, turk, qoraqalpoq, uyg'ur, qozoq, qirg'iz, tatar, tojik tillariga o'girilgan. “Mening feruza osmonim”, “Jannatmakon go'shalar”, “Xongul” kitoblarining muallifi.
Muallif sher, yo'lbars, qoplon, bo'ri, tulki, qoraquloq, shoqol, olqor, xonguli, sayg'oq, kiyik, saqqoq qush, flamingo, tovus, bedana, qirg'iy, lochin, burgut, kalxat, chag'alay, ilon kabi o'nlab jonivorlar hayot tarzini kuzatib, hikoya va esselar yozgan. Ijod namunalarini mutolaa qilar ekanmiz, nasrnavisning kuzatuvchanlik hamda voqealarni mayda unsurlarigacha xotirada saqlash salohiyatiga qoyil qolamiz. Binobarin, nasrining tomirlari yovvoyi tabiatga bog'langan, desak, ayni haqiqatni aytgan bo'lamiz. Obrazli tarzda aytsak, olovning neligini bilish uchun uning ichiga kirish, yolqin tillari harorati asnosida tanani chiniqtirish taqozo etiladi. Ulug'bek Jumayevning goho xavfu xatarga duch kelib, qiziqishini qondirish asnosida sayr etish amallari totli mevalar bergan, albatta. Biz kitobga kirgan hikoya va esselarni o'qish barobarida bunga ishonch hosil qilib boramiz.
Shunchaki qo'l uchida yozilgan ijod namunalariga duch kelmaymiz. Barisi qiziqarli, barisi g'aroyib. Misol tariqasida mitti hikoya — “Ochko'zan hayqirig'i” tahliliga o'tsak. Muallif yozadi: “Tuyaning o'rkachini eslatuvchi to'lqinsimon qir-adirlarda ko'klam nafasi sezilib qoldi. Quyosh yer ostidagi turfa maysalarni qulog'idan tortqilab tashqariga sudrab chiqaza boshladi. To'rg'ay bir joyda uchmasdan qotib turib, chinqirganicha qo'shiq kuylaydi. Sal narida ochko'zan zo'r berib in qaziyapti. Bo'y-basti, sumbati xuddi yumronqoziqni eslatadi. U o'zining qo'rqmasligi, hech narsadan tap tortmasligi hamda o'tkir, arrasimon tishlari asnosida dovruq qozongan. Shundanmi, undan ko'pgina hayvonlar cho'chiydi. Yurak yutib unga yaqinlashishdan bezillab turadilar”.
Tasvirlarni tasavvur maydonida aks ettirar ekanmiz, bu manzaralarni muallif o'z ko'zlari bilan ko'rganligiga shubha qilmaymiz. Matnning davomini o'qiylik: “Soy yoqasida ularni kuzatib turgan dumi chiroyli tulki “nima falokat ro'y berdiykin?” deganday qarab qoldi. Joni azobda qolgan bo'ri arang ochko'zandan qochib qutuldi. Jussasi bo'ridan bir necha barobar kichik bo'lgan kemiruvchi o'z raqibini oppa-osongina mag'lub etdi. Aksariyat hayvonlarni zir titratadigan, jonini oladigan bo'ri bir shu maxluqqa kelganda taslim bo'ldi-qoldi. Buning siri, asl sababi faqatgina Yaratganning o'zigagina ayon”.
Muallif “buning siri” hamda “asl sababi” iboralarini alohida urg'ulayaptiki, ushbu ta'kidlovlar bizni olam ibtidosini chuqurroq mushohada qilishga, yaratiqlar haqiqatini qisman bo'lsa-da ilg'ashga chorlaydi. Chunki bundan million yillar avval yashab, suyaklarini qoldirib ketgan dinozavrlarning davomchisi kaltakesaklardir, balki?
Kuzatsangiz, har bitta maxluqning o'ziga xos psixologiyasi, yashash tarzi ayricha ekanligi oydinlashadi. Ulug'bek Jumayevning ushbu kitobi mutolaasi chog'ida ana o'sha qirralar asta-sekin ochila boshlaydi. Masalan, “Traktorni ko'targan echkiemar” nomli hikoyasi sarlavhasining o'ziyoq darhol e'tiborni tortadi. Hikoyada bolalaridan ayrilgan alamzada jonzotning favqulodda jasorati bobida so'z boradi: “…Jonuzoq traktorni yo'l chetida to'xtatib, kabinadan pastga sakradi. Atrofga biroz qarab qoldi. Keyin echki terisidan tayyorlangan idishdan sharbat quyib simirdi. Muzdek ichimlikdan tanasi yayradi. Motorni o't oldirib, traktorni sekin haydab ketdi. Ikki yuz metrcha yurgan ham ediki, shundoqqina oldidan chopib kelayotgan echkiemarga nigohi qadaldi. Jonivor kela solib o'zini qudratli texnika ostiga otdi. Jonuzoq traktorni zo'rg'a to'xtatib qoldi. Bir mahal echkiemar kutilmaganda pufakdek shishib ketsa bo'ladimi?! Eng qizig'i, u salkam uch tonnacha keladigan “Belarus”ni ma'lum vaqtgacha ko'tarib turdi. Texnika siltanib, sal bo'lmasa, ag'darilishiga bir baxya qoldi. Keyin ma'lum bo'ldiki, echkiemar kimlardir o'ldirgan bolalari alamiga chiday olmasdan shunday qaltis harakatni qilgan ekan. Aslida g'am-alam shunday haddan oshgan onlarda echkiemar o'zini goh u yoqqa, goh bu yoqqa urib alamidan chiqar ekan…”
Bu satrlarni o'qib, fikr yuritib bir to'xtamga kela olishi gumon ostida qoladigan echkiemarning jonini fido qilishiga qoyil bo'lasiz. Jonivorlarda ham farzandiga qayg'urish tuyg'usi bor ekan-da?! Yana “Bolam degan tustovuq” nomli hikoyada jo'jalari uchun o'limga tik qaragan tustovuq tasvirlari ham o'ta ta'sirchan chiqqan.
Aksariyat mashhur faylasuf va shoirlarning fikriga qaraganda, olamning sir-asroriga aql bovar qilmas ekan. Bu — ilmi g'ayb, ya'ni parda orqasidagi fan. Faqatgina ayrim xatti-harakatlarni kuzatish asnosida nimalarnidir tusmollash mumkin. Shularni idrokdan o'tkazib, odamzodga yondosh dunyo — hayvonot hamda qushlar dunyosi g'aroyibligidan hayratlanasiz. Ana o'sha yo'lda Ulug'bek Jumayevning “Maftunkor va qahrli qoplon” nomli kitobi asqatib qolishi muqarrar.
Bahrom RO'ZIMUHAMMAD.