Jadidiy nasr va nazm samimiyati

(Taniqli shoir To'lqin Eshbek ijodida milliy o'zlik va ma'naviy-axloqiy tahlil)

To'lqin Eshbek — XXI asr o'zbek adabiyotining eng norg'ul, qoruvli ijodkorlaridan biri. Men ham shoir ijodi muxlislaridan biriman. Shoirning baytlarini sharhu tafsir qilib, o'zlariga yuborib, ta'mini aytib, ma'naviy ziyofat qilib turamiz.

Ayniqsa, uning 2024 yilda chop etilgan “Boburning gavharlari” kitobiga professor Nurboy Jabbor, “Buxoroi sharif ziyosi” she'riy to'plamiga professor Sultonmurod Olim, “Ayol va Oy” to'plamiga iste'dodli shoira Munavvara Usmonova yozgan so'zboshilari hamda taniqli shoir va munaqqid Olloyor Begaliyevning so'ngso'zlarini e'tibor bilan mutolaa qilgan kitobxon To'lqin Eshbekni o'zgacha kashf etadi.

Yaqinda “Dunyo nashr” nashriyotida shoir To'lqin Eshbekning “Jadidlar javhari” deb nomlangan dostonlar, she'rlar, dil bitiklari to'plami lotin va kirill alifbolarida 3000 nusxada chop etildi. To'plamdan “Abdulla Qodiriy mangu maktabi” va “Jadidlar javhari” deb nomlangan ikkita doston va jadid bobolarga bag'ishlangan qator she'rlar hamda dil bitiklari o'rin olgan.

Aytish joizki, jurnalistika va adabiyot maydonida To'lqin Eshbekning o'ziga yarasha o'rni bor. Chunki fe'li ham, she'ri ham o'zbekona, samimiy, millatga muhabbatli. Millatimiz ham u kishiga muhabbatli. Buni yaqinda ko'rdik. Shoir og'ir xastalikdan keyin qayta tug'ildi. Qanchadan-qancha yurtdoshlarimiz shoirning ahvolidan voqif bo'lib, bevosita borib, bilvosita ijtimoiy tarmoqlardan, telegramdan, telefondan bilib, duo qilib turdi. Ko'pning duosi ko'l bo'ldi. Shoir safimizga qaytdi.

Javhar — mohiyat, mazmun, ma'dan, eng qimmatbaho, bebaho narsa, deb yozilgan “O'zbek tilining izohli lug'ati” kitobida. Demak, “Jadidlar javhari” jadid bobolarimiz, ularning ibratli faoliyati haqidagi ajoyib asar.

Kitob uslubi noan'anaviy. Matni nasru nazm, shiru shakardan jozibali. Uslubini Shayx Sa'diyning “Guliston”i, Abdulla Avloniyning “Turkiy guliston…”iga o'xshatish mumkin.

“Jadidlarning insoniy fazilatlarini ham o'rganish kerak”, deb yozadi shoir. Bu juda qimmatli fikr. Chunki biz jadidlarimizning g'oyalari, asarlari mazmuni bilan tanishmiz. Ko'p g'oya, fikrlarini bilamiz ham. Lekin “Bu g'oya, asarlarni yozgan insonning ismi-sharifi, tug'ilgan, mahv bo'lgan joyi, vaqtini, fojiasini bilamiz. Lekin jadid bobolarimizning xarakteri, fazilatlari qanday edi?” degan savolni ko'pincha o'ylab ko'rmaganmiz. Vaholanki, jadid bo'lish uchun faqat ziyoli, zo'r adib, shoir, ma'rifatparvar bo'lish kamlik qiladi. Ziyolida kuchli peshvolik, jur'at, jadid xarakteri bo'lishi zarur.

Ana shu kuchli xarakter ijodkorni ruhan bezovta Shaxsga aylantiradi. Xarakter esa fazilatlardan tuziladi. Mahmudxo'ja Behbudiy, Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho'lpon, Abdulla Avloniy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Ishoqxon Ibrat, Abdurauf Fitratni ana shu jadidona xarakter tindirmadi. Uxlatmadi. Oxiri ularning ismi shariflarini mangulik kitobiga yozdi. U davrlarda ham ular kabi ijodkorlar kam emas edi. Lekin ko'pincha ijodkorlar she'ru doston, kitoblarini chop qilib, tinch, halovatda yashadilar. Shuning uchun shoir, yozuvchi ko'p, jadidlar kam…

To'lqin Eshbek jadidlikning javharini ancha uzoq tarixiy masofadan topgan. Chunki biz qachon yuksalgan bo'lsak, bu yuksalish yangilanishdan boshlangan. Bunga Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari tarixiy dalolat. Shu qonuniyatni kashf qilib, uning rioyasida turibdi. Bu haqda u shunday deydi: “Bir qiziq ma'lumot: uzoq asrlar mobaynida jadid so'zini ko'plab ulug' ajdodlarimiz ham qo'llagan ekan. Ya'ni, turli davrlarda yangilik yaratuvchi — jadidlar yashab o'tganlari tarixiy manbalarda mavjud. Ulardan biri — buyuk shoh va alloma Muhammad Tarag'ay Mirzo Ulug'bek bo'lganini uning mashhur asari — “Ziji jadidi Ko'ragoniy” nomidan ham ko'rish mumkin”. Ha, kitob nomidagi “jadidi” so'zi bunga hujjat. Shuning uchun shoir To'lqin Eshbek ilhomi Mirzo Ulug'bekni ham “jadid bobomiz” maqomiga ko'taribdi. Chunki shoirning mana bu satrlaridagi suyunchi bizni ham suyuntirdi:

 

Samarqandda ilk dorulfunun

Tuzgan edi jadid bobomiz.

Bu shaharga yaqin kelgandi

Shu paytgacha olis samomiz.

 

O'quvchining tasavvurida Mirzo Ulug'bek observatoriyani qurib, ustiga chiqqandek, samo esa, unga “Meni o'rganing”, deb to'shini tutgandek bo'ladi. Naqadar muhtasham manzara…

Kitobda To'lqin Eshbek kitobxonni jadid bobolarimiz hayoti, ijodu qismati bilan tanishtiradi. Har bir jadid haqida nasriy ma'lumotda ham muallifning munosabatini sezib turasiz. Ma'lumotda an'anaviy va yangi ilmiy, tarixiy faktlar bor.

Asarning Abdulla Qodiriy bobida shoir bu haqda “Biz ham faol jadidchi adib Abdulla Qodiriyning ibratli jihatlarini she'riy satrlar orqali bayon etishga jazm qilar ekanmiz, avvalo, ana shunday ishonchli manbalardan ilhom oldik”, deydi. Ayni vaqtda har bir jadid haqida shoirning o'z mushohadalari ham bor. Ularni o'qib, jadidlarning fazilatlarini ko'rasiz. Ular yashagan muhitda yashab ko'rasiz. Ular hayotining kichik detallarini To'lqin Eshbekning qalami katta bir voqeaga, dramaga aylantirganini ko'rasiz. Shu voqealarning ishtirokchisi bo'lasiz. Shoirning zavqi, dardu armonlariga sherik bo'lasiz.

Kitobda shoirning millatparvarlik pozitsiyasi sezilib turadi. “Adib Abdulla Qodiriyning 21 yoshida yozgan “Ahvolimiz” sarlavhali she'rini takror-batakror o'qir ekanman, avvalo ko'z o'ngimda o'sha davr manzaralari namoyon bo'laveradi. O'ylab ko'rsam, bu she'rda bayon etilgan ba'zi fikrlar hanuz o'z qadrini yo'qotmabdi…”, deydi u. Bugungi davrda ham bizning taraqqiyotimizga to'siq bo'layotgan isrofgarchilik va boshqa illatlarni tanqid qiladi:

 

Kitob, gazit tutgan qo'lni ko'rmadim,

Salom berib, biror alik o'rmadim.

Ko'rinishi o'zbek, qilig'i tarso,

Nahotki qolmadi ilmli porso?

Axlat idishlarda ko'ryapman nonni,

Adashtirdimmi yo O'zbekistonni?..

 

Kitobda To'lqin Eshbekning aruzdagi ijod namunalari o'quvchiga huzur baxsh etadi. Jadid shoir Furqatning “Fig'onkim, gardishi davron…” deb boshlanuvchi g'azalidan ilhom olib yozilgan satrlar maroq bilan o'qiladi. Bu yo'nalishning davomini Cho'lponning:

Man suygan suyuklik shunchalar go'zal,

Oydan-da go'zaldur, kundan-da go'zal, —

degan she'riga yozilgan manzumada ko'ramiz. Bu she'rda adibning vatanparvarlik pozitsiyasini, da'vatkor g'ayratini tuyamiz:

 

Do'stlarim so'raydir, kimdir sevgonim?

Ta'rifin keltirgan bog'u bo'stonim?!

Ey siz, ko'p shubhagar aziz do'stonim,

Axir bu onamiz — O'zbekistonim,

Har mahal degayman: “Bunchalar go'zal!

Oydan-da go'zaldur, kundan-da go'zal!”

 

Tarix fanlari nomzodi, dotsent, faxriy jurnalist Sobir Qurbonov kitobga so'ngso'z o'rnida yozgan “Jadidlar merosi — barhayot mayoq” sarlavhali maqolasida ta'kidlaganidek, “To'lqin Eshbek bu kitobi orqali zamon bilan hamnafas yashab, ijod qiluvchi qalamkash ekanligini yana bir bor namoyish etdi. Bu uning mamlakatimizda olib borilayotgan misli ko'rilmagan tub islohotlarni faol qo'llab-quvvatlayotganidan dalolatdir”.

Alohida ta'kidlash joizki, To'lqin Eshbek ijodida ma'rifiy she'riyat yo'sini ustuvorlik qiladi. Mana shu xalqchil, sodda, ayni vaqtda teran falsafaga, millatparvarlikka yo'g'rilgan javhardan biz shoir asarlarini tez tanib olamiz. Yodlash ham oson. Mana shu badiiy, adabiy, ijodiy o'zlik shoirni “Ma'rifat” targ'ibotchilar jamiyatining respublikamizda mashhur va trenddagi notiqlaridan biriga aylantirgan bo'lsa, ne ajab! Bir necha safdosh targ'ibotchilarimiz, jumladan, kamina ham shoir asarlaridan namunalarni yod olib, ma'ruzalarda aytib, olqish olib yuribmiz. “Jadidlar javhari” kitobidagi mana bu quyma fikrlarga qarang:

 

Jadidiy nazm va azm ixtiyor et,

Ozod tug'ilg'ansen, ozod bo'lib ket.

* * *

Oz umrni ilm soz qilur…

* * *

Jadid bobolar ishi,

To'xtamagan, aslida.

Hamon davom etmoqda,

Istiqlolning naslida!

* * *

Do'stlar, Yangi O'zbekiston bu –

Million-million jadid degani!

 

Xullas, “Jadidlar javhari” to'plamidan o'rin olgan dostonlar va ajib she'rlarni o'qigan kitobxonda ota-bobolarimizda bo'lgan, bugun har birimizda bor, lekin uyqusirayotgan bir milliy tuyg'u, instinkt uyg'onadi. Kitobdagi hamma fikrlarni jamlab, bir hayqirib turgan baytga jamlash mumkin. Ana shunda iqtidorli shoir To'lqin Eshbekning bir fig'onini eshitamiz. Satrlar orasidan samimiy jilmaygan shoirning kamtarin, mehrli, qadrdon chehrasi aks etib turgandek ajib taassurot qoldiradi.

Mana o'sha jo'shqin tuyg'ular ifodasi:

 

Aziz zamondoshim, ko'zni katta och,

Nomingga yarasha asl o'zbek bo'l!

 

Muhammadjon QURONOV,

pedagogika fanlari doktori,

professor.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eleven − 1 =