Oftobga intilib yashang

yoki insoniylikka muhabbat, adolatga sadoqat haqida kitob
U ilk bolalik chog'laridayoq ajib bir mo''jizani, sehrli olamni, sodiq do'stni va tengsiz xazinani kitob deb bildi. So'rasangiz, o'tgan asrning 40-yillari oxiri va 50-yillarida chop etilgan o'zbek va jahon adabiyoti durdonalari uning ko'ngil mulkidan qanday joy olganini maroq bilan so'zlaydi. Abdulla Qahhorning “Qo'shchinor chiroqlari”, Oybekning “Oltin vodiydan shabadalar”, Pirimqul Qodirovning “Uch ildiz” romanlari, Janni Rodari, Lev Tolstoy, Teodor Drayzer kabi jahon adabiyoti klassiklarining asarlari…
— Tengqurlarim bilan talashib-tortishib, xuddi musobaqa boylashganday kitob o'qishga sho'ng'iganmiz, – dedi u. — Esimda, kechalari sham yorug'ida kitobga muk tushardim. “Bo'ldi, yarim tun bo'ldi, uxla, shamni o'chir!” – degan da'vatdan so'ng sekin sirg'alib tashqariga chiqib ketardim. Ma'qul joy topib olib, oyning yorqin shu'lasida kitob o'qirdim. Tong oqarganini ham bilmay qolardim.
O'zbekiston Qahramoni, professor Shukurjon Mamatqulovning Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining “Tahririy nashriyot”ida chop etilgan “Hayot yo'llari va o'ylari” kitobining yozilish tarixi ana shunday.
Shukurjon aka suhbatlarda “Kitob – oftob, oftobga intilib yashaylik” deb ko'pchilikka dalda bo'lganida, nafaqat ko'kdagi quyoshni, yorug'likni, yaxshilikni nazarda tutadi, u aynan kitobni ham nurga qiyoslayotganini ilg'aymiz.
Ikki mingdan ziyod talaba tahsil olayotgan Oltinko'l iqtisodiyot kollejida ijodiy muhit ham yaratdi. Yigit-qizlar orasidan iste'dodlarni topdi.
“Jurnalistdan chiqqan hokim” deya hamkasblari orasida nom olgan qadrdoni Nazirjon Saidovning (Alloh rahmat qilgan bo'lsin) tavsiyasi bilan shoira, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi Zamira Ro'ziyevani kollejga “Ma'naviyat asoslari” fanidan muallima qilib ishga oldilar. Zamira Ro'ziyeva domlani iqtisodchi olim, tashkilotchi rahbar, deb bilar edi. Lekin u kishi adabiyot, tarix, ruhiyat olamlarining ham bilimdoni ekan. O'zi ham she'rlar bitar, lekin buni pinhon tutardi.
Qadr qildim,
ko'rmay qadr qadrdonlardan,
Qadr ko'rdim,
hech kutmagan begonalardan.
Ushbu xalqona misralar Shukurjon akaning qalamiga mansub.
Bundan yigirma yil avval falsafiy mulohazalar bilan hayotiy haqiqatlar uyg'unlashtirib yozilgan asarni chop etishni niyat qilgandi.
Garchi u iqtisodchi olim bo'lsa-da, qay bir yozuvchi haqida gap ketsa, uning asarlarini tilga oladi. Shoirni eslasak, she'rlariga ta'rif beradi. Kollejda adabiy to'garak tashkil qildi. Havaskor qizlaru yigitlar she'r, hikoya ko'tarib keladigan bo'lishdi. Domla radiouzel tashkil qilib, kollejdagi o'quv xonalariga radioreproduktor o'rnatib berdi. Har kuni ma'lum vaqtda so'nggi yangiliklar, talabalarning ijod namunalari yangraydigan bo'ldi.
Bir kuni shunday xushxabar yangradi: “Domla Toshkentga borib, O'zbek Milliy drama teatri san'atkorlarini uchrashuvga taklif qilib kelibdi”.
Darhaqiqat, ko'p o'tmay jamoadagilar o'quv dargohi hovlisida, zallarida, sahnasida, talabalar davrasida xalq artistlari Zikir Muhammadjonov, Yayra Abdullayeva, Rixsi Ibrohimova, Turg'un Azizov, Tolib Karimov, Erkin Komilov, Yodgor Sa'diyev, Fathulla Ma'sudov, Shirin Azizova, Madina Muxtorova kabi san'atkorlarni ko'rdilar, so'zlarini eshitdilar.
Bu voqea talabalar hayotida, Oltinko'l tumani ahli hayotida o'chmas iz qoldirgan, deb bemalol ayta olamiz. Ular kollejga yana uch marta uchrashuvga tashrif buyurdilar.
Ilm maskanida o'tkazilgan respublika ilmiy-amaliy anjumanlari, xalqaro konferensiyalar, ularda qatnashgan xorij, jumladan, Yevropa olimlari, mutaxassislarining hayratu havaslari ham alohida mavzu. Ayniqsa, O'zbekiston Qahramoni, xalq yozuvchisi Said Ahmad, adabiyotshunos olim, akademik Naim Karimov, O'zbekiston xalq yozuvchisi, temuriylarga oid ko'plab tarixiy romanlar muallifi Muhammad Alining talabalar, o'qituvchilar bilan suhbatlari ham bu kitobda yorqin sahifalarga aylandi.
Hayot – oqar suvdek. Ammo ezgu amallar o'lmaydi, esda qoladi. Ta'lim maskaniga kelgan mashhur ijodkorlar, do'stlarning ko'pi bugun tirik emas, vafot etib ketishgan bo'lsalar-da, ushbu dargohda mehnat qilayotgan ustozlar, ta'lim olgan yoshlarning yodida bir umr saqlanib qoldi.
Ustoz Oltinko'l tumani, Andijon shahri va viloyat Kengashlarining bir necha chaqiriq deputati. Ayni paytda ham viloyat Kengashi deputati, faxriy senator sifatida mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy jarayonlarida faol ishtirok etayotgani ibratli.
O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, xalqaro Bobur mukofoti sovrindori, yozuvchi Qamchibek Kenja kitobga yozgan so'zboshisiga “Insoniylikka muhabbat, adolatga sadoqat ifodasi” deb sarlavha qo'ygan.
— Insoniylikning, adolat va haqiqat tamoyillarining chinakam fidoyisi Shukurjon Mamatqulovning hayot falsafasi bitilgan kitobini o'qib chiqing, – deb yozadi u. — Dunyo ko'zingizga boshqacha ko'rinib ketadi. Shukurjon akaning o'zi bir dunyo. Kitobdagi yo'llar va o'ylar undan tomchilar, xolos.
Zero, O'zbekiston Qahramoni, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiysi Shukurjon Mamatqulov hamon safda, sizu biz bilan birga!
G'olibjon ABDULLAYEV,
Zilolaxon RAHMONOVA,
O'zbekiston Jurnalistlar
uyushmasining
a'zolari.