“Ey dard, yodga solding tirikligimni…”

Sirojiddin Rauf bugungi o'zbek she'riyati rivojiga “Yig'layotgan oy”, “Ko'k gumbaz”, “Siz menga keraksiz”, “Tashrif”, “Muallaq cheksizlik”, “Niliy naqshlar” she'riy kitoblari, rus, ukrain, qardosh xalqlar ijodkorlari she'rlaridan qilingan tarjimalari bilan hissa qo'shib kelayotgan shoirlarimizdan. Yaqinda uning “Men bir fuqaro” (Toshkent: Akademnashr, 2024. — 208 b.) she'riy to'plami kitobxonlarga taqdim qilindi. Mazkur to'plamga kiritilgan she'rlar inson ruhiyati va ozod Vatan manzaralarining rangin suratlari bo'lib, ular insonga va u yashab turgan muqaddas tuproqqa, hayotga muhabbatdan tug'ilgan she'rlar.
So'z yolg'on bo'lmaydi. Uning sohibi yolg'onchi bo'lishi mumkin… Adabiyotda yangi so'z bo'lmaydi, rost so'z bo'lishi mumkin. She'riga o'xshamagan shoir — shoir emas. Ana shu haqiqat Sirojiddin Raufga ham tegishli. Shunday shoirlar bo'ladiki, ularning kitoblarini o'qib huzurlanasan, o'zingni ko'rgandek, ichingni topgandek bo'lasan. Biroq bunday shoirlarning mashhur bo'lishini tasavvur qilish qiyin. Negaki, ularning dardnomalariyu dilnomalari ahli hol, ahli dard, ahli iymon uchun yozilgan. Bunday she'rlarning shaydosi ko'p bo'lmasligi ham tabiiy hol, ayniqsa, olatasir uchinchi ming yillikda. Bunday asarlar yasalmaydi, yaratilmaydi, ular iztirobdan, darddan, chorasizlikdan tug'iladi va faqir fuqarodek, mo'min bandadek xotirjam yashaydi, ular na maqtovga, na xushomadga muhtoj. “Men bir fuqaro” to'plamidagi aksariyat she'rlar shunday asarlar sirasiga kiradi.
Koinot gultoji bo'lgan inson ilohiy marhamatga erishganligi bois qorishiq turfa olamlar: kuylar, ohanglar, shakllarda yashash baxti bilan siylangan. Olam kamalakdek serjilo, turfa ranglar va mo''jizalarga to'la, odamning botini ham xuddi shunday. Shoirga esa olam va odamni anglash, ularning ham siyratini, ham suvratini ko'ra olish iqtidori berilgan. Ha, asl ijodkor zohir va botinni, inson qalbining kamalakdek tovlanishlarini, ko'klamiyu qahratonini kuzatadi. Boshqalarni o'z ortidan haqiqat, halollik, hidoyat tomon boshlab boradi. Haqiqiy ijodkor hech qachon ana shu an'anaga, o'ziga va SO'Zga xiyonat qilmaydi. Buni “Men bir fuqaro!” muallifi ijodi yana bir bor tasdiqlaydi.
To'plamni varaqlab chiqar ekansiz, sahifalardan mumtoz g'azalchilikning ham, zamonaviy o'zbek she'riyati maktablarining ham ohanglari eshitilib turganiga guvoh bo'lasiz. Bu — iqtidor bilan birga muttasil ijodiy izlanish, har bir narsaga sinchkovlik, ko'p o'qish-uqishning samarasi.
Ofiyat tilanib xilxonalardan,
Farqimiz qolmadi devonalardan.
Mumtozlik bobida Biru Bor tanho,
Voh, sherik yasadik bir donalardan.
(91-b.)
Ko'rinadiki, tushunarsiz so'z yo'q. Biroq aytilgan fikrni izohlash, undagi ma'noni tushunish, tushuntirib berish qiyin adabiyotdan puxta xabardor bo'lmagan o'quvchi uchun. Ilhom bilan yozilgan she'rlargina ana shunday xususiyat-fazilatga egaki, bunday bitiklar “yuqori”dan keladi, muallif esa kotiblik qiladi. Biroq ana shu kelayotgan xabarni qabul qila oladigan munosib qalbgagina keladi.
Agarki, turfa irq, lekin jam niyat —
Shu yurtning tutumi, shaksiz, jamiyat.
Har dilda tiklansa ajib imorat,
Ishonchu sadoqat, ishqdan iborat. (76-b.)
Shoirning fikricha, irq, millatlar emas, boylikning ko'p yo ozligi ham muhim emas, jamiyat uchun fuqarolarning aqlan yetukligi, odamiyligi, komilligi eng qimmatbaho xazina. Ko'hna torning yangi navolaridek yangragan bunday she'rlar talaygina va bu quvonarli, albatta.
She'rlardagi til, shakl, uslub, badiiy-tasviriy va ifoda vositalari murakkab bo'lsa-da, unda hayot garmoniyasi, falsafasi juda chuqur, xilma-xil, betakror. Ular oson o'qiladi, biroq zukko she'rxongina ma'no qatlamlaridagi mohiyatni ilg'ay oladi. Bu she'rlar o'quvchidan katta ma'rifiy bilim va ijodiy mushohadani talab qiladi.
Uyasi buzilgan qaldirg'ochlarday
Motam osmonida chirpirar faryod.
Ko'klamni boy bergan huv og'ochlarday
Tobora tusini yo'qotar hayot. (7-b.)
Qaldirg'och va ko'klam, motam (o'lim) va hayot — banddagi kalit so'zlar. Ko'klamda insonning eng yaqin do'sti qaldirg'ochning uchib kelishi bilan yangi hayot boshlanadi. Qaldirg'ochning insonga do'sti sodiqligi beixtiyor “Qissasi Rabg'uziy”dagi hikoyatni yodga soladi. Xalqimiz o'zgacha mehr qo'ygan qaldirg'ochning yerga qo'nib turganini ko'rish qiyin, uni suv bo'yidagina uchratish mumkin, xolos. U boshqa qushlar singari yerda donlab yurmaydi. Tumshug'ida loy tashib, o'zi uchun odamlar yashaydigan xonadonlar shiftiga in quradi va bunday xonadonlar xosiyatli, barakali sanaladi. Uy egalari qaldirg'och aynan o'zlarining xonadonlarini tanlaganidan behad quvonishadi, ko'ngillariga yorug'lik inadi.
Lirik “men” uyasi buzilgan motam osmonida chirpirab faryod urayotgan qaldirg'ochlarday og'ir musibat ichida. Shoir tasvirni yanada kuchaytiradi, kuzak oxirida hech narsasiz qolgan ship-shiydam, bag'ri bo'm-bo'sh qolgan daraxt orqali fojianing nechog'li alamangizligini ochib beradi. She'rdagi har bir so'z, har satr samimiyatga yo'g'rilgan, balandparvozlikdan yiroq, tasvir tiniq, poetik fikr aniq va ixcham ifodalangan, shuning barobarida voqelik yuksak pafos bilan bayon qilingan. Bandda biror-bir ortiqcha so'z yo'q, biror-bir so'zning o'rnini o'zgartirish, boshqasiga yoki muqobiliga almashtirish imkonsiz. Muallif o'z tasavvurining suvratini chizib berayotgandek taassurot uyg'onadi kitobxonda. So'z va tasviriy san'at sinkretlashgan bunday she'rlar o'quvchini ijodkor his qilayotgan olamga sezdirmay olib kira oladi. Bunga faqat ruhiyatni bir iqlimdan boshqa bir iqlimga, boshqa bir yurak mintaqasiga olib o'ta olgan ijodgina qodir. She'r uchun muhim fazilat sanalgan samimiyat tufayli band ichki butunlik kasb etgan.
“Men bir fuqaro” bilan so'zdan so'zga, satrdan satrga ko'chayotgan o'quvchigina Sirojiddin Rauf she'rlaridagi qalbga bir chimdim yorug'lik olib kiruvchi nekbin kayfiyatni, adolatsizlik bilan murosa qilolmaydigan isyonkor shaxsni va uning hech bir narsaga befarq bo'lmagan botinini his qiladi, shoir ijodining mohiyatini anglay oladi.
She'rni tushunish va aytish uchun xushta'blik va nozikta'blik, tezfahmlik va nuktazarblik xislati zarur. Agar ijodkorda ana shu fazilat mavjud bo'lmasa, uning yozganlari yurakdan yurakka yetib bormaydi, insonni bir ruhiy muvozanatdan boshqasiga olib o'tolmaydi. Shu talab nuqtai nazaridan qaralsa, Sirojiddin Rauf aksar she'rlarining o'z mintaqasi, iqlimi bor va kitobxon o'zining ruhiyati, holatiga mos, qalbiga quvonch; qayg'usi, muhabbat va nafratiga hamohang dilnomani tanlaydi, chunki unda o'quvchi o'zini ko'zgudagidek ko'radi. Yashashning mohiyati ham insonning o'zligini va o'zini yaratganni anglashi-ku axir. Odamzod tabiatan o'zini tinglashlarini istaydi, darddosh, hamfikr axtaradi, inson, avvalo, o'zini sevadi va uning barcha xatti-harakatlari zamirida mana shu his yashirin.
She'r — zulm, zo'ravonlik, nohaqlik, adolatsizlik, yovuzlikka qarshi qaratilgan norozilik, hayqiriq, na'ra, isyon, kurash bo'lsa, she'riyat — qalbdagi muhoraba maydoni.
Shunday shoirlar borki, ijodida mavzular doirasi juda cheklangan bo'ladi. Sirojiddin Rauf she'riyatida esa tabiatning har bir bo'lagi, har bir she'rda biri ikkinchisini takrorlamay, uchinchisi to'rtinchisidan o'zga-o'zga yangi ma'no, fikr tashiydi, jonlantiriladi. Birgina yo'l obrazining o'zini shoir rang-barang ma'nolarda qo'llaydi (“Quchoq ochib chopmadim aslo”, “Barcha yo'llar mening xayrimga”, “Arzi hol” va hokazo). Yo'l — hidoyatga eltuvchi, buyuk orzu va maqsadlarning ibtidosi, sha'n, sabr, inson qalbi timsoli. U — bahodir, u — tarix, u — bugun, u — kelajak, u — umid, u — shoirning o'zi.
“Fuqaro” she'rida muallif va lirik “men” umumlashgan. Shoirning ijtimoiy-falsafiy konsepsiyasi deb aytish mumkin bo'lgan bu she'rda muallifning davrga, muhitga, o'z-o'ziga bo'lgan munosabati akslangan. Baxt va baxtsizlik, topish va yo'qotish, mahrumiyat va muyassariyat, ezgulik va yovuzlik barcha zamonlarda yonma-yon. Shunday bo'lgan va shunday bo'lib qolaveradi ham. Bu haqiqatga hech qanday kuch daxl qila olmaydi, chunki bu ilohiy qonuniyat, bandasi uni o'zgartira olmaydi. Hayotda ehtimol, ma'lum bir davrlarda, haqsizlik, adolatsizlik, istibdod, hasad, yolg'onning qo'li baland kelar, ezgu kuchlar bir qadam orqaga chekinishga majbur bo'lar. Insonning kimligi va asl qiyofasi ana shu daqiqalarda namoyon bo'ladi. Eng muhimi g'alaba emas, g'alabaga bo'lgan ishonch, o'zingning qaysi tomonda, kimlar bilan birga ekanliging. Ayni fikr nafaqat “Fuqaro” she'riga, balki “Vido” dostoniga ham tegishli.
Sirojiddin Rauf ijodida bir, ikki (masnaviy), uch(lik), to'rt(lik), besh qatordan iborat she'r shakllari mavjudki, bu shoirning ichki imkoniyatlari kengligidan, tajribasi ortib borayotganligidan dalolat beradi.
Anvar Obidjon bir qatorli she'rlarni “ignabarg”, Sadriddin Salim Buxoriy “Senda yuz yo'q tupuray qayga” kabi toq satrdan iborat manzumasini “bir misrali she'r” deb atagan. Faxriyorning “Go'rlar qisir tug'ishdan qolgan” bir misrali she'ri adabiyotshunoslikda iliq kutib olingan.
Sirojiddin Rauf esa “Ey dard, yodga solding tirikligimni” deb yozadi. (88-b.). Bir satrdan iborat bu she'rda hayotning qadri, vaqtning shafqatsizligi, umrning o'tkinchiligi, jonning omonatligi to'g'risidagi falsafa jamlangan. Shoir DARDga murojaat qiladi va undan minnatdor bo'ladi. Nega?! Chunki “inson” so'zining ma'nosi unutuvchi, insonga esa doimiy baxt, osoyishtalik, farovonlik og'irlik qiladi. Agar qiyinchilik bo'lmasa, u hayotning lazzatini to'la-to'kis his qilolmaydi, faqat chanqagan odamgina tashnalik azobini, miriqib suv ichgan esa rohatni his qilgani kabi. Dard insonni ulg'aytiradi, ruhini tozartiradi, tiriklikni qadrlashga o'rgatadi, inson hayotni qaytadan sevib qoladi. Sevish esa ilohiy baxt. Ba'zan sevilgan go'zal bo'lmasligi mumkin, biroq sevgan har doim go'zaldir. Bu dard hayotsevarlikka, muhabbatga, mehr-oqibatga, butun borliq va undagi jami narsalarni qadrlashga yo'l ochadi.
Anvar Obidjon uch misrali manzumalarni “uchchanoq”, Farida Afro'z o'zining uch qatorli she'rlarini “Tasbeh”, Amir Xudoyberdi esa uchliklarini “Mitti manzumalar” deb nomlagan bo'lsa, Sirojiddin Rauf ularni “Uch tomchi” deb atagan. To'plamdan joy olgan oltmish bitta uchlikda hayot falsafasi, ijtimoiy adolatsizlik, inson fe'lidagi nuqsonlar, qalb evrilishlari xususida fikr yuritilgan.
Ko'zlab faqat mayda-chuydani
ko'z ocholmas
ko'zi och millat. (121-b.)
Mayda narsalarga o'ralashib qolgan odam yuksaklikni esdan chiqaradi va o'zining shunday hayot tarziga ko'nikib yashaydi. Uning o'zi ham orzulariga o'xshab maydalashib boraveradi. Tirik, lekin yashamayotganlar kammi oramizda bugun?.. Maqsadi bo'yidan past odamning ko'zlagan manzili shohona hayotdan bo'lak nima?.. Aslida ko'z emas, ko'ngil och bo'lsa, millat va mamlakat taraqqiy etadi, inson qadri va sha'ni munosib bahosini oladi.
To'rtliklar (124-159-b.) mavzu jihatdan turlicha bo'lsa-da, ularni tutashtirib turuvchi bir vosita bor. Ilohiy kalom, hadis, ko'hna Sharq mumtoz adabiyotidan oziqlangan bitiklarda hayotdagi kamchilik, nuqsonlar, insonlik sha'niga nomunosib xatti-harakatlar keskin qoralangan. Shoirning “Olami kubro…”, “Obdan o'rgatilgan”, “Husnu malohating…”, “Har kecha jamoling…”, “Garchi ne'matlaring…”, “Jumlai jahonni yaratgan…”, “Amringdan tashqari kelmadim…” va yana o'nlab to'rtliklari ilohiy-irfoniy g'oyalar, islom falsafasiga qarashlar bilan to'yingan. Bu esa shoir ijodida yana bir yo'nalish shakllanayotganligidan darak beradi.
“Bardoshim tugadi, tugamas bu yo'l…”, “Endi ortiq inonmoq qiyin…”. Har bir bandi besh qatordan iborat she'rlarning qofiyalanishi o'ziga xos. Har bir bandning birinchi satri shu band oxirida takror qo'llangan. 2-, 3-, 4-bandlar birinchi banddagi 2-, 3-, 4-satrlar bilan boshlangan. Bu esa ularning ravonligi, musiqiyligini ta'minlab, o'ziga xos ichki ritm hosil qilgan.
“Fuqaro” — faqir so'zining ko'plik shakli. Gohida sarafroz, gohida diltang oldinga intilayotgan lirik “men” atrofidagi kishilarga, voqealarga bo'lgan munosabatini ochiq aytadi. Ularni hayot mazmunini chuqurroq va to'g'ri anglashga, noyob ne'mat bo'lgan tiriklikni qadrlashga chaqiradi, turmushning ikir-chikirlaridan tashqariga chiqib, manfaat kishanlarini uzib tashlashga, fikriy teranlik va ruhan yuksaklikka chorlaydi:
Arzimas umrga buncha dabdaba,
Jonbaxsh bazmlardan nedir muddao?
Ko'zlarni ko'r qilar mansab, martaba,
Men bir fuqaro…
(“Fuqaro”, 48-b.)
“Arzimas umrga buncha dabdaba” — arzirli umr kechirish uchun inson o'z-o'zidan rozi bo'ladigan darajada halol, ortiga qaraganda ko'ngli yorishadigan xotiralarga boy umr kechirishi kerak. Bazmu jamshidlar, mansabu martabalar aslida sinov yo imkoniyat. Amal kursisiga o'tirgan odamning imkoniyatlari boshqalarga nisbatan katta, qolaversa, u qo'l ostidagilar uchun mas'ul. Jamoani qaysi tomonga boshlash, qanday muhit yaratish, muhtojlarni qo'llab-quvvatlash, ahillikni ta'minlash uning zimmasida. Har bir amaldor o'zidan iz qoldiradi, ana shu izning qanday bo'lishi, avvalo, uning o'ziga bog'liq.
“…nedir muddao?”. Har qanday savolning javobi uning ostida yashirin, javobni tashqaridan izlash shart emas. Negaki, savol beruvchi ayni o'sha muammo to'g'risida boshqalardan ko'ra ko'proq o'ylaganligi uchun ham bu savol tug'ilgan. Javob savolning o'zida bo'ladi har doim. Inson tabiati shunday, o'zini tasdiqlashlarini xohlaydi va bu unga kuch, ilhom beradi. Qolaversa, har qanday savol uni berayotgan odamning fe'lu sajiyasini, dunyoqarashi va tafakkur tarzini ko'rsatadi. Savol uning egasi to'g'risidagi muxtasar tavsifnoma. Ayni shu savollar orqali muallif “men”i o'zini yaqqol ko'rsatgan. Ko'ramizki, lirik “men” sofdil, adolatgo'y, soxtakorlikdan yiroq, olamning o'tkinchiligini, umrning qadr-qimmatini va ma'nosini puxta biladi. Yaxshi she'r nafaqat insonga zavq beradi, uni o'ylashga majbur qila oladi ham. Shu yo'l bilan o'quvchisi qalbida ezgulikka muhabbat, haqiqatga ishonch uyg'otadi.
Xamirday ko'pchigan amallarimiz,
Qismat bitigiga bergaymi oro?
Oqibat, tuproqmiz — faqir barimiz…
Bizlar fuqaro!
“Xamirday ko'pchigan amallarimiz” — o'z-o'zidan qoniqish hissi insonga yangi ruh, yangi quvvat beradi. Amallarimiz — bu bizning o'zimiz, unda bizning shaxsiyatimiz yarq etib turadi. Bizning amallarimizni hech kim o'zgartira olmaydi, faqat o'zimizgina xatolarni anglab tahrir qilishimiz mumkin. Har bir odam o'zining har bir xatti-harakati uchun javobgar. Olam qaytariqdan iborat va u aks-sadoga o'xshaydi. Hatto quyosh nurlari ham yerga urilgach, ortiga qaytadi. Ko'kdan tushgan suv tomchisi olamni bir aylanib, yana osmonu falakka yo'l oladi. Olamning tarhi shunday chizilgan.
“Qismat bitigiga bergaymi oro?” — she'r, biz istaymizmi, yo'qmi, baribir chaqiriq. Xoh u quvnoq, xoh mungli-qayg'uli, qaysi mavzuda bo'lishidan qat'i nazar, kitobxonni junbishga sola olsa, hislarini olovlantirsa, ma'lum bir fikr uyg'otadi. Fikr esa hamma narsaning debochasi, jahon urushlaridan tortib oilaviy mojarolargacha, millatlararo nizolardan tortib fuqarolar urushlarigacha, do'stlikdan xiyonatgacha — barcha-barchasi fikrning natijasi.
“Oqibat, tuproqmiz — faqir barimiz…” — tug'ilish o'lim sari boshlangan safar. Hayot esa o'limga taraddud, tadorik. Oqibat oldindan ayon, biz barchamiz faqirmiz, muhtojmiz, qashshoqmiz Uning oldida. Kimning qay darajada muhtojligi ham faqat o'ziga ma'lum. Qismat bitigini har kim o'z qo'li bilan bitadi, nomai a'molini ham. Allohning buyukligi shundaki, u biz hali tug'ilmasimizdanoq qaysi yo'lni tanlashimizni, zalolat va hidoyatdan qay biriga yuz burishimizni biladi, har bir nafasimiz, nigohimiz, niyatimiz undan pinhon emas.
Sir emas, she'rni qanday qabul qilish, qanday tushunish mutlaqo individual hodisa. Bu o'quvchining dunyoqarashiga, ruhiyatiga, yoshiga ham bog'liq bo'lgan murakkab jarayon. Yaxshi asar o'z o'quvchisini o'zi qidirib topadi, negaki, she'r — ruhiy ehtiyoj, ma'naviy najot va darddosh. Kitobxon o'z qalbini ko'rgan she'rnigina qabul qiladi, xotirasida saqlab qoladi va bunday she'rlar uning butun hayoti davomida hamrohiga aylanadi. “Men bir fuqaro!” to'plamida shunday she'rlar borki, ular o'qib-yodlanadigan emas, yodda qoladigan she'rlar. Ular insonning o'zi guvoh bo'lgan, boshidan kechirgan voqelikka, qalbining tub-tubida yashirinib yotgan og'riq, g'ussa, iztiroblarga o'xshaydi. Ayni tahlilga tortilgan she'r ham xuddi shunday.
Afsus, da'vatimning to'zg'ir patlari,
Tanishu notanish qilar iddao,
Ey, kibr elining azamatlari,
Menman fuqaro!
Da'vat erkin qushdek ishtiyoq va umid bilan ko'kka qanotlangan edi, biroq endilikda uning parvoz zavqini tuygan patlari to'zg'igan. Unga kimdir ozor bergan, qarshi chiqqan, tosh otgan, yo'liga to'siq bo'lganligi uchun norozi bu qush. Qarshi turganlarning maqsad-muddaolari nima? Tiyiqsiz hoyu havas, dunyoviy hashamatga o'chlik, boshi-oxiri ko'rinmaydigan orzumandlik emasmi?!
“Ey, kibr elining azamatlari” — istehzo bilan ta'kidlangan bu murojaat zamirida katta aybnoma bor. Dastlabki besh band “Men bir fuqaro…”, 6-band “Bizmiz fuqaro!” va nihoyat so'nggi band “Menman fuqaro!” tarzida yakunlangan. Har bir ta'kidning o'ziga xos sababi bor, bu hatto tinish belgilarida ham ko'rinib turibdi. She'rda fikr bayoni shoir ruhiga mos izchil o'sib borgan, inson umrining manzaralari, turfa ranglari qog'ozga ko'char ekan, kecha va bugun to'qnashgan. Xotiralari bugun bilan yuzlashib, kelajakka xavotir va shuning barobarida o'ziga ishonch, qat'iyat bilan boqib turgan lirik qahramon ko'z oldingizda gavdalanadi. Bu qahramon isyonkor, qo'rqmas, haqiqatparast, iymoni solih kurashchi, u sizning yoningizda turibdi. Chin shoirlik shu emasmi?!..
“Baxt” she'rida ikki qutb qarshilantirilgan. Baxtni har kim har xil tushunganidek, shoirlikni ham hamma bir xil tasavvur qilmaydi. Bu ham tabiiy hol. Bunga yaqin o'tmishimiz — sobiq totalitar tuzum davridagi ijodkorlar hayot yo'li guvohlik beradi. Hassos shoir Abdulla Orif: “Mashrab osilganda qayoqda eding, Cho'lpon otilganda qayoqda eding?” — deb bejiz so'roqqa tutmagan olomonni. Osuda hayotni, tinchlikni yonib kuylagan shoiri zamon endilikda sochining qoraligidan faxrlanadi. Unvon olishda Uyg'undan ortda qolmaganligidan maqtanadi. Ikkinchisi ham “baxtli”, u: “Menga berilmadi, deydi, ming shukur, Mirkarim Osimga berilgan o'n yil!”
Shoir o'z davridan, boshqalardan bir qadam oldinda yuradi, haqiqat va adolat uchun tikka turib kurashadi. O'z e'tiqodi yo'lida jonini ham ayamaydi, zarur bo'lsa jonidan ham voz kechadi. Mashrab, Nasimiydan tortib Qodiriy, Fitrat, Cho'lpongacha yuzlab shoirlarni xalq nega unutmaydi, asarlari qo'lma-qo'l. Unutmaslik kerakki, shoirning yozganlari uning shaxsidan yuqoriga ko'tarila olmaydi, xuddi fizikada suv o'z sathini tenglashtirguncha oqadi, deb tushuntirilganidek. Buyuk ijodkorlar buyuk shaxs egalaridir. Chin shoir yarim zaminiy, yarim samoviy, ko'kning xabarini yerga keltirguvchi elchi. Elchilikning bosh sharti esa rost va chiroyli so'zlamoq, ortiqcha so'zamollikdan tiyilmoqdir. She'rda ana shu haqiqat kinoya orqali aytilgan.
To'plamga kiritilgan she'rlar shakl va mavzu jihatidan rang-barang.
Bo'g'a boshlar / 4
Hasratli o'ylar, /5
Keng xonamga / 4
Sig'mayman sensiz. / 5
Ovutolmay / 4
Bo'ladi halak / 5
Iyib turgan / 4
Bulut va ko'cha. /5
To tonggacha / 4
Boraman toyib. / 5
Ko'z yoshimga / 4
Cho'kadi yomg'ir. / 5 (36-b.)
Ruhiy kayfiyat va holat ifodalangan bu she'rda bo'g'inlar miqdori 4/5 tarzida, qofiyaga ega emas, oq she'r.
“Ko'zlar ummonida…”, “Ta'qib etaverar…”, “Hali tong otmadi…”, “Kechikkan muhabbat”, “Huvillagan yurak”, “Xayr, ko'rishguncha” singari o'nlab she'rlari sonet shaklida bo'lsa-da, muallif ularni alohida nomlamagan. Bizningcha, ayni shunday she'rlar bir turkum shaklida berilsa, maqsadga muvofiq bo'lardi.
Sirojiddin Raufning she'r va shoirlik haqidagi adabiy-estetik qarashlarini umumlashtirsak, ushbu shartli darajalanishni ko'rish mumkin: INSON, IYMON, VATAN, HALOLLIK, SAMIMIYaT, E'TIQOD, ADOLAT. “Men bir fuqaro” ana shunday umuminsoniy tushuncha va qadriyatlar uchun kurashga, jonfidolikka bag'ishlangan. Alloh o'zini sog'inib yaratgan har bir chin inson bu kurash, bu muhorabaga kirishi shart.
Shoirning “Istiqbol yo'li…”, “Shahrisabz qo'shig'i”, “Ko'k gumbaz”, “Amir Temur”, “Bojxonachilar qo'shig'i” kabi she'rlarida ona-yurtni, uning vatanparvar o'g'lonlarini, o'tmishini va bugunini, istiqlolni ulug'lab va istiqbolini sog'inib, o'z xalqi va jonajon Vatani bilan cheksiz faxrlangan. Bu she'rlardagi millatga muhabbat tuyg'usi kitobxonni befarq qoldirmaydi, moziy va bugun haqida yana bir karra jiddiy o'ylashga undaydi.
Sirojiddin Rauf she'riyatida Inson va Vatan turfa shakllarda bo'y ko'rsatadi. Bu muqaddas tushunchalarning siyrati esa she'rsevarlarning beorom yuraklarida hali urug'dayin nish urishiga ishonchimiz komil.
Damin TO'RAYEV,
filologiya fanlari doktori,
professor.
Ilhom G'ANIYEV,
filologiya fanlari doktori,
professor.