Eng qimmatli boylik

…Ko'z ochib yumguncha bahor kelib, tabiat uyg'ondi. Qishloq ko'chalari yana yashil libosga burkandi. Daraxtlar g'unchalab, o'zining yangi hayotiga shaylanayotgan, go'yo hayotga “men yana bor!” deyayotgandek. Ana shunday bir kunlarda, shahar gavjumligidan, kundalik ishlarning tinimsiz aylanishidan charchagan ko'nglimni bir oz tinchlantirish uchun qishloqqa bordim — bolaligim qadam bosgan, har bir burchagida xotiralar yashirinib yotgan joyga.

U yerga yetib borgach, onamning bag'riga bosh qo'ygandim. U kishi esa har doimgidek iliq, har doimgidek mehribon. Ko'zlaridagi quvonch, yuzlaridagi sevinch bir umr ko'zimdan ketmaydigan manzara. Onam ko'k somsa yopdi. Bu oddiy ovqat emasdi men uchun. Bu — bolalik hidini o'zida saqlab qolgan, onalik mehrining eng tiniq ifodasi bo'lgan tansiq ne'mat edi. Tandirda pishayotgan somsaning hidi butun hovlimizni to'ldirib yubordi. Go'yo bu is nafaqat nonushta uchun, balki uyni to'ldirayotgan mehrning timsoli edi. Har bir luqma bilan men bolaligimga, maktabga ketayotganimda onam yo'limga tutgan issiq nonni, sovuq tonglarda otam bilan birgalikda tandir yonida isitilib o'tirgan kunlarni eslatdi.

Shu orada otam kirib keldi. Egnida oddiy ko'ylagi, yuzida har doimgidek salobat va mehr. “Bozorga chiqib muzqaymoq olib keldim”, — dedi. Kulib yubordim. Muzqaymoq… Go'yo bu oddiy sovuq shirinlik emas, balki bolalik orzularining muzlagan, ammo hali erimagan parchasi edi. Otam bu sovg'ani nafaqat tilimizni, balki yuragimizni ham shirin qilish uchun olib kelgan edi.

Oradan ko'p o'tmay, singlim ham yetib keldi. Qo'lida jiyanim — bolaligi ko'zlarida jilvalanib turgan, bir qarashda o'zimizning bolalik suratimizni eslatadigan go'dak. Bizni ko'rib, jiyancham sevinch bilan yugurdi, bag'rimizga tashlandi. Ustimizdan bir necha yil o'tganini his qilsak-da, shu yurt, shu hovli, shu odamlar bilan yurak rishtalarimiz hech qachon uzilmaganini chuqur angladik. Biz birga o'tirib, uzoq suhbatlashdik. Suhbatimizda bolalik esdaliklari, o'tgan kunlar, kechgan umrning xotirjam go'zalligi, ota-onamizning fidoyiligi haqida so'z bordi. Har kim o'z dardini, o'z quvonchini ulashdi. Kuldik, ba'zan sukutga cho'mdik. O'sha sukutlarda so'zsiz aytilgan haqiqatlar yashiringandi. Bu sukut — o'zaro tushunuv, muhabbat, qadrlash edi.

Bu bir kun emasdi. Bu hayotning o'ziga xos, tabiatdan in'om etilgan katta bir bayrami edi. Bahor — tabiatning uyg'onish fasli bo'lsa, bu kun — bizning oilaviy rishtalarimizning yana bir bor jonlangani, isinish fasli edi. Odam o'zini baxtli his qilishi uchun ko'p narsa kerak emas ekan! Yetarli bo'larkan bir piyola choy, onangizning tandirli somsasi, otangizning shirin so'zi, singilning mehrli quchog'i, jiyaning musichadek quvonchli ko'zlari. Baxt — oddiylikda, mehrda, xotirada, oilada yasharkan!

Qishloqda o'tgan ana shu kun yuragimda uzoq saqlanadigan xotiraga aylandi. Hovlida gullagan olcha daraxti, non hidi, otamning qadam tovushlari, onamning sokin, ammo mehrli nigohi, jiyanimning kulgisi — bularning barchasi bir umrga muhrlandi. Lekin, hayot har doim ham bayramlardan, muvaffaqiyatlardan iborat emas-da.

Men yana shahar hayotiga qaytaman. Ammo yuragimda qishloq nafasi, onamning tandirda pishirgan somsasi, otamning mehrli qarashlari, yaqinlarimning samimiy nigohlaridan to'lib turgan bag'ir to'la xotira bilan qaytdim. Bilsam , bu — hayotimdagi eng qimmatli boylik.

Islom ASILBEKOV.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four − 2 =