Oltmish soat

Oltmish soat. Bu oddiy bir vaqt birligi kabi tuyulishi mumkin. Ammo mening hayotimda bu vaqt – uzoq yo'l, sog'inch va sabr-toqat nomidir. Toshkentda o'qiyman. Orzu qilgan kasbim sari harakatdaman. Lekin juda yaxshi bilaman, bu orzularim orqasida turgan inson bor. U – otam. U kishi biz uchun, oilamiz uchun, kelajagimiz uchun jonbozlik qilayotgan qahramon. Mana, yaqinda yana chet el safariga otlandi: Rossiyaga. U yerda dadamni mehnat kutib turibdi, og'ir mehnat. Ayriliq, mashaqqat, sog'inch kutib turibdi.

Onam aytadi: “Tirikchilik o'lsin!”

Otam safarga, to'g'rirog'i, og'ir mehnatga ketar kuni ularni kuzatdim. Rossiyaga Toshkent avtovokzalidan avtobusda ketdi. Naq 60 soat, ikki yarim kun yo'l yurarkan. Chegaralardan o'tadi, uxlaydi, uyg'onadi, ovqatlanadi, hoynahoy, faqat bizni o'ylaydi. Bu safar — sayohat emas, balki tirikchilik safari.

Uyda onam, ikkita ukam qoldi. Onam sabrli. Ukalarim: “Dadam qachon telefon qiladi?” deb so'raydi, so'rayveradi har kuni.

Men esa ularga suyanchiq bo'lishga urinaman. Akaman, dadam yo'qligida ularga tayanch bo'lishim kerak.

Otam ketdi, yuragimda bir g'ashlik qoldi. Oynadan otamning orqaga qayrilib qaraganini ko'rdim. Bu qarash so'zsiz, sadosiz edi. Bu nigohda mas'uliyat, mehr, o'kinch va umid bor edi.

Bu yozayotganim faqat mening otam haqida emas. Minglab otalar haqida.

Biz uchun o'zini ayamaydigan otam bilan faxrlanaman!

O'qib, hayotda o'z o'rnimni topayki, vaqti kelib farzandim meni ham vokzalda Rossiyaga ishga kuzatib qo'ymasin. Bu taqdir unga begona bo'lsin!

Mehruzbek ADHAMOV,

O'zJOKU jurnalistika fakulteti talabasi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

thirteen + one =