Gulni guldek ko'tarmoq kerak

Metro o'rindig'ida o'tirib borarkanman, ro'paramdagi deraza oynasidagi aksim bir qarashdayoq g'alati ko'rindi: ikki yelkam oldinga engashgan, boshim yonga qiyshaygan, yuzimda loqaydlikmi yo charchoq… qo'limdagi guldastani xuddi supurgidek pastga osiltirib boryapman… Holbuki, chiroyliyu yashnoq gullardan tuzilgan bu guldastani yaqindagina menga bir davrada hurmat bilan sovg'a qilishdi, ko'ngilni ko'taradigan chiroyli tilaklar bildirishdi. Yana oynaga qaradim: g'ira-shira aksim bir qarashdayoq yoqimsiz… aslim qanday ko'rinayotgan ekan?

Shoshib yelkamni ko'tardim, go'yo yopilib hurpayib turgan qanotlarimni ochdim; boshimni to'g'ri, tik tutishga urindim; xo'rlaganday pastga osiltirganim gullarni o'zimga qaratdim, yelkamga tenglashtirib baland ko'tardim, gullar yuzimga harorat sochgandek bo'ldi. Yana qarshimga – derazaga qaradim: tik qaddim, nimtabassumli yuzim qanday yaxshi, qanday chiroyli, o'zimga yoqib ketgan bu qiyofam boshqalarning ham kayfiyatini ko'tarsa kerak. Xayolimda bir satr tizildi:

Gulni guldek e'zozlab ko'tar…

Yon-atrofimni kuzatishga rag'batim, qiziqishim ham ortgandek. O'rindiqlarning narigi bo'lagidagi qizcha bilan onasi diqqatimni tortdi. Oppoq paxtadek qizaloq, lekin sochlari taralmagan; to'rt yoshlarda bo'lsa kerak, hech kim bilan ishi yo'q, og'zini ochgancha barmoqlarini bir-bir tishlariga tekkizadi. O'rindiqni, likillatib o'tirgan oyog'ini ushlaydi, barmoqlarini yana og'ziga soladi… Onasiga: “Bolangizga qarang, qo'lini og'ziga solmasin”, deb ishora qilgim keladi, ammo ayol na qizchasiga va na atrofga qaraydi, ko'zlari noma'lum nuqtaga tikilgan. Holbuki, yonginasida bolasi – jannat chechagi, Allohning ayol zotiga berishi mumkin bo'lgan ne'matlarining gultoji. Bu qizchaga atrofidagi odamlar, shitob borayotgan metro poezdi, biri biriga o'xshamaydigan bekatlar va ularning nomlari, odamlarning munosabatlari juda qiziq, savollari ko'p… Buni hammadan oldin va har daqiqa his etish, bolasining qiziquvchan dunyosiga har jihatdan qiziquvchan, g'amxo'r ustoz bo'lib yuz tutish ayolning eng ulug' martabasi – onalikning baxti, istiqboli emasmi?

Shunga o'xshash (deyarli har qadamda) uchraydigan hayotiy manzaralar xayolimda o'ta boshladi: avtobusda, xiyobonda, uyda, yo'lda… yonida kichkina bolasi bo'lgan onalarning qariyb yetmish, sakson foizi qo'lidagi telefonga band yoki mahliyo. Ba'zida onasining qo'li yoki etagidan tortqilab, pinjiga tiqilib erkalanib, hatto baqir-chaqir bilan onasini o'ziga qaratmoqchi, nimadir demoqchi bo'lgan kichkintoylarga mehring tovlanadi, ularni loqaydlik yoki jahl bilan siltab tashlayotgan ayollarni ko'rganda, bolaga qo'shilib yig'laging keladi. Holbuki, onaning yonida o'z kelajagi: niholga monand bu kichkina insonning to'rt muchasi qanchalar sog'lom bo'lsa, atrofidagi olam haqidagi tushunchayu bilimlari qanchalar rost va keng bo'lsa, nabotot, hayvonotga muhabbatu shafqati kun sayin ulg'ayib kamol topsa…  bugun dastlabki qadamlariyu so'zlari bilan oilasida o'rni, qadri, vazifalari borligini his etib borsa, ota-ona uchun bundan ortiq quvonch bormikin? Kichkintoy hayotda o'rni borligini his etib tursa, atrofidagilarni anglab tushunsa, ular bilan muloqotga qobil, hushyoru ogoh bo'lsa bu – jamiyatning  ertasi uchun qo'yilgan dastlabki ishonchli qadam.

Respublikamiz aholi sonining tabiiy o'sishi bo'yicha dunyoda yuqori o'rinlardan birida turadi. Yosh bolasi bo'lmagan xonadonlar kam topiladi.  Alloh bandalarini jannat gullari bilan siylagan va bandalariga bu ne'matlarni o'z maqomiga munosib asrash, parvarishlash, ulg'aytirish, kamolga yetkazish vazifasini topshirgan.

…Chuvalashgan iplarning birini tortsang, boshqasi ilashib chiqqani kabi, ustozning, olimning, shifokorning, ijodkorning… qo'ying-chi, tongda ko'cha supurayotgan farroshning ham faxrlanib bajarishga arziydigan mas'uliyatlari bor. Ko'z oldimga xalq taqdiriga mas'ul kattayu kichik idoralarda o'tirgan mas'ullar keldi: ularga bildirilgan, yuklatilgan mas'uliyat, ishonch, birinchidan, Yaratganning yaxshi yo'ldagi sinovli imkoniyati bo'lsa, ikkinchidan, bu mas'uliyat va ishonch jamiyat a'zolari tomonidan taqdim etilgan ramziy guldastaga qiyos emasmi? Bu xayrli sinov nasib etganidan shukronalik adosi xalqni anglash, mushkulini oson, turmushini farovon, muammolarini yechishga hissa qo'shishda ko'rinadi. Taassufki, ommaviy axborot vositalarida turli darajadagi amaldorlarning poraxo'rligi, qo'polligi, kibru havosi, tamagirligi, axloqiy buzuqligi, bemehr va shafqatsizligi haqidagi rasmiy xabarlar, videolar ko'paysa ko'payyapti, ammo kamaygani yo'q. Bunday insonlar mamlakat Prezidenti, xalq ishonchu hurmat bilan taqdim etgan unvon, lavozim, e'tibor sharafini, hurmat-e'tibor qadrini yerga urganlardir. Bunday noshukurliklarning tabiiy oqibati bo'lgan  ma'muriy jazolar, qonuniy hukmlarni “kimlardir o'zlari o'ziga munosib ko'rdi” deyish g'alatiga o'xshaydi-yu, aslida, to'g'ri.

Ko'z oldimga beixtiyor O'zbekiston bayrog'ini mahkam tutganicha baland ko'tarib borayotgan qaddi tik, boshi mag'rur, qadamlari shahdam, yuzlarida irodayu iftixor, qat'iyat mujassam harbiy o'g'lonlar keldi. Vatan tarixining jangovar, mardona sahifalarini shu o'g'lonlarning otalari, og'a-inilari nomlari yoritib turibdi. Ular Vatan mustaqilligi ramzi bo'lgan bayrog'imizni qalbda ham, qo'lda ham doim tik ko'taradilar. Ha, bayroqni… hayotda bizga nasib etgan barcha ezguliklar, xayrli ne'matlarni o'z nomi, maqomiga mos e'zozlamoq kerak.

Muhtarama ULUG'OVA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × 2 =