Urush bolalar kelajagini o'g'irlaydi

“Hurriyat” gazetasida jurnalist Gavhar Dilmurodovaning “Bolalar — jannat rayhonlaridir” (2025 yil 4 iyun, 22-son) nomli maqolasini o'qib hayratlandim. Unda qardosh turk xalqining qanchalik bolajon ekani chiroyli tasvirlangan. Bu maqolani o'qir ekanman, dunyoning bir tomonida bolalarning ko'zlari baxtdan porlayotgan bo'lsa, yana bir yurtda bu ko'zlar qo'rquvdan yoshga to'lgan. Beg'ubor bolalik gashtini surib yurganlar qayda-yu, vayronalar va bombalar ostida qolib jon berayotgan bolalar qayda?!

Internet tarmoqlarida tarqalgan bir surat e'tiborimni tortdi. Rasmda bolakay qo'l-oyoqlari kesib tashlangan bo'lsa-da, yuzida iliq tabassum bilan boqar edi. Endi uning baxtli bolaligi bo'lmasa-da, taqdiridan roziligi ko'zlaridan aks etgandi. Bilasizmi, nogiron bolaning yuzidagi tabassumni ko'rib, mening ko'zlarim yoshlandi. Hozirgi ayrim bolalar kichik ehtiyojlarini bajarmayotgani uchun ota-onasiga xarxasha qilayotgan bir paytda, bu bolajon mushtdek yuragiga katta dardni kulib sig'dira olibdi. Endi o'ylab ko'ring, urush, qirg'in bo'layotgan davlatlarda bunday bolalardan qancha? O'n minglab bolalar bombalar ostida qolib, halok bo'lmoqda yoki umrbod nogironga aylanib qolmoqda. Ularning o'rniga o'zingizni, bolalaringizni qo'yib ko'ring-a, bardosh bera olarmikansiz?

Shu voqealarni kuzatar ekanman, rejissyor Shuhrat Abbosovning “Sen yetim emassan” filmi yodimga tushdi. Yashash qiyin bo'lgan Ikkinchi jahon urushi davrida Shomahmudovlar oilasi 14 nafar turli millat bolalarini o'z bolasidek asrab boqishgan, tarbiya berishgan. Bu orqali xalqimiz nafaqat bolaparvar, balki bag'rikeng va mehmondo'st ekanligini ko'rishimiz mumkin.

Bolalar taqdiri haqida o'ylab, uyga kirib bordim. Hovlida o'ynab yurgan ikkita jiyanimni bag'rimga bosib, yonoqlaridan o'pdim! Yurtimiz tinchligi, bolajonlarimiz o'ynab-kulib, sog'-salomat va baxtli yashayotganliklari uchun shukronalik keltirdim.

Ruxshona QO'ShBOQOVA,

O'zbekiston Milliy

universiteti 2-bosqich talabasi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen − 8 =