“Habibday tug'ilib Qirg'izistonda…”

Bir umr xotiramda qolgan. 1979 yilning 10 iyuli edi. Toshkentga — jurnalist bo'lish, katta qalam sohibiga aylanish orzusida otam bilan yo'lga chiqdik. Andijon vokzalidan o'tirgan poezd Toshkent temir yo'l vokzaliga tong sahar kelib to'xtadi. Ichi to'la kitoblar va bir-ikkita kiyim-kechak solingan chemodanni amallab ko'tarib tramvay bekatiga bordik. So'rab-surishtirib Chig'atoy qabristoni yaqiniga boradigan tramvayga chiqdik. Chunki padaribuzrukvorim ulug' olim qabrini ziyorat qilishni niyat qilgan edi. Chig'atoy qabristoniga yetib borgunimizcha aravonlik hamyurtimiz Habib Abdullayev haqida menga so'zlab ketdi. Alloh bergan noyob iqtidori bor, geologiya fani tilsimotlariga aql ko'zi bilan yo'l topgan olimning shu soha taraqqiyotiga qo'shgan xizmatlarini eshitib bordim.
Chig'atoy qabristonining katta darvozasidan kirib, ikki tomoni archazor yo'ldan to'g'ri borganda ro'parada Habib Abdullayevning qabri joylashgan ekan. Ochig'i, o'quvchilik davrlarimda masjid nimaligini ham bilmaganman. Bismillohni ovoz chiqarib ayta olmasdim. Otam Qur'on o'qib, qabristondagi marhum va marhumalar qatorida yotgan Habib Abdullayevga bag'ishlab uzoq duo qilarkan, menga shunday dedi: “O'g'lim, do'stimiz Habib aka musofir, nasib qilib o'qishga kirib ketsang, Chig'atoyga tez-tez kelib, bu ulug' olimning qabrini ziyorat qilib turishni unutma”.
Otam maktabda o'zbek tili va adabiyotidan oddiy o'qituvchi bo'lsa-da, Alisher Navoiyni ilohiy ustozim deb yurardi. Chig'atoy qabristoniga dafn etilgan mashhur olimlar, yozuvchilar, shoirlar, tarixchilar, rassomlar, san'atkorlar asarlari va hayoti haqidagi otamning aytganlarini eshitib aqlim shoshardi. Otam o'qigan, bilgan narsalarning mingdan birini ham bilmasligimdan uyalib ketardim. Shu tobda meni yana bir narsa qiynar, bezovta qilardi. “O'qishga kira olarmikanman?” deya xavotirga tushardim…
Birinchi maqolacham o'n ikki yoshimda Aravon rayonining qirg'iz tilida chiqadigan “Dostuk” gazetasida bosilgan bo'lsa, o'ninchi sinfni bitirayotganimda viloyat va tuman gazetalarida chop etilgan qirqdan ortiq maqolalarimni albom qilib olib kelgandim. O'zimcha, maqolam ko'p-u, albatta, o'qishga kirib ketaman, deb baland parvozda yurgandim.
O'sha paytlarda Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zMU)ning jurnalistika fakultetiga o'qishga kirish amri mahol edi. Sinov imtihonlari o'tib, g'alvir suvdan ko'tariladigan paytda, ya'ni mandatda atigi bir ball yetmay o'qishdan yiqildim. Keyin o'qishga kirganimdan keyin bildimki, kursdoshlarimning aksariyati uch-to'rt, hatto besh-olti yil yiqilib-yiqilib o'qishga kirishgan ekan.
Har tugul, otamning Ikkinchi jahon urushi nogironi bo'lganligi va O'sh viloyatidan ekanligim hisobga olinib, universitet rektori nomiga yozgan arizamiz e'tiborga olindi. Rahmatli akademik Toshmuhammad Sarimsoqov universitetning o'sha vaqtdagi rektori va jurnalistika fakulteti dekani Anvar Shomaqsudovning g'amxo'rligi tufayli imtiyozli o'rin asosida o'qishga qabul qilindim. Nasib etsa, ajoyib insoniylik fazilatlariga ega bo'lgan har ikki ustoz haqida alohida xotiralar yozishni niyat qilganman…
Xullas, otamning aytganlariga amal qilib, meni yo'qlab Toshkentga kelgan qarindosh-urug'larim bo'ladimi, tanish-bilishlarimmi yoki viloyatlardan kelgan muxlislarmi, hamma-hammasini avvalo Chig'atoy qabristoniga ziyoratga olib boradigan bo'ldim. Mana, qirq olti yildirki, Chig'atoyga kirib turibman. Do'stlarim bilan ko'rishganda, “Chig'atoyga olib borgandingiz”, deb eslashganda bir boshqacha bo'lib ketaman…
Ayniqsa, odam bolasi tobora yoshi ulg'ayavergach, bunday ziyoratlar mohiyatini chuqurroq anglaydigan bo'lib qolar ekansan kishi.
Otamning olimu ulamolarga, fozilu fuzalolarga muhabbati tufayli Habib Abdullayevni o'sha vaqtlarda yaxshi bilmasam-da, u kishiga g'oyibona ixlos qo'yib qolgandim. Uning nomini eshitsam, ko'nglimga yorug'lik tushardi. Mashhur bolalar shoiri, rahmatli Tursunboy Adashboyev bor davralarda Habib Abdullayev, Ibrohim Hamraboyev kabi geolog olimlarning aqlu ziyosi, ilmu haqiqati, millatu ummatparvarligi tilga olinardi. Bilmam, endi unday ilm ahllari yana dunyoga keladimi, yo'qmi? Olimlar-ku kelar, ammo, ilmni shaxsiy manfaatiyu nafsidan baland tutadigan, pokiza oriflar kelarmikin?
…1990 yilning bahori edi. Sobiq sho'rolar ittifoqi qudratsizlanib borayotgan bo'lsa-da, katta-kichikni hamon sho'rolar saltanati, Moskovdan qo'rquv hissi hali tark etmagan edi. Millionga yaqin nusxada bosilayotgan O'zbekiston Kompartiyasi Markaziy komiteti va Ministrlar Sovetining organi bo'lgan “Sovet O'zbekistoni” (hozirgi adadi ikki ming nusxaga ham yetmaydigan “O'zbekiston ovozi”) gazetasi sobiq Sho'rolar Ittifoqi tarkibidagi respublikalarga ham yetib borardi. Shu vaqtda gazetaning maxsus muxbiri sifatida Qirg'izistonning O'sh viloyatiga xizmat safariga yuborildim. O'sha paytdagi Aravon tuman partiya komiteti birinchi kotibi Muhammadsalim Sultonov bilan “Sovet O'zbekistoni”da “Tilimiz ham, dilimiz ham bir” sarlavhali suhbatimiz bosildi. Maqolani “Aravonda tug'ilgan mashhur geolog olim Habib Abdullayevning nomi abadiylashtirilsa yaxshi bo'lardi”, degan taklif bilan yakunlagan edim.
Gazetaning birinchi sahifasida bosilgan maqolaga ikki hafta o'tmasdanoq O'sh viloyati Aravon rayoni partiya komitetidan rasmiy javob xati keldi. Unda Habib Abdullayevning nomi tuman markazidagi maktab va ko'chaga berilgani haqida xabar qilingandi.
O'sha vaqtlarda jurnalist sifatidagi taklifim tufayli olimning nomi maktab va ko'chaga berilganini oddiy hol deb qabul qilganman. Bugun esa bu xayrli ishlarimiz mohiyatini chuqurroq anglab turibman. Nomi abadiylashtirishga loyiq o'nga yaqin mashhurlar xususida maqolalarimda shunday takliflarim inobatga olingani xayrli ish bo'lgan, albatta. Endilikda qadriyatlar ham, ommaviy axborot vositalarining o'rni ham boshqacharoq bo'lib ketdi. Nomlar qo'yib, keyin o'zgartirib yuborish hech gap bo'lmay qoldi. Toshkentda Habib Abdullayev nomini abadiylashtirish bo'yicha qabul qilingan qarorlar ham o'zgarib ketdi…
1992 yil iyun oyi edi. Andijon yog'-moy kombinatining dam olish uyida bir guruh adib va ijodkorlar bilan tasodifan uchrashib qoldik. Aravondan Habib Abdullayevning 80 yillik yubileyini o'tkazib qaytishayotgan ekan. Ular orasida otashin shoir Shavkat Rahmon ham bor edi. Habib Abdullayev O'rta Osiyoda birinchi Lenin mukofoti laureati bo'lgani, sobiq Sho'rolar ittifoqi Fanlar akademiyasining muxbir a'zosi ekanligi, O'zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti bo'lib ishlagan paytlarda mahalliy olimlarga beqiyos g'amxo'rliklar qilganligi va boshqa ibratli amallari haqida shoir bilan suhbatlashdik. Olimning o'g'li Po'lat Abdullayev bilan o'shanda birinchi marta ko'rishdim. U maqolam sabab otasining nomi abadiylashtirilganidan mamnun bo'lib so'zlagandi.
…Subhidamda uyg'onib ketdim. Nogahon Habib Abdullayev yodimga tushdi. Esiz, yosh ham so'zini aytar ekan, gohida xotira ham avvalgidek bo'lmay qolarkan. Axir 1962 yil 20 iyunda Habib Abdullayev vafot etgan edi-ya? Chig'atoyga — yana Habib Abdullayev ziyoratiga bordim. Hayotda anglab yetgan hikmatim shu bo'ldiki, o'tganlar ruhiga Qur'on oyatlari bag'ishlab yod etish — tiriklarga hadya berish bilan barobardir. Alloh iqtidor ato etgan orif zotlar, olimlar, ulamolar, komillar, oqillar va avliyolar mangu qo'nim topgan joylarni ziyorat etgan kishilarni xudoyimning o'zi qo'llasin!
Shu ezgu niyat bilan dilim yana ravshan tortadi. O'zbekiston Qahramonlari Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Suyuma G'aniyeva, O'zbekiston xalq yozuvchilari Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, akademik Naim Karimov, otamning yana bir do'sti, bolalar shoiri Tursunboy Adashboyevlarning qabrlari boshiga borib duoi fotiha qildim. Qabristonni aylanib fikr qildim.
Bu hayot o'tkinchi. Barcha davru davronlarning ham yakuni bor. Lekin odamlarga, elu xalqqa xizmat qilgan insonlarni hech qachon unutib bo'lmaydi. Bugun o'zlarining mavqeyi-yu obro'yidan baland uylar qurayotganlar kam emas. Mayli, qurishsin. Lekin atrofidagi yo'qsil kishilarga, dardmand insonlarga, g'oyatda muhtoj kishilarga ham ozgina e'tibor qaratishsa, davlatlari kamayib qoladimi? Doimo dilimdan ana shu o'ylar ketmaydi. Men bilgan, hurmat qilgan yuqoridagi ulug' zotlar kabi insonlar esa oddiy, kamsuqum yashashgan. Ammo ularning qoldirgan ilmiy merosi, asarlari yana necha asrlarga tatiydi. Alam qiladigani esa bugungi ko'pgina yoshlar, hatto yoshlari ulug'lar ham ularni tanimaydi, bilishmaydi. Hayotdan axtarganlari bilim, kitob, ezgulik, savob emas. Aksincha, hasham, dabdaba, katta boylikka intilish.
Iymoni baquvvat inson qabristonni ko'rib, oxirat uchun xayrli amallar qilib qolish haqida o'ylaydi. Ammo shu o'rinda yana bir gap. Bugun hatto Chig'atoy qabristoniga kirgan kishi u joydagi ko'plab dabdabali sag'ana-yu qabrtoshlarni ko'rib, qiziqchi Avaz Oxun ta'biri bilan aytganda, “odamning o'lgisi kelib ketadi”. Jamiyatdagi tengsizlikning-ku chegarasi qolmadi hisob. Hech bo'lmasa, qabristonlarda bandaning bandaga tengligi saqlab qolinmasa-ya? Foniy dunyodagi tengsizlik qabristonda ham bo'y ko'rsatib tursa, ne deysan?
Mayli, so'zim ulug' olim Habib Abdullayev haqida edi. Shunga qaytaylik. Olimning nomi dunyoga ma'lum. Ana shu faxr. Hatto u tug'ilgan Aravonning shirin-shakar anorlari, anjirlari dovrug'i ham uzoq-uzoqlarga ketgan. Bilmadim, mo''jizami, tasodifmi, olim qabr toshining o'ng tomonida bir tup anor o'sib chiqibdi. Qiblaga qarab turgan shoxchasidagi bir dona meva boshini quyi solib, qabrda yotgan marhumga qarab turgandek. Go'yo salavot aytayotgandek…
Qaytar chog'im beixtiyor marhum shoir Tal'at Soliyevning misralari yodimga tushdi: “Habibday tug'ilib Qirg'izistonda, ulug'lab o'taman O'zbekistonni!”
Shoir xuddi dilimdagini yozgan ekan.
Dilmurod QIRG'IZBOYEV,
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi.