“O'tkan kunlar” — qirg'iz tilida

“Qodiriy romanlari butun tarkibi bilan o'ziga xos uslubda yozilgan o'zbek romanlaridir, — deb yozgan edi akademik Ye.E.Bertels. — Dunyoda beshta, ya'ni: fransuz, rus, ingliz, nemis va hind romanchiligi maktablari bor edi. Endi oltinchisini, ya'ni o'zbek romanchilik maktabini Abdulla Qodiriy yaratib berdi…”. Darhaqiqat, bu asar chop etilgunga qadar nafaqat o'zbek, balki umuman turkiy xalqlar adabiyotida roman janri mavjud emas, roman deb e'lon qilingan ayrim asarlar esa bu janr talablariga to'g'ri kelmas edi. Demak, A.Qodiriy turkiy romanchilikni boshlab bergan adib, “O'tkan kunlar” esa birinchi turkiy romandir. 2025 yilda uning kitob bo'lib chop etilganiga rosa yuz yil to'ladi.

“O'tkan kunlar” chop etilgan paytni eslab, mashhur qozoq adibi Muxtor Avezov: “Qodiriy romanlari go'yo tekis sahro uzra qad ko'targan baland tog' kabi ko'rinardi, — deb yozgan edi. — Biz yosh chog'imizda Abdulla Qodiriy romanlarini bosh ko'tarmay o'qir, uning xarakterlarni shakllantirishiga, insoniy ehtiroslar bo'ronini qalblarimizga ko'chirishiga, qahramonlarni mehr bilan tasvir etish mahoratiga qoyil qolar edik…”

Shu orada o'tgan yuz yil davomida o'zbek so'z san'atida yaratilgan romanlar bir necha yuzlab. Ular orasida juda ajoyib, ko'plab xorijiy tillarga tarjima qilingan asarlar ancha. Ammo shunga qaramay, “O'tkan kunlar” romani bir boshqacha. Bejiz emaski, bir necha avlod kitobxon uning jozibasiga maftun bo'lib, shaydo bo'lib yashab o'tayotir. Ta'bir joiz bo'lsa, men bu romanni o'zbek xalqi ma'naviyatining “pasporti” deb atar edim — bizning boru yo'g'imiz, kulfatu baxtimiz, yaxshiligu yomonligimiz, qayg'umiz, shodligimiz, nodonligu falsafamiz… — bari shu romanda, undagi hayot ichida.

Shuning uchun qaysidir ajnabiy yozuvchi: “Men o'zbek adabiyotidan biron asarni o'z ona tilimga tarjima qilmoqchiman, nima maslahat berasiz?” deb so'raydigan bo'lsa, hammamiz avvalo “O'tkan kunlar”ni o'giring, deb tavsiya qilamiz, o'sha xalq kitobxoni shuni o'qisa-yu, bizning kimligimizni, qanday el ekanimizni bilib olsa ekan, deymiz.

Lekin yaxshi asarlarning katta bir aybi shuki, uni boshqa tilga tarjima qilish qiyin. Negaki, ular o'ta milliy. Shu el vakiligina anglaydigan tushunchalar, urf-odatlar, holatlar, hatto imo-ishoralar bisyor ular matnida. Bir misol, asar jurnalda bosilib chiqqach, munaqqid Sotti Husayn Abdulla Qodiriyni ayblab, asarda Kumushni ikkinchi bor erga berish oldidan, onasi u bilan maslahatlashib, bu nikohga roziligini so'raganini keltiradi va erga berishda o'zbeklar qizining roziligini so'ramaydi, deb dashnom beradi. Abdulla Qodiriy esa bunga javobida, birinchi bor uzatishda roziligi shart emas, chunki tajribasiz. Biroq ikkinchi bor erga tegishida ra'yiga qaralgan, tanqidchi o'rtoq bundan xabarsiz ekan, deb izohlab o'tadi. Qodiriy o'zbek udumlarini ana shu darajada teran bilgan. Asar shunday o'ta milliylik ruhi bilan sug'orilgan.

“O'tkan kunlar”, bir qaraganda, sarguzasht kabi: Toshkentdagi obro'li xonadonlardan birining yolg'iz farzandi Otabek xizmatkor Hasanali bilan Marg'ilonga savdo uchun borib, o'sha yerda go'zal qiz — Kumushni ko'rib qoladi, unga uylanadi. Ammo Kumushning husnini eshitib, unga yetisholmay dog'da qolgan battol Homid Otabekni Qo'qon xonligiga qarshi kishi, ayg'oqchi, deb tuhmat qilib, ikki bor dor ostiga qadar olib borishga muvaffaq bo'ladi. Yolg'oni fosh bo'lgach, qochib qutuladi. Boshqa tomondan, Otabekning ota-onasi yolg'iz farzandlari Marg'ilonda qolib ketishidan xavotirlanib, uni Toshkentdan yana uylantirishadi. Kumush Toshkentga, Otabeklar xonadoniga ko'chib kelgach, uni kundoshi Zaynab zaharlab o'ldiradi. Otabek esa Toshkentga bostirib kelayotgan chor bosqinchilariga qarshi jangda halok bo'ladi.

Sodda o'quvchi asarga undagi syujet voqealariga qarab baho beradi emasmi, asar 1922 yilda “Inqilob” jurnalida chiqqach, savodli odamlarga o'qitib eshitgan to'pori kishilar asarni “Kumushning kitobi” deb atashgan. Holbuki, Abdulla Qodiriy uchun Kumush, Otabek, umuman, bu eski syujetning o'zi ham faqat bir qolip bo'lib, adib uni Otabekning otasi Yusufbek hoji tilidan aytilgan mana bu g'oyani kitobxon sezmaygina “yutib yuborishi” uchun to'qigan, asarning asl javhari esa quyidagi so'zlardan iborat bo'lib, mutarjim uni qirg'iz tilida ham mukammal aks ettira olgani shoyoni tahsin:

— Men өmүrүmdүn kөbүnү bul eldin tыnchtыgы jana beypildigi үchүn arnadыm, birok өzүmө mыndan azaptan bashka ech nerse tappadыm. Ыntыmaktыn emne ekenin tүshүnbөgөn, jalgыz өz kыzыkchыlыgы үchүn biri-birin jep, biri-birine dushman bolgon mansapkor, dүynөkor jana atak-daңktы jakshы kөrgөndөr Tүrkstandыn jerinen jogolmoyuncha, biz adam bolushubuzga akыlыm jetpey jatat…

Bugun Abdulla Qodiriy asarlari kirib bormagan o'zbek xonadoni yo'q bo'lsa kerak. Romanlari bir necha bor ekranlashtirildi, adib nomida davlat mukofoti ta'sis etildi, uy-muzeyi ochildi, Toshkentdagi metro stansiyasi, ijod maktabi, teatr, ko'plab xiyobonlar, maktablar adib nomida. “O'tkan kunlar” esa o'nlab chet tillarga o'girilgan.

Atoqli adib Pirimqul Qodirov: “Qozoqning ulug' prozaigi Muxtor Avezov Abdulla Qodiriy asarlaridan ruhlangan. Muxtor Avezovdan esa Chingiz Aytmatov mahorat sirlarini o'rgangan. Biz, bugungi o'zbek yozuvchilari esa Chingiz Aytmatovga havas qilib asar yozamiz”, — deya e'tirof etgan edi. Turkiy xalqlar, ularning ijodkorlari bir-biridan o'rganishi, bir-birini e'tirof etishi naqadar ibratli!

Biz yuqorida “O'tkan kunlar” romani ruhan o'ta milliy ekanini ta'kidlab o'tgan edik. Bunday asarlarni milliylikni teran his qilgan ijodkor tarjima qilgani yaxshi. Shuning uchun hatto arslonboblik yozuvchi, o'zbek va qirg'iz tillarini mukammal biladigan Ulug'bek Abdusalomovning bu ishga qo'l urganini uqqanimda ham, ochig'i, hatto biroz taraddudlanib qolganim rost. Lekin tarjima matnini o'qib ko'rgach, ikkilanishlarim tarqab ketdi — asarning mazmuni unda to'la va to'liq aks etgani shubhasiz. Ehtimol, bu matn qirg'iz tilining lisoniy-badiiy xususiyatlariga ko'ra qay bir jihatdan oqsar, ammo yaxshi asarlar takror-takror tarjima bo'ladi va har gal asarning ham, ikkinchi tilning ham yangi tarovatlari ochilaveradi.

O'zbekistonda 2022 yilda yuz jildlik “Turkiy adabiyot durdonalari” antologiyasi nashr etildi (9 jildi — qirg'iz adabiyotidan tarjimalar), 2023 yilda esa Chingiz Aytmatov asarlarining 10 jildligi, Sulton Rayevning o'n to'rt asarni o'z ichiga olgan “Tandalmalar”i o'zbek tilida bosildi. Demak, qirg'iz-o'zbek va umuman, turkiy tillararo tarjimalar tobora keng ko'lam olayotir. Albatta, umid qilamizki, birgina “Manas” eposi o'zbek tiliga hozirga qadar to'qqiz marta tarjima qilingan ekan, o'zbekning “Alpomish”, “Go'ro'g'li” singari yuksak badiiy dostonlari tarjimasi ham yaqin orada qirg'iz o'quvchisining kitob javonidan joy oladi. Bunga xalqlarimizning o'zaro ahilligi, mamlakatlarimiz Turkiy Davlatlar Tashkilotiga a'zo ekanligi asos bo'ladi. Biz esa shu kunlarda ko'p jildlik “Turkiy ellar folklori” antologiyasini nashrga tayyorlashga kirishdik…

Qarang, bu yangi davrda qiladigan xayrli ishlarimiz qanchalar ko'p!

“O'tkan kunlar” romani qirg'iz o'quvchilari qo'liga tekkani 14 aprel kuni Bishkekda katta tantana qilindi. 23 aprel kuni esa Qirg'iziston Milliy Yozuvchilar uyushmasi rahbari Qanibek Imanaliyev bosh bo'lgan adiblar delegatsiyasi ishtirokida Toshkentda, Abdulla Qodiriy ijod maktabida ushbu yangi tarjimaning taqdimoti o'tkaziladi.

“Qardosh xalqlarning har bir asari shu xalqlarning har biri tiliga tarjima qilinsa, qanday olijanob ish bo'lar edi! — deb yozgan edi Maksim Gorkiy. — Ana shunda biz bir-birimizning milliy-madaniy o'ziga xosliklarimizni yanada yaxshiroq bilib olgan bo'lar edik…”

Nasib, ana shunda chinakam do'stlik qaror topadi, har bir elning ma'naviy durdonalaridan boshqa xalqlar ham bahramand bo'ladi.

“O'tkan kunlar” romani mutolaasi bilan qirg'iz kitobxon do'stlarimizni muborakbod etishdan baxtiyormiz.

Zuhriddin ISOMIDDINOV,

adabiyotshunos,

“O'zbekiston-Qirg'iziston”

do'stlik jamiyati raisi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fifteen − eight =