Tungi qo'ng'iroq

Xalqimizda “Yaxshidan bog' qolur” degan ajoyib naql bor. Bu inson dunyodan o'tsa-da, uning ezgu fazilatlari, yaxshiliklari unutilmaydi, odamlar qalbida yashaydi, deganidir.

Taniqli davlat va jamoat arbobi, sharqshunos olim, mohir pedagog va diplomat Rustam Sobirovich Qosimov (1955–2021) xalqimizning fidoyi, jonkuyar, tom ma'nodagi ziyoli, ma'rifatparvar o'g'loni edi.

U kishi hayot bo'lganida bu yil 70 yoshni qarshilagan bo'lar edi.

Yaqinda bu zakiy va donishmand insonning ibratli hayot yo'li, samarali ijtimoiy va siyosiy faoliyati, betakror fazilatlari haqida zamondoshlari, yaqin do'stlari, hamkasblari va shogirdlarining samimiy xotiralaridan iborat “Rustam Qosimov zamondoshlari xotirasida” kitobi nashrga tayyorlandi.

Quyida mazkur to'plamdan o'rin olgan yodnomalardan birini o'qishingiz mumkin.

2011 yili Toshkentdagi oliy ta'lim muassasalarining biridan “propiska” muammosi sabab bo'shatildim. Qishlog'imga borib, uch-to'rt oy yashab, yana Toshkenti azimga qaytishga majbur bo'ldim (turmush o'rtog'im o'sha vaqtda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida aspiranturada o'qir edi). Kelib, ish qidirishga tushdim. Yaxshi insonlarning maslahati va ko'magi bilan “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy kengashiga avval ikki oy volontyor sifatida, keyinchalik 0,5 stavka bosh mutaxassislikka qabul qilindim.

2012 yil yanvar oyining qaysidir kuni rahbarimiz huzuriga chaqirib, “Birinchi qavatda shtab tashkil qilingan, o'sha yerda xat-hujjatga qarashib, yordam berib turasiz”, dedi. Topshiriqni bajarishga kirishdim. Markaziy kengashning birinchi qavatida bir rais o'rinbosarining xonasi shtab qilingan ekan. Kirdim. Juda ko'pchilik ishlab o'tiribdi. Ular ishchi guruh a'zolari ekan.

Vazirlar Mahkamasining 8-sonli bayoni asosida tashkil etilgan Respublika monitoring guruhining ro'yxatiga ko'zim tushdi. Tanish familiya: “R.S.Qosimov — Respublika monitoring guruhi rahbari”. Ochig'i, biroz hadik paydo bo'ldi.

Har holda, Bosh vazir o'rinbosari bo'lgan, qattiqqo'lligi bilan tanilgan odamning oldida ishlash emas, turishning o'zi hayajonli edi men uchun.

Birinchi kuni ko'rishmadik. Lekin ertasiga ertalab shtab yig'ilishi bo'lishini aytib qolishdi. “Qosimov o'tkazar ekan”, degan mish-mishdan xabar topdim. Men ham yig'ilishga kirdim. Davraning to'ridagi joy bo'sh edi. Bu joyga Rustam Sobirovich kelib o'tirdilar. Davrada o'tirganlarga birma-bir qarab chiqdilar. So'ngra menga qarab: “Uzr, siz kim bo'lasiz?” dedilar. O'zimni tanishtirdim. Mezbon bo'lganim bois shtabdagi tashkiliy-maishiy (kanselyariya mollari bilan ta'minlash, kompyuter va printerlarni sozlatish va boshqa) masalalarga qarab turish bo'yicha vazifa yuklandi.

Keyinchalik menga yuklangan vazifadan tashqari qo'shimcha xat-hujjatlarga yordam berib turishga ham jalb etildim. Shunda o'zim kutmagan ajoyib holatlarga guvoh bo'ldim. Men ishlab o'tirgan vaqtda Rustam Sobirovich turli tashkilotlardan kelgan rahbar-xodimlar bilan suhbatlashib turardi. Doim ularga qiziqroq gap gapirmoqchi bo'lsalar, biz kabi yosh va oddiy xodimlarni ham chaqirib olib, davrani kengaytirib, keyin gapirar edilar. Bu meni, bir tomondan, hayajonlantirsa, ikkinchi tomondan, katta motivatsiya berar edi.

Rustam Sobirovichdagi salobat, tadbirkorlik, hozirjavoblik, zukkolik, madaniyat, qat'iyatlilik va prinsipiallikka qoyil qolardim. Masalan, bir kuni shtab faoliyati haqida hisobot qilish kerak bo'lib qoldi. Soat kechki 8-9 lar atrofida topshiriq beryaptilar: “Ma'lumot ertalab soat sakkizda qo'limda bo'lishi kerak. Kechasi soat nechada tamomlashingizdan qat'i nazar, menga qo'ng'iroq qilib aytib qo'yinglar!”

Vazifa tungi soat 03.30 da tayyor bo'ldi. Tasavvur qiling, bu qish vaqtida yarim tun. Ana shu vaqtda rahbar odamga emas, oddiy fuqaroga telefon qilish — ham odobsizlik, ham noqulay bo'lgan ish. Lekin men topshiriq olganman. Bajarmasam, nima bo'lishini tasavvur ham etolmayman, bilmayman ham. Tavakkal telefon qildim. Ikkinchi gudok chala qoldi. Javob bo'ldi: “Allo, da!”

— Assalomu alaykum, Rustam Sobirovich, uzr, bezovta qildim, — dedim o'zimni dadil tutib.

— Va alaykum assalom, ha, bolam? — dedilar domla.

— Hisobotni yakunlab aytib qo'y, degan edingiz. Tugatgandim, shuni aytay deb telefon qilyapman.

— Yaxshi. Ikki nusxa qog'ozga chiqarib, dam olaveringlar. Ertalab soat sakkizda menga berasizlar.

— Xo'p bo'ladi, tushunarli, — dedim-u ancha yengil tortdim.

O'sha kecha uyga ketmadik. Ertalab soat 7.50 da shtabga Rustam Sobirovich kirib keldilar va salomlashgandan keyin, “Bering hisobotni” deb qo'l uzatdilar. Hayratda qoldim. Aytilgan vaqtdan 10 daqiqa oldin yetib kelgan edilar.

Ana shu tanishuv sababli shtab rahbari — pedagogika fanlari doktori, professor Muhammadjon Quronovga shogird tushdim. Ustozimiz meni o'zlariga yordamchi qilib oldilar va Rustam Sobirovich bilan boradigan xizmat safarlariga olib ketadigan bo'ldilar. Shu-shu, Qosimov domla bilan tez-tez ko'rishadigan, ayrim vazifa va topshiriqlarni birgalikda bajaradigan bo'lib qoldik.

Qachon ko'rishsak, domla ilmiy ish qilishga undar, yordam berishga tayyor ekanini aytar edi. Tan olishim kerak, Rustam Sobirovichdan hayotda ham, davlat ishini tashkillashtirish hamda turli marosim va yig'ilishlarni o'tkazishda ham juda ko'p narsa o'rganganman.

Hududlarga katta-katta davlat tadbirlariga tayyorgarlik ko'rish uchun birga borar edik. Ana shu jarayonda odamlarni tinglash, ular bilan muomala va muloqot qilish madaniyatini o'rganar edik.

Rustam Sobirovich jonkuyar va fidoyi, shu bilan birga, saxovatpesha inson ekanliklarini ko'p bor kuzatganman.

Masalan, ba'zan tushlik yoki yo'l haqiga ham pulim tugab, noqulay vaziyatlarga tushib qolardim. Lekin bu haqda biror marta hech kimga nolimaganman. Shunday bo'lsa ham, ustozimiz sezib yurar ekanlar. Monitoring guruhining hududlarga chiqib ketishi oldidan tayyorgarlik bo'layotgan kunlarning birida kechasi bilan 14 ta hudud bo'yicha alohida-alohida ma'lumot tayyorlab, tongda topshirdik.

Shunda Rustam Sobirovich qo'limizga pul tutqazdilar. O'sha vaqtda oyligimning yarmi edi u pul. Olishga tortindim. “Olavergin, boshqa ish bor, aytaman”, deb ko'ndirdilar. O'shanda kichkina bir ishimga berilgan bu rag'bat uchun juda xursand bo'lgan edim. Bunday holatlar esa ko'p bo'lgan.

Keyinchalik ustoz bilan Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligida (hozirgi Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi) qisqa muddat bo'lsa-da, bir jamoada ishlash baxti nasib etdi. Bu davrda ham tartib-intizomga rioya qilishni, ilmiy jamoalar va talabalar bilan ish olib borish mas'uliyatini o'rgandim.

Rustam Sobirovich hech qaysi muammoga birovniki deb qaramas edi. Qaysi sohada va kimga tegishli bo'lmasin, uni hal qilish uchun jon kuydirar, jo'yali maslahati va qo'lidan kelgan amaliy yordamini ayamas edi. Xodimlarga topshiriq berganda ham “Mening ishim yo'q, qanday qilsang ham bajarasan!” qabilida emas, balki masalaning aniq yechimini ko'rsatib berishga intilar edi.

Rahbarlik vakolatidan foydalanib, xodimlarni o'z oldiga, xonasiga chaqirishi mumkin bo'lsa-da, ularning vaqtini o'g'irlamaslik va qo'llab-quvvatlash maqsadida xodimning xonasiga kirib, hol-ahvol so'rab, topshiriq berib ketar edi.

Domla isrofgarchilikni, ortiqcha xarajatni sira yoqtirmasdi. Bir kuni topshirig'iga ko'ra ma'ruza tayyorlab, qoralama nusxasini ko'rsatib olish uchun oppoq qog'ozga chiqarib, oldilariga olib kirdim. Rosa gap eshitdim. Qog'ozni ko'rsatib, “Bu nima?” dedilar. “Ma'ruzangiz, ustoz”, dedim. “Men orqasini ko'rsatayapman”, dedilar. Tushunmasdan, jim turdim. “Shuni biror-bir ishlatilgan qog'ozning orqasiga chiqarsang bo'lmasmidi?! Axir bu qoralama-ku! Davlatning puliga kelgan ekan, deb ishlatib, isrof qilish kerakmi, bolam?” deb tanbeh berdilar. Shundan keyin biror marta toza qog'ozni behuda ishlatmaydigan bo'ldim.

Pandemiya e'lon qilingan kunning ertasiga talabalarni o'z uylariga — viloyatlarga yuborish bo'yicha transport qidirib, avtobus izlab rosa qiynaldik. U vaqtda Rustam Sobirovich vazir emas, balki boshqa idorada va boshqa lavozimda edi. Telefon qilib, talabalarni qaerdan kuzatayotganimizni so'radilar va yetib keldilar.

Vaziyatni ko'rib, birdaniga turli tashkilotlarga, transport berishi mumkin bo'lgan joylarga qo'ng'iroq qilib, avtobus va mikroavtobuslarni so'radilar. Hech qancha vaqt o'tmay, muammolarimiz yechim topdi va xursand bo'lib qoldik. Qolaversa, qanchadan-qancha talabaning manziliga, ota-onasi bag'riga sog'-omon, bepul yetib olishini ta'minlab, savobga ham ega bo'ldilar.

Rahmatli ustozimiz ma'naviyatni, adabiyotni, shoir va yozuvchilar, umuman, ziyolilarni yaxshi ko'rar, imkon boricha ularni qo'llab-quvvatlashga harakat qilar edilar. Men tarbiya bo'yicha ilmiy ish qilayotganimni aytganimda ham ko'pdan-ko'p takliflar bildirdilar. Hatto ba'zi tarbiyashunos, adabiyotshunos va tarixchi olimlarni hurmat bilan bir piyola choyga taklif etib, ularning suhbatini tinglab turishlarini o'zlari menga ibrat tariqasida so'zlab bergan edilar.

“Ilmli, ma'naviyatli odamlar bilan suhbatlashib tursangiz, bilim va tajribangiz ziyoda bo'ladi”, derdilar mashhur hadisga ishora qilib.

Tarbiyaviy ishlar bo'yicha juda ko'p munozaralar uyushtirib, o'zlariga ma'qul bo'lgan har qanday innovatsion usullarni ommalashtirishga intilar edilar. Ma'naviy-ma'rifiy ishlarga mas'ul bo'lgan xodimlarni doimo izlanishga, yangilik va tashabbuskorlikka chorlar, ularning muammosini yechib, ishini yurgizib yuborishga chin dildan harakat qilar edilar.

2016 yilning oxirlarida oliy ta'lim muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish bo'yicha hujjat loyihasini tayyorlash maqsadida juda katta guruh tuzilib, turli yo'nalishlarda kichik guruhlar tashkil etildi.

Ularning biriga kamina kotib sifatida kiritilgan edim.

Ishimiz yakunlanib, takliflarimizni olib kirdik. O'shanda fakultetlarda ma'naviy-ma'rifiy ishlar jamoatchilik asosida olib borilayotgani, bu esa kutilgan natijani bermayotgani aniqlandi.

Shu munosabat bilan tayyorlangan hujjat loyihasi Vazirlar Mahkamasida uch-to'rt marta mas'ul rahbarlar ishtirokida jiddiy muhokama qilindi. Iqtisodchilar va moliyachilar tomonidan qarshiliklarga uchradi. Ammo har safar Rustam Sobirovich qat'iy turib, masalaning moliyaviy jihati emas, ertangi kundagi ijtimoiy-ma'naviy samarasi muhimroq ekanini tushuntirib, ushbu hujjatning qabul qilinishiga erishdilar.

Natijada oliy bilimgohlardagi ma'naviyat uchun mas'ul xodimlarning oylik maoshlari oshirilib, psixolog va tarbiyachi-pedagog lavozimlari ham joriy etildi.

Muxtasar aytganda, davlat xizmatchisi bo'lish, mas'uliyat va fidoyilik bilan ishlash, har qanday ishni vijdonan bajarish, barcha vazifalarni mamlakatning istiqboli uchun oz bo'lsa-da hissa qo'shishdek ezgu maqsad bilan amalga oshirish zarurligini Rustam Sobirovich Qosimovdan o'rganganman, desam, xato qilmagan bo'laman.

Shu ma'noda, ustozning oldida doimo qarzdorlik hissini tuyaman. Yaqinda Xudoning inoyati o'laroq, ota-onam muborak Haj ziyoratiga borib-kelish baxtiga muyassar bo'lishdi.

Shunda ulardan muqaddas maskanda turib rahmatli ustozim Rustam akaning haqlariga duo qilishlarini iltimos qildim.

Ruhingiz shod, oxiratingiz obod, joyingiz jannatda bo'lsin, aziz ustoz!

Otabek BOZOROV,

falsafa fanlari bo'yicha

falsafa doktori.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

17 − four =