O'qituvchi ulug'langan asar

Urganch davlat pedagogika instituti rektori, pedagogika fanlari doktori Feruza Madrahimovaning “O‘QITUVCHI QADRI” nomli kitobi ko'pchilik ziyolilar, kitobxonlar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi.
Ziyoli oilada tug'ilgan, bolaligidan ilmga qiziqish uyg'ongan, bir dunyo kitoblar orasida ulg'aygan Feruza o'zini kitobdan ayro his qila olmasdi. Taniqli pedagog, el-yurt hurmatidagi olim bo'lgan Ro'zimboy otasining yarim kechagacha nimalarnidir yozib o'tirishi, javonlar to'la kitoblar-daftarlar… Bularning bari unda ham bolaligidan ilmga ixlos va havas uyg'otdi.
Universitetda tahsil olayotgan paytidayoq o'zining ziyrakligi, bilim olishga bo'lgan ishtiyoqi bilan o'qituvchilar nazariga tushgan talaba qizning Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini olganligi nafaqat oliy dargoh jamoasini va kursdoshlarini, balki ota-onasi-yu yaqinlarini ham behad shodlantirgani tabiiy.
Mustaqil hayot. Yangi oila, farzandlar… kelinlik yumushlari… xullas, hayotning turli ikir-chikirlari ham uni izlanishdan bir zum bo'lsa ham to'xtata olmadi.
Ancha yosh bo'lsa ham ilm yo'lini tanlagan Feruza Madrahimova bir qator monografiyalar va qo'llanmalar yozishga ulgurdi. Nihoyat, uning mehnatlari katta bir kitob holida dunyo yuzini ko'rdi. Mazkur kitob bilan tanishib chiqqanimizdan so'ng “O‘QITUVCHI QADRI” — bugungi kunda eng kerakli bir asar ekanligiga iqror bo'ldik.
Mazkur kitob yuzasidan bo'lib o'tgan taqdimotda asarga juda yuqori baho berildi. Chunki kitobdagi bugungi kun o'qituvchisi va uning qadr-qimmati haqidagi fikrlar hech kimni befarq qoldirmadi…
— Feruza Madrahimova muallifligida chop etilgan bir qator ilmiy asarlar, monografiya va darsliklardan xabarimiz bor edi. Barcha pedagoglar uchun yangilik bo'lgan — “O‘QITUVCHI QADRI” nafaqat ilmni ulug'laydi, balki ta'lim sohasini, o'qituvchilik kasbining salohiyati va jozibasini, sharafli, ammo mashaqqatli tomonlarini ham ko'ra olganligi, hayotiy tahlillar asosida go'zal manzaralar vositasida voqeliklar ifoda etilganligi bilan ham benihoya qadrli, — dedi Urganch davlat universiteti professori Dilshod G'oyibov.
Darhaqiqat, o'qituvchilik — yuksak e'tirofga loyiq bo'lgan, eng mo''tabar kasb. Mazkur kitob mamlakatimizda o'qituvchining qadr-qimmati, nufuzi va obro'sini ulug'laydigan asar. Unda o'zimizning ta'lim tizimiga oid islohotlar keng yoritilganligi, xorijiy tajribalardan misollar keltirilganligi bilan ham yanada ahamiyatli.
“Matbuot, matbaachilik, noshirlik: tarix va bugun”
Xorazm viloyatida “Kitobxonlik haftaligi” doirasida yuqoridagi nomdagi yangi kitob nashrdan chiqdi va uning taqdimoti bo'lib o'tdi. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Xorazm viloyati boshqarmasi tashabbusi bilan nashrdan chiqqan mazkur kitobni voha jurnalistlari mamnuniyat bilan qarshi oldilar.
Ushbu kitobda Xorazm matbuoti va matbaachiligi, ommaviy axborot vositalarining uzoq yillik faoliyati, viloyatda nashriyot-matbaa tizimi, bosma nashrlar, televidenie va radio, kutubxona va kitob do'konlari hamda xalqqa axborot yetkazish va ziyo tarqatish borasida olib borilayotgan keng ko'lamdagi ishlar haqida so'z yuritilib, Xorazm matbuotining uzoq tarixiy yo'li tasvirlanadi.
…1874 yil. Xiva xoni Muhammad Rahimxon Feruz xalqni savodxon qilish, kitob nashr etish ishlarini amalga oshirish maqsadida matbaachilik bilan shug'ullanayotgan mamlakatlarga qiziqadi va Sharqda birinchi matbaa Eronda paydo bo'lib, kitob nashr qilish boshlanganligini bilib oladi. Xonning tashabbusi bilan Xivaga Shveysariyaning Jeneva shahrida ishlab chiqarilgan toshbosma dastgoh Erondan olib kelinadi. Eronlik Ibrohim Sulton ismli matbaachi Feruzning taklifi bilan Xivada ilk toshbosma faoliyatini yo'lga qo'yadi. Shu tariqa Xorazmda jahon madaniyatining turli durdona asarlari nashr etila boshlandi.
Saroyda tashkil qilingan “Podshohi zamon tipolitografiyasi”ning ilk mahsuloti 1876 yilda Abu Nasr Forobiyning “Nisob us-sibyon” (“Bolalar nasibasi”) nomli falsafiy asari litografik usulda bosmadan chiqadi. Bu katta shov-shuvga sabab bo'ladi. Ibrohim Sultonning xon bilan tuzgan shartnoma muddati tugaganligi bois u Eronga qaytib ketgach, shu sohaga qiziqib qolgan Otajon Abdalov Xivada yagona matbaachi bo'ladi. Otajon bosma deb nom olgan bu kishi eng avvalo badiiy asarlarni chop etadi.
Otajon Abdalov matbaachilik bilan birga rus, fors, arab tillarini ham mukammal o'zlashtirgan ziyoli inson bo'lgan. Uning sa'y-harakati bilan 1880 yilda Alisher Navoiyning “Xamsa” asari (“Hayrat ul-abror”) hamda “Chor devon”, Muhammad Rizo Ogahiyning “Ta'viz ul-oshiqin” (“Oshiqlar tumori”) asari chop etiladi. Shu tariqa vohada bosma asarlarni chop etish yo'lga qo'yiladi.
“Xorazm matbuoti, matbaachilik, noshirlik: tarixi va buguni” kitobida ana shunday qiziqarli voqealarni o'qish mumkin.
— Xorazmda tashkil qilingan dastlabki bosmaxonalar hamda Xorazm matbuotining asoschilari, Xorazmning birinchi jurnalistlari, matbaachilikdan chiqqan jurnalistlar hamda jadid ijodkorlar haqida to'laqonli ma'lumotlar berilgan, — dedi O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Xorazm viloyati boshqarmasi boshlig'i Dilbar Bekchonova. — Bu izlanishlarimizning debochasi, endilikda kitobning ikkinchi qismini ham tayyorlashga harakat qilyapmiz.
Eng muhimi, voha jurnalistlarining hayoti, faoliyati haqida hikoya qiluvchi kitob qo'ldan qo'lga o'tib, qiziqish bilan mutolaa qilinmoqda.
Feruza TANGRIBERGANOVA