Xiyonat iskanjasida

yoki mashhur qiziqchi Muhiddin Darveshovni nima uchun qamoqqa olmoqchi bo'lishgan edi?
Tarixiy manbalarda, ilmiy-badiiy adabiyotlarda o'tgan asrning 30-50-yillarida sho'rolar hukumati tomonidan sodir etilgan xunrezliklar haqida ko'plab ma'lumotlar mavjud. Alalxusus, xalqimizning hur fikrli kishilari, millat oydinlari, vatan ozodligi uchun kurashgan minglab ziyoli vatandoshlarimizga turli tuhmat va uydirmalar orqali “xalq dushmani”, “millatchi”, “aksilinqilobchi” tamg'asi bosilib, ularning o'limga, umrbod yoki uzoq yillik qamoq jazosiga mahkum etilganligi achchiq haqiqatdir.
Eng achinarli va afsuslanarlisi shundaki, aksariyat ma'rifatparvar insonlarning nohaq jazoga tortilishida millatimizning ayrim nobop vakillari, chaqimchi va sotqin kimsalar “bosh-qosh” bo'lishgan.
Ming taassufki, oradan 40-50 yil o'tib ham o'sha mash'um voqealarning mudhish unsurlari (la'nati “uchlik”ning dumlari) saqlanib qolganligiga guvoh bo'lgan edim va quyida uning bir misoli tafsiloti xususida so'z boradi.
O'tgan asrning 90-yillari boshlari. O'sha vaqtlari teatrda emakdosh bo'lib ishlar edim. Hamza nomidagi Qo'qon musiqali drama teatri bosh rejissyori Sodiqjon Halimov ertalabki qisqa majlis boshlanmasdan meni yoniga chorlab, qulog'imga asta shipshidi: “Tezda “gorkom” (shahar partiya komiteti)ga yetib boring, kutib turishibdi”. Men undan: “Nima masalada?” deb so'ragandim: “Borsangiz bilasiz, masala jiddiyga o'xshaydi”, — deya meni eshikkacha kuzatib qo'ydi.
Teatrdan chiqib, shaharning “Chorsu” maydonidagi matbuot do'konidan o'sha paytlarda ommalashgan “Argumentы i faktы” hamda “Trud” gazetalaridan xarid qilib, avtobusga chiqdim. Yo'l-yo'lakay gazetalarni varaqlab, “gorkom”ga yetib bordim. Bino ichkarisidagi garderobning yonboshida mashhur so'z ustasi Muhiddin qiziq Darveshov o'tirgan ekan. U bilan salomlashib: “Ha, aka, tinchlikmi?” deya so'radim. U ma'yus tarzda qo'lidagi tugunni biroz yuqoriga ko'tarib: “Shoir Usmon Nosir borgan joylarni bir “ziyorat” qilib kelasiz, deyishayapti”, dedi.
Shu tobda yonimga “gorkom”ning bir shotiri kelib: “Yura qoling, sizni poylab turishibdi”, deya meni bir xonaga boshlab kirdi. Xonada 5-6 nafar kishi jamlangan, to'rdagi stolda o'sha davrda “gorkom”ning birinchi kotibi bo'lgan Hakim Musabekov o'tirgan edi. Men salom berib, bo'sh joylardan biriga o'tirdim. Kotib meni tanishtira boshladi. U ismi-sharifimni aytib, mutaxassisligim filolog, teatrda adabiy emakdosh vazifasida ishlashimni qo'shimcha qildi. So'ng kun tartibidagi masalaga to'xtalib, bir qarashda chala o'zbekroq kishiga qarata: “Qani, boshlang”, deganday imo qildi. U obdan partiya va hukumat g'amxo'rliklari xususida maddohlik qilgach, nihoyat, qo'lidagi qog'ozlarni siltagancha so'z boshladi:
“Bugungi yig'ilishimizdan maqsad nafaqat ziyolilar, shoir va adiblar yurti Qo'qonimiz, balki tanti dehqonlari bilan dong taratgan Farg'ona viloyatimiz, jonajon O'zbekistonimizni butun Ittifoqqa sharmanda qilgan Muhiddin Darveshovning siyosiy kaltabinligi, xususan, dono yo'lboshchimiz, partiyamiz bosh kotibi Mixail Gorbachevni omma orasida masxara qilganini muhokama qilamiz. Ya'ni, Muhiddin Darveshov Toshkent viloyatining Angren shahrida bo'lib o'tgan to'y marosimida qatnashib, o'z hangomasida Bosh kotibni xo'rozga o'xshatgan. Bu xususda mahalliy partiya faollari Moskvaga — Markaziy komitetga murojaat qilib, aybdorni qattiq jazoga tortishni so'rashgan. Murojaat “Markazkom”ning qattiq nazoratida turibdi”.
Ushbu masalaga bugun nuqta qo'yish, aybdorga muqarrar jazo tayinlash maqsadida bu yerga shahar prokurori, Davlat xavfsizligi komiteti (GKB)ning maxsus vakili, shahar madaniyat bo'limi boshlig'i va mutaxassis sifatida men chaqirilganimni bildirdi va so'zni prokurorga berdi.
Beo'xshov semirganidan bo'yni yelkasiga yopishib ketgan prokuror o'tirgan joyidan gapirdimi yoki turibmi, rosti, uncha anglamadim. Lekin u Muhiddin qiziq hurmatli Mixail Sergeevich Gorbachev ustidan mazax qilganini go'yoki uning gaplarini to'yda o'z qulog'i bilan eshitgandek tarzda so'zlay ketdi. “Tasavvur qiling, to'yda tumonat odam. Muhiddin Darveshov odamlarni kuldiraman deb, nimalar deb valdiradi, deng. U: “Mana, davlatimiz tepasiga rahbar bo'lib, asl xo'roz yigit keldi. Turishini, gerdayishini qarang, o'zimizning asl dakan xo'rozga o'xshaydi-ey, azamat”, dedi-ya! Qiziqchi bu bilan Gorbachevning peshonasidagi qizil dog'dan yumor chiqarib, uning ustidan kulmoqchi bo'ldi.
Bu holat qonunchiligimizda davlat rahbari sha'nini obro'sizlantirish sifatida qaraladi va jinoyat kodekslarining falon-piston moddalariga ko'ra 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum etishga asos bo'ladi. Agar ushbu majlis protokoli bugun tayyor bo'lsa, bugunoq, bo'lmasa, ertaga aybdorni qamoqqa olish bo'yicha order beraman”, dedi.
Ko'zlari ukkinikiga o'xshash, aft-angoridan johil kimsa ekanligini bir qarashda anglash mumkin bo'lgan “KGB” vakili ham domlasi o'rgatgan gaplarni goh ruscha, gohida o'zbekcha gapirib, nihoyasida: “Muhiddin Darveshovni qamoqqa tiqish kerak”, deya xulosa qildi. Eng oshib tushgani shahar madaniyat bo'limi boshlig'i (bu yog'i o'zbekchilik, ismi-sharifi ramziy ma'noda Shodi Uzoqov bo'la qolsin)ning bildirgan fikrlari bo'ldi. Unga ko'ra: “M.Darveshov singari siyosiy kaltabinlarni, o'rtoq prokuror, majlis yakunini kutib o'tirmasdan hoziroq hibsga olish kerak. Toki bu boshqalarga ibrat bo'lsin. O'zi shunga o'xshash masalalarda “gorkom”ga chiqmoqchi bo'lib yuruvdim”, dedi-da, birinchi kotibga zimdan: “Ma'qulmi, gaplarim?” deganday qarab qo'ydi. “Ha, aytgancha, Muhiddin Darveshovning tushuntirish xatlari, aybiga qisman iqrorligi xususidagi maxsus papka “gorkom”ga berilgan”, deya gapini tugatdi u.
Bu gumrohlar biri qo'yib, biri olib, millatimizning iqtidorli vakilini qamoqqa tiqish maqsadida chiranib gapiryapti-yu, ko'z o'ngimda yupun kiyingan, dor ostida o'z o'limini kutayotgan jadidchi bobolarimizning ma'yus siymolari gavdalandi va tomog'imga achchiq bir narsa tiqilganday bo'ldi. “Naqadar tubanlik!” dedim ichimda. Nihoyat, so'zlash navbati menga berildi. Angladimki, bu toifadagi kimsalarga gap uqtirish oson kechmaydi. Shu bois gapni sal uzoqroqdan boshladim:
“Mana, hammamiz o'zbek oilasida tug'ilib, o'sib, ta'lim va tarbiya olganmiz. O'ylashimcha, milliy an'analarimiz, urf-odatlarimizdan hammamiz yetarlicha xabardormiz. Ya'ni, otalarimiz, amakilarimiz qachondir bizni “toychoq o'g'lim”, “toy bola”, “xo'roz yigit”, “o'g'limiz qo'chqordek baquvvat-da”, deya suyib-erkalashgan. To'g'rimi? — deya o'tirganlardan gapimni tasdiqlab ham oldim. — Qolaversa, bunday o'xshatishlar “senzuradan o'tgan” badiiy adabiyotlarda ham qalashib yotibdi. Demak, Muhiddin Darveshov ham shu rusumdan kelib chiqib, Mixail Gorbachevni xo'rozga mengzagan bo'lishi mumkin.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, uning gaplarida Mixail Gorbachev sha'nini yerga uradigan belgilar yo'q”, dedim.
Shu tobda “KGB” vakili gapimni bo'lib nimadir demoqchi bo'luvdi, tabiatan cho'rtkesar birinchi kotib unga qarata: “Og'zingizni ko'rak qilib turing, vaqti kelganda ochasiz”, dedi. Shunda men Hakim Musabekovdan: “Muhiddin Darveshov partiya a'zosimi?” deb so'radim. U yalt etib shahar partiya komiteti yo'riqchisiga qaradi. U esa: “Muhiddin Darveshov partiya a'zoligiga hali qabul qilinmagan. Uni “Yog'-moy kombinati” partiya yacheykasi partiyaga nomzod qilib ko'rsatgan”, dedi.
Shunda men yig'ilganlarga qarata: “Xalqimizning asl an'anasidan g'ofil bir-ikki kimsaning murojaati deb, iqtidorli bir odam nohaq jazoga tortilsa, insofdan bo'lmaydi. Qolaversa, askiya, kulgi va hazilga moyil xalqmiz. Muhiddin Darveshov g'araz aralashmagan gapi uchun qamalib ketsa, muqarrar ta'na-dashnomga qolamiz. Maqsad — Muhiddin Darveshovga jazo berish kerak bo'lsa, u partiya safida bo'lishga noloyiq, deya xulosa qilaylik va nomzodlik maqomidan mahrum qilinsin. Osoni shu, six ham, kabob ham kuymaydi”, dedim.
Bu gaplarimdan keyin “KGB” vakili va prokuror birvarakayiga menga o'dag'aylab qoldi. Ular vaysay-vaysay biroz tingach, qo'lim ostida turgan gazetalardan birini “KGB” vakiliga, ikkinchisini prokuror tomonga stol ustidan sirpantirib yubordim. So'ng ularga qarata: “Agar kimnidir qamoqqa tiqish zarur bo'lsa, avval million-million nusxada chop etiladigan qo'lingizdagi manavi gazetalarning birinchi sahifasida Mixail Gorbachyovni “kollaj” qilgan rassom va mualliflarni qamash kerak”, dedim.
“Argumentы va faktы” gazetasining o'sha sonida Mixail Gorbachevning surati kollaj qilinib, uning boshi o'ziniki, gavdasi esa hayvon shaklida aks ettirilib, uning yag'ir yelinidagi son-sanoqsiz “tugmachalar”ni pashsha va chivinlar talab yotardi. “Trud” gazetasida esa bundan battari kollaj qilingan edi. Ikkalasining dami ichiga tushib ketdi. Ularning gazeta tutgan qo'llari qaltirayotganini ko'rgan birinchi kotib miyig'ida kulgancha jim turardi.
So'ng “KGB” vakili: “Bu yolg'on, tuzum dushmanlari gazetani yashirin sexda bosib chiqargan. Bu ishning tagiga yetamiz”, dedi. Men esa unga qarata: “Bu sizlarning birlamchi vazifangiz, lekin davriy matbuotdan, shuningdek, jamiyatdagi oshkoralikdan biroz xabardor bo'lib tursangiz, bir inson taqdiri hal bo'layotgan masalalarda asqatib qoladi”, dedim. Shundan so'ng vaziyat yumshab, yig'ilish qaroriga ko'ra Muhiddin qiziq Darveshov partiya safiga qabul qilinmaydigan bo'ldi. Jaydaricha aytganda, qiziqchi partiya biletini bir umr tushida ham ko'rmaydigan bo'ldi.
Yig'ilish tugab, hamma tarqayotgan mahal birinchi kotib biroz kutib turishimni so'radi. Uning chehrasi yorishib, takror va takror: “Yaxshi ish bo'ldi-da, aksi bo'lganida vijdonimiz oldida bir umr azobda qolar edik-a!” kabi so'zlar bilan o'z-o'ziga taskin berar edi. U men bilan samimiy xayrlashayotib: “Vaqt topib, albatta, teatr jamoasi bilan uchrashib kelaman, hozircha sizga katta rahmat!”, deya qo'limni siqib qo'ydi.
Tashqariga chiqsam, boyagina Muhiddin Darveshovni qamoqqa tiqish borasida jonbozlik ko'rsatib turgan Shodi Uzoqov “salkam mahkum”ni avrab turgan ekan. U men borayotgan tomonga teskari turgani uchun ularga yaqin borganimni sezmay, gapida davom etardi: “Mana, Muhiddin aka, sizni naq “Toshturma”ning eshigidan qaytarib keldim. Bu yog'iga hushyor bo'ling, keyingi safar otib tashlashsa ham o'rtangizga tushmayman”, deya gapirayotgan edi. Uning bu gapidan o'ta xunobim oshib: “Nimalar deb valdirayapsiz? Jaydari qilib aytganda, g'irt “ikkiyuzlamachi” ekansiz-ku, uyalmay-netmay yolg'on gapirayapsiz-a”, deganimni bilaman, u shitob bilan o'zini olomon orasiga urdi.
Keyin Muhiddin akaga voqea tafsilotlarini qisqacha aytib berdim va unga Shodi Uzoqov kabilardan ehtiyot bo'lishini tavsiya qildim. Qiziqchi o'ziga xos tabassum va shevasida: “Qarang, men bo'sam, xotin, bola-chaqalar bilan xayrlashib, “shu ketgancha kamida besh yilda qaytaman”, deya uydan manavi tugun-bo'g'chalar bilan chiqqan edim. Aslida, bu shum xabarni menga yetkazgan ham Shodining o'zi bo'ladi. Nomard! Dunyoda yaxshi odamlar ko'p-a?! Sizga rahmat! Yuring, endi katta bog'ning burchagidagi “Anorgul” kafesiga borib, choylashamiz”, deya taklif qildi. “Rahmat, aka, elning xizmatini qilib, aslo charchamang. Siz, yaxshisi, bir taksiga o'tirib, tez uyingizga boring, yaqinlaringiz ham xavotir olib o'tirishgandir”, deb u bilan xayrlashdim.
Aytganlarimga yaxshi bir qo'shimcha: ushbu voqea sodir bo'lgunga qadar: “Butun shahar madaniyati sohasiga boshdan-oyoq men mas'ulman”, deya teatrning repertuaridan tortib, artistlarning, ta'bir joiz bo'lsa, kiyim-kechagigacha burnini suqadigan shahar madaniyat bo'limi boshlig'i shu bo'yi teatr bilan aloqasini batamom uzdi. Xalq qiziqchisi, rahmatli Muhiddin qiziq Darveshov esa mamlakatimizning mustaqillik yillarida ham hormay-tolmay yurtdoshlarimizga kulgi va tabassum ulashib, barakali ijod qildi.
Suhbatlarning birida O'zbekiston xalq artisti Ergash Karimov: “Rahmatli Muhiddin qiziq xalqimizga uzoq yillar sidqidildan xizmat qildi. Uning ichakuzdi hangomalaridan toza tanamiz yayrab, ruhimiz quvvat olgan. Hajvchiligimiz piri komili, O'zbekiston Qahramoni, xalq yozuvchisi Said Ahmad ham Muhiddin qiziqning iqtidoriga tan berib: “Basharti u hajvchi-yozuvchi bo'lib qolganida, biz kabilarga umuman non qolmasdi”, degandi.
Ha, chindan ham Muhiddin Darveshov xalq qiziqchisi edi. Ammo uning mehnatlari sho'rolar davrida ham, keyinchalik ham qadrlanmadi. Hatto biror “ko'krak nishoni”ga munosib ko'rilmadi. Aksincha, uning ichakuzdi hangomalaridan kir qidirgan ba'zi bir sho'rtumshuqlar xalq qiziqchisini yer bilan bitta qilishmoqchi bo'lishdi. Ammo Alloh asrayman desa, bandasi hech narsa qila olmas ekan.
Mashhur san'atkor 1938 yilda Buvayda tumanida tug'ilib, 1995 yilda vafot etdi. Garchi uzoq umr ko'rmagan bo'lsa-da, u o'zbek qiziqchilik maktabini yaratgan insonlardan biri edi.
Saidolim HAYDAROV,
jurnalist.