Hamma o'qiganda edi…
Anchadan beri “Hurriyat” gazetasining muxlisiman. Gazetaning har bir sonida qalbimda ilhom uyg'otadigan satrlar, aqlni charxlovchi yangi fikrlar va jamiyatimizning og'riqli masalalariga oid tahlillar bor. Ha, bu nashr shunchaki axborot vositasi emas, u milliy ma'naviyatimiz ko'zgusidir.
“Hurriyat”ni, avvalo, tashkil qilganlar — qalamni nayza, so'zni askar bilgan ziyolilardir. U orqali minglab insonlar o'z fikriga, yurtiga va kelajagiga nisbatan yanada mas'uliyatliroq qarashni o'rganmoqda.
Inson erkinligi — bu nafaqat siyosiy tushuncha, balki barqarorlik kasb etajak hayotiy ehtiyoj. “Hurriyat” aynan shu ruhiy erkinlikni baland tutadi. U nafaqat odamlar dunyoqarashini, inson ma'naviyatini ham muttasil yuksaltirishni istaydi, yonadi, bahsga chorlaydi.
Gazeta sahifalaridagi har bir maqola — bu ilm va jasoratli tuyg'ularning uyg'unligi, milliy g'oyaning nurli targ'ibotchisi degim keladi. Shu bois, nafaqat axborot manbai, balki ilg'or ma'rifat manbai sifatida ham qalbimda alohida o'rin tutadi. Uni o'qib boradigan qatlam yanada kengayganda edi… Bu — mening ham orzuim.
Ilhom ShER,
Bekobod shahri