Boylarning ma'naviy mas'uliyati

Kitob chop qilish o'rtacha oylikka ishlayotgan odam uchun og'irlik qilishi sir emas. O'sha to'plamdagi ijodiy ishlarni targ'ib qilishni esa mualliflar ko'pincha o'zlariga ep ko'rishmaydi. Shunday payt ijodkorni kim qo'llab-quvvatlaydi?

To'g'ri, bu bo'yicha mas'ul tashkilotlar bor. Lekin ularning qo'llari barcha yozarmanni bag'riga bosishga yetmasa kerak.

Xo'sh, unda bu mas'uliyatni kim yelkaga olishi kerak, sizningcha? Shu savolga javob izlab ko'rdim. Bunga esa quyidagi voqea sabab bo'ldi.

Bir kuni poytaxtda ijod qiladigan do'stim telegram orqali yaqinda kitobim chiqishi mumkinligi, bir adabiyot homiysi o'z hisobidan menga o'xshagan yetti nafar ijodkorning kitobini chiqarib, asarlarimiz asosida tanlov tashkil qilish fikrini bildirganini aytdi. Xushxabar bilan tabrikladi. Boshida hayron qoldim. U homiyni tanimasam, nima uchun kattagina mablag'ni sovuryapti? Do'stim o'sha yaxshi kishi doim topganining bir qismini adabiyotni targ'ib qilishga sarflashini aytdi. Barchasi xolis, u hatto hech yerda nomi aytilishini ham istamas ekan. “Shunaqa odamlar hali bormi?” — dedim hayron bo'lib.

Ha, boylik omonat ekanini, uning mas'uliyati borligini anglagan insonlar hali yer yuzida bor ekan. Shunda o'ylab qoldim, shu uchun yer bizni ko'tarib turibdimikan? Yoki ana shunday xolis saxovatpeshalar bois osmon ustimizga tushib ketmayaptimi?..

Qizig'i, ko'plab boylarimiz o'z mol-dunyolarini ijtimoiy tarmoqda ko'z-ko'z qilishni yaxshi ko'rishadi. Hashamdor restoranlar, chet ellarga borganlari bilan boshqalarni qoyil qoldirishadi. Xo'sh, unda bizning kitoblarni chop qilgan, asarlarimiz asosida taqriz, audiotanlovlarni tashkil qilgan odamda nafs yo'q ekanmi? Yoki u boshqa sayyoradanmi-a?

Bugun jadid bobolarimiz qilgan ishlarni aytib bong uramiz. Nimaga ana shu inson singari bobokalonlarimiz qilgan xayrli amallarni bajarmaymiz? Agar har bir boy o'zining boyligida qaysidir ilm kishisi yoki yo'qsilning haqi borligini his qilsa, yurtimiz qanchalar gullab-yashnardi!

So'zim yakunida jadid bobomiz Mahmudxo'ja Behbudiyning 1913 yil, 30 iyulda “Samarqand” gazetasida chop qilingan “Millatlar qanday taraqqiy etarlar?” maqolasidan iqtibos keltirishni joiz deb bildim. “Rus, armani, yahudiy va Russiyadagi boshqa vatandoshlarimizni(ng) boylari doimo o'z millatlari uchun katta xayr va ehsonlar qiladurlar. Inchunin, Kafkaz, Qrim, Qozondagi musulmon birodarlarimizni(ng) boylari, ulamosi va ahli qalami, sohibi fikri o'z birodarlarig'a mol, aqcha, qalam va ilm ila ko'b iona qiladurlar. Ammo bizni(ng) Turkistonda bu ishlardin so'ylamoqqa hanuz navbat kelgan yo'q. Har kim o'z nafi va o'z shaxsiy ishi ila sargardon…”

O'ZBEKISTON — ona Vatanimiz, dehqonchasiga aytganda, uyimiz. Vatan — katta oila. Oilada farzandlar har xil bo'ladi. Biri toparmon-tutarmon, boshqasi sal bundayroq. Agar ular ahil bo'lib, mushtni bir yerga ursa, oila gullab-yashnaydi. Boy aka tolibi ilm ukasining o'qishiga yordamlashsa, kun kelib, u o'z ilmi bilan nur-ziyo olib kiradi oilaga. Mamlakatimizni eng rivojlangan yurtlar qatoriga qo'shishning yagona yo'li — faqat va faqat ilm. Biz uchun ilmdan boshqa najot yo'q.

Obid QO'LDOSh

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × three =