Tog' va dasht qissalari

(Taniqli jurnalist, yozuvchi va shoir Alisher Aymatli ijodi haqida muxtasar so'z)

Alisher Aymatli (Esirgap Boliyev) qariyb qirq yil o'zbek matbuotida faoliyat ko'rsatdi. Sirdaryo, Jizzax, Navoiy viloyati gazetalarida turli vazifalarda ishladi. Keyin “Xalq so'zi” gazetasi tamal toshini qo'yganlar safida bo'ldi va bu dargohda ham 30 yil samarali ijod qildi. Bugungi kunda taqdir taqozosi bilan Amerika Qo'shma Shtatlarida yashamoqda. Ijodkor qaerda bo'lmasin, qalamiga tin bergani yo'q. U hozir o'zi yashab turgan okean ortidagi mamlakat haqida emas — O'zbekiston, o'zbek xalqi haqida yozishdan to'xtagani yo'q. Bir qo'shiqda aytilganidek: “Yurt ishqida yonmoqda”.

O'tgan asrning 60-yillari avvalida turkiy el farzandi, benazir yozuvchi va faylasuf Chingiz Aytmatovning “Tog' va dasht qissalari” kitobi nashrdan chiqqan. Ushbu to'plam adabiyotga katta iste'dod sohibi qadam qo'yganligidan darak bergan. Darvoqe Chingiz og'a aynan shu kitobi uchun sobiq ittifoqning eng yuksak mukofotini olgandi. Bu gaplar o'tgan asrga doxil.

Yigirma birinchi asrda esa qalbi tog'dek yuksak, so'zi dasht giyohidek malham odamlarning yangi dostoni yaraldi. Bu odamlar Nurota tog'larining ulug'vor baxshiyona donishmandlik buloqlaridan suv ichgan. Buyuk dasht va purviqor tog'lar orasida yashayotgan jaydari insonlarning yangi avlodi eng baland cho'qqidan ham ko'rinmaydigan shunday manzillar tomon ketishdiki — ularning eng yo'lgirlari Atlantikadek bahri muhitning narigi qirg'og'ida bo'y cho'zgan Nyu-Yorkning osmono'par binolarini ham zabt etishdi. Shu qatorda qo'lida qalam tutgan taniqli jurnalist, yozuvchi va shoir Alisher Aymatli (Esirgap Boliyev) ham bor.

Shimoliy Amerikaning bir zamonlar hindular maskan tutgan manzillarida bunyod bo'lib, bugun dunyoning eng mashhur azim bir shahari shabbodalariga yuz tutib, xayolini tug'ilgan oshyoni olib qochgan yozuvchi bitayotgan hayotiy hikoyalari va dilbar she'rlarida o'zi sarosar kezayotgan kentdan taraqqiyot darajasi tubdan farq qiluvchi Nurota tog'lari orasida “yashirinib” yotgan qo'nalg'alarga bir-bir bosh suqib chiqadi.

Bir paytlar buyuk shoirimiz Abdulla Oripov “she'r izlayman bugun Toshkent ko'chalaridan” deb yozgandi. Alisher Aymatli esa bugun Nyu-York ko'chalaridan tog' va dashtlar orasida qo'nim topgan odamlarning ko'nglini, hislarini izlaydi. Har birining taqdiri alohida tarix bo'lgan ajoyib insonlarning biri Ona, biri Aka, biri Amaki, biri Tog'a, biri Xola, biri Amma, biri Jiyan obrazida bitiklar orasidan saf tortib o'quvchi istiqboliga chiqa boshlaydi. Hikoyalarning nomiga boqing: “Bolta bova”, “Shodmon momo”, “Yang­lish amma”, “Saodat Sarimsoq qizi”, “Qurolboy aka”, “O'roq bova”, “Bo'riboy aka”, “Esonoy checha”, “Boli ota”, “Yaxshigul opa” va h.k. So'zimiz boshida Chingiz Aytmatov nomini bekorga eslamadik. Alisher Aymatli hikoyalarini o'qir ekansiz, dunyoni zabt etgan Aytmatov qahramonlari — Mo'min chol, Bikey, Asal, Doniyor, Jamila, Tanaboy, Bibijon, Edigey, Zarifa, Rayimali oqin singari personajlar beixtiyor esga tushadi. Manzaralar, odatlar, urflar, hayotga qarashlar, dunyoni idrok etishda ham ne bir o'xshashliklar bor.

Taqdirlar haqidagi hayotiy hikoyalardagi voqelik muallif xotiralari mahsulidir. Tog' va dashtning sodda va samimiy odamlarining orzu-istaklari, his-tuyg'ulari va birda quvnoq, birda mahzun kechinmalari o'quvchini kitob ichiga yetaklab ketadi.

Yozuvchi qahramonlari hayotini XX asrning katta siyosatlari, aldamchi shikvalari, mavhum mafkuralari bilan bog'lamaydi. Turmush tashvishlari, to'y-ma'rakalarda bo'ladigan hangomalar, yuz ko'rishganda bir piyola achchiq choy ustida bo'ladigan gurunglar, o'zaro maslahat-mashvaratlar bayoni orqali Odamiylik dunyosining suratini chizadi, qalblarga “bosh suqib” nekbinlik va bizga tanish hislarning o'zgacha olamini kashf etadi. Ikki asr voqealarini inson kechinmalari orqali bog'laydi.

Alisher Aymatli she'riyati ham nasriy asarlarining nazmiy davomi sifatida o'quvchi qalbiga yo'l topgan. Shoirning “Yurak mezonlari”, “Bo'ri uyasi”, “Ko'ngil hikmatlari”, “60”, “Ming bir hikmat” — 1001 ta to'rtlik” nomli kitoblari nashr etildi. Eng muhimi, bu kitoblar o'z o'quvchisini topdi, taniqli shoirlarimiz e'tirofiga musharraf bo'ldi.

Yunon adibi Diogen Laertskiy (III asr) o'zining “Mashhur faylasuflarning hayoti, ta'limoti va fikrlari” asarida yozishicha, kunlarning birida faylasuf Diogen (eramizdan avvalgi 400-325 yillar) kunduzi chiroq yoqib, Afinada odamlar izdihomi ichra keza boshlaydi. Faylasufning kunduzi chiroq yoqib yurganidan hayron bo'lgan odamlarning savollariga “odam izlayapman”, deb javob bergan. Ahli donish bu iborani inson degan ulug'vor nomga har tomonlama sazovor odamlarni topish qiyin degan ma'noda qo'llaydi. Bugun ham “qo'lida chiroq tutgan” ne-ne shoiru yozuvchini, olimu allomani uchratish mumkin. Shoir Alisher Aymatli ham o'quvchilar ko'nglidan joy topib ulgurgan to'rtliklari ichida insonni izlaydi.

Marsdan suv axtarar, istar yashamoq,

Shu ish deb odamzod sarflar millionlar.

Yo Rabbim, sezmaydi yonida shundoq,

Qovjirab yotganin ulkan maydonlar.

Odamzod o'z fe'li-xo'yi, ish-a'moli bilan suv va havoni, yeru osmonni yondirmoqda, kuydirmoqda. O'z-o'zini mahv etishdek bunday telbalikka esa faqat qalbi qovjiraganlar qodir. Shoir “Qovjirab yotgan ulkan maydonlar” deganda mehr va muruvvat, shafqat va oqibat, hamdardlik va insonparvarlik tobora insonning insonlik mohiyatida qovjirab borayotganligidan ogoh etadi. Yana odamiylik mavzusida shoirning shunday to'rtligi bor:

Odamlar yo'q bu dunyoda,

Mening ko'nglim to'lmaydigan.

Odamlar bor ko'p ziyoda,

Yaxshi ko'rib bo'lmaydigan.

Muallifning insonga talabi bo'lakcha. Lirik qahramon qalbini taftish qilaveradi, so'roq-savolga tutaveradi. Shoir nazdida qalqib turgan “Dunyo ham, insonlar qalbi ham bugun Yovuzlikdan zada qo'riqxonadir” (Abdulla Oripov satri). Darvoqe, shu o'rinda Alisher Aymatlining to'rtliklari o'z vaqtida O'zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning ham nazariga tushganligini alohida ta'kidlamoq zarur.

Shoir ijodida inson hayotining turli voqeliklar ichidan cho'ng bir falsafa izlash, aniqrog'i, oddiy turmush kechmishlariga falsafiy ma'no yuklash mahorati charxlangan.

Ketar bo'lsa, ushlama bir on,

Uning qismat xurjuni to'lgan.

Tushun axir, u allaqachon

Hayotingda rol o'ynab bo'lgan.

Alisher Aymatli to'rt satrda inson fitratidagi fazilatu illatlardan chiqargan xulosaviy fikri favqulodda o'ziga xos, shu bilan birga xalqona, xalqona bo'lganda ham milliy xarakterimizga tamoman mos. To'rtliklarning hayotiyligi shundaki, har bir o'quvchi: bu holat menga tanish, bunday voqeaning guvohi bo'lganman, men ham hayotimda shunga o'xshash hodisotni ko'rganman, deb aytishi mumkin.

So'z — kalitdir, agar sen

Uni to'g'ri topolsang —

Har qanday dilni ochib,

Har og'izni yoparsan.

Darhaqiqat, so'zning buyuk qudrati haqida ne-ne ulug'vor fikrlar aytilmagan. Darvoqe, eng avvalo So'z bo'lgan, degan ilohiy hikmat har birimizga tanish. Yuqoridagi to'rtlikda shoir so'z donishlari izidan borib, so'z haqida o'z So'zini ayta olgan. Shoirning so'z haqidagi quyidagi yana bir to'rtligiga e'tibor qiling-a:

So'z — farzand, goh oqil, gohida tajang,

O'rin talashadi satrlar aro.

Biri sizga shuhrat keltirar, qarang,

Biri yuzlaringni etmishdir qaro!

Biz umrimiz davomida turfa xil odamlarga duch kelamiz. O'zining noshudligini turfa g'oyalarga o'rab yashirmoqchi bo'lgan “bo'sh kalla”lar yoki inson dardiga hamdardlikdan yiroq, qalbi qilt etmaydigan “bo'sh yurak”larga “oshno” bo'lib yashaymiz. Ular o'z holicha boshqalarni tinch qo'ysaki, bunday kaslar bilan birovning ishi yo'q, ammo bu toifa tinch turmaydi — g'araz, ko'rolmaslik, ichi qoralikdan boshqa narsaga yaramay, mudom “sening yo'llaringga… to'siq” bo'ladi.

Bo'sh cho'ntak xalaqit bermas hech qachon,

Orzuing yo'lida aytaver qo'shiq.

Sening yo'llaringga, do'stginam, ishon,

Bo'sh kalla, bo'sh yurak bo'lgaydir to'siq.

Yuqoridagi she'riy satrlarni o'qib, shoir shaxsiyati haqida ham ikki og'iz gap aytish joiz. Shoir fe'liga tavoze, xushomad degan narsalar butunlay yot. Katta-kichik davralarda o'z qadrini bilib yuradi, doimo mag'rur. Men bu gaplarni nega yozyapman? Chunki, istaymizmi-yo'qmi, ijodkorning fe'l-atvori, xarakteri u yozgan asarlarda aks etadi. Shu bois kamina har bir to'rtlik ortida Alisher akaning mag'rur qaddi-bastini, mustahkam irodasini, cho'rtkesarligini his etib turaman.

Alisher aka to'rtliklarida Vaqt, Baxt, Hayot tushunchalari ipga tizilgan marjondek o'tadi. Keling, bu tushunchalar haqida shoir nima deydi — bir qur nazar solaylik: “Baxtning o'zi kelar, do'st, nasib qilsa”, “Hayot kurashida aslo tolmadik”, “Baxt degani tutqich bermas kapalak”, “Baxtni barbod etish oson”, “Asli baxt iborat to'rtta unsurdan”, “Vaqt yo'qotib, umri o'tsa”, “Hayotimning yarmin yaratdim”, “Esda qolar damlaring — hayot!”, “Hayot tekis emas, yiqilarsan bot”, “Vaqt yo'q”, degan nolishlar”, “Vaqt — hakimdir, degani yolg'on!”, “Hayot oddiy narsa, yo'q hech muammo”, “Ular baxtlimi yo baxtsizmi, evoh”, “Baxt ham hadya etmas abadiy”. Albatta, bu fikrlar kontekstdan kesib olingan. Ularning davomida har birining o'tkir xulosasi bor. O'quvchini boshqa bir narsa o'ylantirishi tabiiy: muallif baxt, vaqt va hayot degan bebaho ne'matlarga nega bu qadar ko'p e'tibor qaratadi? Aslida, hayotda vaqt va baxtchalik qadrli qadriyatning o'zi yo'q. Bu barchaga ayon haqiqat. Ammo shoir bu haqiqatlardan juda xalqona, sodda, samimiy va hatto aytish mumkinki, maqollarga o'xshab ketgan xulosalar yasaydiki, quyida misol tariqasida keltirilayotgan to'rtlikni o'qib, bunga o'zingiz ham ishonch hosil qilasiz:

Taqa omad keltirmaydi hech qachon,

Baxt ham hadya etmas abadiy.

Uni tovoningga qoqib, bearmon —

Ishlamaguningcha toki ot kabi.

Hayot haqiqatini bir o'rinda lirik qahramon, boshqa bir o'rinda esa o'z botinidan izlayotgan, izohlayotgan shoir hayot va baxt haqida ko'p va xo'p yozadi, dedik. Aslida, qadrdonimiz izlanuvchan ijodkor og'amiz hayotda maqsad bilan yashashdek dilbar baxt topgan shaxsdir. Shaxs bo'lganda ham xislatlari, so'zi va o'zi betakror shaxsdir.

Jaloliddin SAFOYEV,

O'zbekiston Yozuvchilar

uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

6 + seven =