Guljahon

Guljahon bilan tanishganimga ham yetti-sakkiz, balki, o'n yillar bo'lib qoldi-yov… Aslida badiiyatga bo'lgan ozgina qiziqishim bois uning nomini gazeta-jurnal sahifalarida uchratganimga esa qariyb o'ttiz-qirq yildan oshdi.
Dastlab tumanimiz gazetasida maktabning yuqori sinf o'quvchisi bo'lgan qizning bir sahifa she'rlari e'lon qilinganida: “Nasib bo'lsa, shu qizchadan bir nima chiqadi”, degan o'y-xayol o'tgani esimda. U yillarda markaziy matbuot tugul, hatto tuman gazetasida ham she'r chop ettirish hammaning qo'lidan keladigan ish emasdi. Keyin esa, aniqrog'i, 1989 yilning avgust oyida poytaxtda chop qilinadigan yoshlar gazetasida Guljahon Mardonovaning “Alpomishni bilgan bormi?” nomli kattagina shov-shuvli maqolasi e'lon qilindi. Nega shov-shuvli dedingizmi? Keling, ana shu maqoladan bir parcha o'qib ko'raylik:
“Dam olish kunlarining birida o'g'lim bilan shahrimizdagi Pushkin maydoniga tutash yerda joylashgan “Ertak shaharcha”siga keldik. “Shaharcha”ga Darxon tomondan kirsangiz, bir qo'lida nayza, ikkinchi qo'lida qalqon tutgan rus “shoh”lari sizni qarshi oladi. Yog'ochdan ishlangan uychalar tepasiga “Oltin xo'rozcha”ning aksi tushirilgan. Favvora o'rnatilgan pastlikda esa “Oltin baliq va baliqchi chol haqida ertak”ning (A.Pushkin) qahramonlari — noshukur kampir va beozor chol. Bir qarashda o'zingizni ertak ichiga kirib qolgandek his qilasiz. “Shaharcha” ota-onalar va bolalar bilan gavjumligidan ko'pchilikka bu joy ma'qul bo'lsa kerak, degan fikr uyg'onadi kishida.
— Yo'q, bu joy bizga yoqmaydi, — deydi o'zini Shavkat Ahmadov deb tanishtirgan yigit.
— Yana nima kam, deb o'ylaysiz?
— Birorta ham o'zbek xalq ertaklarining qahramonlari qo'yilmagan…
— Qanday ertaklarni bilasan? — deb so'radim yetti yoshli Shahnoza ismli qizchadan.
— “Oltin baliqcha”, “Oltin xo'rozcha”…
— Alpomishni eshitganmisan?
Ha, Alpomishni bilishmaydi. Uning kuchi bilagiga sig'masligini, do'sti deganda jonidan kecha olishini bilishmaydi… Agar bolalar bog'chalari yoki kafelari shu nom bilan atalganda edi, tanishardi, qiziqishardi, bilishardi… Shahrimizdagi xo'randalar bilan hamisha gavjum kafelarga “Buratino”, “Kolokolchik”, “Zolotoy petushok” deb nom qo'yib tashlangan”.
Sho'ro saltanatining kuch-quvvati to'la davrida (garchi qayta qurish davri bo'lsa-da) bunday maqola yozish va chop ettirish hammaning ham qo'lidan keladigan ish bo'lmagan. Qolaversa, maqolada ko'tarilgan muammo bugun ham bartaraf etilgani yo'q, balki, inglizcha, xitoycha va yana boshqa ajnabiy so'zlarda shakli va shamoyilini biroz o'zgartirgan, xolos.
Men esa Guljahonni avval yaxshigina shoira deya tanigan bo'lsam, matbuotdagi dolzarb mavzudagi maqolalari bois kuyinchak publitsist-jurnalist sifatida kashf etdim.
* * *
Har qanday ijodkorning shakllanishida u voyaga yetgan oilaviy muhit muhim ahamiyatga ega. Gulbahorning otasi Omon Mardonov tumandagi taniqli ziyolilardan bo'lsa, onasi Xadicha Xudoyqul qizi fikri toza, ohori o'chmagan maqol va matallarni, alla-yu xalq qo'shiqlarini maromiga yetkazib aytadigan yodkash ayol edi. Guljahondagi ma'rifatga, adabiyotga bo'lgan mehr ota-onasi tufayli paydo bo'lgan, desak, adashmagan bo'lamiz. Yana bir gap. Ijodkor qaerda yashamasin, u bolaligi o'tgan makondan uzoqlashib ketolmaydi. Shukur Xolmirzayev Boysun, Murod Muhammad Do'st Galatepa, Nazar Eshonqul Tersota, Nurilla Chori Qizg'aldoq, Temirpo'lat Tillayevlar uchun Elsaroy qanday ahamiyat kasb etsa, Guljahon Mardonova uchun ham chor-atrofi qir-adirlar bilan o'ralgan Badaxshon qishlog'i ham ana shunday sir-sinoatga to'la ma'vodir…
Albatta, olis qishloqdan katta orzu va umidlar bilan Toshkentday shahri azimga kelib, o'z o'rnini topish oson kechmadi.
Guljahon Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zbekiston Milliy universiteti)ning jurnalistika fakultetini tamomlagach, nashriyotlarda, “Yoshlik” va “Saodat” jurnallarida mehnat qildi. So'ngra O'zbekiston radiosida katta muharrir, “O'zbekiston”, “Yoshlar”, “Sport” telekanallarida muharrir, bo'lim boshlig'i lavozimlarida ishladi.
Bugun esa u O'zbekiston Milliy Axborot agentligi ilm-fan va innovatsiyalar bo'limi boshlig'i sifatida faoliyat ko'rsatib kelmoqda.
U tadqiqotchi sifatida allalarning tarbiyaviy imkoniyatlari, ijtimoiy-psixologik xususiyati masalalarini chuqur tadqiq etib, 2019 yilda “Oilada bolalarni alla vositasida ma'naviy-axloqiy tarbiyalashning pedagogik imkoniyatlari” mavzuida pedagogika fanlari bo'yicha falsafa doktorligi dissertatsiyasini yoqladi. 2024 yili esa “O'zbek nikoh to'yi marosimi folklorining genezisi, janrlar tizimi va poetikasi” mavzuida filologiya fanlari doktori degan qutlug' nomni himoya qildi.
Guljahon uchun yuqoridagi ilmiy natijalar osongina qo'lga kiritilgan emas. U shaxsiy ekspeditsiya tashkil etib, Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Andijon, Namangan, Farg'ona, Toshkent viloyati hamda Toshkent shahri, Qoraqalpog'iston Respublikasidagi yuzlab qishloq va ovullarni poyu piyoda kezib, xalqimizning o'lmas boyligi bo'lgan folklor namunalarini to'pladi.
* * *
Donolar ilm bilan mashg'ul bo'lishni igna bilan quduq qazishga mengzashgan. Darhaqiqat, shunday. Ayniqsa, o'sha ilm sohibi ayol kishi bo'lsa-yu, uning kattagina ro'zg'ori, uch nafar farzandi bo'lsa… bu yog'ini o'zingiz anglab yetavering.
Baxtiga, umr yo'ldoshi Islomjon tushunadigan yigit chiqdi. Mushkul paytlari qo'llab-quvvatladi, yelkadosh bo'ldi. Qolaversa, uning o'zi ham jahon adabiyoti durdonalarini sevib o'qiydigan zukko kitobxon, Agata Kristi asarlari muxlisi va tarjimoni bo'lsa… Yaqinda Islomjon Germaniya va Kavkaz, Eron adabiyotshunoslari o'rtasida muallifi qaysi millatga mansub ekanligi tortishuvlarga sabab bo'lib kelayotgan Qurbon Saidning “Ali va Nona” romanini mahorat bilan o'zbek tiliga o'girib, nashriyotga topshirdi.
Guljahon esa folklor namunalarini to'plash, ularni targ'ib qilish barobarida o'ndan ortiq ijtimoiy-siyosiy nashr, risolalar, metodik qo'llanmalar va yuzga yaqin maqolalari bilan xalq og'zaki ijodining umriga umr qo'shmoqda. Uning xalq og'zaki ijodi, urf-odatlar, milliy merosimiz targ'ibotiga bag'ishlangan maqolalari folklor janrlari asosida etnopedagogik ahamiyatga ham egadir. Guljahon Mardonova muallifligida tayyorlangan qator kitoblar folklorshunoslik, etnopedagogika, falsafa, tarix, pedagogika sohasida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar uchun qimmatli manba hisoblanadi. Uning “Nur to'la uy” kitobi Yevropa va Rossiya davlat kutubxonalari oltin xazinasidan joy oldi. Ushbu to'plam Guljahon Mardonovaning O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O'zbek tili, adabiyoti va folklori instituti huzuridagi Hodi Zaripov nomli folklor arxiviga topshirgan 10-to'plami hisoblanadi. Bundan tashqari, u ilmiy faoliyati davomida o'zbek allalari hamda jahon onalari kuylaydigan allalarni qiyosiy taqqoslab, ularning ijtimoiy-psixologik xususiyatlari, tarbiyaviy imkoniyatlari bilan bog'liq masalalarni oydinlashtirishga, xalqimizning milliy qadriyatlari, urf-odatlari va etnopedagogik qarashlari tahliliga ham katta e'tibor qaratdi. Mamlakatimiz viloyatlari bilan bog'liq xalq qo'shiqlari, urf-odatlar, marosimlar, milliy o'yinlarni yozib olish, targ'ib qilish bilan bog'liq samarali faoliyati uchun O'zbekiston Jurnalistlar va Yozuvchilar uyushmalari hamda Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi, “Ma'rifat” targ'ibotchilar jamiyati a'zoligiga qabul qilingan.
U “Yil ayoli — 2019” milliy tanlovining “Yilning eng faol ijodkori” nominatsiyasi g'olibligini qo'lga kiritgan. Xalq og'zaki ijodi janrlarini to'plashga targ'ib qilish, umrini uzaytirishga qo'shgan hissasi uchun xalqaro “Oltin meros” xayriya jamoat fondining vasiylik kengashi qaroriga ko'ra “Oltin meros” medali, jamiyat hayotidagi faolligi uchun “Mo''tabar ayol” ko'krak nishoni, O'zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi ko'krak nishoni, 2022 yilda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoniga ko'ra “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
* * *
Guljahon Mardonova qalamiga mansub “Alla aytay, jonim bolam”, “Xushro'ylik sirlari”, “Farzandingizga o'yinlar”, “O'zbek xalq qo'shiqlari”, “Onam aytgan allalar”, “Ori qo'shiq bo'lgan yurt”, “Milliy-ma'naviy qadriyatlar va komil inson tarbiyasi”, “Oilada bolalarni alla vositasida ma'naviy-axloqiy tarbiyalash”, “Istiqloldan yashnayotgan yurt”, “Ertaga quyosh chiqadi”, “Quyoshim — enam” kabi asarlar allaqachon muxlislari mulkiga aylandi. Shuningdek, ijodkor singlimizning gazeta-jurnallarda, ensiklopediyalarda (o'zimizda va xorijda) chop etilgan maqolalari ham anchagina…
Yaqinda Guljahon o'zi tug'ilib voyaga yetgan Badaxshon qishlog'ida Mustaqillik bayrami munosabati bilan o'tkazilgan tadbirda ishtirok etib, padari buzrukvori Omon Mardonov nomida ta'sis etilgan va har yili eng a'lochi yoshlar hamda ustozlarga topshiriladigan maxsus diplom va pul mukofotlarini g'oliblarga topshirdi. Mazkur maktabni bu yil 36 nafar o'quvchi tamomlagan bo'lib, shulardan 21 nafari mamlakatimizning nufuzli oliy ta'lim muassasalariga talabalikka qabul qilindi. Guljahon Mardonova yuqori natijaga erishgan yoshlardan 1 nafarini 1-o'rin, 2 nafarini 2-o'rin va 3 nafarini 3-o'rin sohiblari sifatida rag'batlantirdi. Shuningdek, maktabning faol va tashabbuskor 2 nafar o'qituvchisi ham esdalik diplom va moddiy rag'batlantiruvchi mukofotlariga sazovor bo'ldi.
— Bu yil mukofotlanganlar soni uch nafarga ko'paydi. Kelgusida mukofot nufuzini yanada oshirish niyatim bor. Bu tashabbus yoshlar va ustozlar uchun katta rag'batlantiruvchi kuch bo'lishiga ishonaman, — dedi Guljahon o'z ishidan mamnun bo'lib.
Yana bir gap: kuni kecha “Guljahon Mardonova “Ko'kka uchgan tulporlar” nomli yangi roman yozib, nashrga topshiribdi”, degan xushxabarni eshitib, ko'nglim tog'dek ko'tarildi.
Ha, Qamashining chekka Badaxshon qishlog'ida tug'ilib voyaga yetgan, yetuk jurnalist, adiba va olima ijodkorning qo'lidagi qalami yurtimizni va uning qalbi qaynoq odamlarini madh etishdan aslo to'xtamasin, deya niyat qilib qolamiz.
O'rolboy QOBIL