Tinchlik uchun jonin tikkanlar

Tinchlik va sog'liq eng ulug' ne'matlardan biri ekanligini yaxshi bilamiz. Har bir o'zbek xonadonida keksalarning, yoshi ulug'larimizning  yurtga tinchlik, elga omonlik so'rab duo qilishlari qadriyatga aylangan. Bu bejiz emas. Chunki yurt tinch bo'lmasa, el osoyishta bo'lmasa, bari bekor. Ming-ming yillik qadriyatga aylangan ushbu hayot mezoni hikmat ekanligi bugun dunyoga boqqan har bir kishi uchun ayon haqiqatdir. Axir yer yuzining qanchadan-qancha yurtlarida ana shu ulug' ne'mat yo'q. Tinchlik yo'q. Odamlarning tinch-xotirjam yashashi eng katta orzuga aylangan. Shu boisdan ham biz ana shunday osoyishtalikni, xotirjam hayotni qadrlaydigan, qadriga yetadigan xalqmiz.

Biroq… Tinchlik va osoyishtalik o'z-o'zidan bo'lmaydi. Bugun el osoyishtaligini saqlash, odamlarning xotirjam hayotini ta'minlash yo'lida kechayu kunduz xizmat qilayotgan insonlar mehnatining mas'uliyat va mashaqqatini barcha ham birdek tushunib, ularga ko'mak bermagan taqdirda ham, hech bo'lmaganda, xolis nazar bilan baho bera olyaptimi?

Birgina mushohada: hech kuzatganmisiz, agar biror joyda uch-to'rt odamning astoydil tortishib turgani yoki rosmana janjallashayotganiga shohid bo'lgan ko'pgina yurtdoshlarimiz ularning yoniga borib, ajrata oladimi? Tan olib aytganda, bunday vaziyatda ko'pchilik uchun eng ma'quli tomoshabinlik yoki ko'rib ko'rmaslikka olish, shunday emasmi?

Albatta, bunday vaziyatlarda o'z tinchini o'ylamaydigan, har qanday nizoli holatlarda yurtdoshlarini tinchlantirishga urinadiganlar va shu yo'lda hatto ba'zan jabr ko'radiganlar ham ichki ishlar xodimlari hisoblanadi.

To'g'ri, bu ichki ishlar xodimlarining vazifasi, burchi deymiz. Ammo shu jarayonda ham tortishuvni bartaraf etib, aybdorlarni tegishli jazoga tortayotgan ichki ishlar xodimlariga yordam berish o'rniga, ularning yurish-turishi, gap-so'ziyu harakatidan ayb qidirishga urinadiganlar istagancha topiladi.

Shunday toifadagilar atrofda turib o'z xizmat vazifasini bajarayotgan xodimlarga turli luqmalar tashlab, aql o'rgatadilar, ularning o'z xizmat vazifalarini bajarishiga  xalal berishga urinadiganlar ham yo'q emas. Ayrimlar esa uyali telefonlari orqali bunday vaziyatlarni tasvirga olib, qandaydir shov-shuvli voqea yaratishga harakat qilishadi.

“Axir hozirgina o'sha janjallashayotganlarni ajratishga hech kim botinolmayotgan edi. Bu ichki ishlar xodimlari qonuniy harakat qilmoqda, baraka topsin. Jamiyatda yurish-turish qoidalarini buzgan kimsalar aybiga yarasha javobini bersa, aqli kirar”, degan fikr negadir xayollaridan o'tmaydi.

Ha, chunki biz tomoshatalab bo'lib qoldik, bunday holatlarning mohiyati va oqibatini esa keyin o'ylaymiz ko'pincha.

O'ylab ko'ring, bugun yozning jaziramasida kaftdek soya bo'lmagan chorrahada turib, quyosh tig'ida tik oyoqda soatlab xizmat olib borayotgan yo'l-patrul xizmati xodimi o'rniga hech o'zingizni qo'yib ko'rganmisiz? Agar shu xodim bir zum o'z xizmat joyida bo'lmasa, haydovchilar hatto bir-birining ustiga qarab mashina haydashgacha borishining ko'p bor guvohi bo'lganmiz. Chunki hamma shoshadi, ko'pchilik faqat o'zinigina o'ylaydi, faqatgina o'zining mushkuli oson bitsa bas…

Afsuski, ijtimoiy tarmoqlarni kuzatsangiz, ko'p hollarda fuqarolar ichki ishlar xodimlarining qonuniy talabini bajarmaslik holatlari muhokama qilinar ekan, qoidabuzar emas, asosan, ana o'sha xodimga tosh ota boshlashadi. Qildan qiyiq axtarib, uning aybini topishga harakat qiladilar. Bu “g'iybatxona”ning fikrlar oqimi oxir-oqibat qonunsizlik targ'ibotiga, davlat organlari xodimining talabiga bo'ysunmaslikka qaratiladi. Xo'sh, bunday kayfiyatni shakllantirish va ommaga sizdirishdan kim manfaatdor?

Agar xodim xatti-harakatlarida xatoga yo'l qo'ysa, jazolanishi tabiiy. Lekin aksariyat hollarda qoidabuzar yoki jamiyatda yurish-turish tartiblarini qasddan buzayotganlarning yonini olib, ichki ishlar xodimlari harakatini yoppasiga qoralash to'g'rimikan? Ular ham shu yurtning bolasi, shu elning farzandi-ku. Bugun quyosh tig'ida qoraygan shu insonlar ham kimningdir o'g'li, kimningdir yori, kimningdir otasi. Boshqalardan birgina farqi, ular tinchlik uchun, tartib uchun xizmat qilishga bel bog'lagan vatanparvarlar, xolos. Ana shular haqida hamma ham xolis, vijdon bilan o'ylab ko'ryaptimi?

…Joriy yilning 1 iyul kuni Andijon viloyatining Xo'jaobod tumani IIB profilaktika inspektori, katta leytenant Abdurasul Abduvaliyev xizmat vazifasini bajarish vaqtida mardlarcha halok bo'ldi. Prezidentimiz Farmoni bilan marhum A.Abduvaliyev “Jasorat” medali bilan taqdirlandi.

Bu xodim nega bevaqt halok bo'ldi? Beva onaning yolg'iz o'g'li, uch go'dakning otasi bo'lgan Abdurasul Abduvaliyevning hayotda kim o'rnini bosadi endi? U o'limdan qo'rqqanida yoki pichoq ko'targan jinoyatchiga tashlanmaganida, yuqorida aytganimizdek, tomoshabin bo'lib turganida yoki voqea joyiga kechikib borganida ham tirik qolishi mumkin edi-ku…

Lekin bir haqiqat aniqki, o'sha kezda ichki ishlar xodimining fikru xayolida faqat tezroq janjalni bartaraf etish va odamlar hayotini saqlash maqsadi bo'lgani bois ham u boshqalar hayotini asrab qolish evaziga o'zini qurbon qildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda uni so'nggi yo'lga kuzatish marosimi, xizmat faoliyati davomida olingan tasvirlar namoyish etildi. To'g'risi, vijdonli, mehrli inson borki, ko'ziga yosh oldi, marhumning haqiga duo qildi. Og'ziga kuchi yetmagan ayrim insonlar esa shu jarayonda ham “bukrini go'r tuzatar” deganlaridek, ijtimoiy tarmoqlarda o'zining “yiringli fikr”larini bayon etishdan, ushbu fojiali voqeadan ham kir axtarishdan tiyilmadi. Hatto marhumning xotirasi haqqi-hurmati uchun loaqal sukut saqlashga o'zida kuch topishmadi. Shunday paytlarda bunday tor fikrli, savodsiz va imoni sust kimsalar ham insonmikan, deging keladi!..

Tan olib aytish joizki, yangi O'zbekiston davrida IIV tizimlarida o'tkazilgan samarali islohotlar sabab so'nggi yillarda ichki ishlar organlari xodimlari xalqqa yanada yaqinlashdi. Mahallalarda xizmat qilayotgan profilaktika inspektorlarining kundalik faoliyatidan aksar fuqarolarimizning minnatdor ekanliklari ham bor gap. Hududlarda xizmat qilayotgan xodimlarning har bir xonadonga kirib borgani, odamlarning eng ishonchli huquqiy himoyachisiga aylanganini aholining o'zi e'tirof etmoqda.

Birinchi yordam ko'rsatilishi lozim bo'lgan vaziyatlarda ham fuqarolarimiz eng avvalo ichki ishlar xodimlariga murojaat qilishga odatlangan. Bunday holatlarda esa xodimlar hamisha yordamga oshiqadilar.

Buxoro viloyati, Vobkent tumanining “Teraklik” mahallasida faoliyat olib boruvchi leytenant Muzaffar Muzaffarov ichki ishlar organi xodimi xizmat kiyimini kiyganiga endigina 2 yilga yaqin vaqt bo'lgan. U odatdagi ish kunlarining birida reja asosida mahalla hududida yurgan vaqtida 5 yoshli bolakayning sog'lig'i yomonlashib, tili orqaga ketib qolganini aytib yordam so'rashadi. Qishloq joyda “Tez yordam” yetib kelgunicha Muzaffar birinchi tibbiy yordam ko'rsatish bo'yicha olgan bilimlari asosida bolakayga yordam berib, o'ziga keltiradi va hayotini saqlab qoladi.

Qashqadaryo viloyati, Qarshi tumani IIB profilaktika inspektori, kapitan Sherbek To'raqulovga mahalladagilar bir ayolning Qarshi bosh kanaliga o'zini tashlamoqchi bo'lib turgani haqida xabar berishadi. Inspektor voqea joyiga yetib borganida, Boyg'undi mahallasida yashovchi, 2000 yilda tug'ilgan fuqaro M.A. o'zini suvga tashlashga ulgurgan edi. Kapitan Sh.To'raqulov ikkilanmasdan o'zini suvga otadi va fuqaroni qutqarib qoladi.

Samarqand viloyati, Nurobod tumani IIB navbatchilik qismiga tumanning “Do'stlik” mahallasida yashovchi fuqaro M.S. sog'lig'i yomonlashib, o'zining yashash uyida ko'zi yorigani, chaqaloq hojatxonaga tushib ketgani xabar qilinadi. Mazkur xabar asosida voqea joyiga leytenant Sardor Safarov va Behzod Abdurahmonov zudlik bilan yetib borishadi.

Sardor o'raga tushib, bolani olishga, Behzod uni oyog'idan ushlab turishga kelishishadi. Onaga esa tibbiy yordam ko'rsatiladi. Oradan ko'p o'tmay, ikki ichki ishlar xodimi chaqaloqni hojatxonadan chiqarib olishga muvaffaq bo'ladilar. Leytenant Sardor Safarov o'g'il chaqaloqni shifokorlar qo'liga topshiradi. Tan olib aytganda, murg'ak go'dakning yaqinlari ham jur'at qilmagan ishni shu yosh ichki ishlar xodimlari uddalashdi. Keyinchalik bolaga uning xaloskorining ismini qo'yishdi, hozir kichkina Sardor sog'lom holda ulg'aymoqda.

Sirdaryo viloyatining Shirin shahri Amir Temur mahallasidagi 9-uyning 25-xonadonida yuz bergan yong'in holati bo'yicha mahalla ahli yordamga shoshadi. Odamlar ichkarida bolalar borligini, ularni olib chiqish zarurligini aytishar, lekin hech kim bunga botinolmasdi. Ushbu hududda bo'lgan Shirin shahar IIB xodimi, katta leytenant Anvarbek Narkulov zudlik bilan tezkor qaror qabul qilib, o'zini ichkariga uradi va 3 nafar voyaga yetmaganlar: 2019 yilda tug'ilgan J.Jamshidova, 2020 yilda tug'ilgan M.Jamshidova va 2022 yilda tug'ilgan I.Jamshidovalarni yong'in sodir bo'layotgan xonadon ichidan qutqarib olib chiqadi. Shu tariqa bolakaylarning hayoti saqlab qolinadi.

Yana bir misol. Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda tarqagan voqeani ko'pchilik kuzatgan bo'lsa kerak. Bu holat Farg'ona viloyatining Buvayda tumanidagi Yangi qadam qishlog'ida sodir bo'lgan. Ushbu hududda xizmat olib boruvchi Farg'ona viloyati IIB Jamoat xavfsizligi xizmati yo'l-patrul xizmati bataloni yo'l-patrul xizmati inspektori, safdor Azimjon Xalifayev qishloqda joylashgan do'konga suv olish maqsadida to'xtagan vaqtida shu yerda turgan “Neksiya” avtomashinasi o'ng tomon old oynasi yopilishi natijasida salonda bo'lgan yosh bolaning bo'yin qismidan qisib qolganini ko'radi. U darhol avtomashina oynasini sindirib, bolani qutqaradi. O'z vaqtida qilingan tezkor va to'g'ri harakat sabab, bolaga jiddiy ziyon yetmadi. Savdo do'koni kamerasiga tushib qolgan ushbu jarayon keyinchalik internetda tarqaldi.

Xuddi shunday. Ichki ishlar xodimlarining kundalik faoliyati davomida kutilmagan vaziyatlar ko'p uchraydi. Xodimlar bunday yaxshiliklarni nimadir umidida yoki kimdandir e'tirof, maqtov eshitish uchun emas, balki o'z vazifasi, sharafli burchi sifatida ado etadilar.

Bir so'z bilan aytganda, bu jarayonlar bugun ichki ishlar organlarining xalqparvar va xalqqa xayrixoh idora sifatida shakllanib borayotganidan dalolat, albatta.

Yuqoridagi voqealarni hargiz maqtov uchun emas, ta'bir joiz bo'lsa, yon-atrofimizdagi bugungi kun qahramonlarining jasoratidan boshqalar, ayniqsa, yoshlar ibrat olishi uchun aytib o'tdik.

To'g'ri, har qanday sohada bo'lganidek, IIV tizimlarida ham muammolar, yo'l qo'yilayotgan ayrim kamchiliklarni yo'q deb bo'lmaydi. Xatoga, kamchilikka yo'l qo'yayotganlarga esa belgilangan tartibda qonuniy choralar ko'rilayotgani ham bor gap. Ammo sanoqli xato va kamchiliklar yoki kimlarningdir aybli xatti-harakati uchun barcha soha vakillarini, fidoyilarini yomonotliqqa chiqarish ham insofdan bo'lmasa kerak. Axir bilib-bilmay boshqalarga loy otish, ayb axtarish, qoralash eng oson yumush. Zarur kezda mas'uliyatni zimmasiga olib, jonini xatarga qo'yib, kimningdir hayoti uchun kurashishga esa hammaniyam irodasi yetmaydi.

Boshqalar uchun jonini xatarga qo'yish, xaloskor bo'lish, aslida, yigit kishi uchun sharaf hisoblanadi. Bu narsa kasb yoki sohaga bog'liq bo'lmagan, ildizi iymon va vijdonga tutash asl fidoyilikdir.

Istagimiz, yurtdoshlarimiz orasida tomoshabinlar emas, qalb ko'zi ochiq bo'lgan fidoyi insonlar, chinakam vatanparvar va elparvarlar ko'payaversin.

Xurshidbek RO'ZIYEV,

Ichki ishlar vazirining

maslahatchisi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

ten − one =