“Bu kunlarni otam ko'rmadi…”

Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining 33 yilligi munosabati bilan “Shuhrat” medaliga loyiq ko'rilganlar orasida Zaripov Maratjon Rizayevich nomini o'qir ekanman, negadir ayni shu inson e'tiborimni tortdi. Qaysi okrugda xizmat qilayotgan ekan va millati nima? Yo'q, aslo millatchilik yuzasidan emas, ismi va otasining ismi o'zbekcha, ammo o'zining ismi…

Ha, ismlar borasida gapirilganda xalqimiz orasida “Ismi jismiga mos ekan” degan ibora ham tez-tez qulog'imizga chalinadi. Hayotning chigal so'qmoqlari jismni ismga moslashtirsa, ne ajab…

Boltatosh Zaripova to'rt norasidasi bilan beva qolganida endigina 35 yoshni qarshilagan edi. O'shanda bolalarining qorong'i hayotini yoritmoq uchun Boltatosh “bolta” bilan o'tin qildi, “tosh” bilan o't yoqdi. To'ng'ich farzand bo'lgan Maratjon esa onasiga yelkadosh bo'ldi.

O'tgan damlarni og'rinib eslarkan, Boltatosh aya bugungi yorug' kunlar uchun Yaratganga shukrona aytadi. Uka va singillari kelajagiga poydevor bo'lishdan charchamagan Maratjonni alqaydi, duo qiladi. Ha, aytgancha, qahramonimiz bo'lgan Maratjonning ismini gazeta o'qiyotib, Boltatosh ayaning o'zlari topib qo'ygan ekan.

Katta serjant Maratjon Zaripov 1980-yilda Samarqand viloyatining Narpay tumanida tavallud topgan. Harbiy libosni kiyib, Vatanga xizmatni boshlaganiga ham chorak asr bo'libdi. Bu vaqt mobaynida ne-ne mashaqqatlarni boshdan kechirgan qahramonimiz so'zlariga quloq tutamiz…

 

Birinchi topshiriq

 

– Uyimiz katta yo'lning bo'yida joylashgan edi. Serqatnov ko'cha, doimiy avtotransport vositalarining har ikki tomonga tinimsiz qatnashi bizga zavq bersa, onamga doimiy hadik va qo'rquv berardi. Shunday kunlarning birida (olti yoshlarda edim chamasi) katta yuk mashinasi yo'l chetida to'xtab turardi. Sekin qarasam, harbiy libosdagi ikki inson mashina g'ildiragini almashtirayotgan ekan. Otam ham o't o'chirish mashinasini haydagani bois menga bu holat tanish edi. Sekin ular tomon yaqinlasha boshladim. Avvaliga harbiylar menga e'tibor bermadi. Men esa masofani yanada qisqartirdim. Shunda ulardan biri shu atrofda turishimni bilgach, ichish uchun choy yoki suv keltirishimni iltimos qildi. Bu iltimos nazarimda muhim topshiriqdek tuyulgan edi. Vazifani bajarayotib, o'zimni harbiylardek his qilgan edim. Kasbga muhabbat o'shandayoq uyg'ongandi.

 

To'ng'ich farzand mas'uliyati

 

– Maktabni 1997-yilda tamomladim. Kasb tanlashdagi xohish-irodamga qarshi chiqishga majbur edim. Harbiylik kasbini tanlasam, onam ukalarimni boqishda qiynalib qolishini tushunardim. Shuning uchun Farmatsevtika institutiga hujjat topshirdim. Afsuski, ayni o'sha yildan boshlab institutlarda to'lov-kontrakt joriy etilgan edi. Davlat granti asosida qabul qilinishim uchun 3,6 ball yetmadi. Shartnoma asosida o'qishga esa oilaviy ahvolimiz tang edi. Uyga qaytdim. Onamga ro'zg'or tebratishda yordam berishni boshladim. Ammo o'zimdan ko'nglim to'lmas edi.

Oradan ikki yil vaqt o'tdi. 1999-yili muddatli harbiy xizmatni o'tash uchun armiya safiga jo'nadim. Va nihoyat, orzumdagi libosga erishgan edim. Harbiylik kasbini shu darajada yaxshi ko'rardimki, muddatli harbiy xizmatni tugatish arafasida kichik serjant unvonini oldim. Muddat tugadi va uyga qaytdim. Oradan yana ikki yil o'tgach, kasbga bo'lgan sadoqat meni mudofaa ishlari bo'limiga ariza bilan murojaat qilishga undadi. 2002-yili Zarafshon shahrida joylashgan harbiy qismda kontrakt bo'yicha harbiy xizmatni boshladim va bugungi kungacha shu yerda xizmatimni ado etmoqdaman. Xizmatim sharafli va mas'uliyatli. Bolaligim mashaqqat va sinovlarga boy bo'ldi. Bunday sinovlardan olgan tajribam xizmat faoliyatimda o'z samarasini berdi. Sinovlar meni sabrli bo'lishga o'rgatdi.

 

Baxt

 

– Onamning ko'zidagi quvonch men uchun katta baxt. O'zim sevgan sohada faoliyat yuritayotganim baxt. Kasbimdan kamol topganim yana bir baxt. Davlatimizning yuksak mukofoti – “Shuhrat” medaliga loyiq ko'rilishimda ham onam mendan ko'proq xursand bo'ldi. Nazarimda, yutuqlarimdan quvonayotgan onam yoshargandek tuyuladi. Bunday lahzalar menga olam-olam baxt beradi.

Doim vaqtni qadrlashga harakat qilaman. Har narsani o'z vaqtida bajarishga intilaman. Xizmat faoliyatimni boshlaganimdan buyon har kuni ertalab 5:30 da uyg'onaman. Shu kungacha biror marotaba xizmatga kech qolmadim. Bularning barchasini kasbga bo'lgan sadoqatdan deb bilaman. Chunki kasbimni yaxshi ko'raman. Demak, men eng baxtli insonman!

 

Armon

 

– Menda armon yo'q. Hayotimdan ming bora roziman. O'tgan umrimda nimagadir erishdim. Vaqtni zoe sarflamadim. Kerakli vaqtda onamning yonida bo'la olmagandirman, holidan xabar ololmagandirman. Ammo har vaqt onamga suyanch bo'lishga harakat qildim. Bugungi kunda oilamizda barchamiz oliy ma'lumotlimiz. Hatto onamning kelinlari ham o'qimishli. Hech narsadan kamimiz yo'qdek. Biroq goh-gohida shu kunlarni otam ko'rmaganidan afsuslanaman…

 

Sherzod ShARIPOV,

“Vatanparvar”

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nine + 5 =