Gazeta ortiqcha daxmazami?!

Gohida xayollar og'ushi turfa mulohaza-mushohadaga chorlaydi. Tahririyatda muxbir bo'lib ishlaydigan tanishimning aytishicha, o'zaro muloqotlarda, gurunglarda ayrim oshna-og'aynilar unga malomat qilib: “Haliyam gazeta bormi?! Gazetangizni hech kim o'qimaydi-ku, nima keragi bor?..” — der ekan. Ayniqsa, olibsotarlik bilan shug'ullanadigan (o'zini savdogar hisoblaydigan) Davron ko'p kesatarkan. Mashinasi bor, uchastkalarini dang'illatvorgan, gaplariyam butun — puldorligini ham inkor qilmaydi.
— Qulog'imda esa uning “…hech kim o'qimaydi-ku”, degan malomati jaranglayveradi, xomush tortaman, — deya xo'rsindi suhbatdoshim. — Kunlarning birida ancha hayotiy tajribaga ega, mas'ul lavozimda ishlaydigan bir ziyoli professordan intervyu olish asnosida asosiy mavzudan chekinib, shu ichimdagi dardimni aytdim. Shunda faxriy ustoz maslahat berdilar:
— Siz o'sha savdogar tanishingizga: “Gazetani hech kim o'qimaydi-ya! Yaxshi, og'ayni, sening savdo-sotiqdagi qing'irliklaring, kirdikorlaring haqida kichkinagina — ikki satrli “luqma” yozaman. Ism-familiyangni va do'konlaring manzilini aniq keltiraman”, deb aytib ko'ring-chi…
Vaqti kelib, yana haligi ishbilarmon bilan bitta davraga yig'ildik. Buni qarangki, u o'zi men kutgan masalada gap boshladi:
— Hech kim o'qimaydigan gazetalarni chiqarib turibsizlarmi? — degach, davrada odatdagidek kulgi yangradi.
Ammo bu safar men ham bo'sh kelmadim. Gurungning oxirida mavridi kelganida uni chetroqqa chorlab: “Sening savdodagi qing'irliklaring, kirdikorlaring haqida gazetada ixchamgina tanqid yozmoqchiman”, — deb qulog'iga shipshitdim.
— Qo'ysang-chi, oshna, shartmas, nimaga aynan meni yozasan? — dedi o'ng'aysizlanib. — Hazillashamiz-ku, kulishamiz-da… Yana yozvormagin-a?!
— Yozsam nima bo'pti?! — dedim dadillanib. — Buning nimasi yomon? Baribir hech kim o'qimaydi-ku!
Xullas, hazil-huzul-u qahqahalarga yo'g'rilgan izdihom oxirlab, uy-uyimizga tarqaldik. Soatga qarayman: 22:34. O'ringa yotib, ko'zim uyquga ketgan ekan, telefonim jiringladi. Ko'zlarimni kaftim bilan ishqalab, yana soatga qarayman: 23:47. Kim ekan yarim tunda bezovta qilayotgan? Ie, Davron-ku…
— Ha, oshna, tinchlikmi, nima gap?
— Uzr, kech bo'lsa ham bezovta qildim, — dedi Davron xavotirli ovozda, keyin davom etdi, — hazillashamiz-da, bilasan-ku, a, yana chinlikka olib yozvormagin-a…
— Nega cho'chiysan? Xotirjam bo'l-e, baribir hech kim o'qimaydi-e, — dedim kesatiq aralash kulib.
— Ha, to'g'ri aytasan. Lekin hech kim o'qimasa ham yozmay qo'yaver, iltimos…
— Xotirjam bo'l, yaxshi dam ol. Yozmasam yozmasman.
Bir necha soat mobaynida malomatchidan fikr yurituvchi darajasiga ko'tarilgan, yuksalgan Davronjon shu tariqa “gazetani hech kim o'qimaydi” qabilidagi tushunchasini mutlaqo aksiga o'zgartirganligi yaqqol namoyon bo'ldi.
Aytishlaricha, aksariyat “davronjon”lar “obuna majburiy emas” degan niqob ostida gazetani ortiqcha daxmaza hisoblab, mazkur ma'rifat mayog'ini, bunyodkorlik sari intilayotgan jamiyatning tayanch-ustuni, eng muhim ommaviy targ'ibot vositasini zimdan inkor qilishyapti ekan.
Ha, aslida, o'qilmayotgani faqat gazetagina emas, kitoblar mutolaasi ham, har qalay, taraqqiy etgan jamiyatlardagi kabi ommalashmagan. O'ylanib, lol qoladi kishi — dunyoda bajarilishi eng qiyin bo'lgan mashg'ulot ilmiy, badiiy adabiyotlar, kundalik, haftalik gazeta, jurnallar mutolaasimikan?! Bu olamdagi eng oson — xamirdan qil sug'urgandek silliq va ravon yumush esa bu — katta-katta mablag'ni sovurish hisobiga dabdabali to'y qilishmikan?! Ushbu har ikkisining birinchisi insonni dunyo va oxiratda xor qilib, yuzlarini qoraytirib va zalolat-u tanazzulga olib borarmikan?! Ikkinchisi esa ko'zlangan baxt manziliga eltib, najot kemasi yanglig' muqarrar halokatdan qutqarib, bandalarni Robbul olamin huzuridagi martaba-maqomini yuqorilarga ko'tararmikan?!
Ushbu kinoyali savollarga barcha sog'lom fikrlilar hech ikkilanmay “najot — o'qishda, ilmda, bilimda” degan javobni aytishi aniq. Aslida ham shunday-da! Xo'sh, u holda nega jamiyatda — oilalarda, qo'ni-qo'shnilarda, mahallalarda va xesh-u aqrabolar davrasida kitobxonlik, gazetxonlik va ilm tahsili ustuvor ahamiyatga ega emas? Taassufki, aynan gunoh-u ma'siyat va albatta, oxiri xayrli bo'lmagan qabohat, ya'ni, to'y-u ma'rakalardagi dabdababozlik, xo'jako'rsinlik illatlariga esa allaqachon mukkasidan ketib, bunday mubtaloyi dardi bedavoga yo'liqib bo'lingan. Ana shunday tuzalmas kasallikning davosi nima ekan-a?! Axir bular har qancha yozib, bong urilgani sari kamayish o'rniga tobora sayqallanib, yanada dolzarblashib boraveradigan aslo eskirmas-u barham topmas mavzuga aylanib bormoqda-ya?! Holbuki, mutolaasizlik-fikrsizlik ortidan urchib, jamiyatni ma'naviy-madaniy, axloqiy jihatdan turg'unlik botqog'iga botirayotgan illatlar faqatgina dabdababozliklardagina mujassam emas-da.
Beshikdan qabrgacha izlanib, intilib rioya qilinishi oliy qadriyat hisoblangan o'qish (kitobxonlik, gazetxonlik) jarayoni ustuvor tamoyil o'laroq keng ommalashmagani oqibatida kutilganidek natijalarga erishish mumkinmikan?! Holbuki, mamlakatimizda demokratik davlat va erkin fuqarolik jamiyati barpo qilinmoqda. Bunday taraqqiyparvar jamiyatning esa to'rtta ustuni bor: 1. Axloqiy madaniyat. 2. Siyosiy madaniyat. 3 Huquqiy madaniyat. 4. Uzoq va yaqin tarixni yaxshi bilish va tarixiy xotiradan xulosa chiqarish, saboq olish. Bunday yuksak madaniyatlarni shaxs ongida, jamiyatda kim shakllantiradi? Seriallarmi?! Yegulig-u rangli ichimliklarni va dorilarni tinimsiz targ'ib qilayotgan reklamalarmi?! Telefonmi yoki internetmi?! Yoxud oldi-qochdi tezkor xabarlarmi?!
Nahotki “Qorin to'q, megabayt mo'l, qayg'u yo'q. Ahvolim zo'r. Baxtliman: mana, to'yimni, mashinamni ko'r! Hashamlarga ko'zim aslo to'ymaydi! Kitob va gazetani esa hech kim o'qimaydi”, qabilidagi ustuvor “yallomijoz” shiorlar og'ushida umrguzaronlik qilayotgan bo'lsak?!
Xullasi kalom, obunaning majburiy yoki ixtiyoriyligi yuzasidan ja “donolarcha” bosh qotiramiz. Xo'sh, dabdababozlik-chi?! Isrof-u bid'at-xurofotlarga jaraq-jaraq pulni ayamay bajonidil xarjlash-chi?! Majburiymi yo ixtiyoriymi?! Bunday gunohi kabiralarga majburlayotganlar ustidan shikoyat qilib, ularga qat'iy chora ko'rib, chek qo'yib, ixtiyoran kitobga, gazetga — ilm-u irfon-u hidoyatga intilish vaqti allaqachon kelmadimikan?
Muhiddin MAG'ZUMOV,
jurnalist.