Iztiroblar va quvonchlar

Har gal Narpay tumani markazi Oqtosh shahriga borganimda, albatta, o'zim ishlagan qadrdon dargoh — “Paxtakor ovozi” (hozirgi “Navqiron Narpay”) gazetasi tahririyatiga kirib o'taman.

Buning ikkita sababi bor. Birinchisi, ilk maqolam “Paxtakor ovozi”da chop etilgan. O'sha paytdagi quvonch hamon yodimda. Ikkinchisi esa, 1980 yil boshida faoliyatimni shu tahririyatda boshlaganim va bu dargohda Toshpo'lat Toshmurodovdek mohir va jasur jurnalist bilan tanishib, yillar davomida baqamti ishlaganim.

Yaqinda kasb bayramimiz bahona yana qadrdon tahririyatimga keldim va bu dargohda keyingi yillarda amalga oshirilgan ishlarni ko'rib, uning tashabbuskori, tajribali jurnalist Toshpo'lat Toshmurodov faoliyati haqida yozgim keldi.

Toshpo'lat aka 1949 yilda Qozikent qishlog'ida tug'ilgan. Ilmparvar muallim va ma'naviyatli insonlar oilasida tarbiya topdi. O'rta ta'limni qishloq maktabida oldi, keyin Xorazm davlat universitetida o'qidi.

Dastlab voha universitetida talabalarga dars berdi, keyin poytaxtda ilmiy xodim bo'lib ishladi. 1974 yilda qadrdon qishlog'iga qaytib kelib, “Paxtakor ovozi” gazetasi tahririyatida faoliyatini davom ettirdi. Musahhih, muxbir, bo'lim mudiri, mas'ul kotib, qisqasi, tahririyatda nimaiki lavozim bo'lsa bajardi, nomi chiqdi. O'tkir mavzularda maqolalar yozdi, qalami charxlandi.

Toshpo'lat aka 1984 yilda bosh muharrir etib tayinlandi. Haftasiga uch marta chop etiladigan gazeta materiallarini tayyorlash, texnik jarayonlarini kuzatish, muxbirlarga munosib sharoit yaratish oson emasligini hamkasblarimiz yaxshi biladi. Ayniqsa, tezkorlik, tanqidiy nigoh, maqolalarning o'qishliligi, badiiy sayqalga e'tibor qaratilardi. Bu sa'y-harakatlar boshida, albatta, Toshpo'lat aka turar, buning uchun esa undan katta mehnat va mahorat talab qilinardi. Eng muhimi, uning o'zi maqola yozishda hammaga namuna edi: qalami o'tkir, to'g'ri va aniq dalillarga tayanib ravon, o'qimishli yoza oladigan jurnalist edi.

Tahririyatga ishga kelganimda Toshpo'lat aka “Jurnalist jonkuyar va ishlab tolmas bo'lishi kerak, buning uchun u tinmay yozishi, o'z ustida ishlashi, taniqli jurnalistlar hayoti, ish jarayonini o'rganib borishi kerak. Shundagina mahoratli muxbir bo'la oladi”, degan edi. Men uning o'gitlariga faoliyatim davomida amal qildim.

Ustoz bugun ham jurnalistlar safida. Qirq yildan buyon muharrir bo'lib ishlab kelmoqda. Qirq yillik iztirob — qirq yillik quvonch. Bu azob, iztirob, mashaqqatli yo'lni sabr, chidam, fidoyilik bilan bosib o'tdi. Ham siyosiy, ham ijodiy jarayonlarda toblandi. O'nlab shogirdlar tayyorlab, ularni elga tanittirdi.

— Matbuot — xalqning beminnat yordamchisi, tevarak-atrofdagi yangiliklarni aks ettiruvchi ko'zgu, — deydi Toshpo'lat aka. — Gazetada bosilgan maqola sizni ta'sirlantirsa, fikrlashga, mushohada qilishga chorlasa qanday yaxshi. Bugun gazetamizni ana shunday o'qimishli qilishga intilyapmiz.

Toshpo'lat aka faoliyati davomida siyosatchi sifatida ham elga tanildi, xalqning dardiga darmon bo'ldi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari tuman Kengashi deputati bo'lib, xalqning og'irini yengil qilishda bilim va mahoratini ayamadi.

Soha jonkuyarining faoliyati munosib taqdirlandi, u 2019 yilda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni bilan “Shuhrat” medaliga sazovor bo'ldi.

Bu insonning do'st-qadrdonlari ko'p. Yaqin kishilarini og'ir-engil kunlarida yo'qlaydi, ahvolidan xabar oladi. O'zi yaxshi ko'radigan insonlarining e'tiborida bo'lgisi, ularni ham e'zozlagisi keladi. U bugun katta ustoz. Har bir shogirdi uchun jon kuydiradi. Jurnalist mahorati, axloqi me'yorlarini tushuntirishdan erinmaydi.

— Hamfikrim, umr yo'ldoshim Gulchehraxon bilan besh nafar farzandni voyaga yetkazdik. 21 nafar nevara va chevara davrasida suyukli bo'lib yashayapman, – deydi ustoz. Yetkazganiga shukur!

Jo'shqin DOVUROV,

Narpay.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

11 + fifteen =