Moziyni uyg'otgan olim

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, tarix fanlari doktori, professor Rustambek ShAMSUTDINOV haqida so'z
1990 yil oxirlab borardi. Sobiq sho'rolar ittifoqiga a'zo respublikalarda, shu jumladan, O'zbekistonda ham mustaqillik haqida gap-so'zlar chiqib qolgandi. Vijdoni uyg'oq, xalqparvar olimlar esa tarix fani qay tarzda o'qitilishi lozimligi ustida taklif-mulohazalarini matbuotda ko'tarib chiqish iddaolari bilan tahririyatimizga maqola olib kelardi.
“Sovet O'zbekistoni” gazetasi tahririyatida mas'ul kotib o'rinbosari bo'lib ishlardim. Rustam Shamsutdinov fan va madaniyat bo'limi boshlig'i, rahmatli Mirzakarim Pirmatov oldiga tez-tez kelib turardi. 1991 yil 8 yanvarda uning “Har birimiz uchun muqaddas” nomli maqolasi “Sovet O'zbekistoni”da e'lon qilingan kunlari katta shov-shuv bo'lib ketdi. Maqolada O'zbekiston tarixi yangicha talqin, yangicha yondashuv va yangicha baholanishni kutyapti, har bir oliy bilimgohda jumhuriyatimiz tarixiga oid kafedra bo'lsin, “O'zbekiston xalqlari tarixi” o'quv qo'llanmasi tezroq yozilishi kerak, degan masala ko'tarib chiqilgan edi. Bu maqola ramziy ma'noda bomba portlashi bo'lgandi.
Odamiylik fazilatlari bilan elimiz nazariga tushgan olim, iqtisod fanlari doktori, professor Odil aka Olimjonovning taklifi bilan andijonlik zabardast olim Rustam aka Shamsutdinov huzuriga yo'l olganimda, yuqoridagi voqea yodimga tushdi.
Yil sayin kamayib borayotgan bo'lsa-da, xayriyatki, umrini gazetasiz, kitobsiz tasavvur qila olmaydigan, kasb-kori turli xil bo'lsa ham, maqolalar yozadigan ma'rifatli insonlar bor. Odil aka ham shunday xislat egalaridan biri. Undan Rustam Shamsutdinovning tarix haqiqatlarini tiklash yo'lidagi xizmatlari haqida eshitib, to'g'risi, shunday benazir olim haqida yozishga oshiqdim…
Andijon davlat universiteti tuzilmasidagi “Qatag'on qurbonlari xotirasi” muzeyiga kiraverishdagi katta pannoda andijonlik qatag'on qurbonlarining suratlariga birma-bir qarayman. Ehhe, Turkiston, millat, til, adabiyot taqdiri uchun kurashib, uch mingdan ortig'i ayanchli “qismat” topgan qatag'on qurbonlari suratlariga tikilib, qattiq ta'sirlandim.
Ro'paradagi gulzorni sug'orayotgan, yoshi yetmishlar chamasidagi oqsoqoldan muzey qachon ochilishini so'radim.
— Muzey xodimlari kelishgan bo'lsa kerak, kirish orqa tomondan-da, — dedi u. — Kimni izlab keldingiz?
Rustam aka Shamsutdinov nomini eshitishi bilan yuzi yorishib ketdi. U universitet obodonlashtirish bo'limida uzoq yillar boshliq bo'lib ishlab, pensiyaga chiqsa-da, bog'bonlikni davom ettirayotgan ekan. Gazeta jurnalisti ekanimni bilib, domla Shamsutdinov haqida gapirib ketdi.
— Rustam aka kambag'alparvar inson, — dedi u. — Ko'pincha bog'bonlar, qorovullar ishlab turgan paytimizda, “bugun necha kishisizlar?” deydi-da, shunga qarab qo'limizga pul beradi. “Osh damlab yenglar”, deydi. Juda qo'li ochiq, mard inson.
Binoni aylanib o'tgunimizcha bog'bondan Rustam aka haqida ancha iliq gaplarni eshitdim. Yaxshilikning ortidan yaxshi gap keladi-da!
U kelishilgan vaqtda muzeyga yetib keldi. Xodimlari xuddi otasini kutib olgan farzandlardek domlani qarshi olishdi. Qaddi-qomati, harakat-g'ayratidagi sokinlik nuroniy jismiga yarashib turibdi.
“Yoshingizga yetib yuraylik, domla, umringiz yanayam uzoq bo'lsin!” deb ko'nglimdan o'tganini bildirib qo'ydim.
Andijon davlat universiteti tuzilmasidagi “Qatag'on qurbonlari xotirasi” muzeyi zallaridan oralab direktorning xizmat xonasiga kirdik.
— Shevangiz bizlarnikiga yaqin ekan, qaerda tug'ilgansiz? — deb so'radi Rustam aka.
— O'shning Aravonidanman.
— Habib Abdullayevning yurtidanmisiz?
— Ha.
— Habib Muhammedovich bilan Moskvada aspiranturada o'qiganimda tanishganman. Birinchi ko'rishganimizdayoq nazariga tushib qoldim. U o'zbekistonlik aspirantlarga, doktorantlarga cheksiz mehribon edi. Bizlarga pul berardi, issiq ovqatlar tashkil qilardi. Aytishlaricha, uning tashabbusi bilan O'zbekistondan borgan olimlar uchun yotoqxona ham qurib berilgan ekan. Shaxslarsiz tarix bo'lmaydi. Akademik Habib Abdullayev tarixiy shaxs bo'lgan.
Aravonning havosi musaffo, anjir, anorlari boshqacha shirali bo'ladi-da, — deydi u.
— Toza havosiga ko'z tegdi, Aravon tog'lari ham yem bo'layotir, tog' etagida sement zavodlari qurilgan, — deyman.
— Aravonga qo'shni Buloqboshining Shirmonbulog'ida ham sement zavodlar ko'payib ketdi. Zamona zayli shu ekan. Tog'lar yemirilayotir, ekologiya buzilayotir, shiddat bilan baland-baland binolar qurish davom etayotir.
Rustam akaning eslashicha, O'sh arxivida ishlagan payti — 1961 yili viloyatdagi o'zbek tilida chiqadigan “Lenin yo'li” gazetasida uning birinchi maqolasi bosilgan ekan.
— Maktabda o'qib yurgan chog'larimda “Lenin yo'li” gazetasida mening ham yigirmadan ortiq maqola va xabarlarim chiqqan edi, — deb domlaga maqtanib qo'ydim.
Rustam aka ko'ngli ochiq, samimiy suhbatdosh ekan. Bir zumda gapimiz gapimizga qovushib, qadrdonlardek bo'lib qoldik.
“Qatag'on qurbonlari xotirasi” muzeyiga “muzeylar muzeyi” deb ta'rif berilgani bejiz emas ekan. Domla bilan shu qutlug' dargoh zallarini ohista aylanamiz. Bu muzeyni qatag'on tegirmoni girdobiga g'arq bo'lgan andijonlik uch mingdan ortiq mazlumlar uchun qurilgan qasrga o'xshatdim. O'tgan kunlardagi Andijonni yaxshiroq bilmoqchi bo'lganlar, albatta, muzeyga bir kelsin, ko'rsin, tafakkur qilsin. Umrini, ko'z nurini ilmga baxshida etgan, sir-sinoatlari temir pardalar ortiga yashiringan ayanchli taqdir egalari ruhlarini shod etishdek savob ishni qoyil qilib uddalagan, pirovardida muzey bunyod etgan ulug' olimga ta'zim qilsin!
— Qatag'on qurbonlari haqida ma'lumot yig'ishga ancha yillik umringizni bag'ishlabsiz, katta mablag' sarflabsiz. Bu qadar jonfidolikning sababi nima? — deya domlaga yuzlandim.
— Rahmatli Temurbek katta dadamning ukasi Abdujabbor qori Asqarovni diniy ulamo bo'lgani uchun 1937 yili NKVD jallodlari olib ketishadi, — deya domla g'amgin hikoyasini boshladi. — Katta dadam ukasining izini qidirib Moskvagacha borgan ekan. Qanchalik urinmasin, hech qanaqa ma'lumot topa olmaydi. Men ham O'zbekiston maxsus idoralari va Rossiya Federatsiyasining turli o'lkalaridagi federal xavfsizlik xizmatlari arxivlariga kirib qidirdim. Abdujabbor qori Asqarov haqida biror-bir hujjat topmadim.
Qatag'on yillarida qancha taqdirlar shunday mavhumlikka ko'milib ketgani haqida o'ylashning o'zi juda og'ir.
Muzeyni tashkil etishdagi domlaning mashaqqatlari haqida batafsil yozsam, gazeta sahifalari to'lib ketadi. Shu yoshda ham teran fikrlaydigan, quvvai hofizasi kuchli, tarix fanining bilimdon olimi huzurida o'zimni judayam ojiz sezdim. Rustam akaning hikoyalarini tinglab, tarixni bilganimdan bilmaganim ming chandon ko'p ekanligiga amin bo'ldim.
Domlaning atrofida bir-biridan madaniyatli, yuz-ko'zlaridan ham ustoziga mehru muhabbati balqib turgan shogirdlarini kuzatib, havas qildim. Haqiqiy olim bo'lish baxt ekan, saodat ekan.
— Men ustozimdan eng avvalo ilmga sadoqat, aniq dalillarga asoslangan fikrlash va muntazam izlanishda bo'lish kabi yuksak fazilatlarni o'rgandim, — deydi tarix fanlari bo'yicha falsafa doktori (PhD) Azizbek Mahkamov. — U kishining har bir ilmiy ishlarga yondashuvi, tanqidiy fikrlash uslubi va talabchanligi menga katta ibrat bo'ldi. Shuningdek, ustozimdan ilmga halol xizmat qilish, plagiatdan yiroq bo'lish va o'z fikrini mustaqil bayon eta olishni ham o'rgandim.
Ilmiy faoliyati davomida Rustambek Shamsutdinov 3 nafar fan doktoriga, 16 nafar fan nomzodiga rahbarlik qilgani, hozir yana o'nga yaqin yosh tadqiqotchilar ustozi izidan borayotgani ham uning olimlik salohiyati qanchalik yuqoriligidan darak berib turibdi.
— Ilm bilan, fan bilan tirikman, — deydi u. — Ilmli ustozlarning nazarini topgan omadli olimlardanman. Hayotim kitob va gazeta bilan zavqli. Har kuni olti-etti qog'oz yozmasam bo'lmaydi.
— “Jadid” gazetasining deyarli har sonida qatag'on qurbonlari haqidagi maqolalaringiz bosilib turibdi, — deyman domlaga. — Shu mavzudagi gazetalarda bosilgan maqolalaringizni muzeyga ham qo'yibsiz. Endi bir taklifim bor. Sizdek noyob iqtidorli farzandni tarbiya qilgan ota-onaning qabrini ziyorat qilmoqchiman.
— Dilimdagi tuyg'uni sug'urib olyapsiz, qalbimga o't yoqdingiz!
Domlaning dil so'zi meni ham ta'sirlantirib yubordi…
“Eyvoy ota” qabristoni. Domlaning otasi Temurbek o'g'li Shamsiddin, onasi Rahimberdi qizi Hurtojixon qabrlari yonma-yon ekan. O'tganlar ruhiga tilovat bag'ishladik.
— Ko'rgan-bilganning farzandi bo'lib dunyoga kelish ham baxt, — deydi u. — Rahmatli otamdan, onamdan olgan hayot saboqlarim meni odam qildi, meni olim qildi. Otangga qilsang, bolangdan qaytar ekan. Farzandlarim, o'g'illarim meni ham, onasi rahmatli Fotimaxonimni ham hech qachon, hech narsaga muhtoj qilmadilar. Dunyoning besh qit'asini ko'rdik. Ilmim meni olimlar davrasida aziz qilgan bo'lsa, o'g'illarim meni odamlar davrasida aziz qildi. Tunu kun ular haqqiga duodaman.
Sakson olti yoshida chet elda ishlab chiqarilgan zamonaviy elektromobilni boshqargan domlaga, iloho, ko'z tegmasin. Shahar ko'chalarini oralab ahli ayoli dafn etilgan qabristonga bordik. Fotimaxon hoji ona qabri ustida alvon gullar ochilibdi. Havo harorati qirq darajadan ortiq bo'lsa-da, qabr yonida mayin shabada esib turibdi. O'n bir marta “Ixlos” surasini o'qib, qabristonda yotganlar, xususan, Fotima onamiz haqqiga bag'ishladik.
— Ayolimning janozasini shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf o'qigan edi. Shayx hazratlari oilamizning do'sti edi. Azim Toshkentdan kelib, aziz insonlarim qabrini ziyorat qilganingiz uchun rahmat, — deydi u xursand bo'lib.
O'zim ham ruhan yengil tortdim…
— Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tufayli biz kabi olimlarga munosib shart-sharoitlar yaratildi, — deydi u. — Har safar Yangi yil bayrami arafasida Prezidentimizdan tabrik xati olganimda, boshim osmonga yetadi. Qayta-qayta duo qilaman.
Rustam Shamsutdinov bilan ikki kunlik suhbatlar asnosida olgan taassurotlarimdan bir shingil bayon qildim, xolos.
O'zbekistonda Respublikasida xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, tarix fanlari doktori, professor Rustambek Shamsutdinovning “O'ngimdagi xotiralarim” risolasida uning ibratli umr yo'llari batafsil bayon etilgan. O'qing, bir dunyo hikmat olasiz.
Mashoyixlar olimlarni ko'kdagi yulduzlarga qiyoslashadi. Men esa Rustam Shamsutdinovni porlab turgan yo'lchi yulduzlardan biriga o'xshatdim.
Dilmurod QIRG'IZBOYEV,
O'zbekiston Jurnalistlar
uyushmasi a'zosi.