“Ohangaronshifer”ning qaddi yana tiklanadimi?

Bir paytlar mamlakatga mashhur bo'lgan “Ohangaronshifer” aksiyadorlik jamiyati bugun ayanchli ahvolga tushib qoldi. Bu haqda avval ham “Hurriyat” mustaqil gazetasida tanqidiy-tahliliy maqolalar e'lon qilingan edi.

Ahvol esa ijobiy tomonga o'zgarmadi.

“Ohangaronshifer” aksiyadorlik jamiyati 1992 yil fevralda tashkil topgan. Ungacha Ohangaron sement zavodida shifer ishlab chiqarilib kelingan. Shifer sexi uzoq yillar davomida sement zavodidan goh ajralib, goh birlashib faoliyat ko'rsatib turgan. Dastlab Uraimqul Irisqulov shifer sexini ijaraga oladi. Korxona “Ohangaronshifer” ijara korxonasi deb nom oladi. Shu vaqtda bir yarim mingga yaqin kishi ishlardi.

2002 yil 24 yanvarida korxona direktorligiga yosh, serg'ayrat mutaxassis Ismoil Ismatovni olib kelishdi va u qisqa muddat mobaynida ishlasa-da, ijobiy o'zgarishlar qildi.

O'sha yillarda “Ohangaronshifer” AJning dovrug'i bor edi, ko'pchilik bu korxonada ishlashni orzu qilardi.

Biroq Irisqulov ham, Ismatov ham kimlargadir yoqmay qoldi, shekilli, ikkalasi ham turli sabablar bilan ishdan olindi. Zavod tanazzulga tushib qoldi.

1992-2010 yillarda “Ohangaronshifer” aksiyadorlik jamiyati ish haqi bo'yicha Navoiy shahridagi “Qizilqumsement” aksiyadorlik jamiyatidan keyin ikkinchi o'rinda turardi.

“Ohangaronshifer” aksiyadorlik jamiyati jamoa shartnomasida korxonada o'rtacha ish haqi mamlakatda belgilangan eng kam ish haqining 15 barobaridan kam bo'lmasligi lozim deb yozilgan. Ishchilar katta maosh olishardi.

2010 yildan buyon esa korxonada o'rtacha ish haqi ikki-uch million so'mdan oshmadi.

Ko'ngilsizliklar 2018 yil 22 avgustidan boshlandi. “O'zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi “zavodni ko'taradi” deb ishonchli boshqaruvni endigina tashkil etilgan “MEGA GOLDEN HOUSE” MChJga topshirib yubordi.

Holbuki, 2018 yilning uchinchi choragi bo'yicha korxona foyda bilan chiqqandi.

Biroq negadir 2018 yil zarar bilan yakunlandi, deb ta'kidlandi.

2019 yil foyda olish u yoqda tursin, zarar miqdori yanayam ko'paydi.

O'sha yilning fevralida zavodning 54 foiz davlat ulushi “O'zqurilishmateriallari” AJdan O'zbekiston davlat aktivlarini boshqarish agentligi (keyingi o'rinlarda Davaktiv) ixtiyoriga o'tkazildi.

Biroq zavod yomg'irdan qochib qorga tutilganday bo'ldi.

Davaktiv ishonchli boshqaruv to'g'risida “MEGA GOLDEN HOUSE” MChJ bilan tuzilgan shartnomani bekor qilmadi.

Nihoyat, 2020 yilning 5 fevral kuni “MEGA GOLDEN HOUSE” MChJ bilan tuzilgan shartnomani noiloj bekor qilishdi.

O'sha paytdagi Ohangaron shahrining hokimi Odiljon Jo'rayev yelib-yugurib, korxonani oyoqqa turg'izish ishlarini boshlab yuborgandi. U boshqa ishga o'tgach, ishlar chala qolib ketdi…

“MEGA GOLDEN HOUSE” MChJ esa Ohangaron tumanlararo iqtisodiy sudiga “Ohangaronshifer” AJni bankrot deb e'tirof etish to'g'risida ariza berib qo'ygan ekan.

2020 yil mart oyi so'ngida koronavirus pandemiyasi boshlandi. Pandemiya davrida birorta korxona bankrot qilinmasligi kerak edi, afsus, Ohangaron tumanlararo iqtisodiy sudi 2020 yil 6 iyul kuni “Ohangaronshifer” AJni bankrot deb e'tirof etdi.

Keyinchalik apellyatsiya va kassatsiya shikoyatlarini ko'rib chiqqan Toshkent viloyati iqtisodiy sudining 2020 yil 22 oktyabrdagi va hatto Bosh prokuror muovini S.Ortiqovaning protestiga ham qaramay, Oliy sud 2020 yilning 11 dekabr kuni birinchi instansiya sudining qarorini o'zgarishsiz qoldirdi.

Sud boshqaruvchisi sifatida Behzod Nurullayev tayinlangandi.

Biroq Davaktiv direktori muovini To'lqin Nabiyev va bankrotlik departamenti boshlig'ini kreditorlar tanlagan nomzod qiziqtirmasdi. Nurullayevning sud boshqaruvchilik attestatini bekor qilishdi hamda “o'zimiz nomzod beramiz” deyishdi va T.Nabiyev 2020 yil 23 dekabrda yangi sud boshqaruvchisini tayinlashga erishdi.

2021 yil 11 mayida esa mazkur sudda “Ohangaronshifer” AJga tugatish boshqaruvchisi tayinlandi.

Bu vaqtga kelib korxonada olti yuzdan ziyod kishi mehnat qilardi va korxonaning umumiy qarzi 18 milliard so'mdan oshgan edi.

Ishchilar quvonib, yangi rahbarimiz zo'r ekan, u zavodni bankrotlikdan chiqarar, oyligimizni oshirar ekan deb, uni olqishlashardi.

Yangi rahbar va uning sheriklarining niyatini ishchi-xodimlar qaerdan ham bilsin?

Oradan ikki oy o'tib, 13 iyul kuni rahbar Ohangaron tumanlararo iqtisodiy sudining qarori bilan vazifasidan ozod etilsa-da va parda ortidagi homiylari tufayli 7 sentyabrda vazifasiga tiklandi.

Shundan so'ng iqtisodiy ish O'rta Chirchiq tumanlararo iqtisodiy sudiga o'tkazildi.

2021 yilning 24 noyabrida O'rta Chirchiq tumanlararo iqtisodiy sudi “Bankrotlik to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonunining 91-moddasiga zid ravishda Davaktivning iltimosnomasini rad etgan holda davlat ulushi 54 foiz bo'lgan “Ohangaronshifer” AJni kreditorlarning “iltimosnoma”siga asosan tashqi boshqaruvga o'tkazib, mavjud qonunchilikni qo'pol ravishda buzdi.

Holbuki, tashqi boshqaruvga o'tish uchun korxonaning to'lovga qobiliyatliligini tekshirish lozim edi va amalda esa birorta kreditorning ham qarzi uzilmagan va qarz ko'payayotgandi.

2021 yilning 23 dekabrida esa Xurshid Ravshanov “Bankrotlik to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonunining 106-moddasiga zid ravishda, ya'ni tashqi boshqaruvga o'tish rejasini birinchi va ikkinchi guruh kreditorlari tasdiqlashi shart bo'lgani holda va bunga zid ravishda tashqi boshqaruv rejasini tasdiqlash uchun ovoz berish vakolatiga ega bo'lmagan uchinchi guruh kreditori bo'lmish Toshkent viloyati soliq boshqarmasining ovozi bilan tashqi boshqaruv rejasini tasdiqlab yubordi.

2021 yilning 23 dekabrida kreditorlar yig'ilishida g'alati ravishda kreditorlar ro'yxatida “WIZIL WATER” MChJ paydo bo'ldi. Tez orada korxona 19 milliard so'm qarzga kirib ketdi.

Eng qizig'i, 2023 yilning 6 mart kuni bo'ldi. O'rta Chirchiq tumanlararo iqtisodiy sudi raisi “kreditorlar kelishdi” deb “Ohangaronshifer” AJda bankrotlik ishini ish yuritishdan tugatdi. Endi korxonaning umumiy qarzi 40 milliard so'mga yetgandi. Kreditorlar qarzi uzilmagandi.

Davaktiv bankrotlik tugadi deb 2023 yilning 27 aprelida “Ohangaronshifer” AJ bosh direktorligiga tanlov e'lon qildi. Maqsud Mustafoyev tanlovda g'olib bo'ldi.

Yana bir tashvishli holat: so'nggi besh yildan beri “Ohangaronshifer” AJ Kuzatuv kengashi faoliyat ko'rsatmaydi.

Mustafoyev korxonaga bosh direktor etib tayinlanganda zavodda to'rt yuzga yaqin kishi ishlardi. U aksiyadorlar yig'ilishi qarorini bajarish uchun ikki yuzga yaqin kishini ishdan bo'shatdi.

Shundan so'ng ham “Ohangaronshifer” aksiyadorlik jamiyati 2023 yil 3 noyabrdan keyin faoliyat ko'rsatmadi, ya'ni ishlamadi va ishchilar 2023 yil mart oyidan beri ish haqini ololmay sarson bo'lishmoqda.

Mustafoyev korxona texnologiyalari eskiribdi deb zavodni ishlatishdan bosh tortdi va ish haqi o'rniga noqonuniy ravishda, ya'ni aksiyadorlar yig'ilishi qarorisiz korxonadagi temir kassetalar, poddonlarni kimlargadir sotib yubordi.

To'g'ri, bugun shifer o'rnini bosuvchi mahsulotlar turlari ko'paygan, shifer savdosi sust. Biroq “Ohangaronshifer” AJning shifer mahsulotlari juda tanqis edi, aytaylik, kuniga yigirma ming dona shifer ishlab chiqarilib sotilsa, bir milliard ikki yuz million so'mdan oshadi. Korxonada bundan tashqari ishlab chiqariladigan turli o'lchamdagi noyob asbotsement quvurlarining bozori chaqqon edi.

Qo'shimchasiga zavodni modernizatsiyalash va sifatni yaxshilash uddalanmadi.

Mustafoyev zavodni yurgizish u yoqda tursin, botqoqqa botirdi, tamoman kasodga uchratdi.

Ohangaron tumanlararo iqtisodiy sudi bankrot deb e'tirof etish arizasini o'rganib, “WIZIL WATER” MChJning arizasini rad etdi va “Ohangaronshifer” AJ qasddan kasodga olib kelingan, jinoyat alomatlari mavjud deb Ohangaron shahar prokuraturasiga ajrim chiqardi. Shahar prokuraturasi jinoyat ishi qo'zg'atmadi.

Ishchilar sarson bo'ldi, sargardon bo'ldi. Shahar hokimligi ham shahar prokuraturasi rahbarlari ham madad so'rab kelishlarga “biz aksiyadorlik jamiyati ishiga aralasha olmaymiz” deb o'zlarini chekkaga olishdi.

O'tgan yil iyul oyida Ohangaron shahrining yangi hokimiga “Ohangaronshifer” AJning rahbari Mustafoyev va'da berib, o'n kundan keyin zavodni ishlataman degandi. U yangi hokimni bolani laqillatgandek aldab yubordi.

2025 yilning 3 fevral kuni zavodni yurgiza olmagan, aniqrog'i, yurgizishni xohlamagan Mustafoyev 97 nafar ishchini ham “oylik topib bera olmayapman” deb ular bilan mehnat  shartnomasini bekor qildi. Xullas, bugun zavodning nomi qoldi, xolos!

2025 yil 1 may kuni viloyat iqtisodiy sudining taftish instansiyasi sudida negadir birinchi instansiya va kassatsiya sudi qarori bekor qilinib, ishni qaytadan ko'rish uchun yana birinchi instansiya sudiga yuborish haqida qaror chiqarildi.

Xullas, yana sarsongarchilik…

Ishchilar qiyin ahvolda qolishdi: kimdir Rossiyaga, yana kimdir Turkiyaga ish qidirib ketgan. Kimdir oshxonada idish-tovoq yuvyapti, kimdir piyoz o'tayapti.

Majburiy ijro byurosi Ohangaron shahar bo'limining 2025 yil 12 iyundagi xatida ta'kidlanishicha, MIBning mazkur bo'limi ish yurituvida 31 milliard so'mlik soliq bo'yicha, to'rt milliard so'mlik ish haqi bo'yicha ijro hujjatlari mavjud.

Xullas, bugungi kunda zavodning umumiy qarzi oltmish milliard so'mdan oshdi.

Kuni kecha umidbaxsh xabar tarqaldi…

“Ohangaronshifer” AJning 54 foiz davlat ulushi auksion savdosida sotilganmish.

Buni eshitgach, ishchilar ko'ngliga yorug'lik tushganday bo'ldi. Ishqilib, insofliroq odam sotib olgan bo'lsin-da!

Ozod XUShNAZARZODA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seventeen + two =