Qor chulg'agan cho'qqi

taniqli jurnalist va shoir Norqul Ma'mur haqida so'z

1

Tog'parast, boz ustiga, tabiat shaydosi emasmanmi, Zomindagi cho'qqilari bulutlarga ushlashib ketgan qoyalarga ko'p chiqqanman. Rosti, manzara ko'rkam, chor-atrof bor bo'yicha ko'm-ko'k archa daraxtlari asnosida o'ralgan. Har bir archalarki… Tog' bag'rini xuddi oq o'tovdek qoplagan. Ular negadir tog' bag'rida manguga qo'nim topganday. Hech qaerga jilishni xayolining ko'chasigayam keltirmaydi. Tog'dagi har bir soy, dara, sayhon, kamar, zirva, o'ngir, xarsanglar tarixi sarguzashtlarga boy, serob. Shifobaxsh, jonning huzuri bo'lgan giyohlarni aytmaysizmi?

Ochig'ini aytsam, tog'dagi takrorlanmas manzaralar ko'nglimga o'tirishdi. Qarshimdagi tog'ning naq belida batamom ajralib turgan qalin va zich archazorlarga tikilib turgandim, kimdir yelkamga qo'lini qo'ydi. O'girilib qarasam, eski tanishim Sattor Qoraboyev (Og'a Burgutli):

— E, e, kimni ko'ryapman? Qadamlariga tasanno! Biz tomonlarga qanday shamol uchirdi? — dedi.

Bir-birimizni bag'rimizga bosib, omonlashdik.

Besh kunga Zomin bag'ridagi xushhavo O'riklisoy sihatgohiga hordiq yozgani kelganimni qistirib o'tdim.

— Zap qilibsiz-da. Bahonada o'pkangizni toza, musaffo havoga to'latib ketasiz, — dedi Sattor og'a mehribonlik bilan.

Endi Sattor Qoraboyev haqida ikki og'iz so'z. U kishini Zomin tabiatining haqiqiy jonkuyari, joni halagi, desak, yanglishmagan bo'lamiz. Bu narsa uning tiynati hamda siyratidan mana men deb ko'rinib turardi. Chindan ham, Og'a Burgutli jonli tabiat, hayvonot va o'simlik olami to'g'risida maromiga yetkazib, go'zal yozardi. Sattor akaning jonfidoligi sabab “O'zbekiston adabiyoti va san'ati” gazetasida bir turkum esse va lavhalar chop etilgandi.

— Bugun tushlikka qadar Norquljon bilan birga edik. U Samarqandga xizmat safari bilan ketdi. Attang, sizning kelishingizni bilganimda, birga olib kelgan bo'lardim.

— Hechqisi yo'q. Hali vaqt bor. Nasib etgan paytda uchrasharmiz, — dedim.

Suhbatimiz mavzusi yana qarshimizda savlat to'kib turgan zanjirli tog'larga ulandi.

Aslida, Zomin tog'lar bag'rida qaror topgan. Uning girdogirdini, atrofini gugurt cho'pidek keladigan oromijon qishloq va ovullar o'rab olgan. Ularning nomlari ham ajabtovur. Butun borliqni, avvalambor, yer va suv, hayvonot va o'simlik dunyosi, sof havo asrab-avaylab, o'rab turishini xotirdan faromush etmaslik zarur. Bir payt deng, Sattor aka qurmag'ur inisi shoir Norqul Ma'murning Zomin tog'lariga atalgan she'rini yoddan o'qiydi:

 

Vatan yarog', vatan qarog',

Qarog'lari go'zal o'lkam.

Ko'klam kelgan —

Zominsoydan —

Vatan suygan

Zomindir bu!

Lochin parvoz qilar

Yuksak tog'lardir bu!

O'zbekiston havas qilgan

Zomindir bu!

Zomindir bu!

Otam o'tgan, bobom o'tgan

Ona tuproq,

Aziz tuproq

Zomindir bu,

Zomindir bu!

 

Ha, bu she'rda Norqul Ma'murning Zomin yurtiga, tog'lariga, eliga bo'lgan chandon mehr-muhabbatini, yurak qo'rini, zavqi-shavqini ilg'asa bo'ladi.

Negadir Sattor Qoraboyevning inisi Norqul Ma'murga hurmati baland edi. Shu boisdan uning ko'plab she'rlarini yoddan bilar, davralarda baland, jarangdor ovozda aytib yurardi. Og'a Burgutlining o'sha kuni Norqul Ma'murning ayrim she'rlarini xotirasida saqlab kelayotganiga guvoh bo'lganman.

2

Zomin tog'lari etaklariga, qir-adirlariga anor donasi yanglig' sochilib ketgan qishloqlarning nomlanishi, atalishi ham ajabtovur. Mana, masalan, Birlashgan Tog'ay to'pi, Yuz, Solin urug'lari, Zomin Qaropchi eli, Pishog'or, Qirq urug'i, Zomin Beshbuloq turklari, Yetti kechuv, Usmonli soy, Toq terak, Qangli, Sho'rcha, Arja, Mo'g'ol, Nebusa, Chol, Uzun shular jumlasidandir.

Azal-azaldan odamlar qaerda buloq bo'lsa, o'sha yerda muqim o'rnashib qolaverganlar. Zotan, qishloq va joylarning atalishida tarix, jug'rofiya bo'y ko'rsatgan. Bu hol qavmlarning parchalanib, bo'linib ketishiga yo'l bermayotganday go'yo. Odamlar Vatanlariga qanday bog'lanib qolgan bo'lsalar, zominliklar o'z tug'ilgan manzil-makonlariga jon-dillari bilan bog'lanib qolishgan, hech qanday kuch ularni tog'lardagi makonlaridan ajrata olmaydi. Aytgancha, mazkur qishloqlar ahli tilidan xalq og'zaki namunalari tushmaydi. Ularni nabiralariga maroq ila so'zlab beradilar. U odamlarni qishloqliklarga xos g'ayrat va qat'iyat tark etmagan. Eski udum va odatlar, an'analar, marosimlarni yo'qotmaganlar. Norqul akaning shu qishloqlarga mehri bo'lakcha. O'zi ham qishloqda tug'ilganidanmi, shaharni unchalik xush ko'rmaydiganday tuyuladi.

Norqul Ma'mur o'lkamizning so'lim va ko'rkam ovul va qishloqlarini kezishni, o'sha ovullarda ko'rgan kuniga shukrona aytib umrguzaronlik etayotgan nuroniy chol va kampirlardan qadimiy so'zlarni, matal va ertaklarni so'rab bilib olishni xush ko'radi. Negaki, Zomin qishloqlarida qadimiy so'zlar, matallar, turkiy ruhga tez-tez duch kelish mumkin. Qarang-a, zominlik el-ulus tilidan hali-hanuzgacha “Ota uyi — oq yaylov”, “Quloqning yomoni qichir, gapning yomoni pichir”, “Oyimday qizing bo'lguncha, Oyuvday (ayiqday) kelining bo'lsin”, “Imoratdan to'la yomon, qarindoshdan bo'la…”, “Ersiz xotin — yugansiz ayg'ir”, “Jonsizdan teri mechkay, jonlidan bola mechkay” kabi unutilib ketayozgan maqol va matallar tushmasdan kelayapti. Bu maqollar juda qadimiydir.

Izoh: “To'rt kuning bo'l, to'zing bo'l, To'rda o'tirgan o'zing bo'l!” — “To'rt kuning” deganda Zomin shevasida — ota yurt, “tuzing” deganda — yon-atrof, chekka tushuniladi. Negaki, el ichida, turkiy ulusning bebaho, noyob xazinasi yashirinib yotibdi-ku axir.

Norqul akaning umr bayoniga biroz to'xtalib o'tishni lozim topdim. U 1964 yilning beshinchi noyabrida afsonaviy Zominning Tog'ayto'pi qishlog'ida tavallud topgan. Otasi Mulla Ma'mur mingboshi o'g'li Hamzabek va onasi Xoldonoy Egamberdi qassob qizi oilada besh o'g'il, uch qizni dunyoga keltirib, kamolga yetkazdi. Quvnoq va beg'ubor bolaligi shu go'sha bag'rida kechdi. 1997 yilda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining o'zbek filologiyasi fakultetini bitirdi. Oila qurdi. Rafiqasi Gulnora opa bilan suv kelsa simirib, tosh kelsa kemirib, Javohir, Samodil, Sevinchni tarbiyaladi. Qizlarini egalariga uzatdi. O'g'lini uylash harakatida yuribdi. Mehnat faoliyatini boshlaganiga qirq yildan oshdi. “Xalq so'zi”, “Hurriyat”, “Milliy tiklanish”, “Qishloq hayoti”, “Jamiyat”, “Xabar” gazetalarida ishlab qalamini charxladi.

To'g'ri, jurnalist uchun iqtidor va mahorat suv va havodek zarur. So'z boyligi, tanlangan mavzuning ahamiyati haqida ham og'iz juftlash kerak. Norqul aka maqolani qisqa va lo'nda etib yozadi. Matnni ichakdek cho'zmaydi. Rosti, uning qisqalikka intilishi ulgi bo'lgulik.

Norqul Ma'mur ko'pchilikka yaxshi tanish. Ijodkorning vohalik zamondoshlarimiz hayoti, o'y va xayollari tarannum etilgan ajoyib lavhalari, ocherk va publitsistik maqolalari muxlislari mehrini qozongan. Ayniqsa, “Baxmalning behishtday bog'lari”, “Vodiyning qizil marvaridlari”, “Taom tafti”, “Hamal amal bilan go'zal” nomli bitiklari o'zgacha mehr asnosida bitilgan. Bilasiz, jurnalistlik oson emas, qiyin, murakkab, na oyog'ing,  na qo'ling tinadi. Ammo, Norqul aka shu yumushning etagidan tutib kam bo'lmadi.

Norqul aka she'r ham yozadi. U ko'nglidagilarni oq qog'ozga to'kadi. So'zni nafis ohangda qo'llash, san'at darajasiga ko'tarish saodatiga musharraf bo'lgan shoir.

Shoirning she'rlari ravon va samimiy, tashbehlari sodda va ohorli. Ezgulik va yorug' tuyg'ular og'ushida hayot oralab tergan so'z durdonalaridir. She'rlarini to'plab “Sumbula tomchilari”, “Azob hududi”, “Savr yaproqlari”ga jamladi.

3

Zominlik el-ulus archa daraxtini behad ardoqlaydi. Nega deganda, barglari qishin-yozin ko'm-ko'k turadigan bu daraxt Zomin tog'lari ko'rki, go'zallik timsoli hisoblanadi. Rivoyatlar so'zlaydi. Hayot eliksiri, ya'ni tiriklik suvini yaratgan Luqmoni Hakim uni sipqorishga ko'ngli chopmay, idishdagi suvni yosh, navnihol archa tagiga to'kib yuborgan ekan. Archa daraxtining uzoq yashashiga va hamisha hamro'z yam-yashil bo'lib, ko'zni quvontirishiga sabab ana shundan emish. Ayni chog'da Zomin tog'larida uzoq yoshga yetgan archa daraxtlari uchraydi. Ana shu ta'riflangan zaminda Norqul Ma'murning kindik qoni tomgan. Bo'lajak ijodkorni tog'lardagi so'lim manzaralar, shovullagan soy, qulunlarning dupur-dupuri, kishnashi mahliyo etgan. Darhaqiqat, Norqul aka — tabiat shaydosi. Tog'ayto'pi qishlog'idagi keng va mo'l hovlisida turfa daraxt va butalar serob: go'zal va xushmanzara bog'-chorbog' yaratgan. Bog'da turfa dil do'stlarimiz o'sadi. U bog'ni kezishdan, daraxtlar asnosida gaplashishdan, dillashishdan bir olam zavq tuyadi. Aslida, tog'dan esgan mayin shabbodada ohista tebranayotgan daraxt barglariga tikilish, sof, toza havodan nafas olish, bir piyola ko'm-ko'k va muzdek buloq suvidan sipqorish, bola-chaqalarining atrofida girdikapalak, parvona bo'lib yurishini ko'rishdan ko'ra orombaxsh tuyg'u bo'lmasa kerak.

Aytgancha, Norqul akaning ko'rinishidan yoshlik shijoati, o'ktamlik, yaxshilik yog'ilib turadi. Uning ko'zlariga tikilgan odam toza yuragini, ezgu niyatini bemalol ko'ra oladi. Norqul aka ayni kezda respublikamizdagi nufuzli “Fermer” ijtimoiy-iqtisodiy jurnalining Jizzax vohasidagi maxsus muxbiri bo'lib ishlamoqda.

Norqul aka tilidan bol tomib, bir mahallar Zahiriddin Muhammad Boburning qutlug' qadamlari yetgan oynaday tiniq soylarni, shiftidan yomg'irdek suv tomchilayotgan tosh kamarlarni va ismi jismiga monand Pachkamarga o'xshash g'orlarni, turnako'z, sim-sim buloqlarni ta'riflashdan, maqtovini keltirishdan rohat hissini tuyadi.

…Osmon gumbazi. Qorli tog'lar. Och binafsha tusli qoraygan tizmalar. Uning naq ustida kulrang bulutlar lashkari suzadi. Shundoqqina yaqindan qor chulg'agan cho'qqi ko'zga chalinadi. Negadir Norqul aka ana shu cho'qqiga tikilishni xush ko'radi. Ehtimol, shamollar belanchagidagi qoyadan kuch-quvvat, ilhom olar.

Ulug'bek JUMAYEV,

O'zbekiston Jurnalistlar

uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four − three =