Akamni eslab…

Akasi bor inson garchi ota-onasi o'tgan bo'lsa ham, o'zini yolg'iz va ojiz sanamasligi kerak, degan fikrni o'qib qoldim. Darhaqiqat, otam 63 yoshlarida chin dunyoga rixlat qilganlarida yolg'iz akamga judayam suyanib qolgan ekanman. Oilada to'ng'ichimiz bo'lgan akam ham olamdan o'tganlaridan so'ng esa o'zimni xuddiki chin yetimday, dunyoga sig'mayotgandek his qila boshladim.

Ota-onam farzandlarini mehr-oqibatli va bir-biriga hurmatli qilib tarbiyalashga katta e'tibor berishardi. Bolaligimdan har ikkala akam ham menga, ya'ni bitayu bitta singillariga juda mehribon bo'lishgan. Yaxshi eslayman, maktab chog'larimizda dugonalarim “Akalaring senga bunchalik mehribon” deb menga havas qilishardi.

Akalarim o'qish vaqtida maktab oshxonasidan turli pishiriqlar sotib olishib, albatta, men saboq olayotgan xonamga ham tashlab ketishardi. Ha, men uchun ular doim qayg'urishgan va ularga munosib bo'lishga harakat qilardim. Shuning uchun ham baxti to'la-to'kis, shodumon inson sifatida juda mag'rurlanib yurardim. Lekin inson hayoti har doim ham bir tekis bo'lmas, g'am va tashvishlar quvonch bilan yonma-yon ekan.

Ikki akam birin-ketin olamdan o'tganda bu olam ko'zlarimga zimiston, qop-qorong'u bo'lib ketdi. 2003 yil Moliya institutida sirtdan o'qib yurib, tadbirkorlik bilan shug'ullanayotgan kichik akam avtohalokat tufayli 23 yoshida bevaqt vafot etdi. Oqko'ngil va g'amxo'r otam ham bu og'ir g'amni ko'tara olmay, xastalanib qoldi va ko'p o'tmay qazo qildilar. Oilamizga falakning sinovlari ko'p ekan, keyinroq onasi, singlisi, rafiqayu farzandlarini jonidan aziz ko'radigan katta akam ham 41 yoshida olamdan o'tdi.

Ammo sabrdek ulug' ne'mat, vaqtdek buyuk hakam barchasini o'z izmiga solar, Yaratganning ishlariga barcha ko'nikar ekan. Allohga shukr, farzandlarim, akamning qizlari menga kuch va yangi ilhom bag'ishlashadi.

Akam — Tohir Shomurodov, taniqli jurnalist edi. Turli yillarda “Fidokor”, “XXI asr”, “Hurriyat”, “Nuroniy” gazetalarida qalam tebratdi, Oliy sud matbuot xizmatida, “Mahalla” telekanalida va Prezident devoni hozirgi Prezident Administratsiyasida ishladi.

Akam rahmatli o'z ijod namunalaridan, o'girgan tarjimalaridan eng avvalo, menga o'qib berar va fikrim bilan astoydil qiziqar edi. Keyin o'ylasam, bu orqali nafaqat meni o'z ijodiy ishlari bilan tanishtirar ekanlar, balki o'zimni ham qalam teb­ratishga, ustimda tinimsiz izlanishga chorlar ekanlar. Ha, akam mening ustozim ham edilar.

Bir kuni ish stolimda qog'ozlarga ko'milib o'tirsam, qo'l telefonim ekranida akamning rasmlari paydo bo'ldi. Odatdagidek, Jamoliddin jiya­nim yaxshimi, taekvando sport to'garagiga bordimi, tashlab qo'ymasin, doimiy shug'ullansin, deb hol-ahvol so'radilar.

Agar dam olish kunlari nedir bir sabab bilan ota hovlimga bora olmay qolsam, akam bezovta bo'lar, “tinch­likmikan”, deb o'zlari xabar olishga kelar va o'g'limni olib sport zaliga ketar edi. Vaqtlari juda tig'iz va doi­miy band bo'lishlariga qaramay, jiyanlarining sport musobaqalariga borib ularga kuch-quvvat va dalda bag'ishlab turardilar. Akam rahmatli mening ham o'zlari kabi oliy ma'lumotli jurnalist bo'lishimni chin dildan istagan va o'qishga tayyorgarlik ko'rish uchun qo'shimcha darslarga bergandilar. Hatto bilimlarni qanday o'zlashtirayotganimni kuzatib borar va savol-javoblar orqali sinovdan o'tkazardilar.

Oliy o'quv yurtiga hujjat topshirish kuni qo'limdan yetaklab borgan, imtihon javobini ham intizorlik bilan har kun, har soat diqqat bo'lib kutgan qalbidaryo va jigarjon insonim — AKAM edi.

Hamisha iliq taassurotlar bilan eslayman. Lekin imtihon javoblari chiqqan kuni rahmatli akamning xursand­chiliklarini, quvonchdan ko'zlariga yosh qalqqanini oddiy so'z bilan ta'riflab bera olmayman. Ming shukrki, bunday tarbiyaviy ahamiyatga ega ibratli xotiralar hayotimda juda ko'p…

…2018 yil 25 iyun kunidagi mud­hish voqea xotiramda har kuni charx uraveradi. Umrining so'nggi lahzalarida akamning yonlarida bo'lgan uchinchi qizlari – Xotimaning aytishicha, ular bu olamni ko'zlari to'la yosh bilan tark etgan ekan…

Rahmatli akam o'z umri adog'iga yetganini sezganmikan, mushfiq onasini, to'rt nafar jondan aziz norasida farzandlarini, barcha mehr qo'ygan yaqinlarini boqiy tark etayotganini, ne-ne ko'zlab qo'ygan ijodiy ishlarini yakunlashning imkoni endi yo'qligini, katta orzu va niyatlari chala qolganini sezib ko'zlari yoshga to'lgandir, degan o'ylar xayolimga kelaveradi…

Akam doimo gazeta jurnalistlariga qiyin, yozishadi, yozishadi, ammo kitob qilib chiqarishmaydi, ijodiy ishlarimiz tariqday sochilib yotadi, der edilar. Jigarimning yozgan ishlarini jamlab, kitob qilish niyati ham armonga aylanib qolgan edi.

Men akamning shu nafis va shirin orzusini qanday ro'yobga chiqarish mumkinligi haqida o'ylardim, ammo imkonsizlik va hali tajribam yo'qligi bois buni qanday uddalashimni bilmasdim. Shunda Tohir akamga tirgak bo'lgan do'stlari, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi rahbariyati bu niyatning ushalishiga katta yordam berdilar. Akamning turli yillarda ijodiy namunalarini yig'ish chog'ida chindan ham ancha ter to'kishga, turli tahririyatlarga borib, maqolalarni to'plashga, ssenariylarini arxivlardan topishga to'g'ri keldi. Menga taniqli shoir va jurnalistlar Laziz Rahmatov, Nilufar Jabborova, Nurxon Elmirzayeva, hamda “Hurriyat” gazetasi tahririyati, “Pskent hayoti” gazetasi muxbiri Yulduz Dehqonboyeva, rejissyor Bahriddin Aynazarov, kinosan'ati mutaxassisi Zuhra Po'latovalar amaliy maslahatlari va bevosita ko'maklari bilan yaqindan yordam berishdi. Kelinoyim Dildora Shomurodova ham yillar davomida turmush o'rtoqlarining anchagina qo'lyozmalarini sadoqat bilan avaylab, bust-butun saqlab kelayotganlari uchun chin qalbimdan sevinib ketdim.

Keyin bir yillik izlanishlarimiz natijasida yaqinda “Yangi kitob” nash­riyotida akamning “Men yoningdan yiroqman” to'plami chop etilganida ochig'i, ko'zimdagi yoshni to'xtata olmadim. Albatta, juda ko'p ijodiy ishlarini topa olmaganimiz ham haqiqat, ammo ularni hali yana izlab, nasib bo'lsa qayta nashrdan chiqarish niyatidamiz. Nasib bo'lsa, akamning ushbu kitobini u tug'ilib kamolga yetgan, Pskent tumanidagi barcha maktablarga taqdim etish niyatidamiz. Jondan aziz jigarim — akajonimning ruhi shod bo'lsa, bo'ldi.

Lobar ShOMURODOVA,

jurnalist

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 + 9 =