Adabiyot – jamiyat immuniteti

O'zbekiston xalq shoiri Usmon Azim ijodi haqida o'ylar

Usmon Azimning “Baxshiyona” turkumi yodingizda bo'lsa, Alpomish Qalmoqqa ketayotib, Barchinga qarab shunday deydi:

Olamda ko'p erur ibora,

Bir so'z bor – og'riqdan iborat.

U – Vatan! Barchinim, u – Vatan!

Bolamga, “Vatan” de ilk bora.

 

Ushbu she'r yozilganda tug'ilganlar bugun qirqdan oshdi. Yolg'on lashkar tortib, yurtni, qalblarni zabt etgan bir davrda bitilgan bunday satrlar zimiston ko'ngillarga chiroq edi go'yo. Yolg'onni rost deb bilgan omma haq so'zda xatar ko'rardi o'sha paytlarda. Yo'qsillar dohiysiga aldov yot, u kishi faqat bir kungina, azbaroyi inqilob uchun yolg'on gapirishga majbur bo'lgan, degan uydirma salkam bir asr aqida bo'lganini, ehtimol, bugungi avlod bilmas. Musulmon odam yolg'onchi bo'lmaydi, deyiladi hadisi shariflarda. Taassufki, xalqimiz bosh-adoq yolg'on siyosatlarni behad ko'p ko'rdi, munofiqlikdan, soxta aqidalardan ko'p jabr chekdi. Usmon Azim sig'ingani sarob bo'lib chiqqanlar nomidan shunday bong urgan edi:

 

Men charchab senga suyandim, Haqiqat.

Soat bong urmoqda,

Gaplashaylik, kel.

Qo'rqma, o'tib ketdi bir kunlik dahshat.

Bugun ikkinchi aprel,

Haqiqat,

Ikkinchi aprel…

 

Bu she'r riyokorlikni shior qilgan siyosat va tuzumning, yolg'on g'oyaning asl qiyofasini o'sha vaqtdayoq ko'rsatib bergani bilan qadrli.

O'tgan asrning ikkinchi yarmidagi adabiyot haq so'zni aytishday o'ta qaltis, murakkab vazifani zimmasiga oldi, yangi avlod rost tuyg'ular tarannumini goh ochiq, goh pinhon kuylay boshladi. Bu adabiy avlodning eng katta orzusi shaxslar jamiyatini barpo etish edi. Usmon Azim aytmoqchi, “Adabiyot shaxsning butunligini xush ko'radi. Masalan, munofiq kimsa yozuvchi sifatida ham shu tarzda qoladi. Fe'l-atvorining noqisligi sabab, bir qarashda iste'dodli ko'rinsa ham, asl adabiyotga daxli bo'lmaydi. Ba'zan esa unga jiddiy zarar ham yetkazadi. Tarix shohid: faqat tili va dili bir zotlargina katta Adabiyotni yaratgan. Alisher Navoiy, Pushkin, Lev Tolstoy…”

Olov ro'baro' turganning qorachiqlarida yongani kabi, yurakdan otilib chiqqan uchqun – misralar haqiqatga tashna o'quvchilar qalbini ham yoqdi. Otashin she'riyat haqorat va razolatga qarshi kurashda yalovbardor bo'ldi. Ramzlar, timsollarga burkangan, xalq va Vatan dardida bitilgan so'z shu qadar qudratli kuch ediki, uning mislsiz harorati oldida Namrudning Ibrohim qasdida qalagan gulxani hech!

Yaqin o'tmishimizni g'ofil elning ertasi yorug' bo'lmasligiga yaqqol dalil deyish mumkin. Moziyning yana bir sabog'i shuki, tafakkur emas, taqlidchilikni sharaf deb biladigan, iste'molchilikni farovonlik belgisi deb tushunadigan omma uchun eng katta raqib – FIKR. Adabiyot – jamiyat immuniteti. Immunitet qancha kuchli bo'lsa, ommaning tafakkur darajasi shuncha yuqori bo'ladi, xalq o'zini anglab yetadi. Adabiyot degan sirli olamga darz ketsa, jamiyat ham tanazzulga yuz buradi. Mustabid davr milliy tafakkurni uyg'otishga chog'langan adabiyot fikr kushandasi sanalmish nafsning mayin, ammo muntazam qarshiligini istisno etmaslikni ham uqtirdi. Uqqan bo'lsak, bosh ustiga!

Usmon Azimning sho'ro davrida bitgan “Chumoli haqida nutq”i xuddi ana o'sha g'ofil, og'zi qalbni aytish uchun emas, nafs uchungina yaralgan molimardumxo'rlar haqida edi:

 

O'rab oldi maxluqlar chindan,

Buzib orning chegarasini,

Hatto ona Hurriyat qilgan

Vasiyatlar tegarasini.

 

Qalbi mudom haq va xalq bilan payvasta shoir bu she'rni huv o'sha olis yillarda emas, kuni kecha yozganday tuyulaveradi. Ijodkor shaxsi millat shaxsiyati bilan payvasta bo'lmasa bekor.

Shoirning “Turdi Farog'iy” she'rida ham elni birlashtirishga bel bog'lagan, lekin orzusi ushalmay o'tgan kuyuk ko'ngil faryodi tasvirlangan. Turdi Farog'iy “Bu elni, bu tuproqni uloq qilib chopishdi” deya zorlanadi. “Bitiktoshlar orzusi” she'rida esa inqirozga yuz tutgan turkiy olam fojiasi aks etadi:

Men Usmon emasman, Alpteginman – men

Enasoy bag'rida to'lg'ongan g'oya, –

deydi shoir. Vatan ozodligi yo'lida shahid ketgan “Sarbadorlar qo'shig'i” xayolni olis moziyga yetaklaydi. Usmon Azim “Yigirma beshinchi yil”, “Qo'rboshining o'limi” she'rlarida “Berajakmiz jonni – beminnat! // Xo'rlikdagi ona yurt uchun…” deya yovga ko'ksini qalqon qilgan fidoyilarni madh etdi. Ammo “Omad ketib qolganin sezib” xiyonat yo'liga o'tganlar tufayli vatanparvarlar mahv bo'ladi. Pirovardida, “Nursiz qismat izmiga kirar // Dushmanlarga topshirilgan yurt”.

Vatanni sevish, millatparvarlik tuyg'usi shoirning dramatik va nasriy asarlarida ham yaqqol ko'rinadi. O'ndan ziyod sahna asari yozib qo'ygan sermahsul ijodkorga bu borada ham raqobatchi yo'q. Usmon Azimdan kuniga bir she'r o'qimasa uxlolmaydigan muxlislarning dramaturgiya va nasr she'rga sig'magan dard tufaylimikan yoki shunchaki bir ishqibozlik, degan savoliga muallif: “Shoirlarning deyarli hammasi ham vaqti kelib yondosh janrlarda ijod qilishga jazm etgan. Navoiy, Pushkin, Lermontov, Lorka… Nazarimda, bu hol o'zini to'liqroq ifoda etish ishtiyoqidan tug'ilsa kerak”, deya javob bergan edi.

Haqrost, dunyo adabiyotida bo'lgani kabi milliy adabiyotimizda ham nazm va nasrda birday qalam surgan ijodkorlar ko'plab topiladi. Cho'lpon, Oybek, G'afur G'ulom, Asqad Muxtor har ikki jabhada go'zal namunalar yaratgan. Bu ulug' zotlar shijoatiga keyingi avlodlar ham havasmand bo'ldi. Ikki frontda jang qilishga chog'lanish bugun ham unda-bunda ko'rinib qoladi. Ammo “ishq boshqa, havas boshqa” deganlaridek, aksariyat qalamkashlar da'vosi “O'z uyida keskan kesmagan, birovning uyida umoch uvibdi” maqolini yodga soladi. Ochiqroq aytadigan bo'lsak, nasr va dramaturgiya ijodkordan katta hayotiy tajriba ham talab etadi. Xalqchil asar yaratishning eng muhim sharti, bu – xalq ruhiyatini anglashdir. Millatning ruhi o'z ijod mahsuli – doston, ertak, maqol va matallarida mujassam. Xalq dostonlari – bu, nazm va nasr uyg'unligi. Mana shu uyg'un ruhda tarbiya topgan Usmon Azim rosa qirq yoshida – ijodi kamolga yetgan bir paytda nasrda yoza boshladi. Ilk turkum – “Sevgi”, “G'oz” va “Birovning umri” hikoyalari 1991 yil “Sharq yulduzi” jurnalida Shukur Xolmirzayev so'zboshisi bilan e'lon qilinadi. Salkam o'ttiz yil mobaynida shoirning o'ndan ziyod hikoyasi e'lon qilindi. “Alpomish”ga hamohang va zamon ruhini aks ettirgan bu asarlarni adabiy jamoatchilik e'tirof etdi. “Yaxshi shoir yaxshi nosir ham bo'lishi mumkin”, degan fikr katta-kichik davralarda aytila boshladi.

Usmon Azim she'riyatda ilhom va shiddatni qanday uyg'unlashtirgan bo'lsa, hikoyalarida ham bu o'ziga xos zavq-shavq yaqqol ko'rinib turadi. She'r va balladalardagi syujetlilik, shoirona nigoh nasrda ham ichki ohangni saqlashda juda qo'l keldi. “G'oz” hikoyasi mavzu va yo'nalish nuqtai nazaridan “Siz bilmaydigan zamonlarda”, “Alpomish va Qorajon” hikoyalarida davom ettirildi. “Siz bilmaydigan zamonlarda” hikoyasi qahramoni “Baxshiyona” turkumi bilan elda tanilgan Elomon baxshidir. Lekin hikoya “Baxshiyona”ning nasriy tabdili emas. Usmon Azim asarga juda porloq, ulug'vor, abadiy g'oyani singdirgan. Shoir Alpomishning yurtga qaytishini, saltanat sohibining yana Boysun – Qo'ng'irotga egalik qilishini chin dildan istaydi. Uning bir o'kinchi bor:

Boychiborsiz qolgan elning

Holi endi ne kechar?..

Aslida, bu g'oya shoirning talay she'rlarida ham aks etgan. Hikoyadagi drama haqiqatgo'y, to'g'riso'z Haqqul baxshi va oqko'ngil, samimiy Elomon baxshi o'rtasida kechadi. Haqqul baxshi “Rostini aytmoq – tariqat, otam ham, enam ham – haqiqat” deydi. Xalqning kutgani, Elomon baxshining topgani Alpomish emas. U – Yolg'on. U – Sarob. Lekin u o'zini Alpomish deb tanitishdan charchamaydi. Kuyib xor bo'lgan el Yolg'onning etagidan tutadi. Uni tavof qiladi alp deb. “Yurtga Alpomish qaytdi!..” degan o'tirik har yerda o'rmalaydi. Haqqul baxshining shubha-gumonlariga birov qayrilib qaramaydi. Dasti uzun, lashkari ko'p Yolg'on Haqqul baxshini Oynako'lning yoqasida bo'g'izlaydi. Lekin to'g'riso'z baxshining joniga qasd qilganlar topilmaydi. Yolg'on saltanat qotillarni bo'sh qo'yadi…

“Sevgi” – o'zbek hikoyachiligining eng sara namunalaridan biri. Sarlavhani o'qigan o'quvchi oshiq-ma'shuqlarning beadad, chuchmal hoyu havaslari, uzun-uzun orzulari va albatta, ko'ngilxush sahnalarni ko'z oldiga keltirib varaqlay boshlaydi. Lekin tezda buning aksini – o'tgan tuzumning, uning jozibali g'oyalariga inongan odamlarning ayanchli taqdirini ko'radi. Taqdirlarki, unutilgan, uloqqan, beshafqat turmush zarbalaridan abgor bo'lgan…

Hikoya qahramoni Abdurahmon Chaganada yurgan oddiy qishloq bolasi edi. Bolalar uyida tarbiyalangan yigit haqorat va adolatsizlikni ko'tarolmaydigan, haqiqatparast bo'lib o'sadi. Ammo armiya hayoti uning taqdirini o'zgartirib yuboradi. Hikoyadagi Masha va Salima obrazlari millat ayollarining sevgi-muhabbatga, insoniy qadr-qimmatga sadoqati ramzi. Ehtimol, milliy xarakter muammosi ham mana shu obrazlar orqali namoyon bo'lgandir? Masha uchun sevgi kayf-safo, to'kin hayot, ashir-nashir dasturxon bo'lsa, Salima uchun bir umrlik sir, qalbga ko'milgan xazina, yurakning bebaho ganjinasi. Abdurahmon-chi, dersiz. O'tmishini, o'zligini unutgan, jonbaxsh tomirlaridan uzoqlashgan Abdurahmonning tuyg'ulari ham o'lib bo'lgan. U endi boshqa bir muhit va jamiyatning odami. Hikoyanavis iflos va chirkin muhit insonning eng nozik his-tuyg'ularini ham o'ldirib yuborishi mumkinligini mazkur obraz orqali haqqoniy ko'rsatib beradi.

Darhaqiqat, “Sevgi” – fojiaviy asar. Asardagi aksariyat qahramonlar taqdiri ayanchli. Hikoyadagi bir detal – “O'tkan kunlar” kitobi ramziy ma'noga ega. Mallarang muqovali asar Abdurahmonga o'tmishni, sevgini eslatib turadi. O'quvchi ham yozuvchiga qo'shilib kitob Abdurahmonning o'lgan xotirasini tiriltirishini, kitob unga ezguliklar, yaxshiliklar hadya etishini, bolalikdagi kabi beg'uborlik, mardlik va olijanoblik unga yana qaytishini istaydi. Lekin, na chora! Abdurahmon o'sha biqiq, ufunat bosgan hayotni, farzandi orqali bog'langan o'rgimchak to'rini qo'msab yo'lga tushadi. Yozuvchi insonning murakkab maxluq ekani,fe'l-xo'yi hatto o'ziga ham bo'ysunmasligi haqidagi haqiqatlarni ayanchli taqdirlar misolida ifodalaydi.

Shoirning oxirgi yillarda e'lon qilgan hikoyalarini olam va odamning murakkabligidan to'liqib ketgan qalb kechinmalari deyish mumkin. Adib bu bitiklar orqali zamondoshlarimiz qiyofasiga chizgilar beradi. Professor Qozoqboy Yo'ldoshev: “Usmon Azimning “Ishxonadagi ko'rgazma”, “Bir dasta qizil atirgul”, “Xodimlar bo'limi boshlig'i” deya nomlangan triptix – uchlik hikoyasida ezgulik, go'zallik, erk va odamiylik singari yuksak tuyg'ular insonni ulug'lashi-yu odamlararo munosabatlarning chigal va tushunarsizligi original voqealar tasviri asnosida ulkan mahorat bilan ko'rsatilgan. Bu asarlar tasvirning haqqoniy va ta'sirchanligi, tilining jozibasi, syujetning puxtaligi, personajlar ruhiyatining teran ifodasiga ko'ra ochun hikoyachiligining eng sara namunalari bilan bemalol bellasha oladi”, deya yuksak baholaydi.

“TONG OTGAN TARAFLARDA”

Usmon Azim ushbu nasriy-dramatik dostonini onasi Menglixol Xoliyor qiziga bag'ishlagan. Drama “Alpomish” dostonidagi kichik bir epizod-lavhadan o'sib chiqqan. Shakaman tog'ida yashovchi ovchi elning bir farzandi timsolida Ko'k Tangriga sig'inuvchi turkiylar hayoti tasvirlanadi. Asarda bu g'oya Oltoy tog'laridan Hazar dengizigacha o'rmonday shovullab turgan Tongli eli deya sifatlangan. Tongyorug' ona o'g'li Yolg'iz Merganga tuqqan elini tanishtiryapti: “Oltoydan Hazargacha ot surgan eling bor edi, Yolg'iz Mergan. Qishlovda yaylovdan ko'chsa, yilqilarning tuyog'i tagida qolib ketmaylik, deb boshqa uluslar ko'z ko'rinmas joylarga o'zlarini olardi. Elingning bag'ri keng, qudratining cheki yo'q – davlatining shavkatiga yetti iqlimning podshohlari ta'zim qilar edi! Shunday el yo'q bo'ldi!”

Turk xoqonliklari, turkiy saltanatlarning tarix bag'riga suvday singib ketgani asarda mana shu tarzda dard bilan aytib o'tiladi. “Alpomish” turkiy xalqlar eposi ekan, unda turk elining ming-ming yillik armon-g'amlari, iztirob va qayg'ulari aks etmasligi mumkinmi? “Tong otgan taraflarda” nasriy-dramatik dostoni mana shu jihatlariga ko'ra ham katta ahamiyatga ega. Dostondagi G'oz Hakimbek va Boysun – Qo'ng'irot eli o'rtasidagi xaloskor – elchi bo'lsa, dramaturg bundan unumli foydalanib, G'ozga tiriklik timsoli sifatida qaraydi. Yolg'iz Mergan g'ozni otolmasa hayoti tugaydi. Sho'rlik ona aslida unga “O'qing xato ketmasin…”, deya ta'lim bergan. Asardagi Ona va O'g'il o'rtasidagi suhbat, Manguqutning vasiyati, Alpomish va Barchinoyning Yolg'iz Mergan jonini saqlab qolish uchun hatto Yodgorni qurbonlikka berishi, Yodgorning jo'mardligi tomoshabinni hayajonga soladi, albatta.

Asarda Bo'lgan Kalning Tongyoruqqa qarata aytgan “Bu dunyoda fidokorning ishi og'irdir! Qaysi fidokorning manglayi yarqirab bu ­dunyodan o'tdi? Sen bu dunyoni mard deb o'ylama!” degan gaplari bejiz emas. Tongyorug' G'ozni – elchini saqlab qolish uchun o'g'lining yo'lini to'sdi. Alpomishning qaytishi, Boysun – Qo'ng'irotning gullab-yashnashi uchun qildi bu ishni. Bu – bir fidoyilik. Ikkinchi fidoyiligi, Onaizor avlodni saqlash, o'lim yoqasida turgan o'g'lini qutqarish uchun Tangriga iltijo qilib G'ozga aylanadi va o'g'li beozor qush – Onani otib oladi. Onaning o'limi – Tongli elining omonligi edi.

Istiqlol yillarida ko'pchiligimiz huda-behuda, ba'zan ermak uchun, ba'zan fikrga bezak sifatida asr boshida yashab o'tgan ulug' ma'rifatparvarlarni tilga oldik, lekin bu millatsevarlar nomi mustaqillik arafasidagi ma'naviy-mafkuraviy kurashlar evaziga qaytib kelganini bilmas edik. 1987 – 1989 yillargacha jadidlar hayoti va ijodi ommadan juda ham sir tutilgan, barmoq bilan sanarli darajadagi mutaxassislargagina ma'lum edi. O'zlikni anglashning eng muhim, samarali va ta'sirchan yo'li sifatida tadqiq qilingan millat ma'rifati, pirovardida, jamiyatning uyg'onishiga ham sezilarli darajada ta'sir ko'rsatdi. Usmon Azim mana shu dolg'ali, murakkab va serqirra davrda shaxs va ijodkor sifatida o'zining faol grajdanlik pozitsiyasini namoyon etdi. Zero, haq so'zni aytmagan ijodkor haqiqiy ijodkor emas. Munofiqligiga fatvo izlagan qalamkash g'anim bilan barobar.

Jadidlar merosini o'rganish va targ'ib etish, ular orzu qilgan g'oyalarni bayroq qilib ko'tarish respublikamizda 90-yillar o'rtalarigacha gurilladi. Istiqlolga besh yil to'lib-to'lmay mavzuning dolzarbligi noma'lum sabablarga ko'ra so'na boshladi. Matbuotda, televidenie va radioda, ilmiy tadqiqot ishlarida o'rganilishi sustlashib, yangi asr boshida deyarli to'xtadi. Mustaqillik arafasida va istiqlolning dastlabki yillari har kuni yod etiladigan ma'rifatparvarlar nomi unutilish darajasiga yetdi. Aslida, erk va hurriyat uchun umrini tikkan jadidlar g'oyasi istiqlolga erishgan O'zbekistonning milliy mafkurasi sifatida jaranglashi lozim edi. Taassufki, yangi tarix ham boshqa o'zandan ketdi…

Bugun biz jadidlar merosini o'rganishga qattiq bel bog'ladik. Bu xayrli ish kampaniyabozlikka aylanib ketmasligi lozim.

Ozodlik, hurriyat uchun shirin jonidan kechgan ajdodlarimiz merosi ochilmagan sirli sandiq bo'lib turibdi. Tarixning ne-ne tilsiz guvohlari arxivlarda chang bosib yotibdi. Aslida, har bir jadid bobolarimiz hayoti romanlar, dostonlarga arzigulik hayotdir.

Usmon Azimning ulug' adiblar hayotiga bag'ishlangan dramalari “ildizi” o'tgan asrning 80-yillari boshida bitilgan “Abdulla Qodiriy”, “Usmon Nosirning so'nggi tushi”, “Oybekning so'nggi she'ri”, “Maqsud Shayxzoda” kabi she'rlariga borib taqaladi.

 

Yomg'irday bir sog'inch ko'ksimga to'ldi,

Yurakka tutashdi notanish g'ulu.

Nogoh Vatanimni ko'rganday bo'ldim,

Qodiriyning xuddi o'zi edi u.

 

Qonxo'r siyosat qilichi o'ynab turgan zamonda bundan ortiq yozish halokatli edi. Shoirning Vatanga o'kinch bilan bergan ta'rifi o'shanda nozik didli o'quvchilarga katta haqiqatlarni anglatgani shubhasiz. “Usmon Nosirning so'nggi tushi” she'ridagi quyidagi so'rov bekitilgan tarixga ishora, aslida:

 

Tongotarga boqdim-da, birdan –

Ko'kragimni qoldim quchoqlab.

Ufq nega qonga belangan,

Kim osmonni ketdi pichoqlab?

 

“Maqsud Shayxzoda” she'ridagi so'nggi to'rt satr qanday sirdan ogoh qilmoqda?

 

Qora rangga qo'l tegizma,

Shafqat ham kerak andak!

Men kechirdim, nahotki, sen

Kechirmaysan, kelajak…

 

Mustabidlik qoyasi yemirilib, qora bulutlar tarqay boshlagan yillarda Usmon Azim “O'ttiz sakkizinchi yil. Lager”, “Ellik yil avval ham u chechan edi, // “Abdulla Qodiriy millatchi”, derdi”, degan she'rlar bitdi. “Cho'lpon” she'rida shoir tilidan “Mening taqdirim – qiynoq, // Faqat tun aro umrim” deb yozdi. Xullas, ijodkor “Adibning umri”, “Abdulla Qahhor”, “Kunduzsiz kechalar” pyesalarini bitishga ruhan va ma'nan tayyor edi. Ijodkorlarning tavallud sanalari turtki berdi, xolos.

Yodingizda bo'lsa, “Adibning umri” pyesasi shunday boshlanadi: “Oybekning bog'i. Cho'lpon, Saidnosir Mirjalilov supada o'tiribdi. Ular qopdan kitob olib, birin-birin varaqlab ko'radi. Oybek samovar yonida – choy qaynatish bilan ovora. Abdulla Qodiriy gulzorning chetidagi bir gul tepasida, unga tikilgancha turibdi.

 

Cho'lpon. Oybek, o'zbekning kichigi bo'lguncha… A?

Oybek. So'ramang!

Qodiriy (ko'zini guldan uzmasdan). Abdulhamid, Musa o'zbekning kichigi bo'lmay kimi bo'lsin?

Cho'lpon (ko'zi kitobda). Kattasi bo'lsin...

Qodiriy. O'zbekning kattasi qolmagan, Abdulhamid!

Mirjalilov (kitobdan bosh ko'tarib). Abdulla, nimalar deyapsan?

Qodiriy. Mag'lub xalqning, bo'ynini qisib yashaydigan xalqning kattasi bo'lmaydi!

Cho'lpon. Kattalari qaerga ketarkan?..

Qodiriy. Qaerga ketayotganini bilmaysanmi?

Cho'lpon (uzoq sukutdan so'ng). Bilaman…

Mirjalilov. Abdulla, unday dema!.. Xudoga shukur, sen borsan, Cho'lpon bor!..

Qodiriy. Bular kuch oldi! Endi hech kimni omon qo'yishmaydi”.

 

Dramaturg bog' manzarasini bejiz kiritmagan. Bog' millat ma'naviyatining timsoli. Bu beqiyos gulzordagi gullar – xalqning asl farzandlari. Muallif Oybek boshidan o'tkazgan tuhmatu qiynoqlar orqali davr manzarasini chizadi. Dramaturgning yutug'i shundaki, asar faktlar sharhidan iborat bo'lib qolmay, balki har bir obraz tomoshabin ko'z o'ngida fe'l-atvori va zimmasidagi “vazifa”ga ko'ra tirik odam bo'lib gavdalandi. Asardagi Otaqo'zi, Mirsaid, Zohid, Safar, Botir ana shunday obrazlar sirasiga kiradi. Muallif pyesaga bu nomlarni shunchaki bir ilova tarzida kiritmagan. Bu personajlarning prototiplari mavjud. Asar voqealari 30 – 50-yillarda bo'lib o'tganini e'tiborga oladigan bo'lsak, “qahramonlar”ning qiladigan talay “ishi” bor. Oybekning bag'rikengligi, jo'mardligi asarda juda chiroyli tasvirlangan. Xiyonatga mehr bilan javob berish, tavba qilib kelgan boshni silash chin musulmonning ishi. Kechirimli Oybekning katta qalbi tomoshabinni hayratga soladi, odam qalbi bilan ODAM ekan-da, deya o'ylashga majbur etadi.

O'zbekning buyuk shoiri Abdulhamid Cho'lponga bag'ishlangan “Kunduzsiz kechalar” asarini o'zimizga tutilgan ko'zgu deyish mumkin. Xalqimizning ayanchli tarixi haqidagi asar nomi, birinchidan, davrga ishora bo'lsa, ikkinchidan, Cho'lponning “Kecha va kunduz” romani sarlavhasiga uyqash qilib tanlangan. Pyesada Cho'lpon yashagan muhit, qatag'on davri, mustabidning hiyla-nayranglari va ayrim ziyolilardagi shaxsiy g'araz-nafratning ijtimoiy illatga aylanishi-yu millat ziyolilarining mahv etilishi tarixiy manbalar asosida haqqoniy tasvirlangan. Cho'lponning quyidagi dardchil so'zlari uning vasiyati edi aslida: “Adabiyot yashasa millat yashar, adabiyoti gullamagan va adabiyotining taraqqiysiga chalishmagan va adiblar yetishtirmagan millat oxiri bir kun hissiyotidan, o'yidan fikran mahrum qolib, sekin-sekin inqiroz bo'lur”.

Adabiyotshunos Shuhrat Rizayev “Kunduzsiz kechalar”, “Adibning umri” va “Abdulla Qahhor” nomli ijtimoiy-tarixiy-biografik asarlarni “adabiy uchlik” – “trilogiya” deb ataydi.

Usmon Azim ijodi yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda, tarix, adabiyotni tanitishda beqiyos ahamiyatga ega. Junun o'ti yetmish beshda ham gurillab turgan adiblar ko'p emas. Elim degan shoir bamisoli Ka'ba qopqasida turgan posbon. Zero, haqiqatgo'y shoirning yosh avlodga aytar so'zi shu:

 

Yuraver. Qolma yo'ldan.

Qolgan qolar. Achinma.

Cho'chima hech narsadan –

O'zbekiston oldinda.

Botir bo'l. Olg'a yugur.

Qo'rqma har xil qotildan.

Axir, tog'dek suyanching –

O'zbekiston ortingda.

Olim TOShBOYEV,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist, yozuvchi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twelve + nineteen =