Odam savdosi — davr muammosi

Odam savdosi — og'ir jinoyat, ayanchli illatlardan biri. Afsuski, hozirgi globallashuv asrida insonni tovlamachilik yo'li bilan sotish, moddiy manfaat uchun tovarga aylantirish holatlari dunyo bo'ylab kun tartibidan tushmayapti. Har yili yuz minglab begunoh insonlar turli aldovlar, tahdidlar, zo'ravonlik orqali odam savdosi qurboniga aylanib qolmoqda. Ular o'z hayoti, erkinligi va orzularidan mahrum bo'lib, jismoniy va ma'naviy azoblarga giriftor bo'lyapti. Eng achinarlisi, bu jinoyatni sodir etuvchilarning ham, bundan jabr ko'ruvchilarning ham muddaolari mushtarak, ya'ni oson yo'l bilan daromad topish.

Odam savdosining ko'plab turlari mavjud bo'lsa-da, ularning eng keng tarqalgan va salbiy oqibatlari og'ir bo'lgan to'rt asosiy turi farqlanadi:

— shahvoniy ekspluatatsiya;

— mehnat ekspluatatsiyasi;

— chaqaloq va bola savdosi;

— inson a'zolarining noqonuniy transplantatsiyasi.

Odam savdosi transmilliy, ya'ni hudud va chegara tanlamaydigan jinoyat hisoblanadi. Shu boisdan davlatimiz 2003 yil 12 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1950 yilda qabul qilingan Konvensiyaga qo'shildi hamda 2008 yilning 17 aprelida O'zbekiston Respublikasining “Odam savdosiga qarshi kurashish to'g'risida”gi Qonuni qabul qilindi.

Shuningdek, 2010 yil 30 iyulda BMT Bosh Assambleyasi 64/293-rezolyutsiyasi bilan Odam savdosiga qarshi kurashish bo'yicha BMTning Global harakat dasturi qabul qilingan.

Mazkur harakatlar dasturida ushbu jinoyatning oldini olish, jabrdiydalarning himoyasi, jinoyatchilarni ta'qib etish va barcha yo'nalishlarda hamkorlikni mustahkamlash bo'yicha chora-tadbirlar ko'zda tutilgan.

Bugungi kunda ko'plab xalqaro hujjatlarda nazarda tutilgan normalar milliy qonunchiligimizga implementatsiya qilingan. Xorijiy davlatlar bilan uyushgan jinoyatchilik, shu jumladan, odam savdosiga qarshi kurashish bo'yicha o'ttizdan ortiq ikki tomonlama shartnoma va bitimlar imzolangan.

Oxirgi yillarda O'zbekistonda odam savdosiga qarshi kurashish masalasi davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biriga aylandi. Jumladan, 2020 yilning 17 avgust kuni O'zbekiston Respublikasining “Odam savdosiga qarshi kurashish to'g'risida”gi Qonuni yangi tahrirda qabul qilingan. Uning asosiy maqsadi — odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iboratdir.

Ushbu qonun asosida 2023 yil 21 dekabr kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat tamoyillarini keng joriy etishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi Farmoni bilan Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo'yicha milliy komissiyasi Oliy Majlisi Senati raisi rahbarligida qayta tashkil etildi.

Bundan tashqari, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 8 fevraldagi “Odam savdosidan jabrlangan yoki odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxslarni milliy darajadagi qayta yo'naltirish tizimini tasdiqlash to'g'risida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu tizim jabrlangan shaxslarni identifikatsiya qilish va qayta yo'naltirish tartibini belgilaydi.

Odam savdosi jabrdiydalariga har tomonlama yordam ko'rsatish va ularni ijtimoiy reabilitatsiya qilish maqsadida, Toshkent shahrida Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish bo'yicha respublika reabilitatsiya markazi faoliyat yuritib kelmoqda.

Shuningdek, 2001 yilda o'z faoliyatini boshlagan Respublika “Istiqbolli avlod” ijtimoiy axborot markazi ham O'zbekistondagi odam savdosi va zo'ravonlikning boshqa turlariga qarshi kurashish sohasida yetakchi NNTlardan biri hisoblanadi. Markaz tomonidan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami, ya'ni odam savdosi jabrlanuvchilari va jabrlanuvchiga aylanish ehtimoli bo'lgan ijtimoiy zaif guruhga mansub shaxslarni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan dasturlar va loyihalar amalga oshiriladi. Markaz uch yo'nalishda faoliyat olib boradi: odam savdosi va boshqa turdagi zo'ravonliklarga qarshi kurashish hamda odam savdosidan jabrlanganlar, noqonuniy migrantlar va aholining zaif qatlamlariga ijtimoiy-huquqiy xizmatlar ko'rsatish, zaif guruhlar orasida odam immuntanqisligi virusi infeksiyasining tarqalishini kamaytirish, mamlakatimizda ko'ngillilar harakatini rivojlantirish.

Bugungi kunga qadar Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi, Odam savdosiga qarshi kurash bo'yicha qo'mita, IIV, Bosh prokuratura, Tashqi ishlar vazirligi, Davlat bojxona qo'mitasi, Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash kabi bir qator vazirliklar bilan hamkorlikda aholi, ayniqsa, xotin-qizlar o'rtasida odam savdosi, noqonuniy migratsiya va maishiy zo'ravonlikning oldini olish, qarshi kurashish va jabrlanganlarni ijtimoiy-huquqiy qo'llab-quvvatlash bo'yicha hamkorlik bitimlari imzolangan. O'tgan davr mobaynida Tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorlikda Birlashgan Arab Amirliklari, Turkiya, Isroil, Tailand, Rossiya Federatsiyasi va Qozog'iston Respublikasidan odam savdosi jabrlanuvchilarini Vatanga qaytarishga ko'maklashildi.

Statistik ma'lumotlarga ko'ra, 2024 yili Markazning ishonch telefoniga 15 661 ta qo'ng'iroq kelib tushgan bo'lib, shundan xorijiy mamlakatlardan 426 nafar O'zbekiston fuqarosi yordam so'ragan. Ayni paytda 159 nafar yurtdoshimiz markaz xodimlarining sa'y-harakatlari bilan yurtimizga qaytarilgan.

IIV huzuridagi Tergov departamentining ma'lumotiga ko'ra, 2025 yilning 5 oylik hisobotlari bo'yicha odam savdosi bilan bog'liq jami 89 ta murojaat kelib tushgan bo'lib (2024 yil shu davrda 69 bo'lgan), ulardan 87 ta holat bo'yicha jinoyat ishi qo'zg'atilgan, 2 ta holat bo'yicha jinoyat ishini qo'zg'atishdan rad qilish haqidagi qaror qabul qilingan.

Hisobot davrida jami 86 nafar shaxs jabrlanganligi (80 nafari ayollar, 6 nafari erkaklar, jumladan, 6 ta voyaga yetmagan jabrlanganlar), shuningdek, 21 nafar shaxs respublika hududidan tashqarida sodir qilingan jinoyatlar bo'yicha jabrlanganligi aniqlangan.

30 iyul — “Butunjahon odam savdosiga qarshi kurash kuni” munosabati bilan 30 iyundan 30 iyulga qadar “30 kun hamkorlikda odam savdosiga qarshi kurashish” keng ko'lamli aksiyasi o'tkazib kelinmoqda. Bundan ko'zlangan maqsad jamoatchilik, davlat organlari va jamiyatning har bir a'zosi e'tiborini odam savdosi muammosiga qaratish va ushbu jinoyatdan jabrlanganlarga yordam ko'rsatish bo'yicha harakatlarni muvofiqlashtirishdan iborat. Mazkur tadbir doirasida keng qamrovli axborot-targ'ibot ishlari olib borilib, videoroliklar metro, aeroport, vokzal, avtovokzaldagi avtobus va poezd monitorlari orqali namoyish etib kelinmoqda.

Amalga oshirilayotgan barcha chora-tadbirlardan ko'zlangan maqsad odam savdosining oldini olish, mazkur faoliyat bilan shug'ullanuvchi shaxslarning faoliyatiga qarshi kurashish, unga chek qo'yishdan iborat. Chunki odam savdosi boshqa jinoyatlarga nisbatan ijtimoiy xavfi yuqori bo'lib, chegara bilmaydi, o'z domiga ayollar, ojiz ahvoldagi shaxslar va hattoki voyaga yetmaganlarni ham tortadi.

Albatta, ushbu jinoyatga qarshi kurashish barcha fuqarolarning burchi hisoblanadi. Ayniqsa, aholi o'rtasida huquqiy targ'ibot tadbirlarining va davra suhbatlarining o'tkazilishi sohada amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini oshiruvchi omildir. Zero, har bir huquqiy demokratik davlatda shaxs, uning huquqlari, erkinligi va qonuniy manfaatlari oliy qadriyat hisoblanadi. Unga daxl qiluvchi har qanday harakat va shaxsga nisbatan javobgarlikning muqarrarligi ta'minlanishi lozim.

Sohibjon YuLDAShEV,

IIV huzuridagi Tergov departamenti

Axborot-tahlil bo'limi boshlig'i, podpolkovnik.

Adolat FAYZIYEVA,

jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty − 16 =