Dunyoning eng boy tili baxtsiz bo'lishi mumkin emas!

Til — taqdir degani. U millat taqdiri, uning o'tmishi va yorqin kelajagidir. Buning uchun esa milliy til hayotda keng ko'lamda amal qilmog'i lozim. Chunki davlat tilining amaldagi mustaqilligi, mustahkamligi, mavqei — millat qadri va qadriyatlarining bardavomligi, sobitligini ta'minlovchi kuch.

Bu so'zlarning qanchalar haqiqat ekaniga yaqindagina Janubiy Koreya Respublikasiga qilgan xizmat safarimiz davomida yana bir bor amin bo'ldim. Xalqaro anjuman sabab bir haftaga yaqin Seul shahrida bo'lib, “Osiyo arsloni” deb atalmish bu yurtning bugungi yuksak taraqqiyotining asl ildizlarini anglagandek bo'ldim. Avvalo, bu baho mehnatkash koreys xalqining o'z yurtiga bo'lgan cheksiz muhabbati, milliy qadriyatlariga hurmati va ona tiliga sadoqati tufayli bo'lsa ajab emas. Har yurtning obodligi shu mamlakat, millat farzandlarining Vataniga, qadriyatlariga va tiliga munosabatida namoyon bo'ladi.

Biz ishtirok etgan xalqaro anjumanda 23 mamlakatdan vakillar, guruhlar qatnashib, garchi ular orasida faqat yagona guruh koreyalik mutaxassislar bo'lsa-da, har kunlik tadbirlar, avvalo, Koreya Respublikasining madhiyasi bilan boshlanib, boshlovchilar tomonidan tabrik, tanishtiruv va e'lonlar ham avval koreys, keyingina umumiy vosita til bo'lgan inglizchada e'lon qilib borildi. Joylashgan o'rinlarimizga qo'yilgan qayd varaqalari, yo'riqnomalar ham faqat davlat tili — koreys tilida va kichik harflar bilan ingliz tilida yozilgan edi. Men yana koreyslarning o'z bayroqlari, milliy qadriyatlariga munosabatlariga-da qoyil qoldim.

Biz joylashgan binoning ozodaligiga mas'ul bo'lgan oddiygina xodimadan tadbirdan so'ng aylanish uchun atrofda qanday diqqatga sazovor joylar borligini so'radik. Ayol tarixiy joylar, tarixiy shaxslar, binolar haqida shunaqangi zavq bilan batafsil gapirib berishdiki, uning hayajonli so'zlarida, ko'zlarida tug'ilib o'sgan zaminga bo'lgan cheksiz mehr va muhabbati namoyon edi. Bundan ta'sirlanmaslikning iloji yo'q edi.

Menimcha, har bir inson Vatanni chin ma'noda sevishi mana shunday hech bir iddaosiz, ta'nasiz, sodda va samimiy bo'ladi. Va uni boricha, borlig'icha sevgan inson tiliga, millatiga, qadriyatlariga zarracha xiyonat qilmaydi.

“Millat o'lmaydi, agar u o'zini o'zi o'limga mahkum etmasa”, deydi amerikalik shoir Ralf Emerson. Milliy tilga e'tiborsizlik, hurmatsizlik, uning qadrsizlanishi esa ayni millatning inqirozga mahkum etilishidir.

Shunday ekan, bu borada davlat tiliga e'tibor masalasi hukumat tomonidan yanada qo'llab-quvvatlanishi, tilimizning mavqeini qonunan himoya qilish, maqomini mustahkamlash adolatli va o'z o'rnida zaruriy davr talabidir.

Mamlakatimizning Davlat tili haqidagi yangi tahrirdagi Qonuni 1-moddasida “O'zbekiston Respublikasining davlat tili o'zbek tilidir”, deb yozib qo'yilgan.

Bugun Yangi O'zbekistonda ona tilimizning xalqimiz ijtimoiy hayotidagi va xalqaro miq­yosdagi obro'-e'tiborini tubdan oshirish, unib-o'sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an'ana va qadriyatlarga sadoqat, ulug' ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to'laqonli joriy etishni ta'minlashga qaratilgan yangidan-yangi tashabbuslar ilgari surilayotganining guvohi bo'lyapmiz.

Muhimi, bu boradagi sa'y-harakatlar ushbu sohada to'planib qolgan muammo hamda kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilishidir. Yangicha tashabbuslar mamlakatimizda o'zbek tilini zamon talablari asosida rivojlantirish, uning davlat tili sifatidagi nufuzini yanada mustahkamlash borasidagi mas'uliyatli vazifalarning samarali ijrosi uchun nihoyatda zarur.

Shuni ta'kidlash kerakki, milliy til nafaqat munosabatlar vositasi, balki milliy madaniyat kaliti, qadriyatlar uzviyligi uchun tub mustahkam ildiz sanaladi. Bu qoidalar bugun qanchalar hayotimizga tatbiq etilyapti?..

Bugun poytaxtimiz ko'chalarini aylansangiz, ko'zingiz quvnaydi, dilingiz g'ururga to'ladi. Yildan-yilga chiroy ochib, yashillanib, yangidan-yangi osmono'par binolar shahar husniga ko'rk qo'shib bormoqda. Ammo, ming afsuski, yurtimiz shahar va tumanlarida qad rostlab turgan ba'zi binolar, savdo markazlari, ovqatlanish shoxobchalaridagi tanovul ro'yxatlari, narxnoma, peshlavhalar va reklamalardagi nom hamda yozuvlarni ko'rgan kishi afsuslanadi. Deyarli barchasida rus tilida yozilgan. Go'yo xorijiy mamlakatga tushib qolgandek tasavvur uyg'onadi.

Vaholanki, O'zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonunining 20-moddasida aniq-tiniq ravishda “Lavhalar, e'lonlar, narxnomalar va boshqa ko'rgazmali hamda og'zaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtiriladi va e'lon qilinadi hamda boshqa tillarda tarjimasi berilishi mumkin”, Qonunning 22-moddasida esa “Geografik ob'yektlarning nomlari davlat tilida aks ettiriladi”, deya qayd etilgan.

Ayniqsa, poytaxtimizdagi xususiy maktablar, restoranlar, maydonlarda, taqdimotlarda, dam olish maskanlarida yoshlar uchun o'tkazilayotgan ba'zi katta ommaviy tadbirlarda “Davlat tili haqida”gi qonun talablari chetlab o'tilmoqda.

Shuni o'ylasam, millatimiz fidoyilaridan bo'lgan jadid bobomiz Abdurauf Fitratning “Tilimiz” nomli maqolasi yodimga tushadi. Unda o'zbek ziyolilarining fors va arab so'zlarini ishlatishga ishtiyoqmandligidan nolib yozgan quyidagi fikrlarini keltirishni joiz deb bildim: “Dunyoning eng boy, eng baxtsiz bir tili qaysi tildir? Bilasizmi? Turkcha. Shoirlik qilmoqchi emasman, so'zning to'g'risi shudir. Dunyoning eng boy tili turkchadir, eng baxtsiz tili yonaho'l (yana shu) turkchadir”. Afsuski, oradan bir asrdan ortiq vaqt o'tgan bo'lsa-da, bu mavzu, bu muammo biz uchun hamon dolzarbligicha qolmoqda.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2020 yilda “Mamlakatimizda o'zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmon imzolandi. Undan ko'zlangan maqsad — o'zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro'-e'tiborini tubdan oshirish, unib-o'sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an'ana va qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to'laqonli joriy etishni ta'minlash, O'zbekistondagi millat va elatlarning tillarini saqlash va rivojlantirish, davlat tili sifatida o'zbek tilini o'rganish uchun shart-sharoitlar yaratish, o'zbek tili va til siyosatini rivojlantirishning ­strategik maqsadlari, ustuvor yo'nalish va vazifalarini hamda istiqboldagi bosqichlarini belgilashdan iborat edi.

Bilamizki, Qonunlar amalda, hayotga tatbiq qilingandagina o'z vazifasini bajarib, samarali natijalar beradi. Bu esa nafaqat unga mas'ul bo'lgan hukumat vakillari, balki shu mamlakatning buyuk istiqbolini, taraqqiyotini ko'rmoqni istagan, farzandlari, kelajak avlodlarga sof tilimiz va boy qadriyatlarimizni bus-butun yetkazishni o'zining sharafli burchi deb biladigan har bir vatandoshimizning ham vazifasidir.

Shu o'rinda huquqshunos olim To'ra Xo'janiyozovning “Davlat tili — millat taqdiri” kitobida bayon etilgan ba'zi asosli fikrlarga e'tiboringizni qaratgim keldi: “Biz bugun Markaziy Amerikadagi yerli aholi bo'lgan hindularning, bir paytlar o'z madaniyati bilan tanilgan atseklar, mayyalar, irokezlar, seneka, rama, borigon kabi elatlarning deyarli yo'qolib ketgani, Shimoliy Sibir va Uzoq Sharqdagi korel, pomor, fin, ajar, veps, nanay, yoqut, tungus, evenk, eskimos, chukcha, kunis xanti, mansi, buryat kabi yana o'nlab millat va elatlarning milliy tillari va shu tillarga e'tiborsizlik oqibatida, batamom yo'qolib borayotgan madaniyati va milliy qadriyatlarini afsus bilan misol keltirishimiz mumkin. Bunday kichik millat, elat va qabilalarning yo'qolishi uchun qaerdadir qanchalab o'q, porox sarflangan bo'lsa, boshqa bir tuzumda oddiy “til siyosati”ning olib borilishigina xizmat qildi”.

Bor haqiqat shundaki, milliy manfaatlar va milliy qadriyatlar himoya etiladigan eng mustahkam asos — bu milliy til hisoblanadi. Darhaqiqat, tarixdan saboq olgan holda, yuqoridagi misollardan ko'rish mumkinki, madaniy-ma'naviy boyligimiz bo'lmish ona tilimizning davlat tili sifatidagi nufuzini oshirish, uning sofligini asrash, himoya qilish biz uchun hamisha hayot-mamot masalasi bo'lmog'i lozim. Millatimiz kelajagi, tilimiz ertasi oldida har birimiz hamisha mas'ul bo'lishimiz shart!

Hazrat Shayx Sa'diyning “Sen chiroqni ko'rolmasang, chiroq birlan neni ko'rasan?” degan satrlari bor. Bu satrlar bugun bizning o'z milliy tilimizga bo'layotgan munosabatimizga ham daxldordek.

Bugungi globallashuv deb atalayotgan shiddatkor bir davrda tilimiz sofligini saqlash, unga e'tiborni kuchaytirish, so'zlashuvda turli xorijiy iboralarni o'rinli-o'rinsiz ishlatavermaslik tilimiz kelajagiga bizning qo'shadigan eng katta hissamiz bo'ladi.

Shu o'rinda yana bir misol. Ko'pchiligimiz ishdan uyimizga kelgach, beixtiyor televizor murvatini qidiramiz. Ko'nglimizga xush keladigan, ruhimizga ma'naviy ozuqa beradigan ko'rsatuvlarni ko'rishni istaymiz. Ayniqsa, ko'rsatuvlarda millatimizga xos qadriyatlar targ'ib etilayotgani, o'zbek adabiy tilida ravon gapirayotgan boshlovchilarning milliy kiyimlardagi chiqishlarini ko'rib, dilimiz ravshanlanadi.

Afsuski, so'nggi paytlarda ba'zi milliy telekanallarimizda berilayotgan, ma'naviyatning zavoli bo'lgan, saviyasi haminqadar reklamalar, mantiqsiz kliplarni, o'zbek adabiy tiliga hurmatsizlarcha munosabatda bo'layotgan boshlovchi yigit-qizlarni ko'rib, tomoshabinlarning ta'bi xira bo'layotgani bor gap.

Aytish joiz, dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo'lgan o'zbek tili xalqimiz uchun milliy o'zligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho ma'naviy boylik, buyuk qadriyatdir. Kimda-kim o'zbek tilining bor latofatini, jozibasi va ta'sir kuchini, cheksiz imkoniyatlarini his qilmoqchi bo'lsa, munis onalarimizning allalarini, ming yillik dostonlarimizni, o'lmas maqomlarimizni eshitsin, baxshi va hofizlarimizning sehrli qo'shiqlariga quloq tutsin.

Muhtasham turkiy tillarning katta oilasiga mansub bo'lgan o'zbek tilining tarixi xalqimizning ko'p asrlik kechmishi, uning orzu-intilishlari, dardu armonlari, muzaffar g'alabalari bilan chambarchas bog'liqdir. Ajdodlarimiz, ota-bobolarimiz aynan ona tilimiz orqali jahonga o'z so'zini aytib kelgan. Shu tilda buyuk madaniyat namunalarini, ulkan ilmiy kashfiyotlar, badiiy durdonalar yaratganlar.

Birgina ulug' shoir hazrat Alisher Navoiyning nazmiy va nasriy asarlarida yigirma olti mingdan ortiq so'z qo'llaganlari turkiy tilning naqadar boy va mukammal til ekaniga yaqqol isbot bo'la oladi.

Ona tilimiz dunyodagi eng qadim va boy tillardan biri sifatida nihoyatda boy leksik xazinaga ega ekan, so'z qo'llash, nom tanlash masalalarida o'zbek tilining izohli lug'atlar majmuasiga tayanib, konseptual yondashish maqsadga muvofiqdir. Til va yozuvning zamirida millat ruhi, olis tarixi, Vatan tuyg'usi mujassam. Uning kelajagi va ravnaqida har bir vatandoshimiz fidoyiligi, jonbozligi joiz.

Vatanni sevish, aslida, nimadan boshlanadi? Ehtimolki, yurtga fidoyilik, sadoqat bu — har qanaqa balandparvoz so'zlar, otashin nutqlarda emas, shu yurt, shu millat uchun qilayotgan ijobiy amaliy ishlarimizda, xalqning koriga yarovchi mehnatimiz mahsulida ko'rinsa ajab emas.

Shunday ekan, ma'naviyatning ko'zgusi bo'lgan ona tiliga bo'lgan munosabat shaxsning ma'naviyatga bo'lgan munosabatini ham belgilaydi. Xulosa shuki, o'z tilimizga e'tiborsiz bo'lishga, sizu bizning, shu millat vakiliman degan har bir inson borki, haqqimiz yo'q. Zero tilimiz taqdiri — millat taqdiridir. Uni asrab-avaylash, uning davlat tili sifatidagi nufuzini orttirish yo'lida keng miqyosli ishlarni amalga oshirish, shu tilda ish yuritish esa bizning vijdoniy vazifamiz va burchimiz bo'lmog'i zarur.

 

Bobolar yurtini xor qilgan elning

Manglayi qarodir, ertasi gumon.

Ona tilin unutgan elning,

Qo'shiqlari soxta, allasi yolg'on.

Zilola XO'JANIYoZOVA,

O'zbekiston Yozuvchilar

uyushmasi a'zosi,

“Shuhrat” medali sohibasi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × two =