“O'zbek tilining milliy tabiati”

Ona tilimizda “jonkuyar”, “fidoyi”, biror narsa uchun “ichi achiydigan”, “kuydi-pishdi” kabi so'zlar bor. Bularning zamirida bir ma'no yashiringan: biror kimsaga o'ta g'amxo'r, biror narsa uchun jonini ham ayamaydigan inson tushuniladi. Binobarin, ona tilimiz ravnaqi uchun jonini ham ayamaydigan, har qanday davrada o'z fikrini ayta oladigan, ayni shu xislatlarni o'z hayot mazmuniga aylantirgan kishilar ham bor. Nazarimizda, mana shunday insonlardan biri Zuhriddin Isomiddinovdir.
Zuhriddin akani o'tgan asrning 80-yillaridan beri bilaman. Fanlar akademiyasining Til va adabiyot institutida ma'lum muddat birga ishlaganmiz. Asli jurnalist bo'lgan Z.Isomiddinov adabiyotshunoslik, tarjimashunoslik sohalarida salmoqli ilmiy tadqiqotlar yaratgan. Gap bu haqda emas. Men u kishining ona tilimiz oldidagi xizmatlarini: radio-televideniedagi, gazeta-jurnallardagi chiqishlarini muntazam kuzatib boraman. Bu orada mas'ul lavozimlarda ham xizmat qildi. Lekin ona tilimiz oldidagi mas'uliyatini biror daqiqa unutmadi, doimo jonsaraklik bilan biror muammoni, uning yechimini dalillar bilan ko'rsatib berdi.
Yaqinda “Bayoz” nashriyotida Zuhriddin Isomiddinovning “O'zbek tilining milliy tabiati” nomli kitobi bosilib chiqdi. Mazkur kitobda Zuhriddin domlaning ona tilimiz haqida bildirgan ko'p yillik fikr-mulohazalari jam bo'lgan. Davlat tili masalasi, ona tilimizdagi tovushlar, tilning boyish manbalari, so'z o'zlashtirish hodisasi va imlo muammolari, xalq shevalaridan foydalanish masalalari, badiiy tarjima va uning milliy tilga ta'siri kabi bir qator muammolar alohida maqolalarda, suhbat-intervyularda aks etgan. Asosiy urg'u ona tilimizning bugungi ahvoli, mavjud muammolar, ularning yuzaga kelish sabablari va hal etish yo'llariga qaratilgan. Buni kitobning mundarijasidanoq bilib olish mumkin: “Til qanday paydo bo'lgan?”, “O'zbek tilining milliy tabiati”, “Til va ma'naviyat”, “O'zbek tilida tovushlar faolligi”, “Shevaning shikvasi”, “Uzbek emas, o'zbekmiz” va shu kabilar.
Odatda, 21 oktyabr arafasida davlat tili masalasi “qo'zg'alib” qoladi, maqolalar chop etilib, ommaviy axborot vositalarida chiqishlar qilinadi. Shu bilan ona tilimiz — o'zbek tiliga bo'lgan “hurmat”imiz ham so'nib boradi. Ammo Zuhriddin Isomiddinov bu borada uzluksiz chiqishlar qiladi, qaysi minbardan bo'lmasin, bu haqda bong uradi, jamoatchilik fikrini o'zbek tilining kelajagiga qaratadi, ayniqsa, yosh avlodni bu masalada befarq bo'lmaslikka undaydi, davlat tilining nozik nuqtalariga e'tibor qaratadi. Muallif fikricha, “Barcha davlat tashkilotlarida o'zbek tilidagina emas, adabiy tilda ish yuritilishi shart. Namanganlik muallim namangancha shevada dars o'ta boshlasa, toshkentlik aktyor sahnada o'z shevasida so'zlasa, andijonliklar “anjanchasiga” gapiraversa, milliy yaxlitlik barbod bo'ladi”.
Zuhriddin domla tomonidan turli yillarda yozilgan, lekin bugungi kunda ham o'z ahamiyatini aslo yo'qotmagan maqolalar, avvalo, o'z nomlanishi bilan beixtiyor kishining e'tiborini tortadi. Mana o'shanday maqolalardan biri: “Imloni bilmagan mullo bo'lmaydi”. Muallif ona tilimizning milliy tabiatidan kelib chiqib, hatto tilshunos olimlarimiz ham yetarlicha e'tibor qaratmagan sohalarni tadqiq qiladi hamda amaliy tilshunoslik uchun o'ta zarur bo'lgan nazariy xulosalarni ilgari suradi: “Holbuki, dunyoning hamma xalqlari chetdan kirgan so'z va atamalarni o'z tiliga moslashtirib talaffuz qiladi, shunday yozadi ham. Arablar gavharni javhar, Chochni Shosh deydi, chunki to'g'risini aytishga tili kelishmaydi. Biz esa, nima uchundir, qaysi tildan so'z olar bo'lsak, o'shanga moslashga urinamiz, bu orada ona tilimiz xossalari poymol bo'lib ketayotgani bilan ishimiz yo'q”.
Zuhriddin Isomiddinov bildirgan fikrlar ham nazariy, ham amaliy jihatdan qimmatli. Chunki har bir tilning o'ziga xos injiqligi, milliy tabiati bo'ladi. Lisoniy bu o'ziga xoslik har qanday so'zu har qanday ifoda tarzini qabul qilavermaslikda yoki o'ziga moslab qabul qilishda ko'rinadi. Til shunisi bilan tirik bo'ladi. Shunday ekan, bunday qimmatli fikr-mulohazalar yozuv amaliyotida hisobga olinishi, boshqa tillardan o'zlashtirilayotgan so'zlar imlosida, albatta, hisobga olinishi zarur. Negaki, “O'zbek tili boshqa tillardan so'z olishga omilkorroq. Lug'atimiz xazinasining yarmidan ko'prog'ini arabiy, forsiy va ruscha-baynalmilal so'zlar tashkil etadi”.
Ushbu kitobdagi har bir maqola to'g'risida faqat ijobiy fikr bildirish mumkin. Chunki muallif qarab chiqayotgan mavzuni, tadqiq etilayotgan har bir sohani ilmiy-nazariy jihatdan puxta o'rganib chiqqan, mavjud faktlar qiyosiy tahlil qilingan, shundan keyingina nazariy umumlashmalar tavsiya qilingan. Buni “O'zbek tilida tovushlar faolligi” maqolasida ham yaqqol kuzatish mumkin. Muallifning mana bu fikriga e'tibor qaratamiz: “Hech qaysi davrda o'zbek alifbosida unlilar yaxshi ifoda topmagan. Buning sababi – “o'zbek tili rivojlanib, singarmonizmni yo'qotgan”ligini ko'rsatish va shu orada alifbodagi harflar miqdorini rus tili alfaviti miqdoriga tenglashtirishga intilish maqsadida ayrim tovushlar uchun grafik belgi (harf)lar ataylab olinmagan”.
Aslida, adabiy tilning boyish manbai ikkita: xalq shevalaridan so'z olish va boshqa tillardan so'z o'zlashtirish. Nazarimizda, har ikkalasi ham juda muhim. Xalq shevalari orqali haqiqiy turkiy, sodda, ko'pchilikka tushunarli, aytilishi qulay so'zlar kirib kelsa, bugungi ijtimoiy-siyosiy vaziyat, ilm-fan terminlariga bo'lgan ob'yektiv ehtiyoj tufayli boshqa tillardan so'zlar o'zlashtiriladi. Demak, bu ikki manbaning o'ziga xos o'rni bor. Lekin ba'zida sheva so'zlarini qo'llashda e'tiborsizlik yoxud adabiy tilga nopisandlik sezilib qoladi.
Xo'sh, bu borada Zuhriddin domlaning fikrlari qanday? Uning yozishicha, “Savodsiz yoki kitob o'qimaydigan odam shevada gapiradi, shevasiga moslab yozadi ham. Ziyoli odam esa adabiy tilda so'zlashga harakat qiladi. To'g'ri, shevalar bilan adabiy til normalari orasida ancha-muncha tafovut bor. Shuning uchun ba'zilar shevada so'zlash tabiiyroq deb o'ylashadi. Bunday emas. Biz umumo'zbek adabiy tilida tabiiy gaplashish sari intilishimiz kerak. Sheva – elat tili, adabiy til esa – millat tili. Butun xalq adabiy tilda so'zlashishga o'tgandagina millat bo'la oladi”.
Esimda, o'tgan asrning 80-yillari oxirida Til va adabiyot institutining katta ilmiy xodimi Nasim Mamatov o'zbek tilida qo'shma so'zlar bo'yicha doktorlik dissertatsiyasi yozib, himoya qila olmagan edi. Sababi – Nasim domla juda ko'p so'zlarni qo'shib yozish g'oyasini ilgari surgan va shu tariqa “Izohli lug'at” so'zligini boyitish tarafdori bo'lgan edi. Taassufki, fidoyi olimning bu g'oyasi o'shanda amalga oshmadi. Agar masalaning tub mohiyati chuqur anglab yetilganda, o'zbek tilidagi juda ko'plab so'zlar imlo, izohli va terminologik lug'atlardan joy olar, oxir-oqibat o'zbek tilining lug'aviy imkoniyatlari yanada oshib, ming-minglab so'zlar bilan boyigan bo'lardi. Ajablanarli tomoni shundaki, bu masala hozirgi kunda ham o'z yechimini topgan emas. Fidoyi olim Zuhriddin Isomiddinovning bu boradagi fikrlari ham juda jo'yali: “Qo'shma so'z o'zbek tilida bisyor. Agar barcha qo'shma so'zlar lug'atga olinsa, lug'atlarimiz binoyidek bo'p qoladi. Ammo nima uchundir, o'zbek tilshunosligida qo'shma so'zlarga qandaydir o'gay ko'z bilan qarash tamoyili bor, ularning hatto chorak qismi ham qo'shma so'z deb tan olinmaydi. Aksar qo'shma so'zlar esa o'zbek tilining imlo qoidalari taqozosiga ko'ra ajratib yoziladi”.
Yuqorida ta'kidlanganidek, “O'zbek tilining milliy tabiati” kitobidagi har bir maqola yoki suhbat ma'lum bir lisoniy hodisaning mazmun-mohiyatini ochib berishga, mavjud muammo va uning yechimini ko'rsatishga xizmat qiladi. Chunki muallif til amaliyotida yo'l qo'yilayotgan kamchiliklarni shunchaki qayd etmaydi, balki ularning ijtimoiy rivojlanishdagi o'rni, milliy ma'naviyatimizdagi ahamiyatini ro'yirost ko'rsatib beradi. Ayniqsa, so'z qo'llashdagi o'ziga xosliklar, shaklan o'zbekcha, ammo mazmunan ruscha qolipda yasalgan so'z va iboralarga jamoatchilik e'tiborini tortadi. Masalan, “mahalla fuqarolar yig'ini”, “Dilnozani mumkinmi?”, “hashar yo'li bilan”, “to'rt nafar futbolchilar” kabi jumlalarning o'zbek tilida ekanligi, ammo o'zbekcha emasligini dalillar bilan ko'rsatib beradi.
Zuhriddin domla o'zbek adabiy tili va xalq shevalarining o'zaro munosabatini, alifbo, til va imlo masalalarini, tarjima san'atining ona tiliga ko'rsatadigan ta'sirini juda nozik his etadi. Quvonarlisi, tilshunos olimlarga nisbatan chuqurroq idrok qiladi, dalillarni umumlashtirgan holda muhim nazariy fikrlar bildiradi. Masalan, hozirgi o'zbek imlosida bahsli bo'lib turgan “Xx” va “Hh” harfli so'zlar xususida, o'zbek kirill alifbosida “Gg” bilan yozib kelingan ayrim so'zlarni o'zbek tilida ona tilimiz tabiatiga mos tarzda “Hh” bilan yozish masalasini ilgari suradi. “Menimcha, barcha hollarda ilmiy prinsip yetakchilik qilishi kerak. Tilimizda “h” ham, “g” ham bemalol talaffuz etilar ekan, tili kelishmagan o'ris Gamlet desa, Gamlet deb keta bermay, endi Hamlet deymiz, arablar javhar desa, yo'q, to'g'risi gavhar, geografiya bo'ladi, deb aytamiz”.
Xullas, ona tilimizning milliy tabiati haqidagi ushbu kitobda sizu bizni o'ylantiradigan, mushohadaga chorlaydigan fikr-mulohazalar, o'y-kechinmalar juda ko'p. Nazarimizda, “O'zbek tilining milliy tabiati” har bir o'zbek ziyolisi o'qib chiqadigan, har bir millatdoshimiz o'z ongu shuuriga jo qiladigan asarlar sirasiga kiradi. Hozirga qadar nashr etilgan A.Rustamovning “So'z xususida so'z”, Erkin Vohidovning “So'z latofati”, Nizomiddin Mahmudovning “Tilimizning tilla sandig'i” kabi kitoblar qatorida sevib o'qiladigan, har bir millatsevarning qalbidan joy oladigan asar bo'lib qoladi, inshoolloh.
Ravshan JOMONOV,
Abu Rayhon Beruniy universiteti professori,
filologiya fanlari nomzodi.