Fidoyilik bilan yaratilgan mo''jiza

“Navoiy kon metallurgiya kombinati” AJ

4-gidrometallurgiya zavodi ishga tushirilganiga 15 yil to'ldi

Ulkan bunyodkorlik, qudratli texnikalar kuchi, mohir quruvchilar, muhandis-mutaxassislar va ishchi-xodimlarning fidokorona mehnati ortidan 11 oyda qad rostlagan 4-gidrometallurgiya zavodi foydalanishga topshirilganiga ham 15 yil to'libdi.

Mazkur zavod Navoiy kon-metallurgiya kombinati bosh direktori Quvondiq Sanaqulov boshchiligida ko'plab fidoyi insonlarning qo'lni-qo'lga berib, kechani-kecha, kunduzni-kunduz demasdan ko'rsatgan jasorati tufayli bunyod bo'lgan. Respublikamiz tog'-kon sanoatida o'xshashi bo'lmagan texnologiyaga asoslangan va shunga mos tarzda asbob-uskunalar bilan jihozlangan zamonaviy ishlab chiqarish tarmog'ining barpo etilishida 4 ming nafardan ziyod ishchi-xizmatchilar, quruvchilar jonbozlik ko'rsatishdi.

Korxona ishga tushirilgani bilan yuzlab yangi ish o'rinlari yaratildi. Ishlab chiqarish ko'rsatkichlari yil sayin o'sib bormoqda.

Zarmitanda bunyod etilgan 4-gidrometallurgiya zavodining g'oyat qisqa muddatda qurib bitkazilishi mamlakat metallurgiya sanoati tarixida muhim voqea sifatida yodda qoldi.

Muhim majmua qurilishida, ayniqsa, Zarafshon qurilish boshqarmasi quruvchilari o'zlarining yuksak kasbiy mahoratlari va yaratuvchanliklarini namoyon etdilar.

Qurilish va montaj jarayonlarida turli bo'linmalarning o'zaro samarali hamkorligi, yuqori professionallik va fidokorlik namunalari ko'rsatilib, yangi ishlab chiqarish ob'yektining barpo etilishi milliy sanoat taraqqiyotida alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Zavod direktori Nusratillo Hayitovning ta'kidlashicha, “Zarmitan” sanoat maydonidagi konlardan qazib olingan ma'danlar avval qayta ishlash uchun 80 kilometr uzoqlikdagi “Marjonbuloq” oltin ajratish sexiga tashilgan. Bu qo'shimcha vaqt va mehnat talab qilar, katta sarf-xarajatlarni keltirib chiqarar edi. Mazkur muammoni bartaraf etish maqsadida zamonaviy 4-gidrometallurgiya zavodini barpo etish loyihasi ishlab chiqilgan. Zavodning ishga tushirilishi Janubiy kon boshqarmasi uchun yangi imkoniyatlar, mahalliy aholi uchun qo'shimcha ish o'rinlari yaratishda muhim qadam bo'ldi. Hozirgi kunda kombinatda ishlab chiqarilayotgan mahsulot hajmining qariyb 7 foizi aynan mazkur zavod hissasiga to'g'ri keladi.

Ayni paytda zavod hududi va unga tutash maydon to'liq obodonlashtirilib, manzarali dov-daraxtlar va turfa gullar bilan bezatilgan. Bu yashillik har bir tashrif buyuruvchining ruhini ko'tarib, dilini shodlantiradi. Bu, shak-shubhasiz, ma'muriy xo'jalik bo'limi ishchi-xodimlarining mehnati va mas'uliyat tuyg'usining aniq ifodasidir.

Zavodning loyihaviy quvvati yiliga 1,8 million tonna ma'danni qayta ishlashga rejalashtirilgan edi. Jamoaning fidokorona mehnati, yuqori malakasi, tashabbuskorligi, shuningdek, ko'plab ratsionalizatorlik takliflari samarasi tufayli korxonaning qayta ishlash hajmini 2 million tonnadan oshirishga erishilyapti.

Keng qamrovli geologik tadqiqotlar natijasiga ko'ra, “Zarmitan” sanoat maydoni oltin konlarida mavjud zaxiralar zavodning kamida 2070 yilga qadar uzluksiz va barqaror ishlashini ta'minlash uchun yetarli hisoblanadi.

Har bir xodim va ishchi-xizmatchi ishga mas'uliyat bilan yondashib, harakat qilmoqda. Yagona maqsad yo'lida jipslashgan jamoa yuqori natijalarga erishmoqda. O'tgan 2024 yilning to'qqiz oyida zavodda 1,532 million tonna ma'dan qayta ishlangan bo'lsa, joriy yilning mos davrida bu ko'rsatkich 1,553 tonnani yoki 101,3 foizni, tayyor mahsulot hajmi o'tgan yilning shu davriga nisbatan 101 foizni tashkil etmoqda. Bu zavod faoliyatida barqaror o'sish va samaradorlikni yaqqol ko'rsatmoqda.

Har qanday zamonaviy sanoat korxonasi o'z strategik maqsadlarini xarajatlarni optimallashtirish, tannarxni pasaytirish, ishlab chiqarish hajmi va sur'atini oshirish, eng muhimi — yuqori sifatli va raqobatbardosh mahsulotlar tayyorlash orqali amalga oshirgan holda shakllantiradi. Navoiy kon-metallurgiya kombinati bu boradagi dolzarb vazifalarga o'z vaqtida e'tibor qaratib, bu sohada muayyan natijalarga erishmoqda. Buning yorqin misoli sifatida 4-gidrometallurgiya zavodi faoliyatini keltirish mumkin. Albatta, har bir ishlab chiqarish tarmog'ida zamonaviy, tejamkor texnologiyalar muhim rol o'ynaydi. Bunga asoslangan tarmoqlar uzoq vaqt bir maromda ishlaydi, kutilgan natijani beradi.

4-gidrometallurgiya zavodida qo'llanilayotgan ilg'or va yuqori texnologik jarayonlarni bugun yoshlar va mutaxassislar muvaffaqiyat bilan boshqarib kelayotgani milliy kadrlar salohiyatining ortib borayotgani va ularning eng zamonaviy ishlab chiqarish tizimlarini o'zlashtirishga tayyor ekani quvonarli holdir. Zavodda malakali kadrlar tayyorlashga alohida e'tibor qaratib kelinmoqda. Shu maqsadda korxona qator nufuzli ta'lim muassasalari, jumladan, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti hamda uning tasarrufidagi texnikum va kasb-hunar maktablari, Toshkent davlat texnika universiteti bilan o'zaro samarali aloqalar yo'lga qo'yilgan. Mazkur hamkorlik jarayoni talabalarning nazariy bilimlarini amaliy tajriba bilan mustahkamlashga, shuningdek, ularni ishlab chiqarish muhitiga asta-sekin moslashtirish va kasbiy faoliyatga tayyorlashga xizmat qilmoqda.

Ayni paytda zavodda 480 nafar rahbar va mutaxassis xodimlar faoliyat yuritmoqda. Ulardan 200 nafarga yaqini — 35 yoshgacha bo'lgan yoshlar, 62 nafarini esa xotin-qizlar tashkil etadi.

Keyingi yillarda zavodga NDKTU, TDTU va boshqa oliy ta'lim muassasalaridan 16 nafar yosh mutaxassis ishga qabul qilindi.

O'tgan 15 yil tarix uchun qisqa muddat bo'lsa-da, zavod uchun bu rivojlanish va taraqqiyotning muhim bosqichi bo'ldi. Shu davrda jamoa sa'y-harakatlari natijasida umumiy hisobda 26,9 million tonna ma'dan qayta ishlandi.

So'nggi yillarda zavodda amalga oshirilgan ratsionalizatorlik ishlari va ilg'or takliflar natijasida ishlab chiqarish jarayonlari yanada samarali va zamonaviy texnologiyalar asosida yo'lga qo'yildi. Xususan, maydalash, gravitatsiya va ohak eritmasi tayyorlash uchastkasida 6-konsentratorning, tayyor mahsulotlar uchastkasining boyitilgan mahsulotni jadal sianlash tugunidagi 3-reaktorning ishga tushirilishi ma'danni qayta ishlash jarayonida tub o'zgarishlarga olib keldi. Bu o'zgarishlar natijasida ma'dandan oltinni katod cho'kmasi ko'rinishida ajratib olish samaradorligi sezilarli darajada yaxshilanib, dastlabki yillardagi 35 foizlik ko'rsatkich 43 foizgacha ko'tarildi.

Ishlab chiqarishning barqarorligini ta'minlash va energiya resurslaridan tejamkor foydalanish maqsadida elektr ta'minoti tizimida “Zaxirani tezkor avtomatik ulash (BAVR)” qurilmasi joriy etildi. Ushbu innovatsion yechim asosiy texnologik uskunalarning ish vaqtini uzaytirish, tegirmonlar to'xtashining oldini olish hamda uskunalardan foydalanish samaradorligini oshirishda katta ahamiyat kasb etmoqda. Zavod jamoasining tashabbuskorligi, mutaxassislarning bilim va tajribasi bilan uyg'unlashgan bu kabi texnik yangilanishlar iqtisodiy samaradorlikni yanada oshirishda muhim omilga aylanmoqda.

Energiya samaradorligini oshirish va ekologik barqarorlikni ta'minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar izchil davom etmoqda. Xususan, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanish maqsadida umumiy quvvati 1000 kVt bo'lgan quyosh elektrostansiyasi ishga tushirildi. Mazkur imkoniyatdan samarali foydalanish natijasida o'tgan davrda 2,035 million kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqildi, bu esa 2,035 milliard so'm mablag'ni tejashga olib keldi.

Korxona ehtiyojlari uchun suv isitishga mo'ljallangan 65 dona quyosh gelioqurilmalari foydalanishga topshirildi. Ushbu zamonaviy qurilmalar orqali yil davomida jami 246,6 ming kVt soat elektr energiyasini tejashga erishilmoqda.

Zavodda namunali mehnati va ishlab chiqarish rivojiga qo'shgan munosib hissasi uchun 25 nafar ishchi-xodim turli darajadagi “Konchilik shuhrati” ko'krak nishoni bilan taqdirlangan.

— Sanoat tarmoqlari, ayniqsa, metallurgiya sohalarida suv nafaqat ishlab chiqarish jarayonlarini ta'minlash, balki salomatlik va ekologik xavfsizlikni saqlashda ham muhim ahamiyatga ega. Gidrometallurgiya zavodlarida suv texnologiyalarning bir qismi bo'lib, uning sifat va miqdori ishlab chiqarish samaradorligiga to'g'ridan-to'g'ri ta'sir ko'rsatadi, — deydi zavod direktori N.Hayitov. — Shu sababli, suvdan tejamkorlik bilan va qayta ishlash usullari orqali foydalanish ustuvor vazifalardan biriga aylangan. Bugungi kunda ishlab chiqarish sanoatida suv resurslarini saqlash va samarali boshqarishga qaratilgan innovatsion texnologiyalar joriy etilmoqda. Sanoatda suvni qayta ishlash, chiqindi suvlarni tozalash va qayta ishlatish, yangi suv tejash usullarini qo'llash kabi choralar asosiy o'rin tutadi. Zavodimizda ham bu masalaga jiddiy e'tibor qaratilib, suv resurslarini tejash bo'yicha bir qator muhim amaliy ishlar qilinmoqda. Yaqin vaqtlargacha zavod ehtiyojlari uchun, asosan, To'sinsoy suv omboridan sutkasiga 7,5 ming kubometr suv olib turar edik. Suvdan samarali foydalanishning yangicha usuli topildi. Zavod atrofidagi “G'ujumsoy” koni shaxta suvlaridan sutkasiga o'rtacha 2 500 va “Zarmitan” koni shaxta suvlaridan sutkasiga o'rtacha 1000 kubometr suv uch bosqichli tindirgich orqali 4-GMZ texnologik jarayonlari ehtiyoji hamda Zarmitan sanoat maydoni bog'larini sug'orish uchun olinmoqda. Shaxtalardan chiqadigan chiqindi suvdan oqilona foydalanish evaziga To'sinsoy suv omboridan sutkalik olinadigan suv hajmini 4 ming kubometrgacha tushirishga erishildi. Suvni tejash maqsadida amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida 3,151328 milliard so'm miqdorida iqtisodiy samaraga erishildi.

Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida inson qadri, uning farovon hayotini ta'minlashga qaratilgan ezgu maqsad mujassam. Ana shunday yuksak e'tibor va g'amxo'rlik samarasini Zarkent qo'rg'oni misolida yaqqol ko'rish mumkin. Darvoqe, zamonaviy shaharlardan aslo qolishmaydigan Zarkent qo'rg'oni barpo etildi. Sanoatning kirib kelishi natijasida hudud tanib bo'lmas darajada o'zgardi. Bu joylarga asfalt yo'l, ichimlik suvi va tabiiy gaz tarmoqlari olib kelindi. Qir-adirlar ko'kalamzorlashtirilib, zamonaviy bog'u rog'larga aylantirildi, dasht bag'riga zamonaviy infratuzilma kirib keldi. “Akvapark” majmuasi, zamonaviy sport kompleksi, “Konchi” madaniyat uyi, “Yoshlar” kafesi kabi ijtimoiy inshootlar qad rostladi. Qisqa muddat ichida bu yerda konchilar va yosh mutaxassislar uchun barcha qulayliklarga ega zamonaviy yotoqxonalar, ko'p qavatli uy-joylar barpo etildi.

Bugun konchilar va ularning oila a'zolari uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Ishlab chiqarish va qurilish ishlarining hajmi yanada ortib, hududning iqtisodiy salohiyatini yanada oshirmoqda. Bu tarixiy o'zgarishlar nafaqat Zarkent qiyofasini, balki mahalliy aholining dunyoqarashi, turmush tarzi va hayotga bo'lgan munosabatini ham tubdan o'zgartirdi. Shubhasiz, bu taraqqiyot zamirida kon sanoati fidoyilarining tinimsiz mehnati, tunni tongga ulab sidqidildan qilayotgan xizmatlari mujassam.

Qir-adirlar bo'ylab Zarkent sari yo'l olsangiz, qarshingizda jannatmonand bir go'sha namoyon bo'ladi. Bu yerdagi farovon hayotni ko'rib, har qanday yurtdoshimizda faxr tuyg'usi uyg'onadi.

O'tgan qisqa muddat ichida zavod ulkan taraqqiyot va rivojlanish yo'lini bosib o'tdi. Bu yutuqlar, olg'a surilgan vazifalar va matonat bilan olib borilgan mehnat korxona tarixining yorqin sahifalariga muhrlandi. Bugungi kunda zavod jamoasi yanada ulkan marralarni zabt etishni o'z oldiga maqsad qilib qo'ygan. Ular zimmalariga yuklatilgan vazifalarni muvaffaqiyat bilan o'z vaqtida bajarib, mamlakat taraqqiyotiga hissalarini qo'shishda davom etmoqdalar.

Dildora KARIMOVA,

“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ

matbuot markazi muxbiri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

18 − twelve =