Mingbuloqda Yangi O'zbekiston nafasi

O'tgan chorshanba kuni  ertalab O'zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo'llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg'armasi Namangan viloyati bo'limi rahbari, Oliy Majlis Senati a'zosi Ikromxon Najmiddinov huzurida bo'ldik. Suhbat davomida Ikromxon aka Mingbuloq tumani har sohada ilg'orlar safida borayotganini aytib qoldi. O'zlari ham mingbuloqlik nuroniylar huzuriga borishini bildirdi. U kishi bilan yana Mingbuloq tumani markazida uchrashdik. Ikromxon Najmiddinov, tuman hokimi Ahrorbek Mansurov va jamg'armaning bir guruh faollari bilan tuman oqsoqollari va onaxonlari paxta terayotgan Navoiy nomli hudud dalasiga bordik. Shu kunlarda tumanda ixtiyoriy ravishda, ha, qalb amri bilan deganlaridek, yoshu keksalar baholi qudrat hasharga chiqishayotgan ekan.

— Nuroniylar qadami tekkan joyga fayz yog'iladi, — deya Ikromxon Najmiddinovning o'zi ham paxta terishga tushib ketdi. — Paxta ko'pchilikning rizqi. Baraka bir chigitda bo'ladi. Qaysi chigitdaligini faqat Yaratganning O'zi biladi. Shuning uchun dehqon yil bo'yi to'kkan peshona teri, zahmatli mehnati evaziga yetishtirilgan hosilni, bir dona chigitni ham uvol qilmay yig'ib-terib olish kerak, dedi u.

— Mingbuloqqa kim hokim bo'lib kelsa, omadli bo'lgan, — deya Ikromxon aka tuman hokimi Ahrorbek Mansurovga ishora qildi.

— Ikromxon aka ustozim bo'ladi, — dedi tuman hokimi. — Ustozning maslahatlariga, o'gitlari va yo'l-yo'riqlariga tayanib, katta yutuqlarga erishyapmiz.

— Adolatxon ham bormi? — dedi Ikromxon aka atrofiga yig'ilganlar orasidan kimnidir izlab. — Adolatxon Begaliyeva hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning nazariga tushgan, Yurtboshimiz bilan suhbatlashgan baxtli ayollarimizdan biri, — deb biz tomon yuzlandi.

Etagi paxtaga to'lgan Adolatxon Begaliyevaga hokimning sovg'asi bor ekan, dalaning o'zida unga topshirildi. Viloyat nuroniylari nomidan olib kelingan esdalik sovg'alari ham paxta terimiga chiqqan ilg'orlarga beriladigan bo'libdi. Yaxshi an'ana.

Ayollardan biri hokimning yoniga kelib: “Birga suratga tushaylik, mening o'g'lim ham bu yil o'qishga kirdi, sizga o'xshab el nazarida yursin”, deb Ahrorbek Mansurov bilan rasmga tushdi. Rahbarlikning shunday zavqli lahzalari bo'ladi…

Ha,  faxr bilan suratga tushsa arziydi.Prezident Farmoniga asosan mamlakatimiz mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan Ahrorbek Mansurov “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.

Darvoqe, azal-azaldan keksa onaxonlarimizning bir udumi bor. Xayrli ish ustida chalpak pishirib tarqatishadi. Dala boshida qozon osib, chalpak pishirayotgan ekan. Soddagina yozilgan dasturxonda bir piyola choy ustida oqsoqollar Allohdan paxta xirmoniga baraka so'rab duo qilishdi.

Markaziy Farg'ona cho'llarida joylashgan qo'riq Mingbuloq kabi tuman agrar sohaga ixtisoslashgan bo'lishiga qaramay, paxta hosildorligi yaqin vaqtlargacha 40 sentnerdan oshmagan. Keyingi paytlarda ilg'or texnologiyalar kirib kelishi sharofati bilan ko'rsatkichlar keskin ko'tarildi.

Hokimning taklifi bilan “Fayzimuhammad ota Ch” fermer xo'jaligida ham bo'ldik. Fermer xo'jaligi dala shiyponi xuddi dam olish uyini eslatadi.

— Joriy mavsumda har gektar maydondan 65 sentnerdan paxta hosili oldik, — dedi fermer xo'jaligi rahbari Bahodir Chilmatov. — Hosildorlikni shu darajaga ko'tara olishimizga yaxshi nav tanlaganimiz uchun erishdik. To'g'ri, keyingi paytlarda mamlakatimiz paxtachiligiga vegetatsiya davri qisqa, agrotexnikasi yengil, hosildorligi yuqori bo'lgan xorijiy navlar kirib kelyapti. Ammo o'zimizda ham chet elniki bilan bellasha oladigan navlar bor. Mana bu yil “Ravnaq-1” navini ekib, hosildorlikni deyarli bir yarim baravarga ko'tardik. O'zbek olimlari tomonidan kashf etilgan ushbu nav suv tanqisligi, sho'r va turli kasalliklarga chidamli, tola berish darajasi baland ekani tajribada sinovdan o'tdi.

Avvalgi yillari yoz oylarida Sariqsuv kollektorida suv sathi pasayib, Zardaryoga suv chiqmas edi. Sariqsuv kollektori uchun nasos stansiyasiga suvni dimlab beruvchi 1 milliard so'mlik inshoot qurildi.

Mingbuloqda Yangi O'zbekiston nafasi. Keng va ravon yo'llar, zamonaviy binolar, turli savdo va ovqatlanish shoxobchalari bunyod etilgan. Obod mahallalar chindan ham tuman qiyofasini yanada go'zallashtirib yuboribdi.

— Tumandagi ijobiy o'zgarishlarni odamlar sizning faoliyatingiz bilan bog'lashmoqda, — deya Ahrorbek Mansurovga yuzlandim. — Qaysi jabhada bo'lmasin, rahbar Vatan, millat, xalq deb jon kuydirsagina ijobiy o'zgarishlar bo'ladi. Ota-onasi, ustozlari duosini olsa, ishiga baraka kiradi. Tadbirkorlikdan ham xabaringiz bor chog'i?

— Qush uyasida ko'rganini qiladi, degan maqol bor, — dedi hokim. — Qishloq farzandiman. Shaxsiy tomorqamda hamma meva va sabzavot mahsulotlari yetishtiriladi. Sigir, qo'y, echki, turli parrandalar boqamiz. Sut mahsulotlari, go'sht, tuxum deyarli sotib olmaymiz. Ekologik toza mahsulotlar o'zimizdan chiqadi. Besh quti asalarimiz ham bor. Bu yil qirq kilo asal oldik. Asal yil bo'yi oilamizga yetadi. Hisor qo'ylarini, Ispaniyaning Mursiya zotli echkilarini boqamiz. Ayniqsa, otga mehrim boshqacha. O'ndan ortiq zotli otlarim bor. Otlarga qarashga ham vaqt topaman, o'zim tagini tozalayman. Ot parvarishlash kibrni o'ldiradi.

Haqiqatan, asli kasbi huquqshunos bo'lsa-da, shu qadar ko'p tarmoqlardan xabardor bo'lgan Ahrorbek Mansurov kabi rahbarlar bilan suhbatlashib zavqlanadi kishi.

— Siz aytib bergan shaxsiy tashabbus aynan Prezidentimizning olib borayotgan siyosatiga mos. Oilaviy mehnat, harakat qani endi tumandagi har bir oilada ham bardavom bo'lsa.

— Maqsadimiz shu. Imkoniyat yaratib, qishloqda yashaydigan, 5-10 sotix tomorqasi bor yurtdoshlarimizning hech biri kambag'al bo'lishga haqli emas deb hisoblayman.

Bu mulohazalarga qo'shilmasdan iloj yo'q.

Tumanda ko'plab maktab va bog'chalar, mahalla idoralari qayta qurildi, yangi ishlab chiqarish korxonalari ishga tushirildi. Aholining barcha darajadagi mavjud muammolari o'rganilib, hal etilyapti.

Avvallari paxta hosildorligi gektaridan 30-45 sentnerdan oshmagan. Endilikda o'rtacha 50-60 sentnergacha xirmon ko'targan fermerlar soni kengaymoqda.

Olib borilgan islohotlar, zamonaviy texnologiyalar joriy etilishi va dehqonlarning mehnatsevarligi natijasida hosildorlik deyarli ikki barobar oshdi.

Tumanda o'tgan yili 20 ta terim mashinasi bor edi. Bu yil ularning soni ellikka yetdi.

Sanoat va ishlab chiqarishda yirik korxonalar va kichik ishlab chiqarish sub'yektlari vujudga keldi. Qo'shimcha ishchi o'rinlari ko'paymoqda. Jumladan, tumanda faoliyat yuritayotgan “Beeksport” MChJ tomonidan 1,5 milliard so'mlik moshni qayta ishlash loyihasi amalga oshirilmoqda. Ushbu loyiha qariyb 4 million dollarlik eksportni ta'minlash imkonini beradi. Shuningdek, “ARTMEN” qo'shma korxonasi tomonidan momiq sochiq hamda tekstil-to'qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish yo'lga qo'yilmoqda. Korxona uchun 38 gektar yer ajratilgan, uning umumiy qiymati 151 million AQSh dollarini tashkil etadi. U to'liq quvvatda ishga tushsa, yiliga 62 million AQSh dollariga teng mahsulot ishlab chiqaradi. Ikki mingta yangi ishchi o'rni yaratiladi. “SMART TEXST N” MChJ esa Rossiyaga trikotaj kiyim-kechaklarni eksport qilmoqda. Bu yerda 50 dan ortiq ishchi yoshlar mehnat qilmoqda. “NILAL DIZAYNER” MChJ parta va stullar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Uning mahsulotlari ichki bozorda xaridorgir, shuningdek, Qirg'izistonga eksport qilinmoqda.

Qurilish va obodonlashtirishda yo'llar, maktab va bog'chalar, shifoxonalar zamon talabiga mos barpo etilmoqda.

Xususiy maktab va o'quv markazlari ham ko'paydi. Misol uchun, tuman markazida “COMPASS SCHOOL” xususiy maktabi ish boshladi. Bu maskanda 1-11-sinf o'quvchilari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. O'quvchilar kuniga ikki mahal issiq ovqat bilan ta'minlangan. Shifoxona va mahalla binolariga, muzeylarga ham jiddiy e'tibor kuchaytirildi. Tadbirkorlikda esa erkin bozor imkoniyatlari kengayib, kichik biznes va oilaviy tadbirkorlik qishloqlarga ham kirib bormoqda.

Birgina drayver loyihalar uchun 3,8 milliard va og'ir ahvoldagi 6 ta mahalla infratuzilmasiga 18 milliard so'm xarjlangani tuman tarixida misli ko'rilmagan ijtimoiy loyihalarga puxta zamin bo'ldi. Bular — kambag'allikni, ishsizlikni kamaytirib, aholi kayfiyatini yaxshilashga omil bo'lmoqda.

“Mahalla yettiligi” bilan birgalikda Prezidentimiz belgilab bergan mezon — qat'iy tartib-intizom, shaxsiy javobgarlikni kuchaytirgan holda ish olib borilmoqda. Yil boshida 2400 ta kambag'al oila ro'yxatga olingan bo'lib, kambag'allik darajasi 7 foizni tashkil qilgan. O'tgan davr mobaynida 807 ta oiladagi 3091 nafar kishi kambag'allikdan chiqarilishi hisobiga kambag'allik darajasi 4,8 foizni tashkil etdi.

“Kambag'al oilalar reestri”ga kiritilgan 2069 fuqaro xizmat bilan qamrab olinib, daromadli bo'ldi. 28 turdagi subsidiya imkoniyatlaridan foydalanib, hatto nogironligi bo'lgan oilalar ham kambag'allikdan chiqarildi.

Aholi va fermerlar tomonidan 938 kilometr zakan-zovurlarda baliq hamda 505 kilometrida o'rdak boqishni yo'lga qo'yish orqali yiliga qo'shimcha 1 600 tonna baliq, 1 350 tonna parranda go'shti va 1,2 million dona tuxum yetishtiriladi hamda 710 ta ishchi o'rni yaratiladi.

3500 gektar yer maydonlari aholiga eksportbop mahsulotlar yetishtirish maqsadida tarqatib berildi. Bug'doydan bo'shagan yerga, asosan, mosh ekilib, mahsulotni qayta ishlash va eksportga yo'naltirish korxonalari 10 taga yetkazildi. Bu sa'y-harakatlar ishsizlikni bartaraf etish va jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan bo'lib, yil yakuniga qadar bu sohada ham ijobiy natijalarga erishiladi.

Aholi kayfiyatiga ta'sir qiladigan yana bir omil — xizmatlar sohasini rivojlantirish ekanligidan kelib chiqib, Jomasho'y shaharchasining “Sohil bo'yi” ko'chasida 24/7 loyihasi asosida 3 milliard so'm mablag' hisobiga 35 ta xizmat ko'rsatish ob'yektini ishga tushirish rejalashtirilgan. Pirovardida, 100 nafardan ortiq yangi ish o'rni yaratiladi va xizmat sifati ham yaxshilanadi.

Tuman markazidagi “Mustaqillik” mahallasida qurilishi rejalashtirilgan zamonaviy turar-joy loyihasiga ko'ra, ikkita 9 qavatli va bitta 16 qavatli zamonaviy uy-joylar qad rostlaydi. Mazkur binolar aholiga qulay sharoit yaratish, tumanning me'moriy qiyofasini yangilash hamda turar-joylarga bo'lgan ehtiyojni qondirishga xizmat qiladi.

Hududlarga 350 million so'mlik elektr tarmoqlari tortildi.

Prezident va Al-Xorazmiy maktablariga tayyorlov kurslarini yo'lga qo'yuvchi “Kembrij sari yo'l” o'quv markazi ochildi. Mazkur markazda o'quvchilar xalqaro standartlar asosida, zamonaviy o'qitish metodikalari yordamida tahsil olish imkoniyatiga ega bo'ldi.

Mingbuloq nafaqat agrar sohada, balki iqtisodiyot, qurilish va sanoat, ishlab chiqarish, tadbirkorlik jadal rivojlanayotgan tuman sifatida namoyon bo'lmoqda. “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan ezgu g'oyaning hayotiy ifodasi aniq jarayonlarda bo'y ko'rsatmoqda.

Kuni kecha Mingbuloqdan quvonchli xabar keldi. Tuman paxtakorlari viloyatda birinchi bo'lib paxta yetishtirish yillik rejasini bajaribdi. Ular 10 ming 900 gektar maydondan 47 ming 895 tonna xirmon yaratishibdi.

Ofarin!

Dilmurod QIRG'IZBOYEV,

Qosimjon AKBAROV,

O'zbekiston Jurnalistlar

uyushmasi a'zolari.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

8 + one =