Matbuotdan uzoqlashmang!

“Hurriyat”ning shu yil 22 oktyabr 41-sonida e'lon qilingan taniqli jurnalist Shuhrat Jabborovning “Majburiy” obuna tarafdoriman” nomli maqolasini o'qib, beixtiyor yoshlik paytlarim yodimga tushdi. Ota-onam maktabda ishlashgan. Otam — o'qituvchi, onam esa kutubxona mudirasi edi. 1960-1990 yillar oralig'ida deyarli har kuni kechqurun pochtachi uyimizga 15-20 ta gazeta-jurnal olib kelar edi. Ulardan taxminan 80 foizi maktabga tegishli, qolgani esa o'zimiz uchun obuna bo'lingan nashrlar edi.

O'sha yillarda har bir xonadonda gazeta-jurnal o'qish odat bo'lgan. Mahallamizda gazeta o'qimaydigan uy deyarli bo'lmagan. Hamma gazeta-jurnallarga obuna bo'lar, faqat bizning uyga maktabniki ham kelgani uchun, ularni ertalabgacha ukalarim bilan tortishib o'qib chiqar edik. Ota-onam umrlarining oxirigacha matbuot nashrlarini o'qishgan. Shu an'ana bizga ham singgan — hozir 60 yoshdan oshgan bo'lsam-da, hanuz gazeta-jurnal o'qishni o'zim uchun hayotiy ehtiyoj deb bilaman.

Biroq so'nggi yillarda vaziyat anchagina o'zgarib ketdi. Biz yashaydigan kichik shaharchada bugun uyiga gazeta keladigan xonadon yo'q hisob.  Bir paytlar men pochta orqali gazeta olib turardim. Ammo har hafta borib olish qiyin bo'lgani uchun, keyinchalik obunani to'xtatib, gazetalarni do'konlardan sotib ola boshladim. Gazetalarning o'z vaqtida yetkazib berilmasligi haqida tahririyatlarga bir necha marta murojaat qildim, ammo muammo barham topmadi. Axir shu kuni chiqqan gazetani o'z vaqtida o'qish — katta zavq va ma'naviy qoniqish beradi.

Hozir esa “Gazetalar sharhi” telegram kanali orqaligina bosma nashrlarni kuzataman. Axir gazeta-jurnallar insonning dunyoqarashi va fikrlash qobiliyatini rivojlantiradigan muhim vositadir. To'g'risini aytsam, gazetalarga obuna bo'lmasdan o'qishga uyalaman. Balki, gazeta va jurnallarni qo'llab-quvvatlash jamg'armasini tashkil qilish kerakdir deb o'ylayman.

Bugungi kunda axborot texnologiyalari jadal rivojlanib, ko'pchilik yangiliklarni internet orqali olishga o'rganib qoldi. Biroq, menimcha, bu hol vaqtli matbuotning ahamiyatini kamaytirmaydi. Chunki internet nashrlari baribir  gazeta va jurnallarning o'rnini bosa olmaydi. Bosma nashrlar chinakamiga dunyoqarashni boyitadi, fikrlash madaniyatini shakllantiradi, tahliliy yondashuvga o'rgatadi.

Shu ma'noda Shuhrat Jabborovning kuyunib yozganlariga to'liq qo'shilaman. Muallif jamiyatdagi eng muhim muammolardan biri — odamlarning matbuotdan uzoqlashib ketganini xolis tahlil qila olgan. O'rtaga tashlangan takliflari esa juda o'rinli. Matbuotsiz ertanggi kunni, Yangi O'zbekistonning taraqqiyotini tasavvur qilish mumkin emas!

Ming afsuski, hozirda oddiy odamlar tugul, hatto aksariyat o'zini ziyoliman deb hisoblaydiganlar ham matbuot nashrlariga obuna bo'lishni ortiqcha “sarf-xarajat” deb hisoblamoqda. Ularning ayrimlari bilan suhbatlashgandayoq vaqtli matbuotni o'qimasligi, “dunyobexabar”ligi  darrov bilinib qoladi. Shu sababli men talabalarimga, hamkasblarimga va tanish-bilishlarimga doimo gazeta-jurnallarga obuna bo'lishni, kitobxonlikni tavsiya qilib kelaman.

Ayniqsa, pedagoglar uchun o'z sohasiga oid nashrlarni muntazam o'qib borish juda muhim. Bu ularning kasbiy mahoratini oshiradi, ilmiy-tahliliy fikrlash qobiliyatini rivojlantiradi, ta'lim sifatini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Mening fikrimcha, har bir sohaning o'z gazeta va jurnallari mavjud bo'lgani kabi, ularga obuna bo'lishni muayyan darajada “majburiy” etib joriy qilish kerak. Bu orqali nafaqat matbuot rivojlanadi, balki jamiyatda o'qish, savodlilik madaniyati va ma'naviy saviya ham yuksaladi.

Negaki, gazeta-jurnal — bu faqat axborot manbai emas, balki ma'naviyat, madaniyat va milliy o'zlikni asrash vositasidir.

Anargul KALDIBEKOVA,

I darajali Mehnat faxriysi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × four =