“Urgutga ikkita chipta bering”

yoki Urgutga poezdlar muntazam qatnamoqda.

Prezidentimiz uning birinchi yo'lovchilaridan bo'ldi.

Hali sovet zamonida Urgut va urgutliklar haqida turli latifalar yurar edi. Shulardan bittasi:

Katta xalqaro aeroport. Bir yo'lovchi kassirdan so'rayapti:

— Mexikoga bilet bormi?

Kassir ayol ajablanib yelka qisadi:

— Bunaqa shaharni eshitmaganman.

Boshqa yo'lovchi so'raydi:

— Texasga-chi? Bormi bilet?

Kassir ayol yana hayratda:

— Shunaqa shahar ham bormi dunyoda?

Bashang kiyingan ikki kishi o'zaro gurunglashib kelayotir.

— Bilasanmi, – deydi birovi sherigiga, – qaysi kuni qittinga to'tta non olsam, to'ttoviniyam giddi ko'ygan.

Ular xoxolashib keldi-da, kassirga yuzlandi:

— Qizimka, Urgutga ikkita bilet ber.

Kassir ayol mamnun jilmayib so'raydi:

— Yuqori Chinorgami, Quyi chinorgami?..

 

Har bir latifa, ertak zamirida muayyan haqiqat mujassam, xususan, ertaklar uni to'qigan xalqlarning orzu-umidlarining ifodasi. Ertaklarda o'qiganimiz ba'zi voqealar yillar o'tib real voqelikka aylangani haqida ko'plab misollar keltirish mumkin. Loaqal uchar gilamlar, “oynai jahon” xususidagi ertaklarni eslaylik.

Samarqand – Urgut temir yo'l liniyasi qurilgani va poezd qatnovi yo'lga qo'yilganini ko'rib, shularni esladim. Zero, Urgutga poezd borishi uzoq emas, o'n yillar narisida ham ertakday gap edi. Umumiy uzunligi 55 kilometr bo'lgan bu yo'lda bir nechta ko'prik, “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida ikkita yuk stansiyasi qurilgan. Jertepa va Urgut tumani markazida vokzal bunyod etilgan. To'qqiz oyda shuncha masofaga temir yo'l yotqizish, vokzallar, yuk stansiyalari, ko'priklar qurish aytishga oson. Bugun Samarqand va Urgut yo'nalishida poezdlar muntazam qatnamoqda. Prezidentimiz ­Shavkat Mirziyoyev uning birinchi yo'lovchilaridan bo'ldi. Binobarin, ushbu loyiha davlatimiz rahbarining tashabbusi va nazorati ostida amalga oshirildi. Kelgusida mazkur liniyani to'liq elektrlashtirish rejalashtirilgan.

Urgutga poezd yo'li qurilishi tasodifiy yoki kimgadir nimanidir ko'z-ko'z qilish uchun qilinmagan, aksincha, zarurat, hayot taqozosi. Axir bugun Urgutda nimalar ishlab chiqarilmayapti deysiz! Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan bunyod etilgan “Urgut” iqtisodiy zonasida ishlab chiqarilayotgan xilma-xil mahsulotlar nafaqat ichki bozorda xaridorgir, ko'plab mamlakatlarga eksport ham qilinayotir. Temir yo'l qurilgani eksport hajmi va geografiyasini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Endi urgutlik tadbirkorlar xorijdan keltiradigan yuklarini tumanning o'zida qabul qilish va eksport qiladigan mahsulotlarini shu yerdan jo'natish imkoniga ega bo'ldi. Bu Prezidentimizning uzoqni ko'zlab, xalqimiz manfaatini o'ylab olib borayotgan teran ma'no-mazmunga ega xalqchil siyosatining samaralaridan biri.

Keyingi yetti-sakkiz yilda Urgutda amalga oshirilgan ishlarni shunchaki sanab chiqish uchun ham yuzlab qog'ozni qoralashga to'g'ri keladi. Biron-bir joyga sanoatning kirib kelishi, ayniqsa, temir yo'l qurilishi o'sha tuman yoki viloyat iqtisodini ko'tarish bilan bir qatorda odamlar ongini, tafakkurini, dunyoqarashini, madaniyatini, alal-oqibat saviyasini oshirishga xizmat qiladi. Urgutda qurilgan va qurilayotgan turli-tuman korxonalar rivojlangan davlatlardan keltirilgan eng so'nggi rusumdagi texnika-texnologiyalar bilan jihozlangan. Ularda ishlayotgan yoshlarning fikri ham, ­dunyoqarashi ham o'zgarishi tabiiy.

Urgutga temir yo'l kelganini televidenie va ijtimoiy tarmoqlar orqali kuzatib, bugun shular haqida aytyapman-u xayolim o'smirlik va yoshlik yillarimga ketmoqda. Biz tengi avlodning bolalik va o'smirlik davri urushdan keyingi og'ir, qahatchilik yillariga to'g'ri kelgan. O'sha vaqtlarda yoshi ulug'lar “qimmatchilik bo'lsa ham qahatchilik bo'lmasin”, deb duo qilishardi. Biz – bolalar qimmatchilikni sal-pal bilsak-da, qahatchilik nima ekanini tushunmas edik. Keyin anglab yetdikki, qahatchilik degani hech narsa yo'q, degani ekan. Narsa qimmatroq bo'lsa ham ozroq olish mumkin, ammo do'konlar huvillab yotsa, cho'ntak to'la pul bo'lsa-da, nimani oladi?

Bizning teng-to'shlarimiz bug'doyi o'rilgan angordan somon yig'ardik. Uni ikki qanorga (bir qanor ikki qopcha kelardi) tiqib, eshakka ortib, o'zimiz piyoda tuman markaziga olib borib sotardik. Qishlog'imizdan Urgutgacha yolg'izoyoq yo'l bo'lardi, masofa o'n besh chaqirimdan ziyod. Tong yorishmay yo'lga chiqqanimiz uchun yo'lda bo'ri, chiyabo'ri kabi yirtqichlarga duch kelib qolishdan qo'rqar edik. O'sha yo'llar hamon ko'z o'ngimda. Yaqinda o'sha yo'nalishdan o'tdim. Yo'l bo'yiga tushgan ko'p qavatli uylar, turli ishlab chiqarish korxonalari, ijtimoiy ob'yektlar odamning havasini keltiradi, qarab to'ymaydi kishi. E'tibor beryapsizmi, bir vaqtlar biyday dala bo'lgan joylarda bugun zamonaviy uy-joylar, bozorlar qad rostlagan.

Mening o'smirlik yillarim haqida yozganlarim bugungi yoshlarga ertak kabi tuyulishi mumkin. Aynan shuning uchun yozayapman. Yoshlarimiz bilsin, bugungi farovon kunlarga osonlikcha erishilgani yo'q. Dunyodagi eng qudratli davlatmiz, deb jar solgan sovet zamonida qishloq aholisining kosasi oqarmadi. Iqtisodiy tomonlar bilan birga ma'naviy, huquqiy jihatdan ham past nazar bilan qaralgandi qishloq aholisiga. Bitta misol: Qishloqda yashaydiganlarga pasport berilmas edi. Men poytaxtga o'qishga otlanganimda ana shu muammo ko'ndalang bo'lib chiqqan. Katta akam (Alloh rahmat qilsin) undan-bundan iltimos qilib, pasport olib bergan. Holbuki, shaharda yashaydiganlar ham, qishloqda yashaydiganlar ham o'sha sovet davlatining fuqarosi edi. Paxtani, g'allani va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini kamsitilgan qishloq aholisi yetishtirardi. Mana sizga adolatli sotsializmning “karomati”…

Sirasini aytganda, Urgutda erkin iqtisodiy zona barpo qilingani bejiz emas. Tuman aholisida azaldan tadbirkorlikka uquvi ham, moyilligi ham bo'lgan. “Gullagan sotsializm” bunga imkon bermasdi, xolos. Istiqlol mamlakatimizdagi barcha tadbirkorlar singari urgutliklarga ham muayyan imkoniyat eshiklarini ochdi. Biroq bu eshiklar qaerdadir kengroq, qaerdadir qiyaroq ochildi. Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari lavozimiga o'tirganidan so'ng bu eshiklar hamma joyda lang ochildi. Eshiklar ochilibgina qolmadi, tadbirkorlarga juda katta imkoniyat va imtiyozlar berildi, moddiy va ma'naviy ko'mak ko'rsatila boshlandi. Ammo eshikni ochib qo'ygan bilan barcha muammo hal bo'la qolmaydi, istagan odam tadbirkorlik qilib, gurillab keta olmaydi. Hamma ham muhandis, jarroh yoki uchuvchi bo'la olmaganidek, tadbirkorlik ham oson ish emas. Orzu, havas boshqa, amaliyot boshqa. Barcha sohalar qatori tadbirkorlikning ham o'ziga yarasha mashaqqatlari, son mingta muammolari borki, ularga chidash kerak, to'siq-g'ovlarni bartaraf etish yo'llarini topa bilish lozim. Xalqona ibora bilan aytganda, holva degan bilan og'iz chuchimaydi. Buning uchun avvalo Alloh bergan iqtidor, keyin bilim va tinimsiz izlanish, kuzatish, o'rganish kerak. Zero, barcha yutuqlar zamirida ana shu xususiyatlar yotadi. Urgut aholisining ko'pchiligida bu fazilatlar bor. Buni Prezidentimiz yaxshi biladi. U kishi Samarqand viloyatining hokimi bo'lgan yillari viloyatning qaysi tumani nimaga qodirligini, qaysi tumanda qishloq xo'jaligining qaysi sohasini yoki sanoatni rivojlantirish mumkinligini obdan o'rgangan. Mamlakat bosh vaziri bo'lgach, bu masalalarni yanada kengroq, teranroq o'rganish va tahlil qilish imkoni vujudga keldi. Birgina Samarqand emas, butun mamlakatning salohiyati, qaysi hududda qanaqa sohani, aytaylik, bir tumanda bog'dorchilik, boshqa tumanda chorvachilik, yana birida sanoatni rivojlantirish mumkinligi haqida aniq tasavvur va ma'lumotlarga ega edi. Ularni amalga oshirish mexanizmlari ham bor edi. Bir so'z bilan aytganda, mamlakatning umumiy holatini, yaxshi va yomon tomonlari bilan, u kishi besh barmoqday aniq bilar edi. Ammo…

Kamina bu gaplarni u kishi bosh vazir bo'lgan yillarda o'tkazgan katta-kichik majlislarning ko'pida qatnashganim va o'sha yig'ilishlarda aytgan g'oyalari, fikrlarini eshitganim, ularning eng muhimlarini yon daftarimga yozib qo'yganim uchun aytayapman. 2017 yildan boshlab ana shu rejalar birin-ketin amalga oshira boshlandi. Butun mamlakatimiz bo'ylab shunday bir ko'tarinki ruh, shiddat va hayotbaxsh kayfiyat paydo bo'ldiki, uni hamma ham birday anglab yetolmadi. “Nimalar bo'layapti o'zi?” deb hang-mang qolganlarni ham ko'rdik. Keng quloch yoygan bu shiddatli to'lqin tobora kengayib, kuchayib boraverdi. Bugun uning natijalarini ko'rib turibmiz, nafaqat yurtdoshlarimiz, balki butun dunyo kuzatib, havasu hayrat ila lol qolmoqda. Axir Urgutday tog'li bir tumanga temir yo'l kirib borgani chinakam mo''jiza, hayratlanarli voqea emasmi?! Xuddi shunday! Men Urgut farzandi, shu yurtning oddiy qalamkash bir ziyolisi sifatida ich-ichimdan to'lqinlanib ketdim, yuragim hapriqib, farzandlarim va nevaralarimga hayajon bilan bu voqeaning ahamiyatini gapirib berdim…

Endi so'zimiz avvalidagi latifaga qaytaylik. Urgutda Yuqori chinor, Quyi chinor, degan maskanlar bor. Latifada ana o'shalar nazarda tutilgan. Albatta, latifalar mubolag'alarga qurilgan bo'ladi. Bu mubolag'alar bir kun kelib, real voqelikka aylanishi ham mumkin, ayniqsa, ilm-fan, sun'iy intellektlar shiddat bilan rivojlanayotgan bugungi zamonda.

Samarqand – Urgut poezdida Prezidentimiz Urgutga borganini aytdik. O'shanda davlatimiz rahbari tuman faollari bilan samimiy suhbatlashdi. Nuroniylar tuman ahlining dil so'zlarini, minnatdorligini izhor etdi. Otaxon Rashid To'rayev Prezidentimizga temir yo'l uchun minnatdorlik bildirib, “Sizni Urgut aeroportida kutib olish ham nasib etsin”, deb ezgu niyat bildirdi. Qanday yaxshi, ezgu niyat! Bu gapdan ruhlangan davlatimiz rahbari “Urgutda aeroport ham bo'ladi!” dedi.

Alloh nasib etsa, yaqin yillarda Urgutda aeroport ham bunyod etilishiga ishonamiz.

Mamatqul HAZRATQULOV.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × 4 =