Hayotidan mamnun odamlar

O'zbekistonda shaharu qishloqlar ko'p. Lekin har birining tarixi, geografiyasi boshqa-boshqa. Zarmitan ham shunday go'zal va qadimiy qishloq. Nurota tog' tizmasi, tog'-adirlar, dashtu dalalarga tutash bu maskanni baland qirlardan tomosha qilsangiz, ko'z o'ngingizda jozibali bir manzara namoyon bo'ladi.

Ovloq bu joylarda buloqlar ko'z ochishi bilan soy yoqalab Chormitan, Qizilbel, Tegirmonovul, Qo'rg'on, Qirqovul, Saksonchel, Quvkalla, Boyto'p, Ko'povul, Mayintepa, Saroy va boshqa qishloqlar paydo bo'lgan ekan. Mahalliy aholi chorvachilik, dehqonchilikda dong taratgan. Qo'rasida qo'y-qo'zisi, mol-holi, tomorqasi va bog'-rog'i bor odam o'ziga to'q yashagan. Ular har yil erta bahorda yerga urug' sochgan, chorvasi ortidan dala-dashtlarni kezgan, tokzoru mevazor bog'larga mehr bag'ishlab, buning ortidan hayot kechirgan.

Ayniqsa, ular bilan gurung qilsangiz, yuzlari quyoshda qoraygan, mehnatda toblangan insonlarning maroqli hangomasidan zavq olasiz. Odamlari juda ajoyib: sodda, samimiy, mehmondo'st. Ayniqsa, og'izbirchiligiga gap yo'q. To'y-ma'raka, yaxshi-yomon kunlarda bir-biriga kamarbasta, yelkadosh, maslakdosh. Bu elda yana bir yaxshi urf-odat bisyor. Yoshlari bir-biriga ergashib, havas qilib, ilmga intilgani-intilgan. Shu sabablimi, bu yerdan ko'plab yetuk insonlar, rahbarlar, darg'alar yetishib chiqqan. Bu an'ana hozir ham bardavom. Misol uchun, kimning bolasi oliygohga o'qishga kirsa, o'sha kuni qishloqda katta bayram, to'y bo'ladi. Chunki buni eng katta muvaffaqiyat deb biladi. Bunday e'tiroflarni aytaversak, buning o'zi tom-tom kitob bo'ladi.

* * *

Qo'shrabot! Bu elat haqida, balki, o'qigan, eshitgandirman. Ammo e'tibor bermaganman. To'g'ri, uzoq yillar avval rahmatli otam bilan “O'zbekiston 50 yilligi” sovxozi degan joyiga mashhur chorvador Mardi bobo To'ymurodov xonadoniga to'yga borganmiz. Kech borib-qaytganimiz, xuddi qishlog'imizdagidek oddiy to'yni to'ylaganimiz sababli, bu hudud haqida ko'rgan-bilganlarim deyarli yodimda qolmagan. Chunki u paytlar bola edim. Faqat xotiramda qolgani o'sha to'yga borar chog'imizda otam bir inson bilan uzoq gurung qildi. Ularning suhbatidan eski qadrdonlar ekanini angladim. Keyinchalik bilsam, bu kishi shu elda yuksak hurmat-e'tiborga ega inson Abdullaxon eshon bobo ekan.

Yana qaysi bir yili hamqishlog'imiz Boyxo'roz dallolning Toshkentda turadigan Abduqayumi, keyinchalik Ashur traktorchining Bayti Qo'shrabotdan uylanib, quda bo'lib borgan mehmonlardan bu manzil haqida, elning kasb-kori, hayot tarzi haqida sal-pal taassurotga ega bo'lganman. Yaqinlargacha bu elat haqida ko'rgan-bilgan, eshitganlarim shu edi…

Kombinatga ishga kirganim bu el odamlari bilan yanada yaqinlashtirdi. Bir gal qiziq bo'lgan! U yerga xizmat yuzasidan borib, qaytar chog'da tamaddi qilish uchun tuman markazida to'xtadik. Ayni tushlik vaqti bo'lgani uchunmi, biz borgan oshxona xo'randalar bilan gavjum, joy taqchil ekan. Bir kishi ovqatlanayotgan stolga borib, yoniga o'tirdik. Shuhrat deb tanishtirgan hamstol bilan gurungimiz ancha qo'r oldi. Yangi tanishga tug'ilgan joyimni aytdim. “Nurobodlik bo'lsangiz, taniysizmi-yo'qmi, bilmadim, u yerda bizning Irisboy aka degan qadrdonimiz bor. Hamma “Otaxon” deb murojaat qiladi. Ismidan ko'ra, laqabini aytsangiz, hamma taniydi”, dedi. U paytlar otam rahmatli hayot edi. Yangi tanish va otamni telefon orqali bog'ladim. Eski qadrdonlar uzoq gaplashdi. Mana shu kutilmagan uchrashuv sabab, hozir ham bu oila bilan bordi-keldilimiz.

Yana shunga o'xshashroq voqea bo'lgan. Qo'shrabot markaziga qadrdonlardan birining to'yiga taklif etildim. Davraboshi birinchi so'zni menga berdi. Niyatlarni aytib, joyimga o'tirishim bilan biz o'tirgan davraga yuzlaridan nur yog'ilib turgan bir kishi kelib qo'shildi. Salomlashdik. Birozdan so'ng u menga yuzlanib: “Siz Irisboy akaning o'g'li bo'lasizmi?” dedi. Mendan savoliga tasdiq javobini olgandan keyin: “Otangiz bilan rahmatli dadam — Abdullaxon eshon bobo xo'p qadrdon oshna edi. Dadangiz bizning uyda ko'p mehmon bo'lgan”, dedi.

Hayot qizig'-a! Kutilmagan, kutmagan paytda mana shunday holatlarga duch etadi. Bu ko'rgan-bilganlarimni aytib o'tishimdan maqsad: yaqinlargacha men yaqindan bilmagan qo'shrabotliklar begona emas, ota qadrdon odamlar ekan.

* * *

XX asr o'rtalari… Tarixiy bir mo''jiza Zarmitan hayotini o'zgartirib yubordi. Mashhur o'zbek geolog-olimi Ibrohim Hamroboyev boshchiligida ekspeditsiya mashinasi ushbu hududda nosoz holga kelishi bilan bog'liq. Atrofni tomosha qilib turgan olimning e'tibori soy o'zanida oltin zarralariga tushadi va kaftiga bir siqim tuproq olib, diqqat bilan tikilarkan: “Bu yurtning changida ham tilla bor. Chormitan emas, Zarmitan ekan bu yer”, deydi. Bu bashorat keyinchalik geologiya-qidiruv natijasida o'z isbotini topdi.

Oltmish yildan ziyod davrda bu yer ulkan qurilish-bunyodkorlik maydoniga aylandi. Hududda zamonaviy konchilik va metallurgiya industriyasi — “Zarmitan” va “G'ujumsoy” konlari, 4-gidrometallurgiya zavodi va boshqa ishlab chiqarish korxonalari, Zarkentdek ko'rkam qo'rg'on barpo etildi. Janubiy kon boshqarmasi tarkibidagi bu bo'linmalar bugun yurt taraqqiyotiga munosib xizmat qilmoqda.

Ayniqsa, o'n bir oyda kombinat mutaxassislari kuchi bilan barpo etilgan 4-gidrometallurgiya zavodi Navoiy kon-metallurgiya kombinati solnomasida tarixiy qadam bo'ldi. Bu o'zgarishlar yurt odamlari hayotini yaxshilash, ularning ishli bo'lishiga juda katta turtki berdi.

* * *

Zarkent qo'rg'oni — zamonaviy konchilar maskani! Qo'shrabot tumanidagi eng obod go'shalardan biri. To'rt tarafi qir-adirlar, tog'lar bilan qurshalgan keng maydonda shunday ko'rkam joy borligidan hayratga tushishingiz tabiiy. Ravon yo'llar, keng ko'chalar, shaharsozlik andozalari asosida qurilgan ko'p qavatli uy-joylar, ishchilar yotoqxonalari, ijtimoiy soha ob'yektlari, bog'-rog'lar — hammasi musavvir mo'yqalamida yaralgan asarga o'xshaydi.

Bu qo'rg'ondagi sharoitlar aslo shahardan qolishmaydi. Did bilan barpo etilgan ko'p qavatli uy-joylar, ijtimoiy soha ob'yektlari, savdo va xizmat ko'rsatish sub'yektlari, bog'-rog'lar go'yoki uzukka ko'z qo'ygandek. Bunday betakror mo''jizaning bunyodkori — Navoiy kon-metallurgiya kombinati. Ushbu gigant korxona tomonidan so'nggi o'n yillikda ishchi-xodimlar, yosh mutaxassislar, harbiylar uchun 380 ta xonadonga mo'ljallangan 22 ta ko'p qavatli turar-joy, ikkita 100 o'rinli ishchilar yotoqxonasi, 26 o'rinli mehmonxona, 750 o'rinli uchta maishiy bino, 130 o'rinli ikkita oshxona, yong'in xavfsizligi binosi va boshqa ko'plab ijtimoiy soha ob'yektlari barpo etilgani va ularda yaratilgan sharoitlardan aholi juda mamnun. Qo'rg'on markazlashgan kanalizatsiya tarmog'iga ulangan. Bunday qulaylik hattoki ko'plab tuman markazlarida ham yo'q. Bundan dillar shod, ko'ngillar obod.

Ayniqsa, kombinat tomonidan qurilgan “Konchi” madaniyat uyi, “Yoshlik” sport majmuasi, ikkita minifutbol maydonchasi, stadion, akvapark va boshqa majmualarda ishchi-xodimlar, ularning oilasi, mahalliy aholi farovon hayot kechirayotgan bo'lsa, madaniyat va sport muassasalarida farzandlari iste'dod va jismoniy salohiyatini oshirmoqda. Bunda NKMK xodimlari kasaba uyushmasi kengashining ham ishtiroki tahsinga loyiqdir.

Hududda sanoat, ishlab chiqarish rivojlanishi hisobiga yildan-yilga aholi soni, qo'rg'on hududi, uy-joylar kengayib bormoqda. Buni 2000 yilda “Zarkent” MFYda bir yarim ming nafarga yaqin aholi istiqomat qilgan bo'lsa, hozirda ularning soni 4,8 ming nafarga yetganidan ham his etish mumkin. Bu, albatta, turar-joyga ehtiyojni yanada oshirayotgani turgan gap. Shu bois ham hududda qurilish avjiga chiqqan. Bir tomonda kombinat, bir tomonda xususiy qurilish sub'yektlari zamonaviy uy-joy, turli ob'yektlar, xizmat ko'rsatish shoxobchalarini barpo etishda davom etmoqda. Shu bilan birga, shifoxona, 26-umumta'lim maktabi, 165 o'rinli 13-sonli bolalar bog'chasi, tadbirkorlar tomonidan yo'lga qo'yilgan 3 ta xususiy bog'cha, 3 ta o'quv markazi, 2 ta tikuv sexi, 3 ta go'zallik saloni, 3 ta sun'iy qoplamali kichik stadion, avtomobillarga texnik xizmat ko'rsatish va ta'mirlash sub'yekti xalq xizmatida. Yosh avlod kelajagi, ta'lim-tarbiyasi, aholi farovonligini ta'minlashga katta hissa qo'shmoqda.

Hududni ko'kalamzorlashtirish, obodonlashtirish, bog'-rog'larga aylantirishga ham alohida e'tibor qaratilgan. Keyingi yillarda qo'rg'on atrofi to'liq yashil belbog' bilan o'ralib, 45 gektarlik mevazor bog' barpo etildi. Mevali va manzarali nihollar atrofga yashillik, xush kayfiyat bag'ishlash bilan birga, yetishtirilayotgan mevalar aholi farovonligini ham ta'minlamoqda. Shuningdek, ko'plab savdo va xizmat ko'rsatish shoxobchalari aholiga xizmat ko'rsatmoqda. Bu, albatta, davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan insonparvarlik siyosati, “Inson qadri uchun” ezgu tamoyilining amaldagi ifodasidir.

— Qurilishlar davom etib, qo'rg'onimiz yildan-yilga go'zallashib borayotir. Xudoga shukur, xalqning topish-tutishi, yashashi yaxshi. Elimizda tadbirkorlar ko'paymoqda. Aytishadiki: “Eli to'qning — ko'ngli to'q”. Bugun qo'rg'onimiz tanib bo'lmas darajaga keldi. Dorilomon bir davrda yashayotganimizdan ko'ngillar yayraydi. Avvalo, bunday sharoitlarni yaratib berayotgan davlatimizga, xayrli ishlar boshida turgan kombinatimizga katta rahmat! Biz keksalar doim duodamiz, — dedi Abduhamid hoji Qurbonov. — Har kuni kechki payt go'zarni aylanaman. Aksariyat aholi ham bu pallada bola-chaqasi bilan chiqib, yorug' ko'chalar, xiyobonlar, bog'lar, akvapark atrofida sayr qiladi. Ularning yuz-ko'zidagi cheksiz shukronalik, mamnunlikdan ko'ngillar yayraydi. Bu g'amxo'rlik uchun, eng avvalo, davlatimizga, ushbu xayrli ishlarning boshida turgan kombinat ma'muriyatiga katta rahmat! Buning barchasi oqilona siyosatdan dalolat.

* * *

Yaxshi bilamizki, har bir insonning istagi uy-joy. Chunki uyi bor insonning ro'zg'orida baraka, ishida unum bo'ladi. Kombinat shonli an'anani davom ettirib, yaqinda navbatdagi xayrli ishga qo'l urdi. Zarkentda 32 xonadonga mo'ljallangan to'rt qavatli xizmat uyi ishchi-xodimlarga topshirildi. Mazkur turar-joyning 24 tasi ikki xonali, 8 tasi esa uch xonali bo'lib, ushbu turar-joyni qurish ishlariga kombinat tomonidan qariyb 17 milliard so'mdan ortiq mablag' sarflandi.

Shu o'rinda mazkur uyni loyihalash va qurish ishlarini kombinat to'liq o'z kuchi bilan amalga oshirganini aytib o'tish joiz. Bunda Markaziy loyihalash byurosi, Zarafshon qurilish boshqarmasi, “Navoiy” qurilish-montaj boshqarmasi, “Sanoatelektrmontaj” tresti va Janubiy kon boshqarmasi mohir quruvchilarining xizmatlari tahsinga munosib.

— Kasbim taqozosidan kelib chiqib, men ham bo'yoqchi sifatida ushbu uy-joy qurilishida ishtirok etib, zarkentliklar bilan tanishdim va ko'plab qadrdonlar orttirdim. Bu zamin odamlari juda bag'rikeng, mehmondo'st ekan. Tez-tez o'zbekona lutf bilan hol-ahvol so'rab turdi, — dedi “Sanoatelektrmontaj” tresti ishchisi Lobar Usmonova.

Yana bir e'tirofga arzigulik jihati, yangi uy sohiblari uchun qulaylik yaratish maqsadida har bir xonadonga kombinat va Kasaba uyushmasi kengashi tomonidan gaz plitasi, suv isitkich, sanuzel o'rnatib berildi. Shuningdek, yangi uy hududida bolalar maydonchasi, yo'laklar, o'rindiqlar va boshqa sharoitlar yaratilgani uy egalarini mamnun etdi.

— O'zim pastdarg'omlikman. Keliningiz Gulshan Bo'tayeva Nuroboddan. 2017 yildan buyon kombinat tizimida ishlayman. Oilamiz bilan o'z uyimiz bo'lishini orzu qilardik. Mana, niyatimizga yetdik. Bundan oila a'zolarim, barcha yaqinlarim juda xursand. Bu, albatta, biz uchun munosib sovg'a bo'ldi. Qizaloqlarimning quvonchiga qarang, — dedi Nurmuhammad Shonazarov. — Hattoki bu xushxabardan ota-onam, yaqinlarim — barcha-barchasi juda mamnun. Bu g'amxo'rlik uchun davlatimizdan, mana shunday shart-sharoitlarni yaratib bergan kombinatimizdan cheksiz minnatdormiz. Yangi uy sohiblari respublikamizning turli viloyatlaridan kelgan mutaxassislar, yosh oilalar ekan. Nasib bo'lsa, ular bilan inoq, tinch-totuv yashab, bordi-keldili bo'lamiz.

Bu hududda qurilish-bunyodkorlik ishlari keyingi bosqichda ham davom etadi. Jumladan, 160 ta xonadonga mo'ljallangan va lift bilan jihozlangan to'rtta besh qavatlik uy-joy, Janubiy kon boshqarmasi ma'muriy binosi, 500 o'rinli “Konchi” madaniyat uyining yangi binosi, barcha qulayliklarga ega 400 o'rinli maishiy binoni qurish rejalashtirilgan. Bu, albatta, hamkasblarimiz va ularning oila a'zolarining zamonaviy sharoitlarda yashashi, ishlashi uchun yangidan-yangi sharoitlarni yaratishi shubhasiz! Ayniqsa, yangi madaniyat uyi qad rostlashi Zarkentning iste'dodlarni tarbiyalaydigan eng ko'rkam maskani bo'lishiga ishonchimiz komil.

Ha, bugun o'z hayotidan mamnun odamlar farovon hayot tarzi, shukronaligini ko'rib, ochig'i, havasimiz keldi. Albatta, bu yurtimizda kezayotgan tinchlik-xotirjamlik, islohotlar samarasi tufaylidir.

Abdumajid JO'RAYEV,

O'zbekiston Jurnalistlar

uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

six − four =