G'uborlarsiz hayot orzusi

Korrupsiya  halol hayotni, taraqqiyotni to'suvchi illat ekanligi ma'lum. Lekin ayrim kimsalar uchun korrupsiya va ta'magirlik “yashash qonuni”ga aylanib ketgan. Xizmat xonasida savlat to'kib o'tirgan amaldor bitta imzo bilan hojatingizni chiqarishi mumkin, lekin shu imzo uchun “yo'talishingizni” kutadi. “Yo'talmasangiz”, “yana hujjat olib keling” deb quruq sarson-sargardon qilaveradi. Umuman, korrupsiya avj olgan joyda haqiqat, adolat mezonlari ish bermaydi. Odamlarning adolatga ishonchi o'ladi.

Biz ana shu illatni bartaraf etishimiz, aholi uchun qulay va shaffof sharoit yaratishimiz kerak. Davlatimiz rahbarining bugungi kundagi tashabbusi shu ezgu maqsadni ko'zlaydi. Uni amalga oshirish uchun nima qilish kerak? Hamma, butun jamiyat shu maqsadni ko'ngliga tugib, birlashgan holda harakat qilishi zarur.

Aytaylik, iqtisodiyotimizda xorijdan keladigan sarmoya uchun qanday omillar talab etiladi, degan savol berilsa, shu mamlakatda tinch va osoyishta hayot barqaror, qonunlar ustuvor deyish bilan birga bu o'lka byurokratiyadan, korrupsiyadan xoli desak, investorlarda ishonch mustahkam bo'ladi.

Faraz qilaylik, siz oliy o'quv yurtini bitirdingiz. Ishga joylashish uchun bevosita biron tashkilotga emas, Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portaliga murojaat qilasiz. Ushbu portalda davlat organlari va tashkilotlarining vakant lavozimlarini malakali va eng munosib nomzodlar bilan to'ldirish maqsadida ochiq mustaqil tanlovlar e'lon qilib boriladi. Tanlovda ishtirok etish istagida bo'lgan nomzodlar bir vaqtning o'zida davlat tashkilotining uchtagacha bo'sh ish o'rni uchun ariza bilan murojaat qilishi mumkin.

Albatta, mutaxassis sifatida ish boshlash uchun muayyan talablar qo'yiladi. Bu jarayon inson omili aralashuvisiz kechadi, belgilangan mezonlar mutanosibligi ta'minlanadi. Bu tizim hozirgidek “ba'zida bundoq, ba'zida undoq” emas, chinakam halollik, xolislik mezoniga aylanishi shart. Bugun kadr tanlashda turli o'yinlar, tanish-bilishchiliklar ham bo'layotgani sir emas-ku! Buni yashirishga hojat yo'q. Hamma bilib, ko'rib turibdi.

Zero, byurokratiya va korrupsiyadan xoli bo'lish hayotimizni g'ubordan tozalash, halol va erkin turmush tarzidan iborat bo'lish demakdir. Byurokratiya biz nafratlanayotgan korrupsiya uchun zamin hisoblanadi. Kimningdir nasibasidan yulib olish, o'zgalar hisobidan daromadga ega bo'lish uchun bitib turgan ish bitmaydi, arzimas sabablar bilan to'siqdan o'tmaydi.

Kuni kecha bo'lib o'tgan bir tadbir korrupsiyaga yo'l qo'ymaslik, bunday nopok illatlarni bartaraf etishga bag'ishlandi. Tadbir so'ngida u sun'iy intellekt afzalligini namoyon etadigan anjumanga ulanib ketdi. Bu tasodifiy emas. Inson aql-zakovatining mevasi sanalmish sun'iy intellekt har bir yumushni risoladagidek bajaradi. SI tanish-bilishchilikni, oshna-og'aynigarchilikni, zimdan ish bitirishni tan olmaydi.

Bir misol. Bugungi kunda hayotimizda keng tatbiq etila boshlagan quyosh panellari haqida gapiraylik. Bu o'ylab ko'rilsa, ajoyib imkoniyat. Masalan, Qo'shrabot tumanining chekka qishlog'ida yashayotgan do'stimiz xonadoniga quyosh batareyasi o'rnatishga ahd qilibdi. Buning uchun buyurtma bergandan so'ng tegishli mutasaddilar 10 kilovattlik quyosh batareyasi o'rnatibdi. Bu 35 million so'mga tushibdi. Hozir shu xonadonda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasini davlat sotib olyapti, har oy xonadon sohibining hisob raqamiga 1-1,2 million so'mdan mablag' tushib turibdi ekan. Ayni paytda elektr energiya uchun haq to'lashdan ozod etilgan, mol-mulk va yer solig'i to'lanmaydi. Hisob-kitobga ko'ra 3 yil ichida dastlabki xarajat qoplanadi. Bunday qulaylikni ko'rgan qo'ni-qo'shnilar ham yangilikni o'zlarida joriy etishga qiziqib qolishibdi. Demoqchimizki, daromad olish uchun albatta kimnidir chuv tushirish, aldash shart emas,  balki, bugungi imkoniyatlardan oqilona foydalanishning o'zi kifoya ekan.

Yangi O'zbekiston byurokratiyani, korrupsiyani bartaraf etish, hayotimizga zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish hisobiga tobora jozibador manzara yaratmoqda. Buni har bir yurtdoshimiz — keksayu yosh yurakdan anglab yetishi kerak. Zero, Vatanimiz 2030 yilgacha dunyodagi jadal rivojlanayotgan davlatlar safidan joy olishi niyat qilingan. Nasib bo'lsa, bu orzumiz albatta amalga oshadi, yangi O'zbekistonni butun dunyo ahli har jihatdan yuksak, poklik va halollik, qonun ustuvor mamlakat sifatida kashf etajak.

Shuhrat JABBOROV,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × five =