Jadidlarning maʼrifatparvarlik ğoyalari
Turkiston tarixida şunday bir davr borki, u millat tafakkurini uyğotgan va kelajak sari yöl oçgan. Bu — jadidlar davri.
XIX asr oxiri va XX asr boşlarida şakllangan jadidçilik harakati mustamlakaçilik zulmi, savodsizlik va ijtimoiy turğunlik şaroitida vujudga keldi. Jadidlar millat tanazzulining asosiy muammosi fikr va tafakkur tanqisligida ekanini angladilar. Şu bois ular kuraşni maʼrifat tarqatişdan boşladilar.
Maʼrifiy islohotlar markazida taʼlim masalasi turdi. Taraqqiyparvar bobolarimiz oçgan “usuli jadid” maktablari eski maktab tizimidan tubdan farq qilardi: unda yodlaş emas, tuşuniş; itoat emas, fikrlaş ustuvor edi. Geografiya, tarix, tabiiy fanlar orqali jadidlar bolalarga dunyoni tanitdi, ularning dunyoqaraşini kengaytirdi. Bu maktablar milliy ong şakllanişining dastlabki maydoniga aylandi.
Jadidlar faqat maktablar oçiş bilan çeklanib qolmadilar. Ular matbuotni uyğoniş minbariga aylantirdilar. “Taraqqiy”, “Sadoyi Turkiston”, “Oyna” kabi naşrlar orqali jamiyatdagi illatlar oçiq tilga olindi. Mahmudxöja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Fitrat, Çölpon qalamida söz qurolga, maqola esa ijtimoiy taşxisga aylandi. Ularning asarlarida millat taqdiri, vijdon, masʼuliyat va ozodlik ğoyalari markaziy örin egalladi.
Jadidlarning eng ilğor qaraşlaridan biri — ayollarni maʼrifatli qiliş ğoyasi edi. Ular ayolni faqat oila doirasida emas, jamiyat taraqqiyotining faol subʼyekti sifatida kördilar. Qizlar taʼlimi, ayollar huquqi va ijtimoiy mavqei masalalari jadidlar uçun asosiy masalalardan biri bölgan. Çunki ular yaxşi bilardilar: ayol — kelajakni yaratuvçi farzandlar tarbiyaçisi, ayollarni öqitmay turib, heç qaçon maʼrifatli jamiyatni qurib bölmaydi.
Biroq jadidlarning maʼrifatparvarlik ğoyalari siyosiy tizim uçun xavfli bölib körindi. Natijada bu harakat şafqatsizlarça bostirildi. Qatağonlar jadidlarning jismoniy hayotiga yakun yasadi, ammo ularning ğoyalarini yöq qila olmadi. Aksinça, bu fikrlar tarixiy xotirada yanada mustahkamlandi.
Jadidlar orzu qilgan jamiyat — bilimli, fikrlaydigan va masʼuliyatni his qiladigan jamiyat edi. Bu orzu bugun ham dolzarb. Çunki jadidlar yöli — bu oson yöl emas, ammo millatni saqlab qoladigan yagona yöldir.
Rayhon OBLOQULOVA,
Mirzo Uluğbek nomidagi
Özbekiston Milliy universiteti
jurnalistika va özbek filologiyasi fakulteti
1-bosqiç talabasi.
