Movarounnahrdan esgan she'r nasimi
Yaqinda Toshkentga qilgan safarimda ziyoli do'stlarim bilan maroqli suhbatlar qurdik. Suhbatimiz davomida davramizda men tanimaydigan yosh bir yigit bor edi. O'zini tutishidan tarbiyali va odobli ekanligi sezilib turardi. Ma'lum bo'lishicha, u shoir ekan. Tortinganicha, Anqara shahrida turk tilida nashr etilgan kitobini menga sovg'a qildi. Bu shoir – Shuhrat Orifning “Moviy erk” nomli she'rlar to'plami edi.
Men bu yosh shoirni ozarbayjon o'quvchisiga ham tanishtirishga qaror qildim. To'g'ri, u Ozarbayjonda qisman tanilgan, biroq o'yladimki, mening qalamim orqali ham tanishsinlar. Shu tariqa, Shuhrat Orifning poetik olami sizning huzuringizdadir.
Maroqli jihati shundaki, Shuhrat Orifning mavzu va g'oyaviy qarashlari tizimli xarakterga ega. Uning poetik tafakkuri asosini inson-zamon-taqdir munosabatlari tashkil etadi. Shoir uchun she'r faqat estetik hodisa emas, balki ma'naviy hisobot, ichki monolog va tarixiy xotiraning ifodasidir.
Shuhrat Orif she'riyatida insonning ichki iztirobi, xotira va xotiraning taqdirga ta'siri, tuproq-yurt-vatan tuyg'usi, ma'naviy yolg'izlik motivlari yetakchi o'rinni egallaydi. Shoirning lirik “Men”i doimo kuzatuvchi, fikrlovchi, tahlil qiluvchi va ba'zan sukut orqali norozilik bildiruvchi obrazdir. Bu “Men” klassik romantik pafosdan yiroq bo'lib, ko'proq ichki dunyoga yo'naltirilgan introspektiv xarakterga ega. Lirik sub'yekt voqealarni tasvirlamaydi, balki ularni shuuridan o'tkazib, psixologik-ruhiy ta'sir yaratadi.
Shoirning tili sodda, ammo ma'no doirasi nihoyatda boy. U xalq tili bilan badiiy tilni sintez qiladi, sun'iy metaforalardan va ortiqcha ifodalardan qochadi. So'z uning uchun pafos emas, xotiradir; so'z tuyg'uni yashirmaydi, aksincha, mazmunni ochadi. Bu esa poetik samimiyatning asosiy belgilaridan biridir.
Uning poeziyasida yo'l, tun, sukut, shamol, yurt kabi obrazlar arxetipik xarakter kasb etib, shoirning individual poetik dunyoqarashida yangi semantik ranglar oladi. Ayniqsa, sukut va tun obrazlari ichki yolg'izlik va tafakkur teranligining ramzi sifatida namoyon bo'ladi.
Shuhrat Orif zamonga tirik mavjudot sifatida munosabatda bo'ladi. Uning uchun vaqt xronologik emas, balki psixologik va falsafiy kategoriya. O'tmish, hozir va kelajak bir-biriga qorishib ketadi, xotira esa poetik matnning asosiy tarkibiy qismiga aylanadi. Bu xususiyat shoirning she'rlarini postmodern tafakkurga yaqinlashtirsa-da, milliy ruhdan ajratmaydi.
“Moviy erk” kitobidan o'rin olgan she'rlarda muallif, asosan, erkin she'r shakliga murojaat qiladi. Ichki ritm va intonatsiya asosida qurilgan poetik tuzilishda ritm qofiyadan emas, fikr oqimidan tug'iladi. Bu esa she'rlarga yangicha nafas bag'ishlaydi.
Misol uchun, Shuhrat Orifning “Qor. Men. Yor” she'ri zamonaviy o'zbek poeziyasida kam uchraydigan minimalist poetik namunadir. Atigi uch so'z bilan keng semantik maydon yaratiladi:
Qor — poklik, sovuqlik, sukut
Men — yolg'iz ong
Yor — sevgi, iliqlik, o'choq
Bu yerda sovuq va issiq, yolg'izlik va birgalik qarama-qarshiligi poetik tarzda ifodalanadi.
“Qadar imlosi: eski bir chiziq” she'ri esa metatekstual xarakterga ega. “Imlo” tushunchasi o'zgartirib bo'lmaydigan ilohiy yozuv — qadar sifatida talqin etiladi. Bunday she'rlar sosrealistik an'anaga yot bo'lib, o'zbek milliy she'riyatining o'z ildizlariga qaytishini anglatadi.
Umuman olganda, Shuhrat Orif poeziyasida mavzu tashqi voqealardan ko'ra ichki muammolar atrofida shakllanadi. Shoir uchun asosiy poetik ob'yekt insonning o'zi emas, balki insonning zamon, qadar va xotira oldidagi mavqeidir.
Ilk bor tanishganim bu shoirning poetik merosi mavzu jihatidan ekzistensial, lirik “Men” nuqtai nazaridan introvert, til jihatidan minimalist va chuqur, g'oya jihatidan esa zamonaviy insonning ichki dramasini aks ettiruvchi yaxlit poetik tizimdir.
G'olib SAYILOV,
Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi bosh ilmiy xodimi, filologiya fanlari doktori.
Manba: www.azadmedia.az
