Kitob — bilim xazinasi
2025 yil — Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yilida amalga oshirilayotgan davlat dasturlari ijrosi yuzasidan Mahmud Zamaxshariy nomidagi Xorazm viloyati axborot-kutubxona markazi tomonidan ham “Kitobsevar millat” g'oyasini hayotga tatbiq qilish bo'yicha qator ibratli tadbirlar amalga oshirilmoqda.
O'zbekistonda kitob va kitobxonlikka bo'lgan munosabat davlat siyosati darajasiga ko'tarilganligiga guvohmiz. Davlatimiz rahbarining “O'zbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati ko'rsatishni yanada takomillashtirish to'g'risida”gi Qarori bu borada olib borilayotgan izchil ishlarimiz uchun dasturilamal bo'lib xizmat qilmoqda.
Ushbu hujjat axborot-kutubxona xizmatlari ko'rsatishning sifat jihatdan yangi tizimini yaratish, kutubxonalarda saqlanayotgan milliy madaniy merosni asrab-avaylash va boyitish, kitobxonlarga xizmat ko'rsatishda axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan keng foydalanishni ko'zda tutadi. Eng asosiysi, bugungi globallashuv davrida ularning “ma'naviy immuniteti”ni shakllantirishga, milliy qadriyatlarimiz va an'analarimizga asoslangan mustahkam poydevorda turish imkonini beradi.
Markazimizga shu kungacha 32 mingga yaqin kitobxonlar ID-karta orqali a'zo bo'lishgan. Ular markazning “Veb-sahifa”, “Facebook”, “Instagram”, “Youtube”, “Telegram” kanallari orqali markazda yilning muhim sanalarga, yubileylarga bag'ishlab o'tkazilgan turli mavzulardagi madaniy-ma'rifiy tadbirlar, yangi kelgan adabiyotlar bilan tanishib bormoqdalar. Yildan-yilga kitobxonlar soni ham oshmoqda.
Ular umumiy o'quv zali, yoshlar, huquqiy axborot, ona va bola, ilmiy xodimlar, o'lkashunoslik muzeyi, jahon adabiyotlari zali, elektron o'quv zali, foydalanuvchilarga xizmat ko'rsatish, anjumanlar o'tkazish zallaridan foydalanib kelmoqdalar. Keksa va nogironligi bor foydalanuvchilar uchun ham markazda barcha qulayliklar yaratilgan. Jumladan, ular uchun pandus va lift ishlab turibdi. Yoshlar o'quv zalida maxsus brayl alifbosidagi adabiyotlar, “Bir safda” jurnali va boshqa axborot hujjatlaridan iborat burchak tashkil qilingan.
Mahmud Zamaxshariy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazining “O'zbek-Turkman do'stlik uyi” bo'limida “O'zbek-turkman — do'stu birodar” mavzusida kitob-rasmli ko'rgazma tashkil qilindi. Turkman hamda o'zbek tilidagi adabiyotlar joy olgan ko'rgazma kitobxonlarda katta qiziqish uyg'otmoqda.
Shu yilning oktyabr oyida O'zbekistonda Turkmaniston madaniyati kunlari doirasida Turkmanistondan tashrif buyurgan delegatsiya Ulli hovli bilan hamkorlikda O'zbek-Turkman do'stlik uyi bo'limida kutib olindi.
Bo'limimiz mutaxassislari tomonidan mahallalardagi imkoniyati cheklangan fuqarolarning xonadonlariga borib, ularning talablari bo'yicha kitoblarni yetkazib bermoqdalar. Xorazm-Toshhovuz chegarasidagi jahon bozorining ochilishi, u yerga tashrif buyurgan delegatsiyalar faoliyati ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritilmoqda.
Axborot-hujjatlar fondimiz 637052 nusxani tashkil qiladi. U doimiy ravishda yangi adabiyotlar bilan to'ldirib kelinmoqda. Yil boshidan buyon shu kungacha 366 million so'mdan ziyod mablag'ga yangi adabiyotlar sotib olindi.
2026 yil uchun 180 million 690 ming so'mlik matbuot nashrlariga obunani tashkil qilish ishlari olib borilmoqda.
Urganch shahridagi mahallalar bilan hamkorlikda ish olib borib, xonadonlarga tashrif buyurib, har 15 kunda ularning so'rovlari asosida yangi adabiyotlar bilan ta'minlash hamda bibliografiya xizmati ko'rsatish yaxshi yo'lga qo'yilgan.
Urganch shahar markaziy ko'chalarida aholi o'rtasida “Kitobni jonlantiramiz”, “Kitob — mening do'stimsan”, “Mehr kutubxonasi”, “Sevimli yozuvchim bilan uchrashuv”, “Milliy o'qish haftaligi”, “Ko'k jomadon” loyihalari amalga oshirilmoqda.
Chekka hududlarda istiqomat qilayotgan aholini axborot-kutubxona xizmatlari bilan qamrab olish uchun shahar va tuman axborot-kutubxona markazlarining 50 dan ziyod ko'chma kutubxonalari tashkil qilingan. Jumladan, Xiva tumanidagi “Istiqlol”, Urganch tumanidagi “Hilol”, Xonqa tumanidagi “Paxtakor”, “Durvadik” hamda “Guliston”, Shovot tumanidagi “Oq ko'l”, Yangiariq tumanidagi “Savgan”, “Shirsholi” mahallalarida ochilgan ko'chma kutubxonalar aholiga kutubxona xizmati ko'rsatib kelmoqda.
Hozirgi kunga kelib, viloyatimizda shaxsiy kutubxonalar soni ham oshib bormoqda: 4 nafar fuqaro uy sharoitida shaxsiy kutubxona tashkil qilgan. Jumladan, Urganch shahridan Xurjonoy Bekniyozova 850 nusxa, Xiva shahridan Nikolay Allaberganov 5600 nusxa, Hazorasp tumanidan Muzaffar Ahmedov 2012 nusxa, Yangibozor tumanidan Ikrom Babajanov 3100 nusxa kitob fondiga ega.
Urganch shahrida tadbirkor Quvondiq Abdullayev “Bilim xazinasi”, “Ustoz” yoshlar kutubxonalarini tashkil qilgan. Ushbu kutubxonalardan, asosan, viloyatimiz yoshlari keng foydalanmoqdalar. Kutubxonalar internetga ulangan, kitob savdosi, “book-cafe” xizmati ko'rsatilmoqda. 200 mingdan ziyod kitob fondlariga ega.
Gyote institutining Toshkent filiali bilan hamkorligimizni 2014 yilda boshlagan edik. Shu yili nemis xalqining bebaho durdonasi sanalmish “Ertaklar olami: Aka-uka Grimmlar”, “Matematikani his qil!” mavzusidagi interaktiv badiiy ko'rgazmalar tashkil qilindi. Gyote institutining Toshkent filiali bilan hamkorligimiz hozir ham davom etmoqda. Nemis tiliga oid adabiyotlar va gazeta-jurnallardan iborat o'quv zali tashkil qilingan. Nemis tiliga qiziquvchi kitobxonlarimiz ushbu zaldan foydalanib kelmoqdalar.
O'tgan yili markazimiz faoliyatida alohida e'tiborga molik voqea sodir bo'ldi. Buni xalqaro hamkorlik bo'yicha qo'ygan navbatdagi katta qadamimiz sifatida baholash mumkin. Gap shundaki, Mahmud Zamaxshariy nomidagi Xorazm viloyati axborot-kutubxona markazi va V.V.Mayakovskiy nomidagi Sankt-Peterburg shahar xalq markaziy kutubxonasi o'rtasida hamkorlik shartnomasi tuzildi.
Viloyatdagi oliy o'quv yurtlarida faoliyat olib borayotgan olimlarning ilmiy ishlari ham viloyat axborot-kutubxona markazimizda maxsus bazada to'planib borilmoqda.
Axborot-kutubxona muassasalarini malakali kadrlar bilan ta'minlash maqsadida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Urganch filiali hamda Mahmud Zamaxshariy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi o'rtasida 2024 yilda axborot-kutubxona faoliyati yo'nalishi bo'yicha sirtqi bo'lim kafedrasini tashkil qilish borasida shartnoma imzolandi.
Hozirda Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida axborot-kutubxona faoliyati yo'nalishi bo'yicha sirtqi 4-kursda 60 nafar mutaxassis tahsil olmoqda. 2025-2026 o'quv yilida 28 nafar talaba masofadan turib o'qiyapti.
Shu yili Xorazm viloyati hokimining “Davlat xizmatchisi kutubxonada bir kun” loyihasini tashkil etish va o'tkazishning qo'shimcha chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur hujjat bilan davlat xizmatchilarining kitobxonlik madaniyatini yanada rivojlantirish, ularning adabiyotga bo'lgan mehr-muhabbatini yanada yuksaltirish maqsadida qator manzilli va natijador tadbirlar belgilandi.
Loyiha doirasida viloyatga tashrif buyurgan O'zbekiston Qahramoni Ibrohim G'afurov, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Ashurali Jo'rayev, “Jahon adabiyoti” jurnali bo'lim boshlig'i Davron Rajab ishtirokida ikki kun davomida ta'lim dargohlarida, yoshlar va ijodkorlar huzurida ijodiy uchrashuvlar o'tkazildi. Mehmonlar Xivadagi Ogahiy uy muzeyi va qabrini ziyorat qilishdi. Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti professor-o'qituvchilari, talabalar bilan uchrashdilar. Tadbirlarda O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, adib, Mahmud Zamaxshariy nomidagi Xorazm viloyati axborot-kutubxona markazi xizmat rahbari Shuhrat Matkarimning “Makar”, “Boljon” nomli kitoblarining taqdimot-muhokamalari nihoyatda jonli tarzda o'tdi. Asar bo'yicha roliklar, jonli sahna ko'rinishlari tayyorlandi. Muhokamalarda o'quvchilar, ziyolilar, olimlar va eng muhimi, kutubxona xodimlarining ishtiroki tadbirlarga o'zgacha ruh bag'ishlab, asarning o'quvchilar qalbiga chuqurroq yetib borishini ta'minladi.
Mamlakatimizda kitobxonlikni yangi bosqichga olib chiqish, soha xodimlarining bilim va malakalarini ko'rikdan o'tkazishda Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasi tomonidan o'tkazib kelinayotgan an'anaviy ““INFOLIB O‘ZBEKISTON” Milliy axborot-kutubxona haftaliklari muhim ahamiyat kasb etmoqda.
“INFOLIB O‘ZBEKISTON-2025” XIV Milliy axborot-kutubxona haftaligi bu yil 10-14 noyabr kunlari Toshkent shahrida tashkil etildi. Unda Mahmud Zamaxshariy nomidagi Xorazm viloyati axborot-kutubxona mutaxassislari ham faol ishtirok etdilar. Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasida o'tkazilgan haftalikning asosiy loyihasi “Yilning eng yaxshi axborot-kutubxona mutaxassisi — 2025” ko'rik-tanlovining respublika bosqichida tanlovning Xorazm viloyati bosqichi g'olibi, Xonqa tuman axborot-kutubxona markazining axborot kommunikatsiya texnologiyalari va raqamlashtirish xizmati rahbari Olloquliyev Dostonbek Azimboy o'g'li “Yil loyihasi” nominatsiyasida g'oliblikni qo'lga kiritdi.
Haftalik doirasidagi “Yoshlar forumi”da Urganch tuman axborot-kutubxona markazi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va raqamlashtirish xizmati rahbari Sharipov Ollobergan faol ishtirok etdi va “Eng faol ishtirokchi” nominatsiyasida g'olib bo'ldi.
Bir so'z bilan aytganda, Mahmud Zamaxshariy nomidagi Xorazm viloyati axborot-kutubxona markazi “Kitobsevar millat” loyihasini amalga oshirish borasida davlatimiz rahbari soha xodimlari oldiga qo'ygan talablar darajasida ishlashga intilmoqda.
R.QURBONOV,
Mahmud Zamaxshariy nomidagi
Xorazm viloyati axborot-kutubxona
markazi direktori.
