Jahon O'zbekiston yildan-yilga muvaffaqiyatli rivojlanib borayotganiga guvoh bo'lmoqda
image description
O'zbekiston Prezidentining Oliy Majlis va mamlakat xalqiga Murojaatnomasi xorijiy ekspertlar diqqat markazida
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 26 dekabr kuni Oliy Majlis va O'zbekiston xalqiga yo'llagan Murojaatnomasi xalqaro miqyosda keng aks-sado berib, xorijiy siyosatchilar, tahlilchilar va ekspertlar hamjamiyatining e'tiborini tortdi. O'zbekiston yetakchisining Murojaatnomasi nafaqat islohotlarning navbatdagi bosqichi yakunlari, balki mamlakatni kelgusi davrda ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy rivojlantirishning ustuvor yo'nalishlarini aks ettiruvchi dasturiy bayonot sifatida qabul qilindi. O'zbekiston Prezidenti o'z nutqida mamlakatning iqtisodiyot va ijtimoiy sohadagi asosiy yutuqlarini qayd etib, islohotlarning keyingi yo'nalishlarini belgilab berdi. Aholining turmush sifatini oshirish, ijtimoiy siyosatni chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish zarurligiga alohida e'tibor qaratildi.
2026 yil “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e'lon qilindi. Ushbu qaror bilan respublika rahbari makroiqtisodiy muvaffaqiyatlardan ijtimoiy jarayonlar va inson kapitali bilan chuqurroq ishlashga o'tish istagini ta'kidladi.
Xorijiy ekspertlarning fikricha, Murojaatnomada bayon etilgan qoidalar amalga oshirilayotgan islohotlarning tizimli va uzoq muddatli xususiyatini aks ettirib, davlat boshqaruvi va ijtimoiy rivojlanishga yondashuvlar evolyutsiyasini namoyish etadi. Tahlilchilarning ta'kidlashicha, mahalliy hamjamiyatlar, ijtimoiy barqarorlik va fuqarolik ishtirokiga e'tibor O'zbekistonning iqtisodiy o'sish va ijtimoiy mas'uliyat muvozanatiga asoslangan inklyuziv rivojlanish modelini shakllantirishga intilishidan dalolat beradi.
Ilyas Umaxanov,
Rossiya Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Fan, ta'lim va madaniyat qo'mitasi raisining birinchi o'rinbosari:
— Avvalo, Rossiya senatorlar korpusi nomidan Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O'zbekiston erishgan ulkan natijalarga chuqur hurmatimni bildirishga va yaqin istiqbolga mo'ljallangan ulkan rejalarni qo'llab-quvvatlashga ijozat bergaysiz.
O'zbekiston so'nggi yillarda keng qamrovli modernizatsiya yo'lidan dadil va izchil bormoqda. Iqtisodiyotda erishilgan yutuqlar – yalpi ichki mahsulotning o'sishi, rekord darajadagi investitsiyalar, moliya tizimining mustahkamlanishi ochiq bozor iqtisodiyotini yaratish bo'yicha tanlangan yo'lning to'g'riligidan dalolat beradi. Ijtimoiy sohadagi muvaffaqiyatlar alohida taassurot qoldirmoqda. Kambag'allikni ikki barobarga qisqartirish maqsadiga muddatidan oldin erishilgani shunchaki statistika emas, balki millionlab O'zbekiston fuqarolari hayotining real yaxshilanishi, desak ayni haqiqatni aytgan bo'lamiz.
2026 yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e'lon qilingani chuqur ramziy ma'noga ega. Bu qadam islohotlar markazida inson, uning farovonligi va ijtimoiy hamjihatlik turganini tasdiqlaydi. O'zbekistonning mahalla institutini jamiyat tayanchi sifatida mustahkamlash borasidagi tajribasi bebaho va shubhasiz, ko'plab mamlakatlar, jumladan, jamoaviylik va o'zaro yordam an'analari kuchli bo'lgan Rossiya uchun ham qiziqish uyg'otadi.
Taqdim etilgan 2026 yilga mo'ljallangan dastur o'zining keng qamrovliligi bilan kishini hayratga soladi. Texnologik yutuqlarga, sun'iy intellekt sohasidagi loyihalar va ulkan kosmik dasturga urg'u berish davr talablariga mos keladi va Rossiya–O'zbekiston ilmiy-texnikaviy hamkorligi uchun yangi ufqlarni ochadi. “Yashil” kun tartibi va keng ko'lamli ekologik tashabbuslar mamlakatlarimiz uchun umumiy bo'lgan barqaror rivojlanish maqsadlariga ham to'liq hamohangdir.
Aleksandra Perminova,
Rossiya Fanlar akademiyasining Xitoy va zamonaviy Osiyo instituti ilmiy xodimi:

— Prezident Shavkat Mirziyoyev parlament va O'zbekiston xalqiga Murojaatnomasida so'nggi yillarda mamlakatda erishilgan makroiqtisodiy natijalarga alohida to'xtalib o'tdi. Islohotlar davrida respublika barqaror iqtisodiy o'sish sur'atlarini namoyish etmoqda.
Rossiya O'zbekiston iqtisodiyotidagi bunday tendensiyalardan juda manfaatdor. Bu Markaziy Osiyoda mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlashga hissa qo'shadi va savdo-investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish uchun qulay sharoit yaratadi.
Sanoatni rivojlantirishning e'lon qilingan ustuvor yo'nalishi alohida e'tiborga loyiq. O'zbekiston gaz-kimyo, metallurgiya, mashinasozlik, elektrotexnika va kimyo sanoatida loyihalarni amalga oshirish orqali qayta ishlash tarmoqlari ulushini maqsadli ravishda oshirib bormoqda. Shu ma'noda, mamlakatlarimiz hamkorligi uchun qo'shimcha imkoniyatlar ochilmoqda.
Rossiya kompaniyalari energetika, jumladan, atom energetikasi, qazib olish tarmoqlari, sanoat uskunalarini yetkazib berish va mahalliylashtirish loyihalarida ishtirok etmoqda. Ikki mamlakatning sarmoyaviy resurslari va ishlab chiqarish vakolatlarini uyg'unlashtirish asosida texnologik hamkorlikni chuqurlashtirish uchun asos yaratilmoqda.
Bugungi kunda bizning strategik mo'ljallarimiz ko'p jihatdan bir-biriga mos keladi. Bu esa nafaqat O'zbekiston yoki Rossiya, balki butun mintaqa taraqqiyoti uchun mustahkam poydevor yaratadi.
Yan Szipin,
“Travel&Leisure” nashri bosh muharriri (Xitoy):

— O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2026 yilni “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e'lon qilishni taklif etdi. Ushbu tashabbusni amalga oshirish doirasida mahallalarni rivojlantirish uchun davlat byudjetidan ko'proq mablag' ajratiladi, chunki bu o'zini o'zi boshqarish instituti allaqachon o'zini oqlagan.
Ularni obodonlashtirish, aholi hayotini yaxshilash, yangi ish o'rinlari yaratish, ishlab chiqarish korxonalari tashkil etishga katta e'tibor qaratiladi.
Ta'kidlash joizki, O'zbekistonda mahalla noyob jahon tajribasiga ega bo'lib, odamlarning ahil yashashi va kamol topishi uchun eng qulay muhit hisoblanadi.
Jahon hamjamiyati O'zbekistonning yildan-yilga muvaffaqiyatli rivojlanib borayotganiga guvoh bo'lmoqda. Mamlakatda zamonaviy texnologiyalar va ilg'or innovatsiyalardan faol foydalanilmoqda.
Shubhasiz, bunday natijalarga faqat o'z xalqi farovonligi va mamlakat ravnaqini hamma narsadan ustun qo'yadigan davlat rahbarining oqilona va strategik rahbarligi ostida erishish mumkin.
Abdulhamid Hamid Abdulloh al-Kubbi, Saudiya Arabistonining “Sahm News” nashri muxbiri:

— O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev parlament va mamlakatning ko'p millatli xalqiga murojaat qilib, unda 2025 yil yakunlarini sarhisob qildi va 2026 yilga mo'ljallangan taraqqiyotning asosiy ustuvor yo'nalishlarini belgilab berdi. Murojaatnoma dasturiy xarakterga ega bo'lib, unda keyingi to'qqiz yil davomida amalga oshirilayotgan demokratik va iqtisodiy islohotlarning izchilligi, Yangi O'zbekistonni ochiq, barqaror va ijtimoiy yo'naltirilgan davlatni barpo etish yo'li aks ettirilgan.
Prezident so'zining avvalida o'tgan yillar davomida islohotlar har bir inson, har bir oila, har bir mahalla hayotida sezilganini ta'kidladi. Bular shahar va qishloqlarimiz qiyofasini o'zgartirish, zamonaviy maktab, bog'cha va shifoxonalar barpo etish, transport-logistika tizimi va raqamli xizmatlarni rivojlantirishda o'z ifodasini topmoqda.
Murakkab xalqaro vaziyat, global iqtisodiy ziddiyatlar va xavfsizlikka tahdidlar kuchayib borayotganiga qaramay, 2025 yilda O'zbekiston uchun ulkan yutuqlar yili bo'ldi. Bu yutuqlarga xalqning faol qo'llab-quvvatlashi, yoshlarning kuch-g'ayrati va shijoati, mahallaning fuqarolik jamiyatining noyob instituti sifatidagi roli oshgani, tadbirkorlar, fermer va dehqonlarning tashabbuskorligi, vazmin va do'stona tashqi siyosat tufayli erishildi.
Iqtisodiy sohada barqaror rivojlanish qayd etildi. Mamlakat tarixida ilk bor yalpi ichki mahsulot hajmi 145 milliard dollardan oshdi, holbuki, to'qqiz yil avval bu ko'rsatkich qariyb 100 milliardni tashkil etardi. Eksport 23 foizga o'sib, 33,4 milliard dollarga yetdi, oltin-valyuta zaxiralari 60 milliard dollardan oshdi, jalb qilingan xorijiy investitsiyalar hajmi 43,1 milliard dollarni tashkil etib, yalpi ichki mahsulotning 31,9 foiziga teng bo'ldi.
Prezident bu ko'rsatkichlar xalqaro hamjamiyat va nufuzli moliya institutlari tomonidan e'tirof etilayotganini ta'kidladi. Xususan, O'zbekistonning suveren kredit reytingi “BB-“ darajasidan “BB” darajasiga ko'tarildi. Bu qarz olish xarajatlarini kamaytirish va mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Murojaatnomada ijtimoiy siyosatga alohida e'tibor qaratildi. 2025 yilda yana 5 million kishida daromad manbai paydo bo'ldi, ishsizlik darajasi 4,9 foizga, kambag'allik darajasi esa 5,8 foizga kamaydi. 1 million 500 mingga yaqin fuqaro kambag'allikdan chiqarildi, 1 ming 435 ta mahallaga ilk bor kambag'allikdan xoli hudud maqomi berildi. 2026 yilgacha belgilangan kambag'allikni 2 barobarga qisqartirish maqsadiga muddatidan oldin erishildi.
Murojaatnomada 2026 yilga mo'ljallangan oltita asosiy ustuvor yo'nalish, jumladan, mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish, iqtisodiyotni texnologik va innovatsion modelga o'tkazish, ichki talabni rag'batlantirish, mehnat bozori va professional ta'lim tizimini isloh qilish, ekologik muvozanat va “yashil” energetikani ta'minlash, davlat boshqaruvi va sud-huquq tizimini yanada modernizatsiya qilish vazifalari belgilab berildi.
Prezident mamlakatingizning strategik maqsadi – daromadi o'rtachadan yuqori bo'lgan davlatlar qatoriga kirish ekanini ta'kidladi. Prognozlarga ko'ra, 2026 yilda yalpi ichki mahsulot hajmi 167 milliard dollarga yetadi, 2030 yilga borib esa 240 milliard dollardan oshishi mumkin.
“Dunyo” AA.
