Eng oliy vazifa – vatan manfaati

O'tgan yilning so'nggi kunlari yurtdoshlarimizga, barcha kattayu kichikka juda katta rag'bat, ertangi kunga bo'lgan ishonch hissini yanada oshirgan tarixiy voqea – Prezidentimizning Oliy Majlis va O'zbekiston xalqiga yo'llagan Murojaatnomasi bo'ldi, desak xato bo'lmaydi. Ushbu Murojaatnomani 2025 yilning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, ma'naviy-ma'rifiy manzarasini to'la-to'kis tahlil etgan muhim hujjatgina emas, balki mamlakatimizda yaqin besh yil ichida ro'yobga chiqariladigan ustuvor vazifalar dasturi taqdimoti bo'ldi.

Davlatimiz rahbari Shavkat ­Mirziyoyev qanchalik og'ir bo'lmasin, yurtimizda boshlangan demokratik islohotlar ko'zda tutilgan natijalarni berganini alohida ta'kidladi. Shu jumladan, 2025 yilni “murakkab yil” deb ta'riflagani bejiz emas. Qachonki, butun dunyoda kechayotgan alg'ov-dalg'ovli davrda tinchlik va osoyishtalikni ta'minlash, xalqning yashash tarzini yuksaltirish, iqtisodiy imkoniyatlarni oshirish, umuman, jahonaro mamlakat nufuzini balandga ko'tarishning o'zi murakkabdan murakkabroqdir.

“E'tibor bering. Bundan to'qqiz yil oldin iqtisodiyotimiz hajmini 100 milliard dollarga yetkazish biz uchun juda katta marra bo'lib ko'rinardi. Bu yil tariximizda birinchi marta yalpi ichki mahsulotimiz 145 milliard dollardan oshdi”, – dedi Prezidentimiz Murojaatnomaning avvalida.

Davlatimiz rahbari bunday yuksak natijalarni xalqimizning ulkan ishlarga qodir ekanligiga yaqqol misol sifatida alohida ta'kidladi.

Darhaqiqat, ulug' shoir aytganidek, “Xalq to'lqindir, xalq kuchdir!” Bunga shubha yo'q. Shu boisdan ham Prezident kuch birlikda, hamjihatlikda ekanligini, “Birlashgan o'zar – birlashmagan to'zar” naqlini esga oldi.

Eng muhim yutuqlarimiz haqida so'z yuritilganda bugun Yangi O'zbekistonni dunyo tan olayotganigina emas, yurtimizga havas ko'zi bilan qarayotgani ham bor gap. Ayniqsa, O'zbekiston futboli uchun o'tgan 2025 yil tarixiy yil bo'ldi. Milliy terma jamoamiz ilk bor Jahon chempionatiga yo'llanmani qo'lga kiritdi. Shaxmat bo'yicha Jahon kubogi musobaqalarida ulkan yutuqlar qo'lga kiritildi. O'tgan yilgi Yoshlar Paraosiyo o'yinlarida sportchilarimiz jasorat namunalarini butun olamga namoyish etdi. Bunday ulkan muvaffaqiyatlar yurtimizda sportga bo'lgan e'tibor tufayli emasmi? Albatta shunday!

Tan olish joiz, Prezidentimiz ­Shavkat Mirziyoyev rahbarligida barcha sohalarda juda katta ishlar, o'zgarishlar ro'yobga chiqarilmoqda. Nazarimizda, bularning bari bir narsaga borib taqaladi: bu xoh iqtisodiy, xoh huquqiy, xoh siyosiy bo'lsin, ochiqlikning ta'minlanganida. O'ylab ko'ring, bundan atigi 9-10 yil avval biror tadbirkor, u xoh yirik sarmoyador bo'lsin, xoh biznesini endigina boshlagan inson – hozirgi paytdagidek emin-erkin ishlay olarmidi? Yo'q, albatta. Salgina boyigan insonga yoki hatto qimmatroq ulov mingan kishiga sabab bo'lsa-bo'lmasa: “Sen buni qaerdan topding?!” – deb turilsa, tadbirkorlik rivojlanishi mumkinmi? Odamlar sarmoyasini ming xil usul bilan yashirishga harakat qilishi tayin-ku.

Bugun yurtimiz tadbirkorlari dunyo­ga chiqmoqda. Hamma ham tasavvur qilolmaydigan yutuqlarga erishmoqdalar. Chunki Prezidentimiz ularga qulay sharoit, imtiyozlar bergani sabab, bugun ana shunday natijalarga erishilmoqda.

“Bugungi kunda jamiyatimizda turli xil fikr va qarashlar bo'lishi tabiiy. Bu – demokratiyaning birinchi talabi. Ammo millati, tili va dinidan qat'i nazar, butun el-yurtimizni birlashtiradigan ulug' bir g'oya bor. U ham bo'lsa, Vatan manfaati, xalqimiz manfaatidir”.

Albatta, buni hayot deydilar. Kimdir, ehtimol, nimalardandir norozidir, kimdir qaysidir fikrlarga qo'shilmas. Lekin Vatan, el-yurt manfaatiga xizmat qilish va qonunga itoat etish shart bo'lishi lozim. Shu ma'noda Yurtboshimiz ona diyorimizda ta'lim, sog'liqni saqlash, ekologik muammolar yechimini topish, ishsizlikni kamaytirish, kambag'allikni yanada pasaytirish, yoshlarni kasb-hunarga jalb etish, zamonaviy texnologiyalar, sun'iy intellekt kabi yo'nalishlardan samarali foydalanish, bu borada qo'shimcha rag'batlantirish chora-tadbirlarni yo'lga qo'yish va boshqa ko'pdan-ko'p sohalardagi muammolar, ularning yechimi yuzasidan aniq vazifalarni o'rtaga tashladi.

2026 yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb nomlanishida ham juda katta ma'no va mazmun, ulug' maqsadlar mujassam. Zero, mahallalarimiz rivoj topsagina jamiyatimiz yuksaladi. “Shuning uchun ham joriy yildan boshlab mahalla infratuzilmasini rivojlantirish uchun 20 trillion so'mni viloyatlarning o'ziga beryapmiz. Eng muhimi, bu mablag'larning har bir so'mi aholimiz uchun qo'shilgan qiymat yaratishi zarur. Shu bois bu pullar umuman qaysidir tuman uchun emas, balki mahallada ish o'rinlarini yaratadigan, aholini daromadli qiladigan aniq loyihalarga yo'naltiriladi”, – deyildi Murojaatnomada.

Bunday katta mablag'lar mahallalarimizga kirib borar ekan, juda ko'pdan-ko'p bugunning muammolari o'z yechimini topishiga shubha yo'q.

Yurtboshimiz katta shaharlarimizdagi tirbandliklarning oldini olish, transport harakatini intellektual svetoforlar orqali boshqarish joriy etilishi, “yashil makon” loyihasi asosida har bir hududlarda amaliy ishlarning ro'yobga chiqarilishi, xususan, botanika va dendrologiya bog'lari, soya-salqin hududlarning ko'paytirilishiga alohida e'tibor qaratgani yanada quvonchlidir. “Poytaxt Toshkentning har bir ko'chasida ariqlar bo'lishi, unda toza va musaffo suvlarning oqishi”ni tasavvur qilishning o'zi naqadar yoqimlidir.

Albatta, odamlarning ertangi kunga ishonchi, umidi adolatli jamiyat barpo etilishida, inson haq-huquqlarining muqaddas deb bilinishidadir. Tan olish kerak, bugun bu borada muammolar yo'q emas. Lekin 9 yil avval mamlakatda prokuratura, ichki ishlar idorasi yoki sudga ishi tushgan kishi borki, osonlikcha o'zining haqligini isbotlay olmagan. Shuning uchun ham sudlarga oshirilgan ishlar hamisha “aybdorlik” tamg'asi bilan yakun topgan. Hech kimga oqlov hukmi chiqarilmasligi yolg'onmidi yo? O'tgan 9 yil davomida huquq-tartibot sohasida ham anchagina ijobiy qadamlar tashlangani sir emas. Minglab yurtdoshlarimiz sud zalidan oqlanib chiqayotgani shundan. Ammo kelgusi yillarda bu borada yanada samarali ishlar ro'yobga chiqarilishi zarur ekanligi o'ta dolzarbdir.

 “Biz odil sudlov jarayonini “raqamli sud” konsepsiyasi asosida tashkil etishni boshladik. Endi tergovni ham raqamlashtirish orqali inson huquqlari himoyasini kuchaytiramiz. Bunda jinoyat haqidagi arizani qabul qilishdan boshlab, ishni sudga o'tkazishgacha bo'lgan bosqichlarga sun'iy intellekt texnologiyalari joriy etiladi va inson omili qisqartiriladi”.

Ana shu asosda bugun jamiyatda korrupsiyaga yo'l qo'yish islohotlarimizga xiyonatdir, deyildi. Shuning uchun ham bu illatga qarshi kurashish bo'yicha 2026 yilda “favqulodda holat” e'lon qilindi. “Lavozimim, unvonim bor, menga hech kim tegmaydi, deganlar adashadi. Qonun oldida hamma teng!” Bunday qat'iy talab mamlakat rahbari tomonidan ko'ndalang qo'yilganining o'zi juda ko'p narsalarni anglatadi. Adolat va haqiqatga ishonch va umidni yanada mustahkamlaydi.

Prezidentimiz sun'iy yo'ldosh orqali o'zbek vatandoshimizning kosmosga parvoz qilishiga doir amaliy ishlarning boshlangani, shu bilan birga yangi samolyotlarimiz uchun uchuvchilar, ularga texnik xizmat ko'rsatuvchilar, aeroportlar uchun servis va boshqaruv sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash maqsadida Fuqaro aviatsiyasi universitetini tashkil etish borasidagi mujdalarni e'lon qilganida barcha yurtdoshlarimiz quvonchdan bir qalqib tushgani, sevinchini ta'riflashning o'zi bo'lmaydi.

Umuman olganda, Prezidentimizning Oliy Majlis va O'zbekiston xalqiga yo'llagan Murojaatnomasi 6 ta ustuvor yo'nalishni o'z ichiga oldi. Ularning har biri haqida uzoq mulohaza yuritish mumkin. Eng muhimi, bu yo'nalishlar Yangi O'zbekistonning buguni va yaqin kelajagini belgilab beruvchi yorqin dastur, nurli yo'llanma bo'ldi, desak, xato bo'lmas.

Abdirasul PARDAYEV,

jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × five =