Mahalla tinch — yurt tinch

Kuni kecha Prezidentimiz Toshkent shahrida xavfsiz muhitni shakllantirish hamda jamoat xavfsizligini samarali ta'minlash bo'yicha namunaviy amaliyotni yaratish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig'ilishini o'tkazdi. Unda xalqimizni rozi qilish, adolatni ta'minlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyatga jazo muqarrarligini ta'minlash borasidagi ustuvor masalalar muhokama qilindi. Yig'ilishda tungi xizmat uchun ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlariga kompensatsiya to'lanishi ma'lum qilindi. Ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlariga tungi xizmatining har soatiga bazaviy hisoblashning 5 foizi miqdorida kompensatsiya berilishi belgilandi.

Aholi huquqlarini ta'minlash va qulay sharoit yaratish maqsadida sudlar, advokatura, sud-tibbiy ekspertizaning ham markazlashgan tungi navbatchiligini tashkil etish bo'yicha xorijiy tajribani o'rganish vazifasi topshirildi.

Ilg'or tajriba asosida aholi gavjum joylarda dron yordamida patrullik kuzatuvi yo'lga qo'yiladi.

Chilonzor tumani ichki ishlar xodimlari sohasi va hududidan qat'i nazar, fuqaro murojaatini qabul qiladi, ko'chada formali xodimga qilingan murojaat “102”ga xabar bergan bilan teng bo'ladi…

Tumandagi barcha 55 ta mahalladagi profilaktika inspektorining xizmat xonasi eshigi u bilan tezkor bog'lanish uchun aloqa tugmasi bilan jihozlanadi. Ya'ni profilaktika inspektori qaerda bo'lmasin, aholi uning qo'l telefoni va planshetiga tun-u kun bog'lanishi mumkin bo'ladi.

Bu yil “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb nomlandi. Har qanday huquqbuzarlikning oldini olishda asosiy bo'g'in – mahalla profilaktikasi. Lekin Toshkent shahridagi profilaktika xizmatlarining ishi to'g'ri tashkil etilmagani bois muammolar to'planib qolgani qayd etildi.

Yig'ilishda profilaktika inspektori uchun zamonaviy, xalqqa yoqadigan ko'rinishda formani tayyorlash lozimligi ham uqtirib o'tildi. Inspektorlarning ishi raqamlashtirilib, “ovozli tushuntirish xati” olish amaliyoti yo'lga qo'yiladigan bo'ldi.

Shuningdek, tuman ichki ishlar tergov bo'limida materiallarni ko'rib chiqadigan tergovga qadar tekshiruv guruhlari tuziladi.

Bundan buyon profilaktika inspektoriga KPI qo'yishda protokol tuzish mezon bo'lmaydi.

“Huquqbuzarliklar profilaktikasi to'g'risida”gi Qonun ham juda deklarativ yozilgani, haqiqiy holat asosida amalda ishlaydigan yangi qonun loyihasini ishlab chiqish, Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksni ham profilaktikaga yo'naltirgan va ta'sirchanligini oshirgan holda yangilash muhimligi ta'kidlandi.

Davlatimiz rahbarining sohaga oid bunday izchil yangiliklarni kiritish tashabbusi yildan-yilga rivojlantirib borilmoqda.

Aytish joizki, 2016 yil 16 sentyabrda O'zbekiston Respublikasining “Ichki ishlar organlari to'g'risida”gi Qonuni qabul qilinib, 2017 yil 9 fevralda O'zbekiston siyosiy yetakchisi Shavkat Mirziyoyev Ichki ishlar organlari faoliyati, tizimda mavjud muammo va kamchiliklar, istiqboldagi vazifalarga bag'ishlangan “Inson manfaatlarini ta'minlash uchun avvalo uning huquqlari va erkinliklari ishonchli himoya qilinmog'i kerak” mavzusidagi ma'ruzasida: “Eng muhimi — xalqimiz o'z hayotidan va davlatidan rozi bo'lib yashashini ta'minlash bugun barchamizning bosh vazifamizdir. O'ylaymanki, asosiy vazifasi mamlakatimizda huquq-tartibot hamda aholi osoyishtaligini ta'minlash bo'lgan ichki ishlar organlaridan xalqimiz bugungi kunda rozimi, ular faoliyati zamon talablariga mos keladimi yoki yo'qmi, degan savolga javob berish vaqti keldi”, — degan edi. Darvoqe, qaysi hududda hokimliklar, prokuratura va ichki ishlar organlari, jamoat tashkilotlari bir yoqadan bosh chiqarib, oqilona ish olib borayotgan bo'lsa, o'sha yerda odamlar hayotdan rozi bo'lib yashayapti.

Bu so'zlar to'qqiz yil oldin aytilgan bo'lsa-da, bugun ham o'z ahamiyatini yo'qotgan emas.

Prezidentimizning: “Biz jinoyatchilikka qarshi kurashishda profilaktika ishlarini kuchaytirishimiz, ayniqsa, quyi pog'onadagi ishlarni tubdan o'zgartirishimiz zarur va shart”, — degan dolzarb g'oyalari asosida islohotlar izchil tarzda davom ettirilmoqda. Bu borada 2026 yildan respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish, tinchlik va osoyishtalikni ta'minlashning mutlaqo yangi mexanizmlarini joriy etish, huquqbuzarlikni sodir etishga sabab bo'layotgan ijtimoiy-maishiy muammolarni ijtimoiy profilaktika choralari tizimi orqali hal etish hamda aholida shaxsiy xavfsizlik hissini shakllantirish o'ta muhim chora-tadbirlar sifatida belgilanmoqda. Shu bois ham 2026 yil — “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb nomlandi.

Mahallalarda xavfsiz muhitni yaratishning tashkiliy-profilaktik asoslarini zamon talablariga moslashtirish, sodir etiladigan qonunbuzilishlarning asl omillarini o'z vaqtida aniqlash va kompleks chora-tadbirlar bilan manzilli bartaraf etish orqali jinoyatchilikning barvaqt oldini olish tizimining samaradorligini yanada oshirish dolzarb vazifa bo'lib qolmoqda.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 2025 yil 26 dekabr kuni Oliy Majlis va O'zbekiston xalqiga Murojaatnomasida shunday qayd qildilar: “Bugungi kunda jamiyatimizda turli xil fikr va qarashlar bo'lishi tabiiy. Bu — demokratiyaning birlamchi talabi. Ammo, millati, tili va dinidan qat'i nazar, butun el-yurtimizni birlashtiradigan ulug' bir g'oya bor. U ham bo'lsa, Vatan manfaati xalqimiz manfaatidir. Mana shunday buyuk maqsadga erishishda mahalla tizimining o'rni va ta'siri beqiyos. Chunki, mahalla tinch va ahil bo'lsa, jamiyatimiz tinch va hamjihat bo'ladi. Mahalla rivojlansa, butun mamlakatimiz yuksaladi”.

Ana shu fikrlarning amaliy ifodasi sifatida Prezidentning 2025 yil 3 yanvardagi “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo'yicha chora-tadbirlar to'g'risida”gi Qarori asosida mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish bo'yicha ishlar kompleks tarzda tashkil etilmoqda.

Mahallalarda xavfsiz muhitni mustahkamlash va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish bo'yicha joylarda profilaktika inspektorlarining ish samaradorligini oshirish muhimdir.

Mahallalarda yoshlar, ayollar va ishsizlar tomonidan, shuningdek, oila-turmush munosabatlari doirasida sodir etiladigan jinoyatlarning oldini olishda “mahalla yettiligi” har bir vakilining aniq mas'uliyati belgilab olindi hamda huquqbuzarliklar profilaktikasiga yangicha ish uslublari tatbiq qilina boshlandi.

Aholining huquqiy ongi, ijtimoiy faolligi va fuqarolik mas'uliyatini oshirish, jinoyat sodir etilishiga sabab bo'lishi mumkin bo'lgan ijtimoiy muammolarni hal etishga jamoatchilik vakillari, nuroniylar va mahalla yettiligi faollari jalb etildi. Jamoat joylari va yashash xonadonlarida xavfsiz muhit yaratish, fuqarolar hayoti, sog'lig'i va mol-mulkiga nisbatan har qanday tajovuzlarning oldini olish maqsadida huquqbuzarliklar profilaktikasiga zamonaviy raqamli texnologiyalar hamda texnik vositalar keng joriy etildi.

Profilaktika inspektorlaridan sodir etilgan jinoyat va huquqbuzarliklarni hisobga olish, ularning oqibati bilan kurashish emas, balki sodir etilishiga sabab bo'lgan omillarni chuqur tahlil qilish hamda shahar-tumanlar ichki ishlar organlari faoliyatida ularning barvaqt oldini olishga qaratilgan chora va tadbirlarni o'z hududlarida amalga oshirishga jiddiy yondashish talab etiladi.

Bunday paytda kriminogen vaziyati murakkab yoki og'ir bo'lgan mahallalarda jinoyatlar sodir etilishiga ta'sir qilayotgan “asl omillar”ni o'rganish hamda ularning xususiyatlaridan kelib chiqib, manzilli tashkiliy-profilaktika tizimini yo'lga qo'yishga qaratilgan ilmiy-nazariy jihatdan asoslantirilgan takliflar ustida Malaka oshirish instituti professor-o'qituvchilari hamda tadqiqotchilari tomonidan izlanishlar olib borilmoqda.

Shahar-tumanlarda mahalla yettiligi bilan hamkorlik hamda bir-birini qo'llab-quvvatlash asosida faoliyat ko'rsatish yo'lga qo'yilgan. Bunda asosiy e'tibor yoshlar bilan, ayniqsa, uyushmagan yoshlar bilan bevosita olib borilayotgan zaruriy tadbirlar samaradorligini amalga oshirishga qaratilishi o'ta muhim hisoblanadi.

O'zbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot institutining hisobotlarida keltirilganidek, uning ijrosini ta'minlash maqsadida “mahalla yettiligi” bilan ijtimoiy profilaktika bo'yicha 9 864 ta seminar tashkil etildi, huquqbuzarliklar sodir etgan 553 728 nafar shaxsga xulosalar berilib, 351 146 nafarining muammolari ijobiy hal etildi. Aholi bilan 152 394 ta huquqiy targ'ibot ishlari amalga oshirildi, behalovat oilalarning mavjud muammolarini bartaraf etishga 31 280 marotaba imom-xatib va otinoyilar jalb qilindi. Yoshlar bilan 285 739 marotaba vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, bo'sh vaqtini mazmunli o'tkazish bo'yicha tadbirlar tashkil etildi, 273 798 nafar og'ir toifadagi yoshlarning kasb-hunar, chet tillarni o'rganishi, ish bilan bandligi, tabiiy va boshqa yordamlar bilan bog'liq ijtimoiy-maishiy muammolari hal etildi.

Mahallalardagi aholi gavjum joylar va ko'chalarga 37601 ta videokuzatuv, ko'p qavatli uylarning hovlilariga 2029 ta, maktab va maktabgacha ta'lim muassasalarining kirish-chiqish joylariga 4577 ta, ochiq sport maydonlariga 1995 ta “PTZ” kameralari o'rnatilganligi profilaktika inspektorlariga juda qo'l kelib, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish imkoniyatlari ochiq-oydin yaratildi.

Shuni qayd qilish lozimki, mahallalarning asosiy kirish-chiqish joylariga 8454 ta va savdo markazlari hamda bozorlarga 2955 ta shaxs qiyofasi hamda avtoraqamlarni tanib oluvchi zamonaviy kameralar, ko'p qavatli uylarning eshiklariga 13142 ta zamonaviy domofon komplekslari o'rnatilishi natijasida deyarli barcha mahalla hududlarida kunu tun nazoratni avtomatik normal holatda boshqarishga erishilyapti. Mahallalarda 4945 ta “namunaviy xavfsiz ko'cha” hamda 11645 ta “namunaviy xavfsiz yo'laklar” tashkil etilganligi aholi tinchligi va osoyishtaligini ta'minlash yo'nalishida amalga oshirilayotgan eng muhim jihatlardan biri bo'ldi.

Kriminologiya tadqiqot instituti mutaxassislari tomonidan olib borilgan bir qator ilmiy-amaliy tadbirlardan o'g'rilik, firibgarlik, qasddan tan jarohati yetkazish jinoyatlarining barvaqt oldini olish borasida Toshkent shahar, Toshkent va Samarqand viloyatlari mahallalari bo'yicha ilmiy yondashuvlar asosida ishlab chiqilgan yangi avlod hudud metodikalari institutimizda har tomonlama tashkil etilayotgan tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish ta'lim va tarbiya dasturlariga kiritildi.

Ilmiy-ijodiy jamoamiz o'zining real faoliyatini ishga solib, ilmiy-amaliy izlanib, profilaktika inspektorini yangi loyiha yaratishga jalb qilgan holda, uni loyihachi g'olibga aylantirishi juda dolzarb muammo bo'lmog'i kerak.

Kriminologiya tadqiqot institutining joriy yilga mo'ljallangan asosiy tadbirlari rejasida kriminogen vaziyati murakkab mahallalarni xavfsiz hududga aylantirish bo'yicha tadqiqot jarayonlari “ilmiy xulosa — tavsiya — natija” tamoyili asosida tashkil etilishi belgilangan. Malaka oshirish institutiga o'quv tayyorgarligi bo'yicha yuborilgan amaliyotchi xodimlar bilan hududlardagi muammolar yuzasidan so'rovnomalar o'tkazish, uning natijalarini esa chuqur tahlil etgan holda yangi xulosalar va tavsiyalar asosida xodimlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakalarini oshirish ta'lim jarayoni uchun nihoyatda muhim hisoblanib, ilmiy asoslangan holda mavzular kiritiladi, amalda faol joriy etiladi.

Olimjon AHMEDOV,

O'zbekiston Respublikasi IIV

Malaka oshirish instituti boshlig'i,

polkovnik.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × 1 =