Umr qushi samoda uchar
Ravshanbek UBAYEV
Muallif haqida:
Ravshanbek UBAYEV — 1988 yili Turkiston viloyati, Sayram tumanidagi Qorabuloq qishlog'ida tavallud topgan.
“Shimkent” universitetini “Qozoq tili va adabiyoti” mutaxassisligi bo'yicha bitirgan. Uning ijod namunalari Qozog'istondagi barcha o'zbekzabon nashrlarda chop etilib bormoqda. O'zbekistonning Toshkent viloyati Parkent dam olish maskanida o'tgan Markaziy Osiyo yosh ijodkorlar 1-xalqaro forumi ishtirokchisi.
UMR O'TMOQDA
Qarang, do'stlar, hayot maromin,
Oy-u kunlar o'tmoqda yelday.
Oy ortidan oylar quvlashib,
Qayoqqadir shoshmoqda selday.
Yil quchog'i to'lib oylarga,
Karvon tuzib ketib boradi.
Inson umri karvon yo'lida,
Ilashgancha o'tib boradi.
Umr qushi samoda uchar,
Yoshligimiz qololmas tutib.
“Qarilik” deb atalmish bekat,
Manzilimiz turibdi kutib.
Umrimizni bejab yolg'onga,
Rostin izlab topmay halakmiz.
Shabadaga bo'lib chirpirak,
Nola chekar ojiz palakmiz.
Yana boqib to'ymay dunyoga,
Takror yashash istagi kelar.
Chunki hali orzular bisyor,
Kokillarin taraydi yellar.
Vaqt jilovin ushlata qo'ymas,
Qisqa umr, boqiylik suymas.
Yashashni kim sevmaydi deysiz?!
Suydiradi, kuydirib to'ymas…
Umr o'tar shoshqaloq yelday,
Yaxshi-yomon kunlarimiz yod.
Shunday yashab o'taylik, do'stlar,
Har onimiz o'tsin gulgun shod!
QIShLOG'IM
Go'zal bog'lar, yer-suvi mo'l,
Serob daryo, bulog'i ko'l.
Jo'rovozdir to'rg'ay-bulbul,
Qishlog'imga kelganmisiz?
Ham chorvador, bog'boni bor,
Mehnatiga sharafi yor.
Yalqovlardan qilishar or,
Qishlog'imga kelganmisiz?
O'g'il-qizi uddaburon,
Odobi ham qoyilmaqom.
Tanir bu kun butun jahon,
Qishlog'imga kelganmisiz?
Kelmagan ham tanib olar,
Ta'rifiga qoyil qolar.
Qorabuloq qayda bo'lar?
Qishlog'imga kelganmisiz?
Qorabuloq farzandiman,
Kindigidan — naq kentidan.
So'ramang so'z, jim endi man,
Qishlog'imga kelganmisiz?
Kelib ko'ring kechikmasdan,
Qayta keling ichikmasdan.
Sog'inasiz ochiqmasdan,
Qishlog'imga kelganmisiz?
MEHRIBONIM ONAM
Hovlingda rayhonlar
ochilib turmas,
Dimog'ingga gullar ifori urmas,
Hech narsa ko'nglingga
tasalli bermas,
Uyingda mehribon onang bo'lmasa.
Opa-ukalaring holing bilmaydi,
Amma-xolalaring ona bo'lmaydi,
Hattoki laychalar
pisand qilmaydi,
Uyingda mehribon onang bo'lmasa.
Issiqqina choying turmaydi bunda,
Dasturxoning fayzi qochadi zumda,
Qadrini o'shanda bilarsan jo'ra,
Uyingda mehribon onang bo'lmasa.
Osmonda quyoshing
porlab turmaydi,
Kechasi oy senga yuzin burmaydi,
Har kuni ko'zlaring
quvnab kulmaydi,
Uyingda mehribon onang bo'lmasa.
Allohim, onalar mangu yashasin,
Farzandlar poyiga
mehrin to'shasin,
Har kunimiz bayram,
to'yga o'xshasin,
Uyimizda doim onamiz bo'lsin!
OQ RO'MOLLI SINGILGA
Bo'y-bastingga yarasha,
Ko'rking ochar ro'moling.
Ko'rib ko'zim quvnaydi
Hayoga boy jamoling.
Sochlaringni bekitib
Oshiribsan iffating,
O'zligingni qizg'anib
Nurlanibdi qomating.
O'zbek qizin aslini
Tuydim sening siymongda,
Quyosh nuri aks etar
Oyday gulgun iymonda.
Nasib etgan baxt qushing
Muqim qolsin boshingda,
Shahzodalar mahliyo,
Tiz cho'kishsin qoshingda.
HAVAS
Tosh dumalar tog'larda,
Qaddim erkin keraman.
Ijod qilib bog'larda,
Go'zal gullar teraman.
Men sevaman olamni,
Go'zal gulday sanamni.
Kitob o'qib tebratgum,
Huzur qilib qalamni.
Chiroyini borliqning,
Kuzatishdan sezaman.
Shu sehrli o'lkaning
Mo''jizasin yozaman.
Yaxshilardan ibratni
Olib yurish odatim.
Charchamayman hayotdan,
Bahra olar toqatim.
Qanday ta'rif aylayin,
Ko'nglim topar oromin.
Shukur qilib aytaman,
Haqdan tilab davomin.
Ravshanbek der: borliqni
Chin yurakdan sevaman.
Chiroyidan tabiat
Zavq olganim yozaman!

